20- bob. Xilvatda yalang‘och cho‘milmoq mumkinmi? Xilvatda panada cho‘milmoq afzaldir!
Bahz ibn Hakimning bobosiga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday degan ekanlar: «Alloh taolo kishining odamlardan ko‘ra, o‘zidan hayo qilishlariga haqliroqdir» (ya’ni, odamlardan ko‘ra, Allohdan uyaling, odamlardan o‘zni pana qilish mumkin-u, lekin Allohdan o‘zni pana qilib bo‘lmaydi, u baribir ko‘rib turadi).
Abu Hurayra raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytganlar, deydilar: «Bani Isroil qavmi bir-biriga qarab yalang‘och yuvinaverardi. Muso alayhissalom yolg‘iz o‘zlari yuvinar edilar. Shuning uchun ham: «Musoning biz bilan birga yuvinmog‘iga faqat uning dabbaligi mone’lik qiladi»,— deyishdi. Bir kuni Muso alayhissalom yuvingani borib, kiyimlarini bir tosh ustiga yechib qo‘ygan edilar, tosh kiyimlarini (Allohning amri bilan) olib qochdi. Muso alayhissalom: «Ey tosh, kiyimimni ber, kiyimimni ber!»—deganlaricha ketidan quvib ketdilar. Shu fursatda Muso alayhissalomning yalang‘och badanlariga ko‘zi tushgan Bani Isroil qavmi: «Allohga qasamki, Musoda hech ayb (jismoniy ayb) yo‘q ekan»,— dedi. Muso alayhissalom kiyimlarini olib, toshni do‘pposlay ketdilar». «Allohga qasamki, o‘shanda u kishining zarblaridan toshda 6 yoki 7 ta darz paydo bo‘lgandi»,— deydilar Abu Hurayra.
Abu Hurayra raziyallohu anhuga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytib bergan ekanlar: «Ayyub alayhissalom yalang‘och yuvinayotgan edilar, ustlariga tilla chigirtka qo‘ndi. Ayyub alayhissalom (chigirtkani) kiyimlariga yashira boshladilar. Shunda Alloh taolo nido qilib: «Ey Ayyub, seni ko‘rib turganingga (tilla chigirtkaga, ya’ni boylikka) ehtiyojsiz qilmaganmidim?!» —dedi. «Izzating haqqi, ha, ehtiyojsiz qilgansan, ammo men sening barakotingdan benasib emasman»,— dedilar Ayyub alayhissalom». (Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu rivoyatni aytganlari bejiz emas. Bu yerda yalang‘och cho‘milishdan uyalgandan ko‘ra, boylikka ruju’ qilishdan uyalmok kerak degan ma’no yotadi).