Ilm va ziyo > She'riyat

Sog'inch haqida she'rlar

(1/16) > >>

shoir:
SOG‘INISH

U uzoq joylarga qilmasdi safar,
To‘kmang derdi ko‘zdan jolalarimni.
Derdi: Bir kungina ko‘rmasam agar
Sog‘inib qolaman bolalarimni.

Bedavo bir dardga chalindi sho‘rlik,
Dedi: Endi qaytib turmasam kerak.
Bo‘g‘ziga tiqilib kelsa ham xo‘rlik,
Bariga chidadi, bosiq va tiyrik.

Ketar chog‘ida ham yo‘qlikka tomon,
U taqdir hukmiga mardona ko‘ndi.
Faqatgina dedi: - Qiynar bir armon
Meni bolalarim sog‘inar endi...
1996

Abdullla Oripov

AbdurRohman:
MENI  ESLAYSANMI?

Meni eslaysanmi, oy tilib-tilib,
Qiyqimlagan baxmalim – yalpiz?
Kimni izlayapsan, chuvalchang bo‘lib
O‘rmalab ketgan ildiz?

Ninachi qanotin urgan anhorim,
Sog‘inchingdan so‘zlab ber!
Ayt, seniyam bir sog‘inganing bormi,
Sopoldek darz ketgan yer?

Dadam ekkan terak, qishning chillasida
Bag‘ring tilinmadimi?
Qishlog‘im, ko‘klamning ilk pallasida
O‘rnim bilinmadimi?

Sevgilim, hammasi tamom bo‘lgan. Goho –
Meni qiynaydi bir so‘z.
Sendan bir narsa bilmoqchiydim, ammo
Yodimdan chiqdi, afsus...

1992

Iqbol Mirzo

Fatima:
Sog`inch

Sog`inch sochlari oqarib ketgan
Ishonchning ko`ksiga toshlar yig`laydi
Ishonchning qo`llari endi kesilgan
Baxtimning boshini gumon silaydi

Ruhimning yagona yopingan to`ni
Vujudimni kuydirar ayovsiz gulxan
Alanga, o`t chatnar, qolgan tanimni
Azoblar anovmas, o`zga bir sitam

Qo`llarim yetmagan olis yulduzlar
Ko`ksimga bosh qo`yib aylarmish fig`on
Tushim deb suvlarga aytilgan so`zlar
Axir hammasi ham emaku yolg`on!

Nahot quyosh umri shunchalar qisqa
Nahotki, oyning yarmi ham zulmat
Yo Rab! Bugun vafo dorga osilsa
Sevgiga go`rgov qilar xiyonat

Sevinchning suvrati sarg`ayib ketgan
Kiprikka osilib yoshlar yig`laydi
Tirnog`im ostida zindonband shayton
Ruhimga hukmdor bo`lmoq istaydi


Foniy:
***
Oro kirmay hayqirar, ingrar,
Og’rir goho butun vujudim.
Qaysar yurak to'xtovsiz yig'lar,
Onajonim...sizni S.O.G'.I.N.D.I.M!

Muallifi noma'lum

Fatima:
SENI SOG‘INIB

Qorako‘z qaldirg‘ochoyimsan o‘zing,
Ko‘ksim ayvon bo‘ldi seni sog‘inib.
Ko‘zimdan bir lahza ketmadi ko‘zing,
Ko‘zim giryon bo‘ldi seni sog‘inib.

Ko‘changdan kechalar o‘tganim pinhon,
Kelmasingni bilib kutganim pinhon,
Oyu yulduzlardan tutganim pinhon,
Ishqim doston bo‘ldi seni sog‘inib.
   
Jonimga tig‘ urib qiynaydi sog‘inch,
Keyin tig‘ sug‘urib qiynaydi sog‘inch.
Xayrlashmay turib qiynaydi sog‘inch,
Yuragim qon bo‘ldi seni sog‘inib.

Belgisiz xilxona, ko‘hna mozorni —
Mozorki, qarovsiz xarobazorni
Eshitganing bormi, ko‘rganing bormi?
Dilim vayron bo‘ldi seni sog‘inib.

Sargardonlik majnun-layliga edi,
Bizniki faqat gul sayliga edi.
Olisda bo‘lsang ham mayliga edi,
Bog‘im xazon bo‘ldi seni sog‘inib.

Netay, peshonamda shu dard bor bo‘lsa!
Qaniydi bu dardga xaridor bo‘lsa...
Seni tanlarmidim, ixtiyor bo‘lsa!
Holim yomon bo‘ldi seni sog‘inib.

Iqbol Mirzo

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version