Qazo namozlari qanday o‘qiladi?
Shariatda ahli tartiblar, degan martabadagi insonlar bo‘lib, ular vitrdan tashqari olti vaqt namozni ketma-ket qazo qilmagan bo‘lishadi. Shular qazo namozlarini o‘qimoqchi bo‘lishsa, tartibga rioya qilishlari kerak. Misol uchun ahli tartib kishi bomdod, peshin, asr, shomni uzr bilan qazo qilib qo‘ygan bo‘lsa, avval bomdodni, keyin peshinni, undan so‘ng asrni, keyin esa shomni o‘qishi vojib bo‘ladi va hokazo. Agar bomdodning qazosini o‘qimay, peshinning qazosini o‘qisa, peshin buziladi va bomdodning qazosini o‘qigach, yana peshinni qaytadan o‘qishi vojib bo‘ladi. Ahli tartib vitrga ham rioya qiladi. Ya’ni, uni o‘qimasdan bomdodni o‘qishi durust emas. Ammo, qachonki, qazo namozlarning soni vitrdan tashqari olti vaqtga yetsa, endi u kishidan tartibga rioya qilish vojibligi soqit bo‘ladi. Shunda ham tartib bilan qazolarni o‘qisa ma’qul, lekin xohlaganini oldin, xohlaganini keyin o‘qishiga ixtiyori bo‘ladi.