Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 863224 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 128 B


Doniyor  02 Oktyabr 2006, 05:58:29

21-bob. Kishi namozga hovliqmay, viqor birlan kelsin!

Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Namozga qachon yetib kelsangiz, kelgan joyidan davom ettiraveringiz, qolganini keyin to‘ldirib o‘qib olingiz!»—deganlar»,— deydilar Qatoda raziyallohu anhu.

Abu Hurayra naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar takbir aytilganini eshitsangiz, hovliqmay, viqor birlan namozga kelingiz. Namozga qachon yetib kelsangiz, kelgan joyidan jamoatga qo‘shilib o‘qiyveringiz, qolganini to‘ldirib o‘qib olg‘aysizlar»,— deganlar».

Qayd etilgan


Doniyor  02 Oktyabr 2006, 05:58:44

22-bob. Kishi, imom takbir aytayotganini ko‘rsa, qachon safga turadir?

Abdulloh ibn Abu Qatodaning otalari rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Takbir aytilayotgan paytda, to meni ko‘rmaguningizcha, safga turmangiz!» — deganlar».

Qayd etilgan


Doniyor  02 Oktyabr 2006, 05:58:54

23-bob. Kishi namozxonlar safiga shoshilib kelib turmasin, tinchlik saqlab, ohistalik birlan tursin!

Abdulloh ibn Abu Qatodaning otalari rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Takbir aytilayotganda safga turmangiz, tinchlikka rioya qilingiz!»— deganlar».

Qayd etilgan


Doniyor  02 Oktyabr 2006, 05:59:07

24-bob. Takbir aytilgandan so‘ng kishi biror sabab birlan masjiddan chiqsa bo‘lg‘aymi?

Abu Hurayra naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hujralaridan chiqdilar. Namozga takbir aytildi, saflar tiklandi, Janob Rasululloh mehrob qarshisiga kelib turdilar. Namozga takbiri tahrima aytilmog‘ini kutib turgan erdik, «O’rinlaringizdan qimirlamangiz!»— deb hujralariga kirib ketdilar, shu holatimizda turib qoldik. Bir ozdan so‘ng sochlari ho‘lg boshlaridan suv tomib turgan holda qaytib chiqdilar, g‘usl qilibdirlar».

Qayd etilgan


Doniyor  02 Oktyabr 2006, 05:59:25

25-bob. Agar imom: «O’rningizdan qimirlamangiz!»— deb chiqib ketsa, qaytib kelgunicha kutib turilg‘aydir

Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Namozga takbir aytildi, odamlar saflarini to‘g‘rilashdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hujralaridan chiqib, oldinga o‘tdilar. U kishi jimo’dan keyingi holatda erkanlar. «O’rningizdan qimirlamangiz!» — deb qaytib kirib ketdilar. So‘ng, g‘usl qilib chiqdilar, sochlaridan suv tomib turardi. Keyin, odamlar birlan namoz o‘qidilar».

Qayd etilgan


Laylo  02 Oktyabr 2006, 14:07:52

26-bob. Kishining «Hali namoz o‘qimadik»,— demog‘i

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Xandaq voqeasi kuni Hazrat Umar Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, Olloh haqqi-hurmati, kun botib ketdi hamki, namozi asrni o‘qiyolmay qoldim»,— dedilar. Bu gapni aytganlarida iftor qilib bo‘lingandi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ollohga qasam ichib ayturmenkim, men ham hali namozi asrni o‘qimabman»,— dedilar. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Bathon degan joyga bordilar, men ham u kishi birlan birga bordim, tahorat oldilar, so‘ng (kun botgandan keyin) namozi asrni o‘qidilar, undan keyin shomni o‘qidilar».

Qayd etilgan


Laylo  02 Oktyabr 2006, 14:08:07

27-bob. Takbir aytilgandan keyin imom biror zarurat bilan band bo‘lmog‘i mumkinmi?

Anas raziyallohu anhu naql qiladirlar: «Namozga takbir aytildi hamki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidning yonida bir kishi birlan gaplashib turaverdilar, hatto (ayrim) namozxonlar uxlab qoldilar».

Qayd etilgan


Laylo  02 Oktyabr 2006, 14:08:25

28-bob. Namozga takbir aytilgandan so‘ng (birov bilan) so‘zlashmoq

Humayd raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Sobit al-Bunonyydan namozga takbir aytilgandan keyin (birov bilan) gallashgan kishi to‘g‘risida so‘radim. Shunda u: «Namozga takbir aytilgandan keyin bir kishi kelib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni gapga tutib qolgandi, deb Anas menga aytgandi»,— dedi».

Qayd etilgan


Laylo  02 Oktyabr 2006, 14:08:42

29-bob. Jamoat birlan namoz o‘qishning vojibligi

Hasan Basriyni onalari mehribonchilik qilib, xufton namozini jamoat birlan o‘qimak uchun masjidga borishdan qaytaribdirlar, shunda ul kishi itoat qilmabdirlar.

Abu Hurayra naql qiladilar: «Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam: «Olloh taolo haqqi-hurmati, odamlarga «O’tin yig‘ingiz!» deb buyursamu o‘tin yig‘salar, keyin, «Namoz o‘qingiz!» desamu bir kishi azon aytsa, ikkinchisi imomlik qilsa, so‘ngra namozga kelmagan kishilarning uylariga borib, ustilaridan o‘t yoqib yuborsam! Ollohga qasamyod qilib ayturmenkim, jamoat birlan namoz o‘qimoqqa kelmagan o‘sha kishilarning birontasi bu yerga (masjidga) kelganda pishirilgan yog‘li go‘sht yokim kalla-pocha yemoqni bilsa erdi, albatta xuftonga kelgan bo‘lur erdi»,— dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  02 Oktyabr 2006, 14:09:43

30-bob. Jamoat birlan namoz o‘qimoqning fazilati

Asvad ibn Yazid o‘z jamoatlari birlan namoz o‘qimoqqa ulgurmay qolsalar, boshqa masjidga borar erdilar. Anas namoz o‘qib bo‘linganda masjidga keldilar, so‘ng azon va takbir aytib, (boshqa) jamoat birlan namoz o‘qidilar.

Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Jamoat birlan o‘qilgan namoz savobi yolg‘iz o‘qilgan namoz savobidan 27 marta ortiqdir»,— dedilar».

Abu Sa’id al-Xudriy Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Jamoat birlan o‘qilgan namoz savobi yolg‘iz o‘qilgan namoz savobidan 25 marta ortiqdir»,-— deganlarini eshitgan erkanlar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar»,— deb rivoyat qiladilar: «Kishining jamoat birlan o‘qigan namozining savobi uyida yolg‘iz o‘qigan namozi va bozorda o‘qigan namozining savobidan 25 barobar ortiq bo‘lg‘aydir. Bunga kishi yaxshilab tahorat olib, uyidan masjidga faqat namoz o‘qiydirman, degan niyatda chiqsagina erishmog‘i mumkindir. Shu niyatda bosgan har bir qadamini ko‘tarib ulgurmasidan Olloh taolo uning martabasini bir daraja ko‘targ‘aydir va bitta gunohidan kechg‘aydir. Namoz o‘qiyotganida ersa maloikalar uning tepasida: «Ilohi, bul bandangni yar'laqag‘aysen, bul bandangga rahm qilg‘aysen!» — deb iltijo qilib turishg‘aydir. Qaysi biringiz namoz o‘qiydirman, deb kutib turgan ersangiz, namoz o‘qiyotgan hisobida bo‘lg‘aydirsiz»!

Qayd etilgan