31-bob. Ro‘zadorning qon oldirishi va qayt qilishi haqida
Abu Hurayra: «Agar ro‘zador qayt qilsa, ro‘zasi ochilmaydir, chunki bu holda ovqat ro‘zadorning oshqozonidan chiqadir, unga kirmaydir»,- deydilar. Abu Hurayraning boshqa bir rivoyatlarida «Ro‘zador qayt qilsa, ro‘zasi ochiladir», deb aytilgan, lekin avvalgisi to‘g‘ri. Ibn Abbos va Ikrima: «Ro‘za qoringa kirgan narsadan ochiladir, chiqqan narsadan ermas»,- deydilar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu ro‘za bo‘la turib, kunduzi qon oldirar erdilar, so‘ng kechasi oldiradirgan bo‘ldilar. Abu Muso ham kechasi qon oldirardilar. Sa’d, Zayd ibn Arqom va Ummu Salamalar ro‘za bo‘la turib, kunduzi qon oldirishgani haqida rivoyat qilingan. Bukayr Ummu Alqama: «Oisha raziyallohu anho huzurlarida ro‘za holimizda qon oldirar erdik, lekin ul kishi bizni bundan qaytarmas erdilar»,- deydilar. Hasan Basriy va boshqalar: «Kishi ro‘za holda qon oldirsa, qon olganning ham, oldirganning ham ro‘zasi ochilg‘aydir», - deb rivoyat qilishadi.
Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ehromda bo‘lgan chog‘larida va ro‘za tutgan paytlarida qon oldirganlar»,- deb rivoyat qiladirlar.
Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ro‘za hollarida qon oldirar erdilar»,- deydilar.
Sobitulbunoniy Anas raziyallohu anhudan: «Ro‘zadorning qon oldirishini yoqtirmas erdingizlarmi?» - deb so‘radilar. U kishi: «Ha, qon oldirgandan so‘ng, madori qurib qolishini yoqtirmas erdik»,- deb aytdilar.