17-bob. O’tirib o‘qiydirgan namoz
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolganlarida uyda o‘tirgan holda namoz o‘qidilar. Odamlar ersa, tikka turgan holda iqtido qilishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ularga: «O’tirib o‘qingiz!» - deb ishora qildilar. Namoz tugagach: «Imom iqtido qilmoqlari uchun imom qilingandir, agar ul ruku’ qilg‘aydir, sizlar ham ruku’ qilingiz, ruku’dan bosh ko‘targ‘aydir, sizlar ham bosh ko‘taringiz!»-dedilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam otdan yiqilib, o‘ng oyoqlari shilindi. Shunda ul kishini ko‘rgani kirdik, bir ozdan keyin namoz vaqti bo‘ldi. Bizga o‘tirgan holda imomlik qildilar, biz ham o‘tirib o‘qidik. Namozdan keyin bizga: «Imom iqtido qilmoqlari uchun imom qilingandir. Imom takbir aytsa, takbir aytingiz, ruku’ qilsa, ruku’ qilingiz, ruku’dan bosh ko‘tarsa, bosh ko‘taringiz. Agar «Sami’allohu liman hamidahu» desa, «Rabbano va laka-l-hamd» deb aytingiz!» - dedilar».
Imron ibn Husayn rivoyat qiladirlar: «Mening bavosir kasalim bor erdi. Janob Rasulullohdan o‘tirgan holda namoz o‘qimoq haqida so‘radim. Shunda bunday dedilar: «Tik turib o‘qigan namoz o‘tirib o‘qigan namozdan afzalroqdir, chunkim o‘tirib namoz o‘qigan kishiga, tik turib namoz o‘qigan kishiga tegadirgan savobning yarmisi tekkaydir. Kimki yonboshlab o‘qig‘aydir, o‘tirib o‘qigan kishiga tegadirgan savobning yarmisini olg‘aydir».