6. Istixora namozi. Ya’ni, yaxshilik talab qilib o‘qiladigan namoz. Bu ham ikki rakat o‘qiladi va namozdan so‘ng ushbu duo o‘qiladi:
«Allohumma inniy astaxiyruka bi’ilmika va astaqdiruka biqudrotika va asaluka min fazlikal ‘aziym. Fainnaka taqdiru va la aqdiru va ta’lamu va la a’lamu va anta ‘allamul g‘uyub. Allohumma in kunta ta’lamu anna hazal amro xoyrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi, faqdurhu liy va yassirhu liy, summa barik liy fiyhi va in kunta ta’lamu anna hazal amro sharrun liy fiy diyniy va ma’ashiy va ‘aqibati amriy, ‘ajili amriy va ajilihi fasrifhu ‘anniy vaqdurliyal xoyro haysu kana summa rozziniy bih» , deb hojati aytiladi. (Ma’nosi: «Allohim, Sening ilming bilan Sendan yaxshilik so‘rayman. Sening qudrating bilan Sendan qodirlik va ulug‘ fazlingni so‘rayman. Sen (har narsaga) qodirsan, men qodir emasman. Sen (har narsani) biluvchisan, men bilmayman. Sen g‘aybni biluvchisan. Ey Rabbim, agar mana shu qilayotgan ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yaxshi bo‘lsa, uni menga nasib et va oson qil. So‘ng uni menga barokotli qil. Agar mana shu ishim (hojatining nomini aytadi) dinimda, yashashimda, ishlarimning oqibatida, dunyo va oxiratimda men uchun yomon bo‘lsa, mendan uni uzoqlashtir, qaerda bo‘lsa ham, men uchun yaxshilikni taqdir qil va meni undan rozi et».)
Duodagi «mana shu ish», degan yeriga kelganda o‘z hojatini zikr qiladi, so‘ngra o‘sha ishni qilishlik yoki qilmaslik to‘g‘risida ko‘ngli moyil bo‘lgan tomonga harakat qiladi.