Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863676 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 119 120 121 122 123 124 125 126 127 128 B


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:54:38

49-bob. Faqat sahargacha uzluksiz ro‘za tutmoq haqida

Abu Sa’id Xudriy rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Uzluksiz ro‘za tutmangiz, agar qay biringiz uzluksiz ro‘za tutmoqni ixtiyor etsangiz, faqat sahargacha davom ettiringiz»,- dedilar. Odamlar: «Yo Rasululloh, o‘zingiz tutgaydirsizku?!» - deyishdi. Janob Rasululloh: «Men sizlarga o‘xshagan ermasmen, menga kechasi taomlantirg‘uvchi kelib, taom berg‘aydir, suv berg‘uvchi kelib, suv ichirg‘aydir»,- dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:54:54

50-bob. Bir odam nafl ro‘za tutgan boshqa bir odamga «og‘iz ochasan!», deb turib olsa-yu, lekin uning og‘iz ochganligi uchun o‘zi bir kun ro‘za tutib berishi zarur ekanligini bilmasa, ammo, ro‘za tutgan kishiga ogiz
ochishdan ko‘ra, ro‘za tugan afzalroq bo‘lsa...


Abu Juhayfa rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Salmon bilan Abuddardo’ni o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘ydilar. Shundan so‘ng, Salmon Abuddardo’ni ko‘rgani uylariga borsalar, Abuddardo’ning xotinlari Ummuddardo’ eski kiyim kiyib olgan erkanlar. Salmon: «Sizga ne bo‘ldi, bunchalik xarob kiyim kiyib olibdirsiz?»-deb so‘radilar. Ummuddardo’: «Birodaringiz Abuddardo’ning dunyoni suv bossa, to‘piqlariga chiqmag‘aydir»,- dedilar. Salmon gap nimada ekanligini fahmlab, Abuddardo’ kelganlarida u kishiga ovqat tutib edilar: «Men ro‘zaman, yemasmen»,- dedilar. Salmon: «Agar siz bu taomdan yemasangiz, men ham yemasmen»,- dedilar, Abuddardo’ nochor yedilar. Kechasi Abuddardo’ uyqudan uyg‘onib, ibodat qilmoqchi bo‘lib erdilar, Salmon: «Yotingiz!»- dedilar, u kishi yotdilar, bir ozdan keyin yana turmoqchi bo‘lib edilar, yana: «Yotingiz!»-dedilar, u kishi yana yotdilar. Tong otay deb qolganda, Salmon: «Mana endi turingiz!» -dedilar-da, o‘zlari ham turib, birgalashib namoz o‘qidilar. So‘ng, Salmon Abuddardo’ga: «Sizda rabbingizning ham, o‘zingizning ham, oilangizning ham haqqi bordir, sizning ularning birortasining ham haqqiga xiyonat qilmoqqa haddingiz yo‘qdir!» - dedilar. Keyin, Abuddardo’ bu voqeani Janob Rasulullohga aytib berganlarida, ul kishi: «Salmon to‘g‘ri aytibdir»,- dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:55:08

51-bob. Sha’bon oyida ro‘za tutmoq haqida

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ro‘zani shunchalik maromiga yetkazib tutar erdilarki, biz hatto ul kishi har doim ro‘za bo‘lsalar kerak, derdik. Ro‘za tutmagan paytlarida ersa, endi sira ham ro‘za tutmasalar kerak, deb o‘ylardik. Janob Rasulullohning Ramazon oyidan boshqa oylarda to‘liq ro‘za tutganlarini ko‘rmadim. Sha’bon oyidan boshqa oylarda ham to‘liq ro‘za tutganlarini ko‘rmaganman».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Sha’bon oyidan boshqa oylarda ko‘p ro‘za tutmas erdilar, chunki Sha’bon oyida to‘liq ro‘za tutar erdilar. Janob Rasululloh: «Qurbingiz yetadirgan ishni qilingiz, sizlarga malol kelmasa, Ollohga ham malol kelmag‘aydir»,- der erdilar. Rasululloh qisqa bo‘lsa ham, kanda qilmay namoz o‘qimoqni yaxshi ko‘rar erdilar. Agar nafl namoz o‘qimakni odat qilgan bo‘lsalar, uni ham kanda qilmay o‘qir erdilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:55:23

52-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallamning ro‘za tutmoqlari va ro‘za tutmay yurishlari haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyidan boshqa oylarning hammasida ham ro‘za tutavermaganlar. Janob ro‘za tutsalar, «Ollohga qasamlar bo‘lsinkim, bul kishining og‘izlari ochiq kun bo‘lmag‘aydir!» - deyishardi. Og‘izlari ochiq bo‘lgan vaqtlarda ersa, «Ollohga qasamlar bo‘lsinkim, bul kishi ro‘za tutmag‘aydirlar!» - deyishardi».

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ba’zi oylarda hech ham ro‘za tutmas erdilar, hatto biz: «Bu zot hech ham nafl ro‘ze. tutmasalar kerak?» - deb o‘ylardik. Ba’zi oylarda shunchalik ko‘p ro‘za tutar erdilarki, biz: «Bu zot doimo ro‘za bo‘lsalar kerak?»-deb o‘ylardik. Ba’zan biz, kechasi Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qimasalar kerak, deb o‘ylab uylariga borsak, ul kishi namoz o‘qiyotgan bo‘lar erdilar. Ba’zan ersa, ul kishi kechasi birlan uxlamay namoz o‘qib chiqsalar kerak, deb o‘ylab borsak, uxlayotgan bo‘lar erdilar».

Anas raziyallohu anhudan Nabiy sallallohu alayhi va sallamning qanday ro‘za tutishlari to‘g‘risida so‘rashdi. Ul kishi: «Ba’zi oylarda Janobni ro‘za holda ko‘rmoqni istasam, albatta ro‘za holida ko‘rar erdim. Agar og‘izlari ochiq holda ko‘rmoqni istasam, og‘izlari ochiq holda ko‘rar erdim. Kechalari namoz o‘qiyotganlarini ko‘rmoqni istaganimda ersa, namoz o‘qiyotgan holda ko‘rar erdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak kaftlaridek yumshoq va issiq kaftni ushlamaganman. Rasulullohning bo‘ylaridan xushbo‘yroq mushkni ham, anbarni ham hidlamaganman!» - deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:55:33

53-bob. Ro‘zadorda mehmonning ham haqqi bor

Abdulloh ibn Amr ibn al-Os rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mening oldimga keldilar-da, «Senda, seni ziyorat qilgani kelganlarning (mehmonlarning) ham, xotiningning ham haqqi bor»,- dedilar. Ul kishidan men: «Dovud payg‘ambar nechuk ro‘za tutganlar?»-deb so‘radim, chunki Janob Rasululloh: «Sen Dovud alayhissalomning ro‘zalaridan oshirib yubormag‘il!»-degan erdilar. Janob Rasululloh: «Yarim umrlariga barobar ro‘za tutganlar»,- deb javob qildilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:55:44

54-bob. Ro‘zadorda o‘z tanasining ham haqqi bor

Abdulloh ibn Amr ibn al-Os raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Ey Abdulloh, senga har kuni ro‘za tutib, har kecha uxlamay, ibodat qilmoq xususinda aytayinmi?»- dedilar, men: «Aytingiz, yo Rasululloh!» - dedim. Janob Rasululloh: «Undoq qilmag‘il, ro‘za ham tutg‘il, og‘iz ham ochg‘il, kechasi ibodat ham aylag‘il, uyquga ham yotg‘il! Chunkim senda o‘z tanangning ham haqqi bor, ko‘zingning ham haqqi bor, ayolingning ham haqqi bordir, mehmoningning ham haqqi bordir. Senga har oyda uch kun ro‘za tutmog‘ing kifoya qilg‘aydir, chunkim har bir qilgan yaxshilig‘ing uchun o‘n barobar savob tekkaydir, bu ersa senga umr bo‘yi ro‘za tutganlik savobini berg‘aydir»,- dedilar. Shunda men: «Yo Rasululloh, bundan ham ko‘proq ro‘za tutmakka quvvatim yetg‘aydir, deb o‘ylarmen»,-dedim. Janob Rasululloh: «Dovud payg‘ambarning ro‘zalaridek ro‘za tutg‘il-u, ammo andin oshirib yubormag‘il!» - dedilar. Men: «Dovud payg‘ambar nechuk ro‘za tutganlar?» - deb so‘radim. Janob Rasululloh: «Yarim umrlari ro‘za tutmoq birla o‘tgan»,- dedilar».

Abdulloh keksayib ro‘za tutmoqqa qiynalib qolganlarida, afsuslanib: «Koshki erdi, o‘shanda Nabiy sallallohu alayhi va sallamning o‘gitlarini qabul qilgan bo‘lsam erdi!»-der ekanlar.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:55:59

55-bob. Umr bo‘yi ro‘za tutmoq xususida

Abdulloh ibn Amr ibn al-Os rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh nomi birla qasam ichurmenkim, butun hayotim bo‘yi kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qila olg‘aydirmen!»,- dedilar. Shunda men Janob Rasulullohga: «Otam-onam fidoyingiz bo‘lsin, xo‘p yaxshi aytdingiz-da!» - dedim. Janob: «Sen bundoq qilmoqqa qodir ermassen, shuning uchun ro‘za ham tutg‘il, og‘iz ham ochg‘il, kechasi turib, ibodat ham aylag‘il, uxlag‘il ham! Har oyda uch kun ro‘za tutsang bo‘lg‘aydir, chunkim har bir qilgan yaxshilig‘ingga o‘n barobar savob tekkaydir, bu ersa, umr bo‘yi senga ro‘za tutganlik savobini berg‘aydir»,- dedilar. Men: «Bundan ham ko‘proq ro‘za tutmakka qodirmen»,- dedim. Janob Rasululloh: «Bir kun ro‘za tutib, ikki kun . tutmag‘il!»- dedilar. Men: «Bundan ko‘prog‘iga ham qurbim yetg‘aydir»,- dedim. Janob Rasululloh: «Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmag‘il, Dovud payg‘ambar shundoq ro‘za tutganlar, ro‘za tutsang, shundoq ro‘za tutg‘il!»-dedilar. Men: «Yo Rasululloh, bundan ham yaxshiroq ro‘za tuta olg‘aymen»,-dedim. Janob Rasululloh: «Bundan yaxshisi yo‘qdir»,- dedilar».

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Mening uzluksiz ro‘za tutmog‘imdan, tuni birla ibodat qilmogimdan Nabiy sallallohu alayhi va sallam xabar topibdirlar. O’shanda, Janob mening oldimga bir kishini yubordilarmi yokim ul kishiga o‘zim uchradimmi, yodimda yo‘q. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Aytishlaricha, sen muttasil ro‘za tutar emishsen, tun bo‘yi uxlamay, ibodat qilar emishsen. Ro‘za tutg‘il, biroq vaqtida ovqatlang‘il, kechasi ibodat aylag‘il, ammo vaqtida uxlag‘il, chunkim, senda o‘zingning ham, ahlu ayolingning ham, ko‘zingning ham haqqi bordir (ko‘zingni deganlarida, «uni uyqusiz qoldirmoqqa haqqing yo‘qdir»,- demoqchilar)»,- dedilar. Men: «Mening bundan ham ko‘proq ibodat qilmakka quvvatim yetg‘aydir»,- dedim. «Undoq bo‘lsa, sen Dovud alayhissalomning tutgan ro‘zalarini tutgil!» - dedilar. Men: «Ul nechuk ro‘zadir?» - deb so‘radim. «Dovud payg‘ambar, bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmas erdilar, janglarda dushman birlan yuzma-yuz kelsalar ham, qochmas erdilar (ya’ni, «Ro‘za ul kishini zaiflashtirmas erdi»,- demoqchilar)»,- deb javob berdilar. Men: «Yo Rasululloh, mening dushmandan qochmaslig‘imga kim kafil bo‘la olur?»-dedim».

Ato raziyallohu anhu: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muttasil ro‘za tutmoq to‘g‘risida ne deganlarini bilmadim. Biroq, shuni eslarmenkim, uzluksiz ro‘za tutgan kishiga ro‘zaning hech qanday savobi bo‘lmag‘aydir, deb ikki marta takrorlagandirlar»,- deydilar.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:56:08

56-bob. Bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmaslik haqida

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam menga har oyda uch kun ro‘za tutg‘il, dedilar. Men bundan ham ko‘proq tutmoqqa qurbim yetmog‘ini aytdim. Shunda, Janob Rasululloh bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmasligim hamda bir oyda bir marta Qur’onni xatm qilmog‘im mumkinligini aytdilar. Men: «Bundan ham ko‘p xatm qilmoqqa qodirmen»,- dedim. Nihoyat, Janob Rasululloh uch kunda bir marta xatm qilmog‘imni buyurdilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:56:20

57-bob. Dovud alayhissalom qanday ro‘za tutganlar?

Abdullohibn Amr ibn al-Os raziyallohu anhu: «Menga Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Sen uzluksiz ro‘za tutib, kechaning hammasida ibodat qilar emishsen»,-dedilar. Men: «Ha, shundoq»,- dedim. Ul kishi: «Agar shundoq qilaversang, ko‘zingning «ko‘rish qobiliyati zaiflashg‘aydir va butun a’zolaring toliqg‘aydir. Umr bo‘yi tutgan ro‘zang savobsiz qolib, zoe ketg‘aydir. Har oyda uch kun ro‘za tutgan kishiga ersa, umr bo‘yi ro‘za tutganning savobi berilg‘aydir»,- dedilar. Men: «Yo Rasululloh, bundan ham ko‘proq tutmoqqa kuchim yetg‘aydir»,- dedim. Shunda ul zot: «Bo‘lmasa, Dovud alayhissalom tutgan ro‘zani tutg‘il, ul kishi bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmas erdilar. Dushman birla ro‘baro‘ kelganlarida ham qochmas erdilar (ya’ni, bundoq ro‘za inson a’zosini zaiflashtirmag‘aydir)»,- dedilar.
Abdulloh ibn Amr ibn al-Os raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uzluksiz ro‘za tutmog‘imdan xabar topib, oldimga kirdilar. Men Janobga o‘tirmaklari uchun teridan qilingan, ichiga xurmo bargi to‘ldirilgan to‘shak soldim, ul kishi unga o‘tirmay yerga o‘tirdilar, to‘shak ersa, ikkimizning o‘rtamizda qoldi. So‘ng, Janob: «Senga har oyda uch kun ro‘za tutmak kifoya qilmag‘aydirmi?»- deb so‘radilar. Men: «Yo Rasululloh, bu ozdir»,- dedim. «Bo‘lmasa, besh kun»,- dedilar. Men: «Bu ozdir»,- dedim. «Ul kishi: «Yetti kun»,- dedilar. Men: «Bu ham ozdir»,-dedim. Janob: «To‘qqiz kun»,- dedilar. «Bu ham oz»,- dedim. Ul kishi: «O’n bir kun»,- dedilar. Men buni ham oz, dedim. Shunda ul kishi: «Dovud alayhissalomning ro‘zalaridan afzal ro‘za yo‘qdir, ul yarim umrga tengdir, bir kun ro‘za tutg‘il, bir kun og‘zing ochiq bo‘lsin» ,— dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:56:30

58-bob. Oy to‘lgan kunlari - o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi va o‘n beshinchi kunlarda ro‘za tutmoq haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Menga do‘stim sallallohu alayhi va sallam uch narsani - har oyda uch kun ro‘za tutmoqni, ertalabki namozning ikki rak’at sunnatini har kuni o‘qimoqni va vitr namozini yotish oldidan o‘qimoqni vasiyat qildilar» ,— deydilar.

Qayd etilgan