Tahorat va namoz hukmlari (Abu Hanifa (r.a.) mazhablariga muvofiq)  ( 218883 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 23 B


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:59:33

Afzali imom jamoatning holiga rioya qilib qiroatni bir oz tezlatadi, lekin shart shuki, tezlik namozni buzadigan yoki namozxonlar anglolmay qoladigan darajada bo‘lmasin. Taroveh namozlarida Qur’oni karimni xatm qilishdan qavm malollansa, imom ularni e’tiborga olmaydi, balki sunnatni ado qiladi. Fotihadan keyingi zam surani uzun oyatdan bir oyat, qisqa oyatdan uch oyat miqdoridan kam o‘qib qo‘yishlik haromga yaqin makruhlardan hisoblanadi. Chunki bunda vojibni tark qilishlik bor. Tarovehning har ikki rakati mustaqil namoz bo‘lib, ularga alohida niyat qilinadi, takbiri tahrimadan so‘ng esa sano va «A’uzu...», «Bismillah...»lar o‘qiladi, qa’dada tashahhudga qo‘shimcha salovot va duolarni ham qo‘shadi va hokazo. Taroveh namozlarini qiyomga qodir bo‘la turib o‘tirib o‘qishlik ham durustdir. Ammo qiyomda turib o‘qisa, o‘tirib o‘qigandan ko‘ra afzalroq bo‘ladi. Imomga ergashuvchi o‘tirgan holida ham iqtido qilsa durust, ammo qiyomga qodir bo‘la turib, to imom ruku’ga borguncha qiyomni kechiktirish makruh hisoblanadi. Chunki bunda ibodatga dangasalik qilganlik zohir bo‘ladi. Taroveh namozining masjidda ado qilinishi ma’quldir. Zero, shariatga ko‘ra, jamoat bo‘lib ado qilinadigan ibodatlarning afzalrog‘i masjidda bo‘lganligidir. Taroveh namozining vaqti chiqib ketsa, qazosi o‘qilmaydi. Chunki qazo farz va vojib amallargagina xoslangandir. Mabodo, biror kishi tarovehning qazosini o‘qisa ham, u mutlaq nafl namozlar jumlasiga kirib ketadi, baribir tarovehning o‘rniga o‘tmaydi. Taroveh namozi ramazon oyidagi sunnatlardan hisoblanadi, ro‘zaning sunnatlaridan emas. Shu sababli taroveh namozini o‘qish musofir uchun, ro‘za tutmagan uzrli kasal uchun ham sunnat bo‘ladi. Ma’lumki, bu kishilarga ro‘za tutish shart emas edi. Shu bilan birga hayz va nifos ko‘rayotgan ayollar ham agar kunning oxirida pok bo‘lishsa, tarovehni o‘qimoqlari sunnat hisoblanadi.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 07:59:51

9. Oy yoki quyosh tutilganda o‘qiladigan namoz. Quyosh tutilgan vaqtda ikki yoki to‘rt va yo undan ko‘proq namoz o‘qish sunnatdir. Afzali bir yoki ikki salom bilan to‘rt rakat o‘qimoqlikdir. Kamida esa ikki rakatli nafl namoz ko‘rinishida o‘qiladi. Bu namoz jamoat bo‘lib, azon va iqomatsiz, qiroatni jahriy qilmay va xutba o‘qimasdan ado qilinadi. Insonlarni jamoatga to‘plash uchun jamoat namoziga, deb chaqiriladi.

Quyosh tutilganda o‘qiladigan namozni juma namozida imomlik qiladigan kishi imom bo‘lib o‘qib berishi lozim. Agar u bo‘lmasa, sultonning ruxsati bilan tayin qilingan kishi o‘qib berishi kerak. Agar bular ham bo‘lmasa, insonlar o‘zlari yolg‘iz-yolg‘iz bo‘lib, o‘z manzillarida o‘qishadi. Ushbu namozning birinchi rakatida Fotihadan so‘ng Baqara surasi kabi uzun, ikkinchi rakatida Oli Imron surasi kabi uzun qiroatni zam qilishlik sunnatdir. Agar rakatdagi qiroatlarni yengil qilsa, namozdan keyingi duoni uzun qiladi. Hadisi sharifda kelishicha, muhimi insonlar quyosh tutilgan vaqtda namoz va duo bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak. Agar qiroatni uzun qilsalar, duoni qisqa qiladilar, duoni uzun qilsalar, qiroatni qisqa qiladilar. Toki quyoshning tutilishi yo‘qolguncha namoz va duoga mashg‘ul bo‘ladilar. Ruku’-sajdalarni ham behad uzun qilishadi. Imom qiblaga yuzlanib o‘tiradi va xohlagancha duo qiladi, odamlar esa duoga qo‘l ochib omiyn, deb turadilar.

Oy tutilganda o‘qiladigan namoz ham xuddi quyosh tutilganda o‘qiladigan namoz kabidir. Lekin bu namozni o‘qish mustahab bo‘lib, uni masjidda yig‘ilib, jamoat holida o‘qish shariatda yo‘lga qo‘yilmagan, balki har kim o‘z uyida yolg‘iz-yolg‘iz bo‘lib ado qiladi. Quyosh va oy tutilganda o‘qiladigan namozlar biror dahshatli voqea sodir bo‘lganda ham o‘qiladi. Misol uchun qattiq zilzilalar, bir voqea sabab ko‘pchilikning o‘lib ketishi, shiddatli shamollar, kunduz kuni atrofni qo‘rqinchli qorong‘ulik o‘rab olishi va shu kabi vahimaga soladigan hodisalar sodir bo‘lishi bilan namoz o‘qish, gunohlardan chetlanish, insonlar o‘zlarini to‘g‘rilashlari va najot topishlari uchun sabab bo‘ladigan ibodatlarga qaytishlari odatiy holdir. Ibodatlardan uzoqlashib, gunoh ko‘chasiga kirib qolgan bandani Rabbisiga qaytarib, Unga yaqinlashtiradigan eng yaxshi ibodat bu namozdir.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 08:00:41

10. Yomg‘ir so‘rab o‘qiladigan namoz. Bu namozning nomi istisqodir. Istisqo namozi, deb suvga muhtoj bo‘lib qolinganda Alloh taolodan bandalarining yomg‘ir talab qilib o‘qiladigan namoziga aytiladi. Buni yashayotgan o‘rinlarining suvidan ekinlari-yu hayvonlarini sug‘orib turgan, daryo-yu anhor va buloqlari bo‘lmagan odamlar o‘qishadi. Mabodo, anhor va buloqlari bo‘lsa ham, ehtiyojlariga yetmayotganligi sababli ushbu namoz o‘qiladi. Istisqo namozi xuddi ikki hayit namozi kabi ado qilinadi, lekin bunda zoida takbirlar aytilmaydi. Namoz o‘qib bo‘lingach, yerda o‘zaro turib ikkita xutba o‘qish mustahab amallardandir. Ammo hayit namozlaridek minbarga chiqib xutba o‘qish makruhdir. Hayit namozidagi xutba takbirlari o‘rniga imom istig‘for aytadi. Ikki xutbaning o‘rtasini bir oz o‘tirishlik bilan ajratadi. Imomning xutba mobaynida qibla tomonga yuzlanib turishi mandubdir. Xutbadan bir oz keyin imom kiyimini teskarisiga ag‘darib kiyib oladi va tasbeh aytib, mo‘minlar va mo‘minalar haqqiga istig‘for aytadi. Lekin imomga ergashgan insonlar kiyimlarini teskarisiga ag‘darib kiymaydilar. Keyin imom insonlar tomoniga yuzlanib, tik turgan holida istisqo duosini o‘qiydi. Insonlar esa qiblaga yuzlanib o‘tirishadi va imomning duosiga omiyn, deyishadi.

«Allohumma ag‘isna, allohumma ag‘isna, allohumma ag‘isna. Allohumma suqya rohmatin vala suqya azobin vala mahqin vala balain vala hadmin, allohumma ‘laz zirobi va manabitish shajari va butunil avdiyati. Allohumma havoliyna vala ‘alayna Allohumma isqina g‘aysan mug‘iysan haniy’an mariy’an g‘odaqon mujallilan sahhan omman tobaqan daiman. Allohumma isqinal g‘oysa vala taj’alna minal qonitiyn. Allohumma anbit lanaz zar’a va adirra lanad dar’a va anzil ‘alayna min barokatil ardi vakshif ‘annaa minal baloi maa laa yakshifuhu g‘oyruka. Allohumma isqi ‘ibadaka va bahaimaka vanshur rohmataka vaahyi baladakal mayyita. Allohumma antallohu la ilaha illa anta antal g‘oniyyu va nahnul fuqarou anzil ‘alaynal g‘oysa vaj’al ma anzalta lana quvvatan va balag‘an ila hiyn. Allohumma inna nastag‘firuka innaka kunta g‘offaro faarsilis sama a ‘layna midroro».

Yomg‘ir talab qilib o‘qiladigan namoz uchun o‘z maskanlaridan chetroqqa uch kun orqama-ketin chiqish mustahabdir. U yerga ahli zimmiylar (ya’ni, Islom yurtida yashash evaziga tovon to‘lovchi kofirlar) olib chiqilmaydi. Har kun chiqishdan oldin musulmonlar tavbalarini yangilab, zulmlariga tavba qilib, beva-bechoralarga sadaqa qilmoqlari ham mustahab amallardandir. Har bir musulmon yer yuzidagi barcha musulmon birodarlari haqqiga istig‘for aytadi. (Ko‘p ulamolarimiz istisqoda, ya’ni yomg‘ir talab qilishda namoz o‘qimaydi, balki unda istig‘for va duo qilishadi. Mabodo, namoz o‘qilsa ham, har kim o‘zi o‘qiydi, deyishadi. Lekin yuqoridagi gaplar ham fiqh kitoblarimizda bor...-tarj.)

11. Mutlaq nafllar. Namozxon kishi yuqoridagilardan tashqari yana o‘zi xohlaganicha nafl namozlarini o‘qishi mumkin.

Qayd etilgan


Laylo  25 Oktyabr 2007, 08:02:26

Nafllarga tegishli hukmlar

Kunduzgi nafl namozlarini to‘rt rakatdan, kechqurungi nafllarni esa ikki rakatdan o‘qishlik sunnat amallardandir. Qiyom turishga qodir bo‘la turib o‘tirgan holda nafl namozlari o‘qish joiz, lekin savobning yarmiga erishadi. Ammo tik turib o‘qishga qodir bo‘lmagan kishining ajri tik turib o‘qigan kishining ajri bilan barobar bo‘ladi. O’tirib o‘qiydigan kishi agar uzri bo‘lmasa, boshqa namozlardagi tashahhud o‘qiyotgan kishidek chap oyog‘i ustiga o‘tirib, o‘ng oyog‘ini tik qiladi. Nafl o‘qishga kirishgan kishining namozi agar ikki rakatni to‘liq tugatmay turib buzilsa, uning qazosini o‘qib qo‘yishi vojib bo‘ladi. (Agar u to‘rt rakatni niyat qilgan bo‘lsa ham, ikki rakatni qazo qilsa, kifoyadir. Zero, mutlaq nafl namozlari aslida ikki rakat bo‘ladi. Misol uchun bir kishi to‘rt rakat naflni niyat qilib namozga kirishsa-yu, farzga takbir aytib yuborilsa, u kishi naflni ikki rakat qilib tugatadi-da, farzga qo‘shiladi. So‘ngra to‘rt rakatli naflni qaytarib o‘qimaydi. Chunki u aslida mutlaq naflni qazo qilmagan, balki ado qilgan hisoblanadi... -tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:40:36

Nafl namozlarini o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar

Shunday vaqtlar borki, unda nafl namozlarini o‘qish makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin makruh hisoblanadi.
1.   Subh vaqti kirgandan to bomdod o‘qilgunga qadar mutlaq nafl namozlarini o‘qish makruhi tahrimiydir, faqat subhning ikki rakat sunnatini o‘qishga ruxsat bor.
2.   Bomdod o‘qilgandan to quyosh chiqqunga qadar. Bu fursatda umuman nafl namozlari o‘qilmaydi, garchi namozxon bomdodning yolg‘iz sunnatini qazo qilgan bo‘lsa ham. Chunki subhning sunnatining yolg‘iz o‘zini o‘qiy olmagan kishi keyin qazosini o‘qimaydi. Agar farzini qo‘shib ado qilmaganda edi, quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilgach, ikkisining qazosini o‘qigan bo‘lar edi. Buning masalasi yuqorida o‘tdi.
3.   Quyosh chiqib to bir nayza miqdori ko‘tarilguncha. Quyosh taqriban yarim soat chamasida bir nayza miqdorida ko‘tariladi.
4.   Quyosh tikkaga kelgandan to zavolga oqquncha vaqt oralig‘ida ham mutlaq namoz o‘qish joiz emas.
5.   Asr namozidan to shom namozini o‘qib bo‘lgunga qadar ham nafl namozlarini o‘qish makruhdir.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:41:11

6.   Imom xutba o‘qish uchun minbarga chiqqan vaqtda ham namoz o‘qish joiz emas. Imom xoh juma xutbasiga chiqqan bo‘lsin, xoh yomg‘ir talab qilinayotgandagi xutba bo‘lsin, xoh boshqasi bo‘lsin baribir o‘sha fursatda namoz o‘qish durust emas. (Bizning diyorlarda imom juma kunlari avval amru ma’ruf, nahiy munkar qiladi va so‘ng juma namozidan oldin xutba o‘qish uchun minbarga chiqadi. Namoz o‘qish joiz bo‘lmagan vaqt shu imom minbarga ko‘tarilgan fursatdir. Ammo imom xutbadan oldin da’vat qilayotgan bo‘lsa, masjidga kelgan namozxon imom turgan xonadan boshqa o‘rinda, tahiyyotul masjid namozini o‘tirmasdan oldin o‘qib olishi durust bo‘ladi...-tarj.)

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisi sharifda kelgan voqea esa Payg‘ambarimizning hikmatlariga dalolat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.) xutba o‘qib turganlarida bir kishi kelib o‘tirdi. Payg‘ambarimiz unga qarab: «Ey falonchi, namoz o‘qidingmi?» deb so‘radilar. U: «Yo‘q», dedi. Rasululloh unga: «Turib namoz o‘qib ol», dedilar». Ushbu hadisni imom Shofe’iy va Hanbaliylar (r.a.) juma kunida, hatto imom xutba o‘qiyotgan bo‘lsa ham, tahiyyotul masjidni o‘qish joizligiga dalil qilib keltirishadi. Bizning hanafiya mazhabimiz va molikiy mazhabining ulamolari esa ushbu hadisni bunday tushuntirishadi: «Hadisda zikr qilingan shaxs Sulayh (r.a.) bo‘lib, u kishi nihoyatda kambag‘al edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uning ahvolini masjiddagi boshqa odamlarga ko‘rsatib qo‘yish uchun unga turib ikki rakat namoz o‘qishni buyurdilar. Maqsad esa boylar Sulayhning ahvolidan xabardor bo‘lib, unga sadaqa qilishi uchun edi». Darhaqiqat, shu hikmat ro‘yobga chiqqan, bunga boshqa yo‘llar bilan kelgan hadis dalolat qiladi. Payg‘ambarimizning Sulayhga (r.a.) qilgan buyruqlari esa faqat uning o‘ziga xos bo‘lgan, maqsad yuqorida zikr qilganimizdek, sadaqa qilishga insonlarni dalolat qilib qo‘yish edi.

(Tahiyyotul masjid namozining shartlaridan biri uni masjidga kirgan kishi o‘tirmasdan o‘qishligidir. Agar kishi namoz o‘qimasdan o‘tirib olsa, undan tahiyyotul masjid namozi soqit bo‘ladi. Bu xususda ochiq hadislar rivoyat qilingan. Yuqoridagi hadisda esa Sulayh (r.a.) masjidga kirib o‘tirgan edi. Uni turib namoz o‘qishga buyurdilar. Buesa maqsadni yanada ravshanlashtiradi. Chunki Sulayhdan tahiyyotul masjid namozi soqit bo‘lgan edi... - tarj.)

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:42:18

7.   Muazzin farz namoziga takbir aytayotganda ham nafl namozi o‘qish makruhdir. Faqat bomdod namozida sunnatni o‘qib, farzga yetib olishiga ishonsa, shu sunnatni takbir aytilayotgan vaqtda ham o‘qishlik joiz bo‘ladi. Shunda sunnatni imomdan uzoqroq yerda yoki boshqa xonada o‘qib oladi. Muhimi, sunnatni o‘qib olib, farzga yetib olsa bo‘ldi.
8.   Masjidda hayit namozidan oldin ham, keyin ham nafl namozi o‘qish makruh.
9.   Hojilar Arafotda peshin bilan asrni peshin vaqtida jamlab o‘qishadi, bu jam’i taqdim, deyiladi. Shu paytda ikki jam qilinayotgan namoz o‘rtasida ham nafl namozlarni, hatto peshinning sunnatlarini ham o‘qishlik makruhdir. Muzdalifada esa shom bilan xuftonni hojilar xufton vaqtida jam qilib o‘qishadi. Bu jam’i ta’xir, deyiladi. Shu ikki jam qilinayotgan namozning o‘rtasida ham, garchi shomning sunnati bo‘lsa-da, o‘qish makruhdir.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:42:35

10.   Farz namozlaridan birortasining vaqti tor bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, nafllarni o‘qish makruh hisoblanadi. (Agar vaqt tor bo‘lib qolgan bo‘lsa, azon va takbir ham, hatto bomdodning sunnati ham tark qilinadi va farz qazo qilmay o‘qiladi. Ammo tahoratni vaqt tor bo‘lib qolganligi bilan tark qilib, tayammum bilan namoz o‘qilmaydi. Misol uchun bir quduq atrofida ikki yuzta sog‘lom odam bo‘lib, lekin quduqdan suv olish uchun yagona idishlari bor bo‘lsa, xolos. shu odamlarning har birlari tahorat qilib namoz o‘qimoqchi bo‘lishsa, farzning vaqti chiqib ketadi. Xo‘sh! Nima qilish kerak? Tahorat qilganlar qilib, qolganlar tayammum bilan namozni vaqtida o‘qib oladilarmi? Yo‘q! Balki vaqt o‘tib ketsa ham, tahorat qilib, keyin namoz o‘qishadi. Chunki tayammum qilishlikuchun buo‘rinda shart topilmayapti... - tarj.)
11.   Xoh oldi, xoh orqa hojatlarini majburan ushlab turib namoz o‘qish makruhdir. Shuningdek, qorin dam bo‘lganda ham yelni majburan ushlab o‘qilgan namoz makruh hisoblanadi.
12.   Xuddi shuningdek, yana xushu’ni ketkazadigan har qanday muhim ish hozir bo‘lgandagi o‘qilgan namozlar makruh bo‘ladi. Nihoyatda och qolgan yoki chanqagan kishiga ovqat yoki suv olib kelinsa, o‘z nafsini qondirib olib, keyin namozga turishi kerak. Yana qattiq charchagan kishi ham biroz dam olib, so‘ng namoz o‘qishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Agar shu yuqorida eslab o‘tilgan vaqtlarda nafl namozlar o‘qilsa, makruhi tahrima bilan ado topadi. Kimki ushbu paytlarda namozni boshlab qo‘ysa, uni buzib namoz o‘qishlik makruh yoki harom bo‘lmagan boshqa vaqtlarda uni o‘qishligi ma’quldir.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:42:58

Farz namozlarini o‘qish joiz bo‘lmagan vaqtlar

Uchta vaqtda farz namozlarini, janoza namozlarini o‘qish, tilovat sajdalarni qilish joiz emas.
1.   Quyosh endi chiqayotgan vaqtdan to ko‘tarilguncha, agar bomdodning farziga kirishgan bo‘lsa-yu, quyosh chiqa boshlasa, u namoz buziladi va quyoshning nayza bo‘yi ko‘tarilishini kutib, so‘ng qazosini o‘qiydi.
2.   Quyosh tikkaga kelganda. Bu payt qiyom, deyiladi. Ushbu fursatda ham to quyosh og‘gunga qadar namoz o‘qish harom hisoblanadi.
3.   Quyosh botayotganda. Bu shom namozidan taqriban yarim soat oldingi vaqtdir. Lekin o‘sha kunning asr namozi o‘qilmagan bo‘lsa, u quyoshning yarmi botgan bo‘lsa ham, o‘qib olinadi.

Janoza namozlari ham agar mayyit shu uch vaqtdan oldin hozir bo‘lsa, o‘sha vaqtni kirgizib o‘qishlik durust bo‘lmaydi. Ammo quyosh chiqayotganda yoki tikkaga kelganda, botayotganda mayyit tayyor bo‘lsa, janoza namozini o‘qishlik joiz. Lekin afzali bu vaqtni o‘tkazib, keyin o‘qishlikdir. Tilovat sajdalarini ham oldin o‘qib qo‘yib, so‘ng ushbu namoz o‘qish harom bo‘lgan vaqtlardan birining kirishini kutib, keyin sajda qilish joiz emas. Lekin sajda qilish joiz bo‘lgan fursatgacha kechiktirish afzal.

Qayd etilgan


Laylo  26 Oktyabr 2007, 06:43:12

Markabda namoz o‘qish

Minib yuriladigan hayvonlar ustida qaysi tomonga yuzlanib bo‘lsa ham, nafl namozlar o‘qish joizdir. Mashina, samolyot, poezd va boshqa miniladigan narsalar ulovlar jumlasidandir. Ulov ustida nafl namoz o‘qishlik uchun uzoq safarga chiqqan bo‘lishi shart emas, balki muqim kishi uzrli bo‘lmasa ham, nafl namozlarini markab ustida o‘qishligi mumkin.

Namozni boshlashda qiblaga yuzlangan bo‘lishi ham shart emas, lekin mashaqqat bo‘lmasa, qiblaga yuzlanib olish mustahab hisoblanadi. Ulovini namoz o‘qish asnosida yurishiga oz amal bilan tezlashligi joiz bo‘ladi. Farz, vojib va ko‘p ta’kidlangani uchun bomdodning sunnatini ham ulov ustida o‘qishlik mumkin emas. Faqat zarurat bo‘lsagina, durust bo‘ladi. Misol uchun o‘g‘rining xavfi bo‘lsa yoki markabdan tushsa, o‘ziga yoki otiga yo yuklariga zarar yetkazsa, shu kabi uzrlar bilan farz, vojib, bomdod sunnatini ham markabda o‘qish joizdir. Yo‘lovchi oyog‘ida yurib keta turib nafl namozlarini o‘qishi joiz emas. Qachonki, namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘xtaydi va u namozni mukammal o‘qiydi.

Qayd etilgan