BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
KECHASI TAHAJJUD O’QIMOQ VA OLLOH TAOLONING «O’ZINGGA QO’ShIMCHA VAZIFA (NAFL) TARIQASIDA KECHASI TAHAJJUD O’QIG’IL!» DEGAN KALOMI SHARIFI XUSUSIDA
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam kechasi tahajjudda quyidagi duoni o‘qir erdilar: «Ollohumma laka-l-hamdu, anta qayyimu-s-samavoti va-l-arzi va man fiyhinna, va la-ka-l-hamdu, laka mulku-s-samavoti va-l-arzi va man fiyhin-na, va laka-l-hamdu, nuru-s-samavoti va-l-arzi, va la-ka-l-hamdu, anta maliku-s-samavoti va-l-arzi, va la-ka-l-hamdu, anta-l-haqqu va va’duka-l-haqqu va liqouka haqqun va qavluka haqqun va-l-jannatu haqqun va-n-noru haqqun va-n-nabiyyuuna haqqun va Muhammadun sallallohu alayhi va sallam haqqun va-s-so’atu haqqun, Ollohumma laka aslamtu va bika omantu va alayka tavakkaltu va ilayka anabtu va bika xosamtu va ilayka hokamtu, fag‘firliy mo qaddamtu va mo axxartu va mo asrartuva mo a’lantu, anta-l-muqaddamo‘ va anta-l-muaxxaru, lo iloha illo anta av lo iloha g‘ayruka». Sufyon raziyallohu anhu: «Abd ul-Kariym Abu Umayya yuqoridagi duoga «Va lo havla va lo quvvata illo bi-l-loh» ni qo‘shimcha qilgan»,- deydilar.
Duoning tarjimasi: «Ilohi, jamiki maqtovlar senga xosdir! Sen yeru osmonlarning va undagi borliqning yaratuvchisi va boshqarib turuvchisidirsen, jamiki maqtovlar senga xosdir! Sen yeru osmonlar va undagi barcha narsalarning egasidirsen, jamiki maqtovlar senga xosdir! Yeru osmonlar yorug‘ligi sendandir, jamiki maqtovlar senga xosdir! Sen haqdirsen va va’dang ham haqdir, oxiratda seni ko‘rmoq ham haqdir. So‘zing haqdir, jannat ham haq, do‘zax haqdir. Jamiki payg‘ambarlar ham haqdir, Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham haq va qiyomat ham haqdir. Ilohi, senga bo‘yinsundim va senga iymon keltirdim hamda o‘zingga tavakkal qildim, dildan senga tavba qildim, seni deb (dushmanlaring birlan) kurashdim, ularga o‘zing jazo berg‘aysen, o‘tgan va kelgusi gunohlarimni, xufyona va oshkora xatolarimni o‘zing kechirg‘il, sen yakka-yu yagonadirsan, sendan boshqa iloh yo‘qdir!».
1-bob. Tunda turib namoz o‘qishning fazilati
Solimning otalari Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam hayotliklarida biror kishi tush ko‘rsa, (Rasulullohga) aytib berar erdi. Men ham bir tush ko‘rsam-u, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytib bersam, deb orzu qilar erdim. Yosh yigitcha edim. Bir kuni masjidda uxlab yotganimda tush ko‘rdim. Tushimda ikki farishta kelib meni ushlab do‘zaxga olib borishdi. Qarasam, do‘zax quduq singari atrofi o‘ralgan bo‘lib, uning ikki minorasi bor erkan. Do‘zaxda odamlar yuribdir, ularni men tanidim. So‘ng, «Meni do‘zax o‘tidan asrag‘il!» deb Ollohga iltijo qila boshladim. Shu payt yonimizga yana bir boshqa farishta kelib menga: «Qo‘rqmag‘il!» - dedi (keyin uyg‘onib ketdim). Ko‘rgan tushimni Hafsa opamga aytib berdim, ul esa Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytib beribdir. Shunda Rasululloh sallalloxu alayhi va sallam: «Abdulloh o‘zi yaxshi yigit-u, lekin koshki erdi kechasi turib namoz o‘qimoqni odat qilsa erdi!- debdilar».
Shundan keyin Abdulloh kechalari uxlamay namoz o‘qib chiqadirgan bo‘lgan erkan.