6-bob. Azon ovozini eshitishi birlan qon to‘kmoqni to‘xtatg‘aydir
Anas ibn Molik quyidagi hadisni aytib berdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, agar biz birlan biror qavm urush qilayotgan ersa, tong otguncha urushgani qo‘ymas erdilar. Tongda azon ovozini eshitib urushni to‘xtatar erdilar, azon ovozini eshitmasalar, urushni davom ettiraverardilar. Bir kuni Xaybarga qarab yo‘lga chiqib, tunda yetib bordik. Tong otgach, hali azon aytilmagan paytda, ota,m Abu Talha ulovlarini mindilar, men orqalariga mingashib oldim, oyog‘im Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning ayoqlariga tegib borar erdi. Xaybarliklar savat va ketmonlarini ko‘tarib, qarshimizga chiqdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rib: «Bu Muhammaddir, xudo haqqi, bu Muhammaddir! —deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ularni ko‘rib: «Ollohu akbar, Ollohu akbar, Xaybar xarob bo‘ldi, biz biror qavmning hovlisig‘a kelib tushsak, bizni chaqimchilik qilg‘anlarning holiga voydir!» — dedilar».