Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864649 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 97 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:19:18

46-bob.

Olloh taolo ikki oyati kariymasida bunday deydir: «Ibrohim aytgan erdi: «Ey Parvardigor-o, bul shaharni omonlik maqomi aylag‘il (va) meni va mening farzandlarimni butlarga ibodat qilmoqdan saqlag‘il!»; «Parvardigorim, bular (butlar) ko‘p insonlarni yo‘ldan ozdirmishdir. Kimki menga ergashg‘aydir, ul menga mansubdir va kimki menga osiylik qilg‘aydir, sen albatta mag‘firatlik mehribondirsen! Ey Parvardigorimiz, haqiqatan men ba’zi avlodimni (ya’ni, Hazrat Ismo’il alayhissalomni, chunkim Hazrat Ishoq va boshqalar Shomda erdilar) ekin unmaydirgan yerga - hurmatli uying qoshig‘a joylashtirdim. Ey rabbimiz, ular namoz o‘qisinlar, sen ayrim insonlarning dillarini ularga moil aylag‘il!»

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:21:11

47-bob.

Olloh taolo oyati kariymasida bunday deydir: «Olloh taolo Ka’bani - Bayt ul-Haromni ham, hurmatli oylarni (haj oylarini) ham, bo‘yniga nishon osilgan jonliklarni (qurbonlik aylamoq niyatida bo‘yniga biror alomat osib qo‘yilgan jonliqlarni) ham insonlarning (bu dunyoda) tirik turmoqlari uchun sabab qildi. Bular, sizlar Olloh taoloning osmonlarda va yer ostida mavjud har bir narsadan xabardor hamda har bir narsani albatta bilguvchi zot erkanlig‘in bilib qo‘ymog‘ingiz uchun shundoq qilingandir!»

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ka’bani ikki boldiri ingichka, quruqshagan habash xarob qilg‘aydir»,-deganlar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Ramazon farz bo‘lmog‘idan oldin Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutishar erdi. O’sha kuni Ka’baga parda tutilg‘ay erdi. Olloh taolo Ramazonni farz qilganida Rasululloh   sallallohu alayhi va sallam: «Kim istasa, o‘sha kuni ro‘za tutsin, kim istamasa, tutmasin!» - dedilar».

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ya’juj va Ma’juj chiqqandan keyin ham Ka’ba, albatta,. haj va tavof qiling‘usidir»,- dedilar. Sho‘‘ba: «Ka’ba tavof qilinmay qolguniga qadar qiyomat sodir bo‘lmag‘aydir»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:22:04

48-bob. Ka’baga jild kiydirmoq haqida

Abu Voil rivoyat qiladirlar: «Men va Shayba Ka’badagi kursiga kelib o‘tirdik. Umar raziyallohu akhu ham o‘sha yerda o‘tirgan erdilar. Ul kishi: «Men Ka’bada tillani ham, kumushni ham qoldirgim kelmay, barchasini odamlarga taqsimlab berdim»,- dedilar (Odamlar Ka’baga tashlab ketgan sadaqalar nazarda tutilayotir). Shunda men: «Sizning ikki do‘stingiz bundoq qilishmadi-ku?!»-dedim. Hazrat Umar: «Ular men iqtido qiladirgan kishilardir»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:22:15

49-bob. Ka’baning buzib tashlanmog‘i to‘g‘risida

Oisha raziyallohu anho: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Bir qo‘shin Ka’baga urush qilmoqchi bo‘lg‘aydir, biroq ularni yer yutib ketg‘aydir» deganlar»,-deydilar.
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Men Ka’bani buzayotgan kishini ko‘rib turgandekman, ul qop-qora, ikki oyog‘i maymoq bo‘lib, Ka’baning toshlarini bittalab ko‘chirmakdadir»,- dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ka’bani ikki boldiri ingichka, quruqshagan habash buzg‘aydir» - deb aytdilar» ,— deydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:22:27

50-bob. Al-Hajar ul-Asvad - Qora Tosh haqida ne deyilgan?

Obis ibn Rabiy’a rivoyat qiladirlar: «Umar raziyallohu anhu Qora Toshga kelib o‘tirdilar-da, «Men sening tosh erkanlig‘ingni va zararing ham, foydang ham yo‘q erkanlig‘ini bilurmen. Agar Nabiy sallallohu alayhi va sallam seni o‘payotganlarini ko‘rmaganimda, men seni o‘pmas erdim»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:22:35

51-bob. Ka’baning yopilmog‘i haqida; Ka’baning qaysi tomoniga qarab namoz o‘qimoqni xohlasa, o‘qiyverg‘aydir

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, Usoma ibn Zayd, Bilol va Usmon ibn Talha Ka’baga kirib, eshigini yopib qo‘ydilar. Ular eshikni ochishganda men birinchi bo‘lib ichkariga kirdim. Shunda, Bilolni uchratib: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’ba ichida namoz o‘qidilarmi?» - deb so‘radim. Bilol: «Ha, ikki yamaniy ustun oralig‘ida»,- deb javob berdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:22:48

52-bob. Ka’bada namoz o‘qimoq to‘g‘risida

Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu, agar Ka’baga kirsalar, eshikni orqalarida qoldirib, to‘g‘rilariga qarab yurar erdilar-da, o‘zlari birlan ro‘paralaridagi devor oralig‘ida uch tirsak masofa qoldirib, so‘ng namoz o‘qir erdilar. «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shu yerda namoz o‘qiganlar» deb Bilol ko‘rsatgan joyni tanlar erdilar. Lekin, Ka’baning qaysi tomoniga qarab namoz o‘qisa ham, hech kimga gunoh bo‘lmag‘aydir».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:23:00

53-bob. Ka’baga mutlaqo kirmagan odam haqida

Ibn Umar raziyallohu anhu ko‘p haj qilar erdilar, lekin Ka’baga kirmas erdilar.

Abdulloh ibn Abu Avfo: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam umra qilib, Ka’bani tavof ayladilar. So‘ng, Maqomi Ibrohim ortiga o‘tib, ikki rak’at namoz o‘qidilar. Shunda, hamrohlari ul kishini odamlar nazaridan to‘sib turishgan erdi. Ittifoqo, bir kishi menga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ka’baga kirdilarmi?»-deb aytdi. Men: «Yo‘q»,- dedim».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:23:09

54-bob. Ka’baning bir chekkasiga borib, takbir aytgan odam xususida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Makkaga kelganlarida, Ka’baning ichida butlar bo‘lgani uchun, u yerga kirib namoz o‘qigilari kelmadi. Shunda, Ka’badan butlarni olib chiqib tashlamoqni amr qilib erdilar, ularni olib chiqib tashlashdi. Keyin, Ibrohim va Ismoilning qo‘llarida azlom ushlagan holda tasvirlangan suratlarini ham olib chiqib tashlashdi».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 07:23:21

55-bob. Lo‘killab yugurish udumi qachon boshlangan?

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va ul.kishining sahobalari Makkaga kelganlarida, mushriklar sahobalarga qarab: «Sizlarni ul (Rasululloh) boshlab kelgan, aslida sizlarni Yasrib (Madina) mudofaasi zaiflashtirib qo‘ygandir»,- deyishdi. Shunda, Nabiy sallallohu alayhi va sallam o‘z sahobalariga lo‘killab yugurib Ka’bani uch marta aylanib chiqmoqni, keyin ikki ustun oralig‘ida yurmoqni buyurdilar. Janob Rasululloh Ka’ba tegrasida ko‘proq lo‘killab yugurmoqni buyursalar bo‘lar erdi-yu, lekin sahobalarga rahmlari keldi».

Qayd etilgan