18-bob. Musofirlar uchun azon va takbir aytmoq. shuningdek Muzdalifada azon va takbir aytmoq; muazzinning sovuq kechada yokim yomg‘irli kechada «namozni joy-joylaringizda o‘qingiz», deb azon chaqirmog‘i
Abu Zarr rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga erdik. Muazzin azon aytmoqchi bo‘lganda, Rasululloh unga: «Salqinlatg‘il (shoshmay turg‘il)»,— dedilar. Keyin u yana azon aytmoqchi erdi, Rasululloh yana: «Salqinlatg‘il»,— dedilar. Keyin yana azon aytmoqchi bo‘lganida, Rasululloh yana: «Salqinlatg‘il»,— dedilar, hatto tepaliklarning soyasi o‘zi barobarligiga keldi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kunning harorati jahannamdan kelayotgandek»,— dedilar».
Molik ibn al-Huvayris naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga safarga ketayotgan ikki kishi kirib keldi. Rasululloh ularga: «Safarga chiqqanlaringizda avval azon aytingiz, so‘ng takbir aytingiz, keyin kattangiz imomatga o‘tsin»,— dedilar».
Molik ibn al-Huvayris naql qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning uylariga yosh yigitlik vaqtimizda borib, 20 kun turdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam rahmdil va mehribon erdilar. Janob Rasululloh ahlimizni sog‘inganimizni bilib, uyimizda kimlarni tashlab kelganligimizni so‘radilar, Biz aytdik» Shunda Rasululloh: «Ahlingiz oldiga qaytingiz. Ular birlan birga bo‘lingiz, ularga shari’at hukmlarini o‘rgatingiz. Men sizlarga buyurganlarimni ularga ham buyuringiz»,— deb ancha nasihat qildilar (ularning ba’zisi yodimdan chiqqan), keyin, «Men nechuk namoz o‘qigan ersam, shundok, namoz o‘qingiz. Namoz vaqti bo‘lsa, bittangiz azon aytingiz, kattangiz imomatga o‘tsin»,— dedilar».
Nofi’ rivoyat qiladilar: «Ibn Umar sovuq kechalardan birida Dajnonda (tepalik nomi) azon aytdilar, keyin bizga: «Joy-joylaringizga borib namoz o‘qingiz, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam azon aytgandan keyin muazzinga: «Safardalig‘ kezingizda sovuq kecha yokim loygarchilik bo‘lsa, joy-joylaringizda namoz o‘qingiz» deb aytmoqni buyurardilar»,— dedilar».
Avn ibn Abu Juhayfa otalaridan eshitganlarini rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni Abtaxda (joyning nomi) ko‘rdim. Bilol kelib azon aytdilar. Keyin, uchi nayza hassalarini olib chiqib, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ro‘paralariga sanchib qo‘ydilar, so‘ng takbir aytdilar».