Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235526 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 44 B


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:41:36

Bunday fikrlashning amaliy jihatdan, albatta, ko‘p taraflama noqulayliklari bor. Eng achinarli jihati shundaki, garchi feminizm va boshqa farqli loyihalarga o‘zini tenghuquqlilik xususidagi oddiy suhbatlardan avloroqman, deyishga imkon bersa-da, umuman madaniy bo‘lmagan mafkuralarga ham yo‘l ochadi. Albatta, Haydegger natsistlar partiyasining haqiqiy a'zosi edi. U xristianlik va yunon ontologiyasi af'yuni bilan zaharlangan xalqning dastlabki faolligini tilni lotinchadan kelib chiqqan atamalardan tozalash hamda milliy ruhni gotik illyuziya o‘rnini egallab borayotgan geometrik soflik vositasida ko‘tarish orqali qayta uyg‘otishga umid qilar edi. Haydegger buning uchun nemis folklor dunyosini va jamoa taqdirini ko‘z-ko‘z qilish muhim ahamiyatga ega deb bilar edi.

Ushbu loyihaga eng yaqin o‘xshashlikni Otaturk amalga oshirgan loyihada ko‘rish mumkin. Turk mustabidi ma'lum ma'noda Haydegger nazarda tutgan hukmdorlarning dastlabkisidir: u lug‘atlarni etnik jihatdan qayta tozalash, yalpi dunyoviylashtirish va yangi shaharlashtirish usuli orqali turkiy dasein[113] renessansini amalga oshirishga uringan edi. Mustabidning Anqaradagi maqbarasi buning yorqin namunasidir. Turkiyani, shuningdek, so‘nggi haydeggercha davlat sifatida baholash ham mumkin: 2000 yilda mo‘‘tadil islomchi rahbar Erbakan ishonchlilik doktrinasi nomi bilan hukm qilingan edi, bu doktrinadan hech qaerda, hatto Yevropada ham foydalanilmagan, eng kulgili jihati, turk modernizmi undan ulgi olish yo‘llarini axtargan. Boz ustiga, qarib qolgan Haydegger natsizm halokatga uchragach, o‘zi Gelassenheit - "o‘z holiga qo‘yish" deb atagan tushuncha foydasiga "qat'iy harakat tushunchasidan voz kechdi". Umuman olganda, "o‘z holiga qo‘yish" kamolchilarniki singari loyihalarga xayrixohlik bilan qaramaydi. "O'z holiga qo‘yish" usmonlilar tabiatiga xos jaranglaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:41:46

Turkiya bir vaqtning o‘zida yangilanishdan tashvishda bo‘lgan intellektual muhitga ega yagona davlat emas, u so‘nggi modernizmni qabul qilishga ro‘yxush berayotgani yo‘q. Baasizm loyihasi hanuzgacha Suriya va Iroqda nomigagina amal qilmoqda. So‘nggi 50 yil davomida  arablarning birgalikdagi urinishi bir necha marta barbod bo‘lishiga qaramasdan, Fuad Ajamiyga o‘xshash kishilar tavsiya etayotgan hur arab millatchiligi g‘oyasi dolzarbligicha qolmoqda. Ammo dunyoviy millatchilar taklif etayotgan muqobil haqiqatlar intellektual jihatdan eskirib qolgani barobarida  omma ko‘z o‘ngida o‘z jozibasini yo‘qotayotgani ayon bo‘lmoqda. Yangi haqiqat esa, arab dunyosidagi ibn Taymiyani qo‘llab-quvvatlovchilar xush ko‘radigan ideallashtirilgan yalpi o‘qishda yoki  turk din huquqidagi o‘tmishni qo‘msovchi usmonliparastlik shaklida bo‘lishidan qat'i nazar, islomiyatdadir.

Payg‘ambarlik nomaqbul ish, biroq  G'arb mutafakkirlari dastlabki paytda Haydegger dunyoviy jahonga o‘z-o‘zini tanib olish uchun qat'iy va qanoatlanarli tuzilma taklif eta olmaganidan so‘ng islomiyat o‘zining behisob jilvalari bilan jozibasini oshirib boraverishini tan olishi aqldan bo‘lur edi. Gelassenheit islom dunyosida axloqiy tanazzulni keltirib chiqardi: voiz minbardan turib dod-voy qilganiday, pornografiya va betartiblik urchib ketmagan bo‘lsa-da, siyosat va tijoratda hamma tan olgan dunyoviy axloqning yo‘qligi ancha tashvishlidir. Feministik islohotlar asosiy maqsadi kosmopolit G'arb ma'qullaydigan milliy obro‘ yaratish bo‘lgan siyosiy kiborlarning oddiy uslubi yoki ruhiy holatidir. Odatda bunday kiborlar orasida jiddiy axloq in'ikosi ko‘zga tashlanmaydi. Ko‘plab islomchilar milliy kiborlarni istehzo bilan tilga oladi, ular ko‘zdan panada siyosiy korruptsiya botqog‘iga botib ketgan, biroq bo‘yin egishni istamaydigan aholiga feminizmni kun tartibidagi masala sifatida tiqishtirish payida bo‘lishdi. Marokkolik din faoli Nadiya Yasin yarim million marokkolik ishtirok etgan yangi qonunlarga qarshi namoyishda - uni  Dunyo banki qo‘llab-quvvatlagan edi - jinsga  oid shariat qonunchiligini bekor qilishni taklif etgan edi. Davlat homiyligida o‘tgan feminizmni yoqlovchi  namoyishda esa undan 10 barobar kam odam ishtirok etdi. Yana bir gap: musulmon ommasi tajribasi feminizm deganda liberal tuzimlarni tushunmaydi, uni ko‘pincha Marokko qiroli saroyi, kamolchi Turkiya, Rizo shoh Eroni singari avtokratiyalar himoya qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:42:29

Gelassenheitning oqibati asllikni saqlab   qolish uchun unga muayyan tuzatishlar kiritishni talab etadi va musulmon madaniyatlarining tag‘rib orqali assimilyatsiya bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatadi. Tag‘rib islomchilar ayni vaqtning o‘zida ham g‘arblashtirish, ham begonalashuv ma'nosida qo‘llaydigan atamadir. Musulmon dunyosi ushbu atamaga Boshqa bergan ta'rifni qabul qilishdan hayratlanmasligi kerak. Bu kerak bo‘lmagan cheklangan pozitsiya - turimdir: liberalizmning yetakchi   nazariyotchisi Rauls madaniyatni o‘zlikning ko‘rinishi sifatida  saqlab qolish huquqi yashab qolishi kerak, deb hisoblaydi. Vill Kimlikka «feministlar «tafovut»ga qarshi o‘ng qanot javob yurishining bir qismi bo‘layotgani»[114] xavfini  qayd etganiday, bu hatto avtoritarizmga qarshi bo‘lgan bir qarash hamdir. Frantsiyadagi feministlar doimiy ravishda muhojir guruhlarga madaniy muxtoriyat berishga oid qarama-qarshi tadbirlarda Milliy front bilan yelkadosh bo‘lib kelmoqda.

Haydegger ontologiyasi yoki postontologiyasining keskin aporetik sifati ba'zi bir talqinchilar orqali Irigarayga ham yetib boradi. E'tiborga molik shunday talqinchilardan biri Emmanuel Levinasdir. Levinas, Talmudga yozgan izohlaridan ma'lum bo‘lishicha,  yahudiylik nuqtai nazaridan, o‘z falsafasining hayotiy tajriba uchun kerakli ekanidan mutaassir bo‘ladi. Biroq u Haydeggerga qarshi chiqadi. Aynan shu yerda uning Irigarayga ta'siri yaqqol ko‘zga tashlanadi. U nemis mutafakkiriga G'arb tafakkurining «O'zning Boshqaga nisbatan ustunligi»[115] xususidagi ulkan imperial xatosini takrorlagani uchun qarshi chiqqan edi. Levinas nazdida, bizning o‘z tajribamiz bir vaqtning o‘zida ham Boshqani bilishimizni taqozo etadi, ham Boshqaning butunlay noma'lumligini  nazarda tutadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:42:45

Binobarin, ilohiy Boshqadan axloq izlash befoyda va Prometeyga xos G'arb agressiyasi xudoni O'zning talablariga qo‘shib yuborishni niyat qilib qo‘ydi. Shuning uchun ham Levinas va unga ergashgan Irigaray an'anaviy tushuniladigan axloqqa qiziqish bildirmaydi. Ko‘pincha ular «axloq» deb emas, axloqiy deb gapiradi.

Endilikda bularning barchasi ash'ariy aks-sado berdi. O'zining boshqaligi tufayli ma'lum bo‘lgan Boshqa tushunchasi asosida, ya'ni xudoni shaxslantirish mumkin emas. Shuning uchun  tabiat qonunlari istiqbolli emas.

Shu yerda usulni yoqlab chiqqan musulmon yurisprudentsiyasidagi katta ta'sir kuchiga ega bo‘lgan Juvayniy, G'azzoliy, Sheroziy singari allomalarni birlashtirgan  ash'ariy pozitsiya - turim mavjud axloqiy nomaqbullik bilan bog‘liq mushkulotlarni   ilohiyotga murojaat qilish orqali hal etadi. Texnik nuqtai nazardan, sabab bilan iloh o‘rtasida hech qanday yuristik[116] tafovut yo‘q: Allohning farmoni shariatning aksiologiyasi[117]ni belgilab beradi. Qur'onda: «Ul zotdan nima ish qilayotgani so‘ralmaydi», deyiladi.  Buning ma'nosi shuki, qadriyatlar boshdan-oyoq Ul zotning egamen farmonidan kelib chiqadi. Bu qarashni Huraniy «teistik sub'ktivizm» deb atagan edi. Ushbu ash'ariy  perspektiva nuqtai nazaridan, merosni jinsga qarab belgilashga oid qonunlardan shikoyat qilish, noshukrlik, chunonchi,  yaxshilik va yomonlik tabiatini mensimaslik xususida jar solishdir.   Bu o‘rinda aksiologiya insonga tegishli emas: Alloh qadriyatlarni belgilovchi yagona Zotdir, bizning bunday qonunlar hayotiy ekanini tan ola bilmasligimiz, qadriyatlar ilohiy asosdan mustaqil holda ham mavjud bo‘lishi mumkin, degan bema'ni da'volarimiz oqibatidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:42:56

Binobarin, ash'ariylik ilohiy irodaning erkinligi va, balki, mavhumligi masalasiga ham yechim topib beradi:  o‘ziga xos radikal ortodoksallik mana shu turimda turish, protestantizm uchun Bart chizib bergan chiziqdan chiqmay, oddiy fideizmga[118] asoslangan shariat qadriyatlarini himoya qilish, yoki Jon Milbank va uning shogirdlari e'lon qilgan sof o‘zlikni haqiqiy deb biluvchi epistemologiya kabilar. Din shu tariqa dabdabali va monadik[119] izolyatsiyaga tushib qoladi. Biroq bir qarashda ash'ariy deontologiya[120]  ko‘plab uyg‘onish doiralarida ustuvor ko‘zqarash - vahhobiylik  bilan bir qatorda postmodern tanglikning yechimi bo‘lib ko‘rinishi mumkin. U oqibatda  har qanday tabiiy qonun istiqbollariga qarshi turadi hamda o‘zgarayotgan masala yoki urfga asoslangan taftish qilish loyihasini keskin ravishda chippakka chiqaradi. Bunday hukmron axloq ilohiyotshunoslik nuqtai nazaridan nafis bo‘lib tuyuladi, ammo axloqiy mazmundagi jins masalalariga bag‘ishlangan har qanday muhokamani yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Biz, qattiqqo‘l ash'ariylik har taraflama maqbul ilohiy ismlarni insonlar darajasiga tushira oladi, deb aytishimiz mumkin. Real - nominal xudo nomaqbul va noma'lumdir;  ammo 99 ismi bor va ilohiy o‘zgalik sir-sinoatlaridan xabar berishni va'da qiluvchi fenomenal - g‘ayrishuuriy xudo odildir; ammo uning odilligi bani odamning odilligidan farqlidir; xudo rahmdildir, lekin O'z qonuni maqsadlarini bilish kalitini bermay rahmdillik qiladi. Ilohiy qonunlarning erkinligi musulmonlarga xudoga hech bir mubolag‘asiz ibodat qilish imkonini beradi, ularning axloqiylik borasidagi sobitligi  Ul zotgagina ma'lumdir, ammo inson boshidan kechirgan uqubatlar oqibatida paydo bo‘lgan muammolardan kelib chiqib, parokanda bo‘layotgan ko‘rinadi. Levinasning Holokost[121]dan so‘nggi faylasuf sifatida ushbu tushunchadan yiroq emasligi ravshan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:44:03

Alastair Makintayr axloqqa oid hukmron nazariyalarning paradoksini qisman ularning kalvinizmdagi bayonidan kelib chiqib kashf etgan edi; uning tanqidi ash'ariylikka ham tegishlidir. Yana ash'ariylik moturidiylik bilan ham tinch-totuv yashab kelmoqda. Moturidiylik sababning  kuchi va biror narsani ko‘rsatib, isbotlab berish xususidagi ilk iroqiy tushunchalarga asoslangan an'anadir. Moturidiy nuqtai nazari islom feminizmi uchun yaxshiroq asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Sababi, u shar'iy tengsizlik xususidagi mojaroni yovuzlik mavjudligi tufayli ilohiy ehtiyotkorlikni himoya qilish zarurati deb emas, aksincha, nazariy yechim talabi deb qaraydi. Ilohiy qonunning axloqiy jihatdan tushunarliligi uchun joy talab etiladi,  shariat me'yorlari Alloh mavjudligi va komilligining yozma dalilidir, bunday joy, avvalo, ilohiyotshunoslik bo‘lishi kerak. Men aynan shu nuqtada bu tushunchani Lyusi Irigiraydan qarzga olmoqchiman.

Irigaray Haydegger ontologiyasini uzundan-uzoq tanqidiy tahlil qilar ekan, nemis mutafakkirining «havoni unutish» odati uchun ayblaydi: Irigarayning kitobi «Havoni unutish» deb nomlanadi. U «ishonchsizlik  uyqusi»dan uyg‘onish sharti sifatida «mavjudlikni unutish»ni taklif etadi. Feminist bo‘lgan Irigaray nazdida bu hol unsurlarga erkak jinsi egalik qilishini  buzib yubordi. Xususan, Haydegger, garchi Suqrotdan oldingi ta'limot, ya'nikim metafizik intuitsiyani qayta tiklashni talab qilsa-da, yerga oyoq tirab turishdan hech qayga qocha olmaydi, deydi Irigaray; yer qattiq jism sifatida muzakkarga mansubdir, u to‘g‘ri chiziqlilik  va nazorat xossasiga ega. Uning taklif etishicha, haqiqiy maqbullik tozalovchi yoki ochuvchi  sifatida mavjuddir, u havoni esga oladi, havoki - «musaffo, nurli va shaffof», havoki, (vujudni) «qurshab oladi». Shunday qilib, to‘rt unsurning qayta tiklanishi mavjudot muammosini tushunish imkonini beradi, bu esa insonlarga xos jins tushunchasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:46:29

Irigaray Haydeggerdan so‘ng mavjudot muammolari majmuini insonlarning qarindoshligidan, binobarin, jinsdan ayri holda olib qarash mumkin emas, deb hisoblaydi. U: "Hozircha bir kishi bilan boshqasi, erkak kishi bilan ayol kishi o‘rtasida (bir jinsdan ikkinchi jinsga) o‘tishga yo‘l yo‘q. Inson o‘zining unutishi oqibatida bo‘lganiday, halqa bir-biriga tutashib, yopilib qolgani tufayli kutishga majbur bo‘ladi. Mutafakkir o‘sha yerda bemalol jon saqlashi mumkin"[122]. Erkak kishi hukmron bo‘lgani uchun ham ko‘prikning egasidir; biroq u o‘ziga ayol kishi zuryod sifatida hadya etgan ilohiy tuhfani esidan chiqarib qo‘yadi, u bu ilk tuhfa va qarzni ikki dunyoda ham uza olmaydi.

Irigaray uchun jinslar o‘rtasidagi munosabatlar me'yorining buzilishi hozirgi zamonning asosiy falsafiy muammosidir. Garchi uning o‘zi,  taqdirning haziliga ko‘ra, Lakan[123]ning mashhur shogirdi bo‘lsa-da,  teistik  qarashlarga moyildir. U o‘zi yahudiy-xristian soteriologiyasi[124] deb atagan fallogotsentrizm[125]ni rad qiladi. Uning kuzatishicha, "G'arbda hamisha xudoning jinsi har bir narsa va diskursning himoyachisi bo‘lgan erkak va otadir"[126]. Bunday xudo jinslar o‘rtasida ko‘prik bo‘la olmaydi, u bir tomonga ikkinchi bir tomon nomidan gapirishi mumkin, shu tariqa erkaklar hukmronligini yoqlaydi. 

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:51:32

Xudoning ilohiy otaligi xususidagi fikrlarni tuturuqsiz va mutlaqo adolatsiz deb rad etgan ilohiyotshunoslar ham teizmlar taqvodorlardan ayol hukmronligi haqidagi dalillarni yashirib, ayollar ustidan hukm yurgizib kelganiga amin bo‘ldi. Shu o‘rinda ayollarning dindagi o‘rni haqida ingliz tilidagi qilingan  barcha tadqiqotlarni o‘z toshi bilan bosib ketgan «Ota xudoning ortida» kitobi muallifi Meri Deli juda yaxshi taassurot qoldiradi. Bir vaqtlar mo‘‘tadil katolik ilohiyotshunosi bo‘lgan Deli o‘zini jodugar deb ataydi. U hatto an'anaviy tilning tashbehlar qo‘llash borasidagi imkoniyatlarini ham inkor etadi. Uning nazdida, xudoni ota deb atash, otani xudo deb atash bilan barobardir.  Shu tariqa muqaddas uchlik «erkaklarning abadiy gomoseksual ishrati» ekani ma'lum bo‘ladi: ehtimol, u lotincha muzakkar, ya'ni mujskoy roddagi kalima - spiritus[127] bilan ish ko‘rayotgandir.   Aslida, xudo dunyoning yaratuvchisi sifatida ayol bo‘lib chiqadi. Jannatning ko‘zgusi bo‘lgan dunyoning o‘zi esa "meva beradi", binobarin, u ayoldir. Erkak ibtido sifatida begona kuch, buzg‘unchilik, tajovuz va gunohning bir bo‘lagidir. Deli, xudo - ayol, "shoxli" shayton esa erkak, degan dualistik tushunchaga yaqinlashib kelayotgan ko‘rinadi.

Xuddi Deli singari Irigaray ham ilohiyotshunosning har bir hisob-kitobini androtsentrik (erkaklar hukmronligiga asoslangan) yoki «fallogotsentrik», deb  hisoblamaydi. Hatto pravoslav xristianligi  ham ilohiy zotlarning ramziy jinsi masalasida asosan aporetik, ya'ni mantiqqa bo‘yni yor bermaydigan ziddiyatli yo‘ldan boradi. El-Grekoning o‘zi tug‘ilib o‘sgan Krit orolida chizgan ilohiy suratlaridan tortib, uning Venetsiyada Tintoretto qo‘l ostida o‘qishi orqali Aksilreformatsiya[128] barq urgan Toledogacha bo‘lgan vaqtda chizgan suratlari muayyanlashuv jarayonining o‘sib borganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda manzara, ifoda va shaklning aniqligi yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi. Uning keyingi paytlarda chizgan "katolik" suratlarida Iso ilohiy zotdan ko‘ra ko‘proq odam sifatida tasvirlanadi; shuning natijasi o‘laroq, u  insonlashib, erkaklashib boradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:53:04

Shu nuqtai nazardan, boshqa qarashlardan farqli o‘laroq, islom Hojar[129] ahdidagi singari, G'arb an'anasining bir qismini tashkil etmaydi: u Sharqqa yo‘naltirilgandir.

Kalom ilohiyotshunosligi bizni xudoning tug‘masligiga talab yo‘qligiga ro‘baro‘ qiladi. Ilohni (inson) vujud(i)da  qayta jonlanadi, deb hisoblovchi ilohiyotshunoslik ham uni jinsga nisbat beradi va muqarrar ravishda boshqa bir jinsni nazarda tutadi. Uni kitobga joylaydigan ilohiyotshunoslik esa jins haqida hech qanday mulohaza yuritmaydi; kitoblar lavhlar va idishlar singari, biror jinsga mansub emas. Iloh ilohligicha qolaveradi, u,  garchi Yer yuzidagi balo-qazolardan omon saqlovchi deb hisoblansa ham,  yakkayu yagona jinssiz vujuddir. Darhaqiqat, ushbu feministlarcha qarashni dalillarning an'anaviy aslahaxonasiga inson qo‘li bilan yaratilmagan Qur'onning chinakam ilhomi sifatida qo‘shib qo‘yish mumkin. Fazlur Rahmon va Farid Esakk singari modernistlar  taklif etayotganiday, Rasululloh matnda qancha ko‘p tilga olingan bo‘lsa, ayollar shu darajada begona O'zgalar sifatida qayta tasnif qilinadi.

Taqvodorlar uchun ushbu ta'limot manbasi muammoli emas. Dunyoviy tarixchilar unga boshqacha ko‘z bilan, ya'ni ular bu holga oldingi islom ahdda qayd etilmaganining tasdig‘i sifatida qarashadi. Ilohga nisbatan  andromorfik[130] qarashlar iudaizm uchun  zarur edi. Chunki iloh, jamoa nuqtai nazaridan, qo‘shni ilohaning muqobili deb hisoblanadi, shuning uchun ham Isroil "xudoning ma'shuqasi" qilib tasvirlanadi. Ayni hol xristian cherkovida ham uning a'yonlari so‘nggi antik davr ilohalariga sig‘inishga, shuning barobarida jannatdan quvilishda aybdor sanalgan "ayol"ga  qarshi urush e'lon qilgan paytlar "Yangi Isroil", "Isoning ma'shuqasi" tarzida davom ettirildi. Biroq islomning taqvodorlar jamoasi, garchi ummat istilohi muannasga tegishli ekani ajablanarli bo‘lsa-da, hech qachon o‘zini ayol zotiga mansub deb bilmagan. Xaloskorlik tarixini islomcha tushunish Allohni erkak deb bilishni taqozo etmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Noyabr 2007, 08:55:58

Islom ahdlar, avvalo, Buyuk Ahd, barcha jonlar dunyoga kelishidan oldin Allohga sodiq ekaniga qasamyod qilgani tavsif etilgan Qur'onning ibtidosi xususida shunday fikr yuritadi. Shuning uchun ham uning ahdi biror jinsga daxlsiz sifatida o‘qiladi. Ayni shunisi bilan u Ibrohim alayhissalom singari insonlar o‘rnatgan ahdga oid munoasabatlarga zid keladi. Ibrohimning o‘zi Muhammadning prototipi sifatidagi paradigma[131] o‘laroq, barcha musulmonlar mansub bo‘lgan ahdning asoschisi debgina eslanmaydi: uning ahdi bo‘lgan o‘g‘il bolalarni xatna qildirish odati bilan birga qiz bolalarni ham xatna qildirish odati paydo bo‘ldiki, ayni holni Ibrohim (a.s.)ga xos belgilarning ikkala jinsga nisbatan ham joriy etilishiga sabab bo‘ldi, deyish mumkin. 9-asrda yashab o‘tgan  iroqlik ilohiyotshunos al-Jahizga ko‘ra, Hojar ham, Ibrohim ham xatna qilingan ekan[132]. Shu tariqa, ayollarning xatna qilinishini  dinning qat'iy feministik harakatlaridan biri deb baholash mumkin[133].

Ahd tushunchalaridan Qur'on ilohiyotshunosligiga yuz buradigan bo‘lsak, iloh timsoli apofatik[134] nuqtai nazardan tashbehdan xoli ekanini ko‘ramiz. Xudo Allohning o‘zidir. U hech qachon Ota bo‘lmaydi. Iloh muzakkar otdir: Alloh (huwa); sarfu nahv nuktadonlari va egzegetlar[135]ning xulosasiga ko‘ra, u hatto majoz ham emas: arab tilida o‘rta yoki betaraf jins (rod)ning o‘zi yo‘q, shuning uchun bu o‘rinda muzakkardan foydalanish arab tilidagi jinssiz otlar uchun oddiy holdir. Sarfu nahv qoidasiga ko‘ra, ayollar muannasning o‘rta yoki betaraf otlarning ko‘pligida ifodalangani singari, bu o‘rinda erkaklarning ustunligi nazarda tutilmaydi.

Qayd etilgan