18-bob. Tom, minbar va taxta ustida namoz o‘qimoq hukmi
Imom Buxoriy aytdilar: «Hasan Basriy muz va ko‘priklar ustida, garchi uning tagidan yoki ustidan yohud oldidan najosat oqib turgan ersa-da, namoz o‘qimoqning zarari yo‘qdir, fakat namozxon birlan najosat o‘rtasini biror narsa to‘sib turgan ersa, bas»,— deydilar. Abu Hurayra masjidning tomida imom bo‘lib namoz o‘qidilar (Shofi’iy va Hanafiy mazhablarida imom va namozxonlarning namoz o‘qigan joylari biri ikkinchisidan baland bo‘lmog‘i makruhdir, zarurat tug‘ilgandagina mumkin). Ibn Umar qor ustida namoz o‘qidilar.
Abu Hazm aytganlar: «Odamlar Sahl ibn Sa’ddan: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning minbarlari nimadan qilingan?» — deb so‘radilar. Sahl: «Odamlar orasinda buni mendan yaxshiroq biladirgan odam qolmadi. U «yulg‘un» degan o‘rmon daraxtidan qilingandir, uni falonchining ozod qilingan quli falonchi yasagandir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (usta) minbarni yasab olib kelib qo‘ygach, unga chiqdilar-da, qiblaga qarab: «Ollohu akbar»,— dedilar, odamlar u kishiga iqtido qildilar. Janob Rasululloh qiroat qildilar va ruku’ qildilar. Odamlar ham ketlaridan ruku’ qildilar. Keyin, Rasululloh boshlarini (qadlarini) ko‘tardilar, minbardan tisarilib tushib, yerda sajda qildilar. Keyin, yana minbarga qaytib chiqdilar-da, qiroat qildilar, so‘ng ruku’. qildilar. Keyin, boshlarini (qadlarini) ko‘tardilar, minbardan tisarilib tushib, yana yerda sajda qildilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qilgan ishlari mana shu». Imom Buxoriyga Ali ibn Abdulloh: «Ahmad ibn Hanbal rahimahullohu mendan shu hadis to‘g‘risida, so‘radi»,— deb aytibdir. Ahmad ibn Hanbal: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlardan balandda turganlar va shu hadisga ko‘ra, imom odamlardan balandda tursa, zarari yo‘qdir, demoqchimisiz?» — debdi Ali ibn Abdulloh: «Sufyon ibn Uyaynadan shu hadis to‘g‘risida ko‘p so‘rashar erdi, siz hech eshitmaganmisiz?» — debdilar Ahmad ibn Hanbalga. Ahmad: «Yo‘q,— deb javob beribdilar.
Anas ibn Molik aytib berganlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (hijratning 5-nchi yili, zulhijja oyi) otdan yiqilib, o‘shanda boldirlari yoki kuraklari shilinib ketgandi. Bir oy xotinlari oldiga kirmaslikka ahd qilgandilar. Yog‘och ustunli hujralarida o‘tirganlarida sahobalar u kishini ko‘rgani keldilar. Rasululloh o‘tirgan hollarida imomatga o‘tdilar, sahobalari ersa tik turgan hollarida namoz o‘qidilar. Rasululloh salom bergach: «Imomga iqtido qilmoq lozimdir. Shuning uchun imom «Ollohu akbar» deganda siz ham takbir aytingiz, ruku’ qilsa, siz ham ruku’ qilingiz, sajda qilsa, siz ham sajda qilingiz. Agar tik turib namoz o‘qisa, tik turib o‘qingiz!»—dedilar (Rasululloh kasal bo‘lganlari uchun ham butun namoz davomida o‘tirgan hollarida imomlik qilganlar. Sahobalar ersa tik turib o‘qiyvermasdan o‘zlari bilib iqtido qilavermoqlari kerak erdi). Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam 29 kun deganda oilalari oldiga chiqdilar. Shunda ular: «Siz bir oyga ahd qilgan erdingiz-ku?» — deyishdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bu oy 29 kun (dan iborat)»,— dedilar».