O'zbek va millat haqida she'rlar  ( 163157 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


shoir  21 Oktyabr 2007, 19:40:24

O’ZBEK PAXTASI

Dunyoda qutlovlar bor
Biri biridan go‘zal,
Dunyoda tabriklar bor
Biri biridan ezgu.
Va lekin bu olamda
Topilmas hech bir mahal
Ona-yurt qutlovidan
Balandroq biror tuyg‘u.

Shu mo‘’jaz hayotimni
El-yurtga bog‘labman to,
Bir ketmonchi o‘g‘liday
Unga eshman, tirikman.
Kahrabo tizimchaning
Donasi kabi go‘yo
Mustahkam shu qatorning
Taqdiriga sherikman.

Tong bilan jahon bo‘ylab
Bir xabar qoqdi qanot,
O’zbek yana o‘z so‘zin
Ustuvor do‘ndiripti.
Betimsol taloto‘pda
Muzaffaru bosabot,
O’zbek yana do‘ppisin
Qiyalab qo‘ndiripti.

Million yillik so‘z erur
Paxta bizning lug‘atda,
Jo‘yaklarda boshlangan
Onalar to‘lg‘oq dardi.
Mabodo o‘simlikka
Zabon bitsa, albatta,
Paxta navi eng avval
O’zbekcha gapirardi.

Odati nurin sochar
Olamga har kun quyosh,
Bag‘rida ne sirlar bor,
Sig‘maydi tasavvurga!
Shu bir chanoq paxta ham
Zohirdan ma’sum, yuvosh
Va lekin zahmatlari
Sig‘mas ongga, shuurga.

Dunyoda insonlar bor,
Mayda bir armon sabab,
Bir-birin yoqavayron,
Tuproqqa qorishadi...
Olamning egnin butlash .
O’zbekka shudir matlab,
Shu armon, deb cho‘ng xalqim
Bir umr olishadi.

Bizning uygan xirmonga
Chambar qilsang chechakdan,
Yulduzlar shabnam misol
Bo‘ladi unga inju.
Bolasi uyda qolgan
Mushtipar kelinchakdan
Xizrsifat cholgacha .
Barchaning mehnati bu!

Xalqim, sensan ellarga
To‘kin dasturxon tuzgan,
Ne’mating o‘zingga ham
Barqaror bo‘lsin, deyman.
Uygan bu xirmoning ham
Quyoshga qo‘lin cho‘zgan
Muhtasham haykalingga
Poydevor bo‘lsin, deyman!
1981

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  21 Oktyabr 2007, 19:47:20

O’ZBEGIM TOJIK BILAN

Do‘stu qardoshdir azaldan
O’zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O’zbegim tojik bilan.

Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin,
Totlidir boldan, asaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Baxtga yor doim Navoiy toki
Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Fahm etib boqsang agarda,
Biz qo‘sha sayyoramiz,
Bu Ali so‘zlar Zuhaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bul qadrdon ikki do‘stga
Xohishimdir, to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O’zbegim tojik bilan.
1982

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 14:59:06

O’ZBEKMAN

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

- Mana, men - O’zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

O’zbekman, inshoolloh, iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

O’zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.

O’zbekman, qanchalik jafo chekmayin,
O’zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan
O’tdim. Bismillohir rahmonir rohiy
2000

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 14:59:31

O’ZBEK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing,
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,
Bobur shoh bo‘lsa-da, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta poyingizdadir,
Vatan-ku, Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz Yurtboshingga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
1999 yil, 6 mart

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:20:51

XALQ

Hamma narsa o‘tadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq bo‘lur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Gohida ko‘zda yoshu gohida xandon bo‘ldik,
Gohida bolg‘a bo‘lsak, gohida sandon bo‘ldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron bo‘ldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Nomingni qaro degan - paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim - laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’zbekning peshonasin po‘latdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir so‘z bilan aytganda - mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri, taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu, har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, ko‘nglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Amalparast, lo‘ttiboz bo‘lmagan qachon axir,
Sak bir nima yemasa og‘zi bo‘larmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’tganlarni yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
O’zbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Olimmi yo paxtakor, kim bo‘lmasin - odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi - har biri bir olamdir,
O’zbegim o‘z volidam, o‘zbegim o‘z otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Ayon gapki, adolat elning ko‘z, qoshi bo‘lur.
Urgani un oshi-yu, so‘ksa so‘k oshi bo‘lur,
Yurt og‘irin tortolgan asli yurt boshi bo‘lur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Kattakon yo‘lga chiqding, yo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Farzandingman, qo‘llaysan, qo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Hasrating ko‘p dilingda, dildoshing bo‘lay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
1994

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


shoir  26 Oktyabr 2007, 15:31:49

XALQ NAQLI

Xalq naqlni to‘qimaydi atayin,
Naqllarning umri fuzun bo‘ladi.
Mana, sizga bittasini aytayin:
Yaxshilik qil - tiling uzun bo‘ladi.

O’yga solar biroq boshqa bir jihat,
Yaxshilikni hunar qilgan elimiz.
Boshimizga yog‘ar tinmay malomat,
Ayting, qachon uzun bo‘lar tilimiz.
1992

Abdulla Oripov

Qayd etilgan


Mas'ud  25 Yanvar 2008, 17:43:02

Yolg‘izoyoq yo‘lda horg‘in, o‘y surib,
Barcha xo‘rliklarni dildan olib tan,
Haqiqat shahridan qadamin burib,
Tubanlik sorig‘a ketmoqda Vatan.

Gardanda yuk katta... Paymonasi lim,
Ortiga qarashga yurak betlamay,
Tanbeh, haqoratga quloq solib jim,
Har onda zaqqumni yutmoqda Vatan
 
Ufq-chi, hech ko‘rinmas....Hukm surar tun,
Qoq sahro bozorga aylanmish, xayhot!
Sotuvchi — firibgar, xaridor - mal’un.
Qadrini arzonga sotmoqda Vatan

Gullashni o‘rniga, har bahor so‘lib,
Tomirdan bir qatra suv ham kelmasdan,
Faqat Yaratgandan umidlar qilib,
Haqiqiy egasin kutmoqda Vatan


Kamina

Qayd etilgan


Kumush  11 Iyul 2009, 11:26:26

Izhori dil

Ko'hna tol beshikdan
Boshlangan olam.
Senga iddaolar
Qilmay sevaman
Bir kuni singlim deb
Bir kuni onam-
Vatan
Kimligingni
bilmay sevaman.

To'zg'iydi to'ningdan
Tortgan to'ralar,
Kecha tuzingni yeb,
Sotgan to'ralar.
Endi pushaymonda
Tuynuk mo'ralar
Men sening yoningdan
Jilmay sevaman.

Menga yering suyuk
Osmoning suyuk
Boqsam teng
To'rttala
tomoning suyuk
Tovonimga kirgan
Tikoning suyuk
Kaftdan zirapchang ham
Olmay sevaman.

Cho'ksang,
Tur singlim deb
Soching silayman
So'ksang
Opam deyman
Umring tilayman
Sendan ranjimayman
Gina qilamyman
Hoh ho'mray
Hoh jilmay
Birday sevaman

Vatan- Yuragimning
Olampanohi
Bu dunyo bukri bir
Jiydangning shohi!
Ko'zim yoshi bilan
Sog'orib gohi,
Ko'ksimda o'stirgan
Gulday sevaman.

Bu yorug' jahonda
Yo'g'u borimsan
Tilimning ostida
Novvot-zarimsan
Sen mening yagona
Payg'ambarimsan
Men Bilol,
Men Habash-
Qulday sevaman!!!


M.Yusuf

Qayd etilgan


MSJON  07 Sentyabr 2009, 18:21:23

Vatan nadur? nurayo'tgan devorlar aytsin,
Vatan uchun jonin tikkan o'glonlar aytsin.
Yiroqlarda yurgan Vatanga zor insonlar aytsin,
Panohimsan, qanotimsan O'zbekistonim.
Sensiz bo'm bo'sh tebranar umr karvonim,
Ufqda qoraydi nomsiz armonim.
Panohsiz giyohdek chayqalar jonim,
Panohimsan,qanotimsan O'zbekistonim.

Qayd etilgan


MSJON  07 Sentyabr 2009, 18:21:38

Bolaligim hur yo'shligim davru-davronim,
Qiblagohga qarab turgan oltin makonim.
Otam-Onam kirib kelgan darcham-ravonim,
Panohimsan, qanotimsan O'zbekistonim.
Alloh nazar qilgan Vatanim o'zing,
Bobolardan qolgan bo'stonim o'zing.
Sen qalbimsan,sen sevgimsan iymonim,
Panohimsan, qanotimsan O'zbekistonim.
Vatan nadur? nurayo'tgan devorlar aytsin,
Vatan uchun jonin tikkan o'glonlar aytsin.
Yiroqlarda yurgan Vatanga zor insonlar aytsin,
Panohimsan, qanotimsan O'zbekistonim.

Sensiz bo'm bo'sh tebranar umr karvonim,
Ufqda qoraydi nomsiz armonim.
Panohsiz giyohdek chayqalar jonim,
Panohimsan,qanotimsan O'zbekistonim.

Qayd etilgan