Bular ibtidoiy odamlarning turli hodisalardan qanday xavotirga tushganini ko‘rsatuvchi belgilar, biroq ular juda kam uchraydi. Islomning inson tabiatiga yaqinligi tufayli qudsiylikning insoniy mayllarni siquvga olish evaziga paydo bo‘lib qolmasligini muntazam uqtirib keladi. Biz tananing qo‘rquv orqali idrok qiladigan tabiiy ritmlarini e'tibordan soqit qilmasligimiz, qaytanga ularni diniy marosimlarga qo‘shib qo‘yish orqali boshqarishimiz kerak. Binobarin, ayol kishiga har oyda bir necha kun ibodat va ro‘za tutishni to‘xtatib turishiga izn beriladi. Ba'zi bir feministlar buni ayol zoti ma'naviyatining pasayishi deb, musulmon ayol ilohiyotshunoslari esa unga nisbatan hurmatning zuhur bo‘lishi deb, Ruqiyya Maqsud singari boshqa birovlar esa mushkul vaziyatda diniy majburiyatlarni bajarishni yengillatish deb hisoblashadi. Diniy majburiyatni bajarishdan ozod qilish masalasi yo gumonli, yoki yumshoq germenevtika bilan hal etiladi va umumiy holda talqin qilishga qarshilik ko‘rsatadi.
Musulmonlar e'tiqodning asosiy ruknlarini bajarishni ikkala jins vakillariga ham baravar vojib qilish bilan islom ayollarning qadrini oshirganini qayd etadi: amallarni bajarishni har oy bir-ikki kunga qoldira turish asosiy printsipni buzmaydigan, pragmatik va saxovatpeshalikka asoslangan ijozatdir. Binobarin, besh ruknning jinslarga aloqasi yo‘q. Xuddi shuningdek, islomda ayollar qadami yetmaydigan muqaddas joylarning o‘zi yo‘q. Ayollar muqaddas Ka'baga kirishi mumkin. Quddusdagi ibodatxonaning ichki hovlisini rimliklar buzib tashlamasidan burun u ayollar kirishi mumkin bo‘lmagan joy edi, mabodo, u yerga biror ayol kirib qolsa, o‘limga hukm qilinardi. Musulmonlar shafeligiga o‘tganidan so‘ng u yerga ikkala jins vakillari ham qo‘yiladigan bo‘ldi. Binobarin, zarhal konstruktsiyasi haligacha Astronomik bog‘ ramzi bo‘lgan va Me'rojning Yer yuzidagi nuqtasini ifodalovchi Qoyalar gumbazi juma kunlari faqat ayollar ixtiyoriga berib qo‘yiladi, erkaklar esa uning yaqinidagi al-Aqsa masjidida ibodat qilishi mumkin. Xuddi boshqa joylarda bo‘lgani kabi bu yerda ham juma namozlari paytida erkak va ayollar alohida-alohida guruhlarga ajratiladi. Buning sababi ham pragmatik asosga ega va javob talab qilmaydi, ya'nikim, ibodat paytida erkak va ayollarning o‘zaro aralashishi va badanlarining bir-biriga tegib ketishi chalg‘ishga olib keladi.