BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
41-bob. Salot ul-xavf (xavf tugilganda o‘qiladigan namoz)
Olloh taolo o‘z oyati karimasida bunday deydir: «Agar safarda bo‘lg‘aydirsiz-u, kofirlarning fitna qilib hujum etib qolmaklaridan cho‘chigaydirsiz, namozni qisqaroq o‘qimog‘ingizning zarari yo‘qdir, zero kofirlarning sizlarga dushmanlik qilmog‘i turgan gapdir. (Ey payg‘ambar), agar sen sahobalaring birlan birga bo‘lg‘aydirsen-u, imomlik qilib namoz o‘qimoqchi bo‘lg‘aydirsen, ularning bir qismi sen birlan namoz o‘qisin, ikkinchi qismi ersa, sizlarni qurol tutib orqangizdan qo‘riqlab tursin! Birinchi rak’at tugagach, namoz o‘qimagan qo‘riqchi qism kelib sen birlan birga ikkinchi rak’atni o‘qisin! Birinchi qism ersa, ehtiyot choralarni ko‘rib tursin! (Chunkim) qurol-aslahalaringizni tashlab namoz o‘qiyotganingizda kofirlar sizlarni g‘aflatda qoldirib birdan hujum qilib qolmoqlari mumkindir. Lekin, yomg‘ir yog‘ib loygarchilik bo‘lsa yokim kasal ersangiz, qurol aslahalaringizni qo‘yib, namoz o‘qisangiz bo‘lg‘aydir. Ogoh bo‘lingiz, Olloh taolo kofirlarni tahqirlovchi azob tayyorlabqo‘ygandir!»
Shu’ayb rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam salot ul-xavf o‘qiganmilar?» -deb Zuhriydan so‘radim. Ul: «Menga otam Abulloh ibn Umar bu xususda bunday degan erdilar»,- deb quyidagilarni aytib berdi:
«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga g‘azotga chiqdim. Najd tomonda dushmanning to‘g‘risiga kelib saf tortdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qimakka turdilar, bir guruh odamlar ul kishiga iqtido qildi, ikkinchi guruh ersa, dushmanni kuzatib turdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga iqtido etib namoz o‘qiyotgan kishilar bir marta ruku’ aylab, ikki marta sajda qildi, so‘ng, ular namozgohni tark etdilar, o‘rinlariga qo‘riqlab turgan ikkinchi guruh borib turdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ular birlan birga ham bir marta ruku’ va ikki marta sajda qildilar, so‘ng salom berdilar. Ikkinchi guruhdagi kishilarning har biri o‘zlari mustaqil ravishda yana bir marta ruku’ va ikki marta sajda qilib oldi».