93-bob. Arafot birlan Jam’ (Muzdalifa) oralig‘ida to‘xtab o‘tish haqida
Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Arafotdan tushib kelishda daraga burilib kirdilar-da, qazoi hojat qildilar, so‘ng tahorat oldilar. Shunda men: «Yo Rasululloh, namoz o‘qiydirsizmi?» - deb edim, ul kishi: «Namozga hali erta»,- deb javob qildilar».
Nofi’ rivoyat qiladirlar: «Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu shom birlan xufton namozlarini Jam’ga (Muzdalifaga) borganlarida qo‘shib o‘qirdilar, biroq ul kishi ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallam singari yo‘lda daraga burilib kirib, qazoi hojat qilar erdilar, so‘ng tahorat olardilar, lekin Jam’ga borgunga qadar namoz o‘qimas erdilar».
Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Men Arafotda Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tuyalariga mingashib oldim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Muzdalifadan berida joylashgan chap tomondagi daraga yetib kelganlarida, tuyalarini cho‘ktirib, tahorat ushatib keldilar, men qo‘llariga suv quyib turdim, ul kishi yengilgina tahorat oldilar. Men: «Ey Rasululloh, namoz o‘qiydirsizmi?- dedim. Ul kishi: «Namozga hali vaqt bor»,-dedilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tuyaga minib, Muzdalifaga keldilar-da, namoz o‘qidilar. Ertasiga ertalab Fazl Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tuyalariga mingashib ketdi».
Kurayb rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Jamraga borguncha yo‘l-yo‘lakay talbiya aytib ketdilar»,- deb aytibdir Fazl, keyin buni menga Abdulloh ibn Abbos aytdilar».