92-bob.
Sumra ibn Jundub raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam namoz o‘qib bo‘lgach, bizga yuzlanib: «Bul kecha kim tush ko‘rdi?»-deb so‘rar erdilar. Odamlar ko‘rgan tushlarini aytib berishar erdi, Janob Rasululloh ersa, «Olloh taolo ne xohlasa, o‘sha bo‘lg‘aydir!»-deb ta’bir aytar erdilar. Bir kuni bizdan: «Birortangiz tush ko‘rdingizmi?» - deb so‘radilar. Biz: «Yo‘q»,- dedik. Shunda Janob Rasululloh: «Ammo, men bul kecha tush ko‘rdim, tushimda ikki kishi qo‘limdan yetaklab, meni Bayt ul-Muqaddasga olib borishdi. Qarasam, u yerda bir kishi o‘tiribdir va bir kishi tik turibdir. Tik turgan kishi qo‘lidagi (rivoyatning davomini Muso ibn Ismoildan eshitganmiz, deyishadi ayrim sahobalar) temir changakni o‘tirgan kishining bu lunjiga tiqib, ikkinchi lunjidan chiqarmakdadir, keyin ikkinchi lunjiga tiqib, bu lunjidan chiqarmakdadir. Changakni sug‘urib oldi deguncha, lunji tuzalib qolayotir. Tik turgan kishi o‘tirgan kishining lunjiga temir changakni shu tariqa to‘xtovsiz tiqib, sug‘urar erdi. Buni ko‘rib, «Bu ne qilganlaringdir?»-dedim. Ular: «Qani, yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Bir joyga borsak, bir kishi chalqancha yotibdir, yana bir kishi boshida tik turibdir. Uning qo‘lida mushtdek tosh bo‘lib, chalqancha yotgan kishining boshiga urmakdadir, tosh sapchib ketib, nariga borib tushmakdadir. U toshni tag‘in olib kelguncha chalqancha yotgan kishining boshi tuzalib qolayotir. Shu tariqa tik turgan kishi chalqancha yotgan kishining boshini qayta-qayta majaqlamoqdadir. Men: «Bu kimdir?»-deb so‘radim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!»- deyishdi. Bir joyga borsak, tandirga o‘xshash og‘zi tor, tubi keng bir chuqurlik bor erkan, uning ichidagi alanga kuchayganda odamlar alanga birlan birga chuqurdan uchib chiqib ketay deyishayotir, alanga pasayganda ersa, alanga birlan birga yana chuqur tubiga tushib ketishmakdadir. O’tda kuyayotganlar orasinda qip-yalang‘och erkaklar ham, ayollar ham bordir. «Bular kimlardir?» - deb so‘radim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!»-deyishdi. Yura-yura qon daryosi bo‘yidan chiqib qoldik. Daryoning qirg‘og‘ida bir odam, o‘rtasida ersa, boshqa bir odam turibdir. Daryodagi odam qirg‘oqqa chiqg‘aymen desa, qirg‘oqdagisi uning lunjiga tosh birlan urib, daryoga qaytarib tushirib yubormakdadir. U yana chiqg‘aymen desa, tag‘in urib tushirib yubormakdadir. «Bu nedir?»-dedim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Biz bu gal yam-yashil bog‘ oldidan chiqib qoldik. Bog‘da bir azim daraxt bor erkan, uning tagida bir chol va bir to‘da bolalar o‘tirishibdir. Daraxtga yaqin joyda bir kishi o‘t yoqmakdadir. Sheriklarim meni ko‘tarib daraxtning ustidagi bir uyga olib kirdilar. Men shul choqqacha bundoq muhtasham uyni ko‘rmagandirmen, uning ichida (kishilar) chollar, yigitlar, bolalar va ayollar bor erkan. Keyin, meni daraxtning yuqorirog‘idagi boshqa bir uyga olib chiqdilar, bunisi avvalgisidan ham muhtashamroq va fayzliroq erdi. Unda chollar va yigitlar o‘tirishgan erkan. Men sheriklarimga qarab: «Bul kecha meni rosa sayr qildirdingizlar, endi ko‘rganlarimni tushuntirib beringiz!» - dedim. Ular: «Bo‘pti!»-deb menga tushuntira ketdilar: «Lunjiga temir changak tiqilayotgan odam kazzob (yolg‘onchi) bo‘lib, uning gaplari hatto ufqqa qadar yetib borgandir. Unga, o‘zing ko‘rganingdek, qiyomatgacha azob berilg‘aydir. Boshi majaqlanayotgan odam ersa, Olloh taolo Qur’ondan bexabar qilgan odam bo‘lib, u kechalari g‘aflat uyqusida yotgan, kunduzi ham tilovat qilmagan. Unga qiyomatgacha boshini majaqlab, azob berilg‘aydir. Chuqurda ko‘rganlaring - zino qilgan odamlardir, daryoda ko‘rganlaring ersa, sudxo‘rlardir. Daraxt tagida o‘tirgan chol ersa, Ibrohim alayhissalom, tegrasidagi bolalar - odamlarning norasida yoshda vafot etgan bolalaridir. O’t yondirayotgan shaxs o‘t yoquvchilar noziridir. Sen kirgan birinchi uy, umum mo‘‘minlar uyidir, ammo keyingi uy ersa, shahidlar uyidir. Men bo‘lsam, Jabroildirmen, bul esa Mikoildir». Shundan so‘ng, Jabroil va Mikoil menga: «Boshingni ko‘targ‘il!» -dedilar. Men boshimni ko‘tarsam, tepamda bulutga o‘xshash bir joy ko‘rindi. Ular: «Bu sening maskaningdir!» - deyishdi. Men: «Qo‘yib yuboringiz, o‘shal maskanimga kirayin!» desam, ular: «Hali umring tugagani yo‘qdir, tugasa, o‘shal manzilingga kelg‘aydirsan»,- deyishdi».