7. Toatlarda jiddu jahd qilish va Allohdan qo‘rqish. Bu haqda Alloh taolo aytadi:
"œUlar Parvardigorlariga qo‘rquv va umid bilan duo-iltijo eturlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar" (Sajda, 16-oyat).
Har bir inson oqibatidan qo‘rqishi, yig‘lashi shunga ko‘ra amal qilishi lozim. Zero, qiyomat kunidagi ish og‘irdir.
Rivoyat qilishlaricha, Iso alayhissalom bir qishloqdan o‘tdilar. U yerda bir tog‘ bor edi. Tog‘dan yig‘i va ingroq eshitilardi. Iso alayhissalom qishloq ahlidan: "œBu tog‘dagi nima yig‘i?" deb so‘radilar. "œEy Iso, biz bu qishloqda turganimizdan beri shu yig‘ini va tog‘ning ingrashini eshitamiz", deyishdi. Iso alayhissalom aytdilar: "œBu yig‘i, bu ingrashlar to‘g‘risida xabar ber, ey tog‘". Tog‘ aytdi: "Ey Iso, men shunday tog‘manki, toshlarimdan sanamlar yasab, ularga ibodat qilishadi. Alloh taolo bu bilan meni do‘zaxga tashlamog‘idan qo‘rqaman. Allohning: "œOdamlar va toshlardan o‘tini bo‘lgan, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing"(Baqara, 24-oyat), degan so‘zini eshitganman. O‘sha kunda do‘zaxga tashlanadigan toshlardan bo‘lib qolishdan qo‘rqaman". Alloh taolo Iso alayhissalomga vahiy qildi: "œToqqa ayt, turaversin, Men uni jahannamdan ozod qildim".
Tog‘u toshlar og‘irligi, kattaligiga qaramasdan, Allohdan qo‘rqishadi. Qanday qilib zaif, kuchsiz, miskin odam farzandi do‘zaxdan qo‘rqmaydi, undan panoh tilamaydi. Ey odam farzandi, undan ehtiyot bo‘l. Undan ehtiyot bo‘lish esa, gunohlardan saqlanish bilan bo‘ladi. Albatta, gunohlar Alloh taoloning g‘azabini va azobini keltiradi. Allohning azobini ko‘tarishga esa, toqat qilolmaysan.
"Tanbehul g'ofiliyn"dan