Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864593 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 128 B


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:41:05

31-bob. Qayerda bo‘lsa ham qiblaga qarab namoz o‘qimoq kerak

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh  sallallohu alayhi yu sallam: «Qaerda bo‘lsang ham, qiblaga qarab takbir aytg‘il! — deganlar»,— deydilar.

Al-Barro ibn Ozib aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bayt ul-Muqaddasga qarab 16 yoki 17 oy namoz o‘qigan erdilar. Aslida Rasulullah sallallohu alayhi va sallam Ka’baga qarab namoz o‘qimoqni yaxshi ko‘rar erdilar. Olloh taolo Rasulullohga «Yuzingni bir Ka’baga, bir osmonga qaratayotganingni ko‘rib turibmiz» degan oyatini nozil qildi va: «Odamlarning eng aqlsizi yaxudiylardir. Ularni ilgarigi qiblani o‘zgartirmoqqa ne majbur qilmishdir? Sen: «Mag‘ribu Mashriq ham Ollohnikidir, u o‘zi xohlagan bandasiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatg‘usidir, deb aytgil!» — dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan birga bir kishi namoz o‘qidi, keyin u asr namozini Bayt ul-Muqaddasga qarab o‘qiyotgan bir ansoriy qavm oldiga borib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Ka’baga qarab namoz o‘qiganini aytdi. Shunda qavmning barchasi Ka’baga o‘girildi».

Jobir raziyallohu anhudan: «Janob Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam tuya minib ketayotganlarida, u qayoqqa qarab ketayotgan bo‘lsa, o‘sha tomonga qarab namoz o‘qiyverardilar. Lekin namoz farzini o‘qimoqchi bo‘lsalar, tuyadan tushib, qiblaga qarab o‘qirdilar».

Abdulloh ibn Mas’ud: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin yoki asr namozini o‘qidilar»,— dedi. «O’shanda ko‘paytirib o‘qidilarmi yo kamaytirib o‘qidilarmi, aniq aytolmayman»,— dedi Ibrohim. Rasululloh (ikki yelkalariga) salom berganlaridan keyin: «Yo Rasululloh, namozga biror yangilik kiritildimi?» — deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Nega bunday deysizlar?»—dedilar. «Siz bunday o‘qidingiz», deb ko‘rsatishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam cho‘kkalab o‘tirdilar-da, qiblaga qarab ikki bor sajda qilib, so‘ng salom berdilar. Keyin, bizlarga o‘girilib: «Namozda biror yangilik bo‘lg‘aydir, albatta men sizlarga xabar qilg‘aydirman, lekin (albatta) men ham siz kabi odamdirman, siz unutganingizdek men ham unutg‘ayman. Agar unutsam, eslatingiz, agar birortangaz namoz o‘qiyotib necha rak’at o‘qiganingizni unutsangaz, o‘z taxminingiz bo‘yicha namozni nihoyasiga yetkazingiz, so‘ng salom beringiz, undan keyin ikki rak’at namoz o‘qingiz!» — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:41:37

32-bob. Qibla to‘g‘risida aytilgan hadislar, yanglishib qibladan boshqa tomonga qarab namoz o‘qigan kishi namozini qaytarib o‘qimasligi haqida

Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ikki rak’at namoz o‘qib, qiblani yanglishtirganlarini sezib, odamlarga o‘girildilar, keyin, qolgan ikki rak’atni qiblaga qarab o‘qib, namozni tugalladilar.

Hazrat Umar dedilar: «Rabbim mening uch niyatimni ro‘yobga chiqardi. «Yo Rasululloh, Maqomi Ibrohimda namoz o‘qimoqni odat qilsak erdi!» — deganimda, «Maqomi Ibrohimda namoz o‘qingiz!» degan oyat nozil bo‘ldi, «Yo Rasululloh, xotinlaringizga yopinmakni buyursangiz erdi! Chunki ularga yaxshi odam ham, yomon odam ham gapirg‘aydir» — deganimda, «Hijob oyati» nozil bo‘ldi. Rasululloh  sallallohu alayhi va sallamning xotinlari bunga qarshilik qilishdi, shunda men: «Agar Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sizlarni qo‘yib yuborsalar, Olloh taolo o‘rningizga sizdan ko‘ra yaxshiroq xotinlarni ato qilmog‘i mumkindir» — deganimda, aynan shu mazmunda oyat nozil bo‘ldi». Humayd: «Yuqoridagi hadisni Anasdan men ham eshitgandirmen»,— deydilar.

Abdulloh ibn Umar aytib berganlar: «Qubo masjidida odamlar bomdod namozini o‘qishayotgan vaqtda, bir kishi kelib: «Shu kecha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Qur’on oyati nozil bo‘ldi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga Ka’ba tarafga qarab namoz o‘qimoq buyurildi», — dedi. Odamlar yuzlarini Ka’baga qaratdilar. Ular avval yuzlarini Shom tomonga qaratib namoz o‘qiyotgan erdilar».

Abdulloh ibn Mas’ud dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshinda 5 rak’at farz o‘qidilar, Shunda sahobalar: «Namozning rak’ati ko‘paytirildimi?» — deb so‘radilar. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Nechun bunday deb so‘raydirsiz?» — dedilar. «Besh rak’at farz o‘qidingiz», — deyishdi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oyoqlarini tashahhudda o‘tirgandek qilib bukdilar-da, yana ikki marta sajda qildilar».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:42:01

33-bob. Masjiddagi tupukni qo‘l bilan ko‘chirib tashlash

Anas aytadilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidning qibla tomonidagi devorida (qotib qolgan) balg‘amni ko‘rdilar. Bu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga juda og‘ir botdi, hatto yuzlarida xafa bo‘lganlari ko‘rinib turardi. Rasululloh o‘rinlaridan turib, balg‘amni qo‘l bilan ko‘chirib tashladilar, so‘ng: «Qaysi biringiz namoz o‘qig‘aydirsiz, rabbingiz birlan so‘zlashg‘aydirsiz, rabbingiz oldingizda, qiblada bo‘lg‘aydir. Shuning uchun birortangiz qibla tomonga tupurmangiz, agar zarur bo‘lg‘aydir, chap tomonga yoki oyoq tagiga tupuringiz!» — dedilar. Keyin, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ridolarining bir tarafini ushlab, unga tupurib buklab qo‘ydilarda: «Yokim mana shunday qilingiz!» — dedilar».

Abdulloh ibn Umar dedilar: «Janob Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam masjidning qibla tomoni deyuridagi tupukni ko‘rib, qirib tashladilar, keyin odamlarga qarab: «Agar birortangiz namoz o‘qiyotgan ersangiz, qibla tomonga tupurmangiz. Chunki, Olloh taolo kishi namoz o‘qiyotganida qibla tomonda bo‘lg‘aydir», — dedilar».

Oisha onamiz dedilar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qibla tomon devordagi manqani (yoki balg‘amni) ko‘rib, qirib tashladilar».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:42:18

34-bob Masjiddagi manqani mayda tosh birlan ko‘chirib tashlamoq

Ibn Abbos: «Agar ho‘l axlatni bosib olsang, uni suv birlan yuvg‘il, agar quruq bo‘lsa, yuqmasa, yuvmag‘il!» — deganlar.

Abu Hurayra va Abu Sa’id raziyallohu anhumo aytib berishgan hadis: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjid deyuridagi manqani ko‘rib, uni tosh birlan ko‘chirib tashladilar, keyin: «Birortangiz burningizni qoqmoqchi ersangiz, old va o‘ng tomoningizga qoqmangiz, chap tomonga yokim chap oyog‘ingiz ostiga qoqingiz»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:42:43

35-bob. Namozxon o‘ng tomoniga tupurmasin!

Abu Hurayra va Abu Sa’id raziyallohu anhumo aytib berishgan hadis: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjid devoridagi manqani ko‘rib, uni mayda tosh birlan ko‘chirdilar, keyin: «Birortangiz burun qoqsangiz, old va o‘ng tomonga qoqmangiz, chap tomoningizga yokim chap oyog‘ingiz ostiga qoqingiz!»—dedilar».

Qatoda raziyallohu anhu Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Birortangiz old tomoningizga ham, o‘ng tomoningizga ham tupurmangiz, ammo chap tomoningizga yokim oyog‘ingiz ostiga tupursangiz bo‘lur» deganlarini «Menga Anas aytib bergan»,— deydilar.

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:44:40

36-bob. Chap tomoniga yoki chap oyog‘ining ostiga tupursin!

Qatodadan: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Mo‘‘min kishi namoz o‘qiyotganida rabbi bilan so‘zlashg‘aydir, (shu boisdan) old va o‘ng tomoniga zinhor tupurmasin, chap tomoniga yokim chap oyog‘ining ostig‘a tupursin!» — deganlar».

Abu Sa’id al-Xudriydan: «Janob Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam masjidning qibla tarafi devoridagi manqani ko‘rib, uni tosh birlan ko‘chirib tashladilar. Keyin, odamlarni old va o‘ng tomonga tupurmaslikka da’vat qildilar. Lekin chap tomonga va chap oyoq ostiga tupurishdan qaytarmadilar. Az-Zuhriy Abu Sa’id aytib bergan ushbu hadisga o‘xshash hadisni Hamiddan eshitgan erkan».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:45:03

37-bob. Masjidda tupurgan kishi aybini qanday yuvg‘aydir?

Qatodadan: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Masjidda tupurmoqlik gunohdir, bu gunoh tupukni ko‘mmoq ila yuvilg‘usidir»,—deb aytdilar».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:45:30

38-bob. Masjiddagi tupukni ko‘mish

Hamomdan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qaysi biringiz namozda tursangiz, old tomonga tupurmangiz, chunkim siz Olloh birlan so‘zlashayotgan bo‘lursiz. Modomiki, namozda turgan erkansiz, o‘ng tomonga ham tupurmangiz, chunkim o‘ng tomoningizda farishta bordir. Chap tomoningizga yokim chap oyog‘ingiz ostiga tupuringiz, so‘ng uni ko‘mib qo‘yingiz!»—deganlar».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:45:53

39-bob. Agar tupugini qaytarolmasa, kiyimining bir chekkasiga (yokim ro‘molchasiga) tupursin!

Anas dedilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qibla tomon devordagi manqani ko‘rib, uni o‘z qo‘llari birlan artib tashladilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bundan xafa bo‘lganlari sezildi, bu u kishiga juda og‘ir botganidan: «Qaysi biryngiz namoz o‘qig‘aydirsiz, rabbingiz birlan so‘zlashayotgan bo‘lursiz yokim rabbingiz oldingizda va qibla tomonda bo‘lg‘aydir. Shu boisdan zinhor qibla tarafga tupurmangiz, ammo chap tarafingizga yokim chap oyog‘ingiz ostiga tupursangiz bo‘lur»,— dedilar. Keyin, ridolarining bir tarafini olib, unga tupirdilar-da, buklab qo‘ydilar (iloji bo‘lmaganda shunday qilingiz, degan ma’noda)».

Qayd etilgan


Laylo  23 Sentyabr 2006, 17:46:38

40-bob. Imomning namozni mukammal o‘qish va qiblani yoddan chiqarmaslik to‘g‘risida odamlarga va’z aytmog‘i

Abu Hurayra aytib berganlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qiblani ko‘rib turibsizlarmi? Ollohga qasamyod qilib ayturmankim, sizning sajdangiz ham, ruku’ingiz ham menga maxfiy ermasdir, men sizni orqamda tursangiz ham ko‘rib turg‘ayman»,— dedilar».

Anas raziyallohu anhu aytib berganlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam biz birlan birga namoz o‘qidilar, so‘ng minbarga ko‘tarilib, namoz va uning ruku’lari (arkonlari) to‘g‘risida gapirib: «Men sizni oldimdan ko‘rgandek, orqamdan ham ko‘rg‘ayman»,— dedilar».

Qayd etilgan