Imom al-Buxoriy. Al-jome' as-sahih (1-jild)  ( 864255 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 114 115 116 117 118 119 120 121 122 123 124 ... 128 B


Doniyor  12 Oktyabr 2006, 05:54:30

11-bob. Nabiy sallallohu alayhi va sallam Madinaning huvillab qolmog‘ini yoqtirmaganlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Baniy Salama qabilasi Masjid un-Nabiyga yaqinroq yerga ko‘chib kelmoqchi bo‘ldi. Shunda, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ey Baniy Salama, oxiratdan umid qilmasmisizlar?!»-deb erdilar, ular joylarida qolishdi...

Qayd etilgan


Doniyor  12 Oktyabr 2006, 05:55:18

12-bob.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Mening hujram birlan minbarim oralig‘ida jannat bog‘laridan biri joylashg‘aydir, minbarim ersa, Havzi Kavsar ustida bo‘lg‘usidir»,- dedilar».

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida Abu Bakr birlan Bilol isitmalab qolishdi. Abu Bakr isitma zo‘riqqanda: «Uyimda bo‘lsaydim jon chiqar mahal,
Poyabzal ipidan yaqindir ajal» ,— der erdilar. Bilol ersa, isitma bir oz pasayganda, yig‘lab:
«Taqdirim ne erur, bilmasman, e voh,
Boshimga ajaldin kelurmu sipoh?
Bir kecha bo‘lsa ham, ona vodiyim,
Qo‘ynida yotsaydim, mehribon Olloh!
Qonib ichsam erdim, shaffof suvlarin,
Qaniydi, tashlasam, unga bir nigoh!»-

der erdilar. Bilol yana bunday der erdilar: «Yo parvardigor-o, vabo bizni yurtimizdan quvgandek, Shayba ibn Robi’a, Utba ibn Robi’a va Umayya ibn Xalafni la’natlab, quvgin!» Janob Rasululloh Ollohga iltijo qilib bunday . der erdilar: «Yo Olloh, bizga Madinani Makka singari yokim undan ham ortiqroq mahbub etg‘il! Yo Olloh, uning toshu-tarozusiga baraka ber, ahlini salomat qil, mana bularning bezgagini ersa, Juhfaga ko‘chirg‘il! (Juhfa Misrda bo‘lib, uning aholisi mushrik erdi).

Oisha onamiz bunday deydilar: «Biz Madinaga keldik. Bu yerda tez-tez vabo chiqib turar erdi. Madina vodiylari bo‘ylab ersa, oqin suvlar oqib turar erdi».

Zayd ibn Aslam otalari Aslamdan eshitib rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhu: «Ey Olloh, o‘z yo‘lingda shahid bo‘lmoqni va Raflulloh sallallohu alayhi va sallamning shaharlarida (Madinada) jon taslim etmoqni menga nasib aylag‘il!»-der erdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  12 Oktyabr 2006, 05:55:44

BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
RO’ZA KITOBI

1-bob. Ramazonda ro‘za tutmoqning farz ekanligi haqida


Bu xususda Olloh taolo bunday deydir: «Ey mo‘‘minlar! Sizlardan avval o‘tgan bandalarga farz qilingani yanglig‘, sizlarga ham ro‘za tutmoq farz qiling‘aydir. Shoyadki, sizlar taqvo qilsangizlar!»

Talha ibn Ubaydulloh raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Bir badaviy sochlari to‘zigan holda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib dedi: «Yo Rasululloh! Menga xabar beringiz, Olloh menga qaysi namozlarni farz qilgan?» Janob Rasululloh: «Bir kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qilgan, biroq bunga qo‘shimcha tarzda xohlaganingcha nafl (ixtyyoriy namoz) o‘qimog‘ing mumkin».- deb javob berdilar. Badaviy: «Xabar beringiz, Olloh menga qaysi ro‘zani farz qilgan?»- deb so‘radi. «Ramazon oyining ro‘zasini tutmoqni, biroq bunga qo‘shimcha tarzda bir oz nafl ro‘za tutmog‘ing mumkin»,- dedilar Janob Rasululloh. U yana so‘radi: «Xabar beringiz, Olloh menga nimalar uchun zakot bermoqni farz qilgan?» Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga islomda zakot biriladirgan mollar qaysilar va ular qaysi miqdorga yetganda qanchadan va kimlarga berilishi haqida xabar berdilar. Badaviy: «Sizni mukarram qilgan xudo haqqi-hurmati, qasam ichib ayturmenkim, Olloh menga farz qilgan amali solihlarni ko‘paytirmasman ham, kamaytirmasman ham»,- dedi. «Agar bul kishi qavlida mustahkam bo‘lsa, najot topg‘usidir (yokim «jannatga kirgaydir» ,— dedilar shekilli)» ,— dedilar Janob Rasululloh».

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu aytadirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutar erdilar va boshqalarni ham shul kuni ro‘za tutmoqqa buyurar erdilar. Ramazon oyining ro‘zasi farz qilingandan so‘ng, Muharram oyida tutadirgan ro‘zani tark etdilar».

Abdulloh ibn Umarning o‘zlari ham Ramazonda ro‘za tutmoq farz qilingandan keyin Muharram oyida ro‘za tutmoqni tark etdilar. Ammo, nafl ro‘za Muharramning o‘shgachi kuniga to‘g‘ri kelsa, tutar erdilar.

Oisha raziyallohu anho aytadirlar: «Johiliya davrida (ya’ni, islomdan avval) Quraysh qavmi Muharramning o‘ninchi kuni ro‘za tutar erdi. So‘ng (ya’ni, islom dini barpo bo‘lgandan so‘ng), Janob Rasululloh Ramazonda ro‘za tutmoqni buyurib: «Xohlagan kishi Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutsin, xohlamagan kishi tutmasin»,- dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:40:31

2-bob. Ramazon oyi ro‘zasining fazilati haqida

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb aytganlar: «Ro‘za (tutmoqlik) do‘zax o‘tidan asrovchi vositadir! Binobarin, ro‘za tutgan kishi haqorat so‘zlarini tilga olmasin, so‘zlashganda baqirmasin, birovni masxara qilmasin! Agar biror kishi ro‘zador birlan urishsa yokim uni haqorat qilsa, ro‘zador ikki bor: «Men ro‘zamen», desin! Ollohga qasamyod qilib ayturmenkim, ro‘zadorning og‘zidan kelgan bo‘y, Olloh nazdida mushk-anbar bo‘yidan ham xushbo‘yroqdir, chunkim Olloh taolo: «Ro‘zador meni deb yeb-ichmas va meni deb ro‘za tutar, binobarin uning mukofotini o‘zim berg‘aydirmen va har bir yaxshilig‘i evaziga mendan o‘n barobar mukofot olg‘usidir»,- deydir».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:40:44

3-bob. Ro‘za tutmoqlik gunohlar uchun kafforat (gunohlarni yuvguvchi vosita) bo‘lishi haqida

Abu Voil raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Umar raziyallohu anhu: «Kim Nabiy sallallohu alayhi va sallamning fitna to‘g‘risida aytgan hadislaridan birortasini eslay olur?»-deb so‘radilar. «Men shunday hadisni eshitganman, -dedilar Huzayfa, - Janob Rasululloh: «Kishining oilasiga, molu dunyosiga berilib hamda qo‘shnisiga tenglashg‘ayman deb, bandachilik qilib, yo‘l qo‘ygan xatolarini uning o‘qigan namozi, tutgan ro‘zasi va qilgan sadaqasi yuvgaydir, ya’ni kafforat bo‘lg‘aydir»,- deganlar». Hazrat Umar: «Men bunday fitna to‘g‘risida so‘rayotganim yo‘q, men dengiz to‘lqinlaridek mavjlanib keladirgan eng katta fitnalar to‘g‘risida so‘ramakdamen»,- dedilar. «Unday fitna sizning davringizda chiqmag‘aydir, chunkim uning eshigi, ya’ni, chiqadirgan joyi qulflangandir»,-dedilar Huzayfa (Ul kishi «eshik» deganda Hazrat Umarning o‘zlarini nazarda tutdilar, chunkim Hazrat Umar davlatda fitnaga yo‘l qo‘ymovchi shaxs - xalifa erdilar). «Mazkur eshik fitnaga ochib berilg‘aydirmi yoki sindirilg‘aydirmi?»-deb so‘radilar Hazrat Umar.  Huzayfa:   «Sindirilg‘aydir»,- dedilar.  Hazrat Umar: «Fitnani to‘sib qololmagan eshik sindirmoqqa loyiqdir, chunkim ochilsa, uni qiyomatgacha berkitib bo‘lmas»,- dedilar. Biz Masruqqa: «Huzayfadan so‘rag‘il-chi, Hazrat Umar o‘sha fitna eshigini bilg‘aydirlarmi?»-deb aytdik. «Bilg‘aydirlar! Tundan keyin tong kelmog‘ini aniq bilganlaridyok, buni ham aniq bilg‘aydirlar»,-deb javob berdilar Huzayfa».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:41:00

4-bob. Ro‘za tutuvchilarning jannatga Rayyon nomli maxsus eshik orqali kirishlari xususida

Sahl raziyalloku anhu rivoyat qiladirlar: «Jannatda Rayyon nomli bir eshik bordir,- deydilar Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam,- bul eshikdan ro‘zani kanda qilmay tutganlargina kirg‘aydirlar, xolos. Qiyomat kuni «Ro‘zadorlar qani!» deb nido qiling‘aydir. Shunda, ular o‘rinlaridan turib mazkur eshikdan kirishg‘aydir. So‘ng, eshik yopilg‘aydir. Ulardan boshqa birorta odam bu eshikdan kira olmas».

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki Olloh yo‘lida nimaiki bo‘lsa ham, bir juftdan (ikki dinor, ikki dirham, ikki ko‘ylak, ikki do‘ppi) ehson qilsa, jannat eshiklaridan «Ey Ollohning bandasi, bu qilgan ishing xayrlik ishdir!» deb ichkariga da’vat qilyng‘aydir. Kimki namozxonlardan bo‘lsa, namozxonlar kiradirgan eshikdan, kimki jihod qilganlardan bo‘lsa, jihod qilganlar kiradirgan eshikdan, kimki ro‘za tutgan bo‘lsa, Rayyon nomli eshikdan, kimki ehson qilganlardan bo‘lsa, ehson qilganlar kiradirgan eshikdan chaqirilg‘aydir»,- dedilar. Abu Bakr raziyallohu anhu so‘radilar: «Otam-onam fidoyingiz bo‘lsin, yo Rasululloh! Bir eshikdan kiradirgan bo‘lganimdan keyin, hamma eshikdan chaqirilmog‘imning ne hojati bordir? Hamma eshiklardan chaqirilg‘aymi?». Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ha»,- deb javob berdilar, so‘ng: «,Men sizni hamma eshikdan chaqiriladigan bandalardan bo‘lmog‘ingizni istag‘aydirmen!» - dedilar».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:41:16

5-bob. Ramazonmi yo Ramazon oyimi? «Unday desa ham bo‘ladir, bunday desa ham bo‘ladir»,- degan kishi haqida

Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Ramazon ro‘zasini Ramazon oyi kelmasdan burun tutmangiz!» - deb aytganlar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar Ramazon oyi kirsa, jannatning eshiklari ochilg‘aydir»,- deb aytganlar»,-deydilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar Ramazon kirsa, osmon eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitilg‘aydir hamda shaytonlar kishanlang‘aydir»,- deganlar».
Ibn Umar raziyallohu anhu: «Men Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Ramazonda osmonda oyni ko‘rganingizdan keyingina ro‘za tutmoqni boshlangiz, Shavvol oyi kirgach, ro‘za tutmoqni bas qilingiz. Agar oyni bulut to‘sib qo‘ygan bo‘lsa-yu, siz uni ko‘ra olmasangiz, unda Sha’bon oyining o‘ttiz kunini to‘la o‘tkazib, so‘ng ro‘za tutingizlar!» - deganlarini eshitganman»,- deydilar.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:41:59

6-bob. Kimki Ramazon ro‘zasini iymon-e’tiqod bilan, qanoat va ishonch bilan, yaxshi niyat qilib tutsa...

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam yaxshilik qilishda hammadan ham saxiyroq erdilar. Xususan, Ramazon oyida, Jabroil alayhissalom birlan uchrashganlarida, yana ham saxovatlari oshib ketg‘ay erdi, chunki Janob Rasululloh to Ramazon tugaguncha, kechalari Jabroil alayhissalom birlan uchrashib, Qur’onni o‘qib berar va o‘zlarini imtihon qildirar erdilar. Hamisha ul Janob, Jabroil alayhissalom ila uchrashsalar, yaxshilik qilishga bo‘lgan saxovatlari kuchli shamoldan ham tezlashib ketar erdi».

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:42:17

7-bob. Kimki ro‘zada yolg‘onchiligini qo‘ymasa va Olloh qaytargan narsalardan qaytmasa...

Kimki yolg‘on so‘zlamoqni tark etmasa va Olloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro‘za tutib, yemay-ichmay qo‘ygani birlan ro‘zasi qabul bo‘lmag‘aydir. Olloh unga rahmat nazarini tashlamag‘aydir.

Qayd etilgan


Nodi  12 Oktyabr 2006, 07:42:29

8-bob. Ro‘za tutgan kishini haqorat qilishsa «Men ro‘zadorman», deb aytadirmi?

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Olloh taolo: «Bandalarimning odamlar ko‘zi tushgulik barcha qiladirgan ishlari (namoz o‘qimoqlari, xayr-ehson qilmoqlari, zakot bermoqlari) o‘zlari uchundir, tutadirgan ro‘zalari ersa, men uchundir (Xudo uchun bo‘lmaganda erdi, yashirincha yeb-ichib olmoq mumkin erdi, chunkim uni hech kim ko‘rmag‘aydir), binobarin, uning mukofotini o‘zim berg‘aydirmen»,- deydir. Ro‘za do‘zax o‘tidan saqlovchi vositadir, agar sizlardan birortangiz ro‘zador bo‘lsangiz, gunoh bo‘ladirgan so‘zlarni so‘zlamangiz, birov birlan janjallashmangiz, agar birov haqorat qilsa yokim urishsa, men ro‘zadormen, deb aytingiz. Ollohga qasam ichib ayturmenkim, ro‘zadorning og‘zidan keladirgan bo‘y Ollohning nazdida mushkdan ham xushbo‘yroqdir! Ro‘zador ikki bor xursand bo‘lur, biri - og‘iz ochganda (ya’ni, iftor qilganda), ikkinchisi - ro‘za tutib, yorug‘ yuz birlan Ollohga yo‘liqqanda!»

Qayd etilgan