164-bob. Xazinaning beshdan biri miqdorida sadaqa bermoq lozim
Molik va Ibn Idris raziyallohu anhumo rivoyat qiladirlar: «Xazina johiliya davridan qolgan dafinadir, u xoh ko‘p bo‘lsin, xoh oz bo‘lsin, beshdan biri miqdorida sadaqa lozimdir, lekin ma’dan xazina ermas. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ma’dan (qazish) da jubor (o‘lim xatari) bordir (bu yerda, ma’dandan zakot olinmagaydir, degan ma’no kelib chiqmaydir), xazinada ersa, xums (molning beshdan biri hisobida olinadirgan soliq) bordir»,- deb aytganlar. Umar ibn Abdu-l-aziz ma’danlarning har ikki yuz dirhamidan besh dirham zakot olar erdi. Hasan Basriy bunday deydilar: «Urush bo‘layotgan yerlarda (konlardan) olingan xazinaga xums, urush yo‘q yerlardan olingan xazinaga ersa, zakot soling‘aydir! Agar dushman yeridan biror yombi (boylik) topsang, bu haqda xabar berg‘il, basharty u dushmanniki bo‘lsa, undan xums oling‘aydir. Ba’zilar: «Ma’dan ham johiliya davrining dafinasi singari bir xazinadir»,- deyishadi. Chunki, odatda ma’dandan biror narsa (kumush yoki tilla) chiqib qolsa, «Ma’danning tarkibida bor erkan»,-deyiladi. Hadya berilgan kishiga yoki (savdo-sotiqdan) ko‘p foyda olgan kishiga yohud mo‘l-hosil yetishtirgan kishiga: «Boyib ketding!» - deyishganda, u tonib (boyligini yashirib), xums to‘lamasligi mumkin».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yovvoyi hayvonlar, quduq va ma’dan daromad keltirmag‘aydir, ammo xazina uchun xums oling‘aydir»,- deganlar».