19-bob. Imomning hayit namozida xotinlarga va’z-nasihat aytmog‘i
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ro‘za hayitida o‘rinlaridan turib hayit namozini o‘qidilar, so‘ng xutba aytdilar. Xutba aytib bo‘lib, minbardan tushdilar va xotinlar oldiga bordilar. Bilolning qo‘liga suyanib turib, ularga va’z-nasihat qildilar. Xotinlar Bilolning etagiga sadaqa tashlay boshladilar. Men: «Fitri ro‘za berishganmidi, o‘shanda?»-deb Atodan so‘radim. Ato: «Yo‘q, fitri ro‘za ermas erdi, lekin o‘shanda xotinlar sirga va bilaguzuklarini sadaqa qilishgandi»,- dedi. «Ne deb o‘ylaydirsiz, imom hozir ham o‘sha paytdagidek xotinlarga sadaqa bermakni buyurmog‘i va ularga va’z-nasihat qilmog‘i mumkinmi?» - deb so‘radim. «Ha, albatta, shunday qilmoqlari kerak, lekin imomlar nega bunday qilishmag‘aydir, bilmasman»,- dedi Ato».
Ibn Abbos naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, Abu Bakr, Umar va Usmon birlan birga ham Ro‘za hayitlarida namoz o‘qiganman. Ularning hammalari ham hayit namozini xutbadan avval o‘qir erdilar, so‘ng xutba qilar erdilar. Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hayit namoziga chiqdilar. O’sha kungi voqea haligacha ko‘z o‘ngimda. O’shanda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam erkaklarga qo‘llari birlan «O’tiringiz!» deb ishora qilgandilar, erkaklar safini oralab o‘tib, xotinlar oldiga borgandilar. Ul kishi birlan birga Bilol ham bor erdi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Ey payg‘ambar alayhissalom, agar mo‘‘min xotinlar senga bay’at (qasam) qilmakka kelsalar...» degan oyati karimani o‘qib: «Ey xotinlar, sizlar o‘sha va’dada turibsizlarmi?»-degandilar. Xotinlardan biri: «Ha, biz o‘sha so‘zda turibmiz»,- deb javob bergandi. Boshqa xotinlar ersa indamagandi. Rasululloh sallallohu alayxd va sallam: «Shunday erkan, unda sadaqa qilingiz!»- degandilar. Bilol ersa etagini ochib: «Ota-onam sizlarga fido bo‘lsin, marhamat qilingiz!» - degandi. Shunda xotinlar sirg‘alari bormi, uzuklari, bormi, hammasini Bilolning etagiga tashlagandi».
Abdurrazzoq: «Johiliya davrida uzuk va sirg‘alar katta-katta bo‘lar erdi»,-deydi.