Ilm va ziyo > She'riyat

Hayot va umr haqida she'rlar

(1/11) > >>

shoir:
QIRQ YOSH

Qirq yosh ham keldiyu qo‘limdan tutdi,
Borman na ertakda, na afsonada.
Qirq yilning naq yarmi yo‘llarda o‘tdi,
Yarmi esa o‘tdi bemorxonada.
Shu mo‘’jaz uyimda yonsin deb chiroq,
Ne aziz zotlarga yondoshdim gohi.
Birin aka dedim, birini o‘rtoq,
Ba’zan nom chiqardim: davron maddohi!
Kim alam chekmabdi umrida bir bor .
U meni anglamas, anglamas aslo!
Kim haqqa tashnadir, kim mehrga zor,
Men unga umrimni etgumdir fido.
Ming bora roziman ona yurtimdan,
Ko‘rdi u erkalik chog‘larimni ham.
Kimdir tosh otsa ham goho ortimdan,
Qoshimda bosh egdi kelib so‘nggi dam.
Qirq yillik umrimning eng avj pallasi
Kelajak kunlarga munglig‘ qarayman.
Ukajon, navbating yetdi chamasi,
Endi men saflarga qanday yarayman?!
Bir vaqtlar jo‘r bo‘lib o‘tli yoshlikka
Yurardim hech so‘nmas tilagim bilan.
Bugun-chi, dardlashib turibman yakka
Shu majruh, shu xasta yuragim bilan.
Afrosiyob kabi vayrondir dilim,
Cho‘ng larza yuz berdi unda nogahon.
Oh, faqat ko‘milib ketmasin yo‘lim,
Faqat o‘tib tursin ko‘chamdan zamon!
1981, Moskva

Abdulla Oripov

shoir:
HAYOT SABOQLARI

Ikki og‘a-ini yovlashdi bir kun,
Ikkovlon sig‘madi bitta makonga.
Nainki bir makon, tor bo‘ldi ochun,
Ketdi ikkisi ham ikki tomonga.

Oylar, yillar o‘tdi oradan qancha,
Axir bir-birlarin topdilar omon.
Titroq yelkalarga boshin qo‘ygancha
Ho‘ng-ho‘ng yig‘lashdilar go‘daklarsimon.

Xo‘sh, nima bo‘libdi, dersiz, albatta,
Kammi bu dunyoda ahil, noahil.
Lekin, nahot deyman, faqat kulfatda
Namoyon bo‘ladi muhabbat asl.

Anglamoq istayman bu holning sirin
Boqib atrofimga men gohi onlar.
Bunda ko‘rib tursa ular bir-birin
Balki yeb qo‘yardi allaqachonlar...
1991

Abdulla Oripov

shoir:
HAYOT HAQIQATI

Umrning yarmini o‘tdik amallab,
Qolgan yarmiga ham podshodir xudo.
Faqat ayriliqdan asragin, yo Rabb
Do‘stu yoronlardan qilmagin judo.

G‘animlar makrini o‘ylasang agar
Dunyodan yashamay ketgan yaxshiroq.
Ba’zan dil uyingni aylar munavvar
Yetti yot begona yoqqan bir chiroq.

Muhtoj bo‘lganingda silaydi boshing
O’zi muhtoj bo‘lgan tanti mardumlar.
O’lim tilaganda tirik safdoshing,
Hayotga qaytarar seni marhumlar.

Abdulla Oripov

Foniy:
HAYOT
 
Qattiq hazil qilmagin hayot,
Qo‘y, kulmagin mening ustimdan.
Ko‘ngil dardi sirdoshimga yot,
Dushman afzal ekan do‘stimdan.

Asablarim dutor simimas,
Koptok emas, bu — mening qalbim.
Ro‘zg‘or ekan mustahkam qafas,
Dunyo yuzin ko‘rolmay qoldim.

Ko‘zim boqsa beg‘ubor, sokin
Sovuq nigoh tashlaysan unga.
Yurak haydar siqilib qonin,
To‘ldirarsan qaytadan xunga.

Bosh ko‘tarsam, yog‘dirarsan tosh,
Chog‘ qazirsan yurar yo‘limga.
Baxtsizlikka berdimu bardosh
Baxtni quvlab yetdim o‘limga.

Javlon Abdullo

Muhammad Amin:
BU FONIY DUNYO
Biz kelib ketuvchi to’garak jahon
Na boshi ma’lum na so’ngi ayon
Hech kimsa rostini aytib berolmas
Biz qaydan keldigu ketarmiz qayon

Keksa yosh hayotga har kimki yetar
Hammasi izma-iz birma-bir o’tar
Bu dunyo hech kimga qolmas abadiy
Ketdilar, ketamiz, kelishar, ketar

Kelmoq qo’lda bo’lsa kelmasdim bir dam
Ketmoq qo’lda bo’lsa ketmas edim ham
Juda soz bo’lardi bu g’amxonaga
Kelmasam, turmasam, kelib ketmasam.

Afsuski yigitchilik mavsumi bitdi
Ko’klam o’tib ketdi, qish kelib etdi
Yoshlik deb atalgan u sevinch qushi
Bilmadim qachonlar keldi-yu ketdi.

Umar Xayyom

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version