Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864297 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 ... 128 B


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:47:50

142-bob. Qarindoshlarga zakot bermoq haqida

Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Qarindoshlariga zakot bergan odamga ikkita savob tekkaydir — biri qarindoshlariga oqibat qilgani uchun, ikkinchisi — zakot bergani uchun»,— dedilar.

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abu Talha Madinadagi ansorlar ichida eng ko‘p xurmozor yerlarga ega bo‘lgan badavlat kishi erdi. U o‘z mulklaridan, ko‘proq, Bayruhoni yaxshi ko‘rar erdi. Bayruho masjidning qarshisida bo‘lib, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam u yerga kirib, totli suvidan ichib turar erdilar. Olloh taoloning «O’zingiz suygan narsani ehson qilmaguningizcha xayr topmag‘aydirsiz!» degan oyati kariymasi nozil bo‘lganda Abu Talha Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib: «Yo Rasululloh, Olloh taolo: «Suyukli narsangizni sadaqa qilmay turib, yaxshilikka muyassar bo‘la olmag‘aydirsiz!» — der erkan, unda men o‘zimning eng yaxshi ko‘rgan Bayruhomni Olloh taolo yo‘lida sadaqa qildim, bu mening Olloh taolo yo‘lida qilgan xayr-ehsonim bo‘lmog‘ini istaydirman. Siz uni Olloh taolo yo‘lida o‘zingiz bilganingizcha tasarruf qilaveringiz!» — dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men sening «Bu mulkim qandoq ajoyib, qandoq yaxshi!» deb maqtaganingni eshitgandirman, uni qarindoshlaringga bersang derman»,— dedilar. Abu Talha: «Xo‘b bo‘ladir, yo Rasululloh!» — dedi. Keyin, Abu Talha Bayruhoni o‘z qarindoshlariga taqsimlab berdi».

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasulullohsallallohu alayhi va sallam Qurbon yoki Ramazon hayitida namozgohga chiqdilar, so‘ng odamlarga o‘girilib va’z aytdilar, «Ey odamlar, sadaqa qilingiz»,- deb amr qildilar. Keyin, ayollar yonidan o‘tayotib: «Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilingiz! Men sizlarni ko‘proq do‘zaxga tushguvchilardan deb bilg‘ayman»,- dedilar. Ayollar: «Yo Rasulalloh, buning boisi nedir?» - deb so‘rashdi. Janob Rasululloh: «Ko‘p qarg‘ab, erlaringizning yaxshiligini inkor qilg‘aydirsizlar. Buni aqlingizning pastligi va e’tiqodingizning sustligidan deb bilurmen. Sizlar aqli-hushi joyida bo‘lgan erni ham aqldan ozdirg‘aydirsizlar (ya’ni, to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi, o‘z bilganingizni qildirg‘aydirsizlar)»,-dedilar. So‘ng, Janob Rasululloh uylariga yo‘l oldilar, uylariga kelganlarida Abdulloh ibn Mar’udning xotinlari Zaynab kelib, kirmoqqa ijozat so‘radi. Janob Rasulullohga: «Zaynab keldi»,- deyishdi. Ul zot: «Qaysi Zaynab?» - dedilar. «Ibn Mas’udning xotini»,- deyishdi. Janob Rasululloh: «Ruxsat beringiz, kira qolsin!» - dedilar. Zaynab ichkariga kirib: «Yo Nabiyyalloh, bugun siz: «Sadaqa qilg‘il!» - deb buyurdingiz. Menda bir taqinchoq bor erdi, shuni sadaqa qilmoqchi erdim. Ammo, (erim) Ibn Mas’ud va o‘g‘li(m): «Boshqalardan ko‘ra, o‘zimiz sadaqa olmoqqa haqliroqdirmiz»-deyishmoqda»,-dedi. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallamd: «Ibn Mas’ud to‘g‘ri aytibdir, ering va o‘g‘ling boshqalardan ko‘ra, sadaqa olmoqqa haqliroqdir», - deb aytdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:48:00

143-bob. Musulmon odam (minib yurgan) oti uchun sadaqa bermaydir

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Musulmon odam oti va g‘ulomi borligi uchun sadaqa bermag‘aydir»,-deydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:48:12

144-bob. Musulmon odam quli borligi uchun sadaqa bermaydir

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Musulmon odam quli va oti uchun sadaqa bermag‘aydir»,- deydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:48:28

145-bob. Yetimlarga sadaqa qilmoqning vojibligi haqida

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bir kuni minbarga chiqib o‘tirdilar, biz ham tegralarida o‘tirdik. Janob Rasululloh bizga: «Men vafot etganimdan keyin bu dunyo sizlarga o‘zining go‘zalligi-yu, ziynatlarini namoyon qilmasa, deb qo‘rqg‘aymen»,- dedilar (ya’ni, «Sizlar ayshu ishratga berilib ketmasanglar, deb qo‘rqg‘aymen»,- dedilar). Shunda bir kishi: «Yo Rasululloh, yaxshilik (ya’ni, dunyoning go‘zalligi-yu, ziynatlari) ham yomonlik keltirgaydirmi?» - deb so‘radi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam jim qoldilar. Odamlar boyagi kishini «Rasulullohga gapirmoqqa ne hadding bor, ul kishi senga so‘zlamadilar-ku!»- deb koyishdi. Janob Rasululloh jim qolganlarida biz vahiy kelyapti, deb o‘yladik. Bir ozdan keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yuzlaridagi terni artdilar-da, boyagi kishidan mamnun bo‘lgandek chehralari ochilib: «Qani savol bergan kishi?» - dedilar, so‘ng unga qarab: «Yaxshilik yomonlik keltirmag‘aydir. Bahorda unadirgan o‘tlar ichida, okilat ul-xadro’dan bo‘lak, (hayvon) yesa o‘ldiradirgan yokim kasal qiladirgan o‘tlar bordir. Ularni yegan (hayvon) qorni shishib, ichi o‘tib, bavl qilib, oftobda cho‘zilib yotg‘aydir. Keyin, ko‘zi ochlik qilib, yana o‘sha o‘tdan yegaydir. Mol-dunyo ham o‘sha yashil o‘t-o‘langa o‘xshaydir. Mol-dunyosini miskin. yetim va musofirlarga sadaqa qilib, so‘ng u dunyoga rixlat aylaydirgan musulmon qandog‘ ham yaxshidir!». Nabiy sallallohu alayhi va sallam Yana bunday dedilar: «Birovning molini egri, nohaq yo‘l birlan oladirgan odam qancha yesa ham, to‘ymaydirgan mechkayga o‘xshaydir, o‘sha egri yo‘l birlan olingan mol qiyomat kuni uning qallobligiga guvoh bo‘lg‘aydir!»

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:48:41

146-bob. Eriga va qaramog‘idagi yetimlarga zakot bermoq

Amr ibn Harasga Zaynab raziyallohu anho bunday dvb rivoyat qilgan erkanlar: «Masjidda o‘tirgan erdim, Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Taqinchoqlaringizdan bo‘lsa ham sadaqa qilingiz!» - dedilar. [Zaynab (eri) Abdullohga va qaramog‘idagi yetimlarga sadaqa qilib turar erdi]. Men (erim) Abdullohga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan so‘rag‘il-chi, men senga va mana bu yetimlarga sadaqa qilsam, joiz bo‘lg‘aymidir?» - dedim. (Erim) Abdulloh: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan o‘zing so‘rag‘il»,- dedilar. Men Nabiy sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga ketdim, eshik oldida bir ansoriya ayolning turganini ko‘rdim, ul ham menga o‘xshash bir yumush birlan kelgan erkan. Shunda yonimdan  Bilol o‘tib qoldi.  Biz (men va haligi ayol) unga:  «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan so‘rab berg‘il-chi, erimiz va qaramog‘imizdagi yetimlarga zakot bersak, bo‘lurmikin? Faqat ul kishiga biz aytganimizni bildirmag‘il!»-dedik. Bilol ichkariga kirib so‘radi. Janob Rasululloh: «Kimdir ul ikkalasi?»- deb so‘radilar. Bilol: «Zaynab»,- dedi . Janob Rasululloh: «Qaysi Zaynab?» - deb so‘radilar. Bilol: «Abdullohning xotini»,- dedi. Janob Rasululloh: «Ha, unga ikki savob tekkaydir, biri - qarindoshlariga oqibat qilgani uchun, iqkinchisi- zakot bergani uchun»,- dedilar».

Ummu Salama rivoyat qiladirlar: «Yo Rasululloh, men (erim) Abu Salamaning bolalariga sadaqa qilsam bo‘lg‘aymidir? Axir, ular o‘zimning bolalarim-ku!» -dedim. Janob Rasululloh: «Ularga sadaqa qilaverg‘il, senga sadaqa qilganing uchun savob tekkaydir»,- dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:48:58

147-bob. Olloh taoloning «Qullarga, qarzdorlarga va Olloh yo‘liga...» degan oyati kariymasi haqida

Ibn Abbos raziyallohu anhu o‘z molining zakotini qul ozod qilmoqqa va hajga borolmay yurganlarga sarf qilur erdi, deb eslashadir.

Hasan Basriy: «Zakot to‘lab, otasini qullikdan sotib (qutqarib) olmog‘i, mujohidlar (jihod qilguvchilar) va hajga borolmay yurgan kishilarga zakot berib, yordam qilmog‘i mumkin»,- dedilar-da, «Darhaqiqat, sadaqalar faqirlar uchundir!» degan oyati karimani tilovat qildilar. Keyin: «Bulardan qaysi biriga bersang ham bo‘laverg‘aydir»,- deb qo‘ydilar.

Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Xolid Olloh yo‘lida urush anjomlarini shay qilib turibdir»,- dedilar. Abu Los: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bizni haj uchun sadaqaga berilgan tuyalarda olib bordilar» - deb aytgandi»,-deyishadir.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam sadaqa qilmoqni buyurdilar. Shunda ul kishiga: «Ibn Jamil, Xolid ibn Valid va Abbos ibn Abdulmutallib sadaqa bermoqdan bosh tortishmoqda»,- deyishdi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ibn Jamil faqir bo‘lmaganda zakot bermoqdan bo‘yin tovlamas erdi, uni Olloh taolo va uning Rasuli ta’minlab turibdir. Ammo, Xolid masalasiga kelsak, unga jabr qilmakdasizlar, axir ul Olloh yo‘lida urush anjomlarini doimo shay tutib turibdi-ku! Lekin, Abbos ibn Abdulmutallib (Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning amakilari) bo‘lsa, bir ermas, ikki bor sadaqa bermog‘i lozimdir»,- dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:49:18

148-bob. Tilamchilarni poklikka da’vat qilmoq

Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir to‘da ansoriylar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan sadaqa so‘rashdi, ul kishi berdilar, so‘ng tag‘in so‘rashdi, tag‘in berdilar, hatto oldilaridagi narsalar tugadi. Shunda Janob Rasululloh: «Mening oldimda nimaiki yaxshi narsa bo‘lsa, sizlardan ayamasmen, kimki haromdan hazar qilsa, Olloh taolo ham uni haromdan asrag‘aydir, kimki boylik tilasa, Olloh taolo unga boylik ato qilgaydir, kimki sabr-toqat qilsa, Olloh taolo unga sabr-toqat berg‘aydir. Olloh taolo bandasiga in’om etadirgan ne’matlar ichida sabr-toqatdan ko‘ra afzalroq ne’mat bo‘lmasa kerak!» -dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh" sallallohu alaihi va sallam: «Jonu tanim qo‘lida bo‘lgan Olloh taologa qasam ichib ayturmenkim, birovning oldiga borib (u hali sadaqa beradirmi, yo‘qmi?), tilamchilik qilganingizdan ko‘ra, o‘tin terib, arqon birlan orqalab, tirikchilik qilganingiz ma’quldir!» - dedilar».

Zubayr ibn Avvom aytadirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Qo‘lingizga arqon olib, bir bog‘ o‘tin teryb, so‘ng uni yelkangizga orqalab, olib borib sotsangiz-u, Olloh taolo bu birlan sizni (tilamchilik) xijolatidan qutqarib qolsa, siz uchun bu - so‘rasangiz yo beradirgan, yo bermaydirgan kishining oldiga borib sadaqa tilaganingizdan ko‘ra, afzaldir!» - deganlar».

Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu aytadirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan sadaqa so‘radim, berdilar, so‘ng yana so‘radim, yana berdilar, tag‘in so‘radim, tag‘in berdilar. Keyin menga: «Ey Hakim, bu mol-dunyo degan narsa hayvonning ko‘ziga yaxshi ko‘rinadirgan ko‘m-ko‘k, shirin o‘t-o‘lan singari odamning ko‘zini o‘ynatg‘aydir, kimki undan ochko‘zlik qilmay ehtiyojiga yarasha olsa, Olloh taolo unga baraka ato etg‘aydir, kimki nafsi g‘oliblik qilib, besh qo‘lini og‘ziga tiqsa, uning biri ikki bo‘lmag‘aydir, undoq odam qancha yesa ham hech to‘ymaydirgan mechkayga o‘xshaydir, ko‘tarilgan qo‘l (mehnatga bo‘yin yor bergan qo‘l) tushirilgan qo‘ldan   (sadaqaga   uzatilgan   qo‘ldan)   afzaldir!»   -  dedilar.   Shunda   mrn:   «Yo Rasululloh, sizni haqlig‘ uzra payg‘ambar qilib yuborgan ul zoti oliy nomiga qasam ichib ayturmenkim, siz o‘tganingizdan keyin ham to u dunyoga rihlat qilgunimcha, birovdan bir narsa olmag‘aydirman!» - dedim ».

Abu Bakr raziyallohu anhu Hakimni chaqirib, hadya bersalar, u olmas erdi. Bir kuni Umar raziyallohu anhu ham uni chaqirib, nimadir bermoqchi bo‘lgan erdilar, olmadi. Shunda Hazrat Umar: «Ey musulmonlar jamoasi, sizlar guvoh bo‘lingiz, men Hakimga: «Mana bu o‘ljadan o‘z ulushingni olg‘il!»-desam, olmayotir»,- dedilar.

Hakim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vofot qilganlaridan keyin ham to o‘lgunicha, hech kimdan hech narsa olmadi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:49:31

149-bob. Olloh taolo ne’mat ato etgan, tilamchi va ochko‘z bo‘lmagan odam haqida

Olloh taolo: «Ularning mol-dunyolarida tilamchi va mahrumlarning (muhtojlarning) ham haqlari bordir!» - deydir.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu: «Hazrat Umarning bunday degapini eshitganman»,— deydilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga hadya bersalar, uni mendan ko‘ra muhtojroq odamga beringiz, der erdilar. Shunda Janob Rasululloh: «Senga bergandan keyin olg‘il-da, axir sen ta’magir ham, gadoy ham zrmassen-ku! Olg‘il buni, lekin mol-dunyoga xirs qo‘ymag‘il!» - dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:49:44

150-bob. Boyish niyatida sadaqa so‘rasa...

Hamza otalari Abdulloh ibn Umardan bunday deb eshitgan erkanlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Tilamchi, hatto qiyomat kuni (sharmandalig‘, yuzsizlig‘dan) betida bir parcha go‘sht qolmagan holda Olloh taoloning dargohiga kirib kelsa ham, tilamchiligini ko‘ymag‘aydir»,- dedilar. Janob Rasululloh yana bunday dedilar: «Qiyomat kuni Quyosh (Yerga) yaqin kelib, qizdirganda, odamlardan shunchalik ko‘p ter oqg‘aydirkim, hatto hamma yoqni to‘ldirib, quloqlarining yarmigacha ko‘tarilg‘aydir. Shu ahvolda turib ular Odam Atoga, so‘ng Musoga, keyin ersa, Muhammad sallallohu alayhi va sallamga yolborib, yordam so‘rashg‘aydir». Abdulloh ibn Solih shu hadisning davomini Ibn Abu Ja’fardan eshitib, rivoyat qiladirlar: «Muhammad sallallohu alayhi va sallam Olloh taolo ularga hukm chiqarsin, deb shafoat aylab, jannat eshigining dastasidan tutg‘aydirlar. O’shal kuni Olloh taolo Muhammad sallallohu alayhi va sallamga maqtovga sazovor bir maqom ato etg‘aydirkim, uni barcha mahshardagilar maqtag‘aydir».

Qayd etilgan


Doniyor  10 Oktyabr 2006, 05:50:17

151-bob. Olloh taoloning «Odamlardan, bermaganiga qo‘ymay sadaqa so‘rash yaramaydir...» degan oyati kariymasi xususida

Qanchadan-qancha boylik bor-u, lyokin Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytganlaridek, «Olloh taolo yo‘lida bir qadam ham qo‘ymakka yaramaydirgan faqirlarga   (Ollohning)   beradirgan   boyligi   yo‘qdir!   Olloh   taolo   ularning qilmishlaridan boxabardir!»

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Miskin, bir yoki ikki marta yegulik bersa, qaytadirgan odam ermasdir, ammo miskinning boyligi yo‘qdir, u odamlardan hayo qilg‘aydir yoki ularga yopishib olib, sadaqa so‘ray olmag‘aydir»,- deb aytganlar».

Sha’biy raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Muoviya Mug‘iyra ibn Shu’baga: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan o‘zing eshitgan bir hadisni menga yozib yuborg‘il!» - deb maktub yo‘lladi. Mug‘iyra ibn Shu’ba: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Olloh taolo sizlarga uch narsani - g‘iybatni, molni isrof qilmoqni va ko‘p sadaqa so‘ramakni man’ qilg‘aydir» - deganlarini eshitganman»,- deb yozib yubordi».

Sa’d ibn Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir to‘da odamlarga hadya ulashayotgan erdilar, men ham o‘shalarning orasida o‘tirgan erdim. Janob Rasululloh odamlardan biriga hadya bermay o‘tib ketdilar. O’sha kishi menga boshqalardan ko‘ra ko‘proq yoqardi. Men o‘rnimdan turib Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga sekingina: «Sizga ne bo‘ldi, falonchiga hadya bermadingiz? Xudo haqqi men uni mo‘‘min, deb bilurmen»,- dedim. Janob Rasululloh: «Yoki musulmon»,- dedilar. Men bir oz jim qoldim-da, so‘ng boyagi odamni yaxshi bilganimdan, chiday olmay: «Yo Rasululloh, falonchiga nechun hadya bermadingiz? Xudo haqqi, men uni mo‘‘min, deb bilurmen»,- dedim. Janob Rasululloh: «Yoki musulmon»,- dedilar. Men yana bir oz jim qoldim, keyin boyagi kishini yaxshi bilganimdan, chiday olmay, tag‘in: «Yo Rasululloh, falonchidan xafamisiz? Xudo haqqi, men uni mo‘‘min, deb bilurmen»,- dedim. Janob Rasululloh: «Yoki musulmon»,- dedilar. Keyin, yana bundoq dedilar: «Men undan ko‘ra suyukliroq kishiga ham va o‘zgalarga ham, do‘zax o‘tiga yuz tuban qulamasinlar, deb qo‘rqib hadya bermag‘aydirmen».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Odamlar (orasinda aylanib yurganida) bir-ikkita xurmo, bir-ikki osham ovqat uzatsalar, olmay, qaytaradirgan odam miskin ermasdir, balki miskin boyimoq maqsadida boylik izlamaydirgan, odamlar sadaqa berg‘ayman, deb qidirmaydirgan va o‘rnidan turib borib odamlardan sadaqa so‘ramaydirgan shaxsdir!»-dedilar».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Erta bilan qo‘lga arqon olib («Toqqa, bo‘lsa kerak»,- deydilar Abu Hurayra) chiqsangiz, o‘tin terib, yelkangizga orqalab, olib borib sotsangiz, puliga yeb-ichib, ham sadaqa aylasangiz, bu siz uchun odamlardan sadaqa so‘rab, tilamchilik qilgandan afzaldir!»-deganlar».

Qayd etilgan