28- bob. Ayol kishining olatidan tekkan rutubatni yuvish
Usmon ibn Affondan: Zayd ibn Xolid: «Er xotinini jimo’ qilsa-yu, to‘kmasa, nima qilmog‘i kerak?»—deb so‘radi. «Olatini yuvib, namozga tahorat olgandek tahorat oladi. Men buni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitganman»,— dedilar Usmon ibn Affon. Zayd ibn Xolid: «Men Ali, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va Ubay ibn Ka’b raziyallohu anhulardan so‘radim, ular ham shunday deyishdi»,— deydilar. Abu Ayyub ham xuddi shu gapni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitibdi»,— deydilar Urva ibn Zubayr.
Ubay ibn Ka’b: «Yo Rasulalloh, agar kishi xotinini jimo’ qilsa-yu, to‘kmasa, nima qilmog‘i lozim?»—deb so‘radilar. «Xotinidan tekkan rutubatni yuvib tashlab, tahorat oladi, keyin namoz o‘qiyveradi»,— dedilar Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam. Imom Buxoriy aytadilar: «G’usl qilmoq bexavotirroqdir, eng yaxshisi shudir. Yuqoridagi hadislarni esa, ushbu masalada sahobalar o‘rtasidagi ixtiloflarni ko‘rsatmoq uchun bayon qildik».