68-bob. Bir kishi imomga, odamlar ersa unga iqtido qilmog‘i xususida
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Siz menga iqtido qilingiz, sizga orqangizdagilar iqtido qilsinlar!»— deganlari xususida quyidagi hadis zikr qilinadi:
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam og‘ir yotganlarida Bilol ul kishini namozga chaqirib keldi. Janob Rasululloh: «Abu Bakrga buyuringiz, jamoat oldiga o‘tib imomlik qilsin!» — dedilar. Men: «Yo Rasululloh, Abu Bakr ko‘ngli bo‘sh odamdirlar, ul kishi sizning o‘rningizda imomlik qilsalar, yig‘ilaridan odamlar qiroatlarini eshitolmay qolg‘aydirlar, yaxshisi Umarga buyura qolingiz!»—dedim. Janob Rasululloh: «Abu Bakrga buyuringiz, jamoatga imomlik qilsin!»—dedilar. Shunda men Hafsaga: «Abu Bakr ko‘ngli bo‘sh odamdirlar, o‘rningizga imomlik qilsalar, yig‘lab yuboradilar, odamlar qiroatlarini eshitolmag‘aydirlar, Umarga buyura qolingiz, deb Rasulullohga aytg‘yl!» — dedim. Rasululloh: «Sizlar Yusuf alayhissalom qissasidagi xotinlarga o‘xshaydirsizlar, buyuringiz, Abu Bakr jamoatga imomlik qilsin!»—dedilar.
Abu Bakr imomlik qilmoqqa kirishgach, Rasululloh yengil tortdilar, so‘ng ikki kishi ko‘magida oyoqlarini sudrab bosib masjidga chiqdilar. Abu Bakr Janob Rasulullohning kelayotganlarini sezib, joy bo‘shatmoqchi bo‘ldilar. Rasululloh: «Urningda turaverg‘il!»—deb ishora qildilar. Rasulullohni Abu Bakrning chap yonlariga olib borib o‘tqazishdi. Rasululloh o‘tirgan hollarida imomlik qildilar, Abu Bakr ul kishiga, odamlar ersa Abu Bakrga iqtido kildilar».