Timoti Uinter. XXI asrda Islom (postmodern dunyoda qiblani topish)  ( 235531 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 44 B


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:30:10

Albatta, avvalo, ilohiyotshunoslik xususida to‘xtalib o‘tmasdan bo‘lmaydi. Islom avval-boshdanoq o‘ziga e'tiqod qiluvchilar safini kengaytirishga harakat qilib keldi; uning asosiy hujjati (Qur'on)da xudoga tavsif beriladi, u, shuningdek,  da'vat hamdir. Makka va uning qabilalar yashaydigan ichki hududlarida to‘lib-toshib yotgan butparastlikni yer bilan yakson qilgan Qur'on islohoti o‘zidan olti asr oldin nozil bo‘lgan nazaretlik Iso islohotidan ko‘ra jadalroq edi. Iso da'vat qilgan kishilar yahudiy va monoteist bo‘lgani uchun ham qat'iy qoralanmagan edi, hazrat Muhammadning ummatlari xususida esa Qur'onda hech bir tavsif berilmagan. Shuning uchun ham Qur'on bevosita tarixiy kontekstga urg‘u beradigan diniy qarashlarni tozalash yoki takomilga yetkazishni talab etmaydi, aksincha, ularni so‘zsiz rad etadi. Binobarin, ibtidoiy islom etos[203]i qat'iy tarzda bahsli va o‘zgarishga moyildir. Rasululloh diniy rahnamoligining eng yuksak nuqtasi bo‘lmish Arofat tog‘ida aytgan xutbasi islomning buyuk vakolatiga teng so‘zlar bilan tugaydi: "Ushbu haqiqatni bu yerda yo‘q kishilarga ham yetkazing"[204].

Ushbu dastlabki sitz im leben[205]ga qaramasdan, bizga ma'lum manbalar rasululloh o‘z diniy rahnamoligini faqat majusiy arablarga mo‘ljallaganidan dalolat bermaydi. Musulmonlar xotirasida qolganiday, Muhammad faqatgina «Ismoil farzandlarining yo‘qolgan suruvi»gagina yuborilmagan; u, hadisda bayon qilinganiday, «butun bashariyatga yuborilgandir»; darhaqiqat, o‘rta asrlardagi kalom mutafakkirlari bir ovozdan ta'kidlaganiday, islom Alloh yuborgan yakkayu yagona universal dindir. Ushbu musulmoncha klassik nuqtai nazardan Iso faqat yahudiylar payg‘ambari ekaniga ishonar edi; shuning uchun ham xristian dinining keyingi yahudiylarga qaratilmagan missiyasi preparatio evangelii[206] sifatida oldindan belgilab qo‘yilgan edi. Preparatio evangelii islomga tayyor turgan majusiy asosni buzib tashladi. Ba'zi bir zamonaviy tarixchilar, arablarning najotkor tarqoq tarixini bino etishdan yiroq bo‘lgan Qur'on ularga mutlaqo qiziqish bildirmaydi, hech qachon ularni muhim o‘tmish yoki tarix egalari deb oshirib-toshirib maqtamagan, degan da'voni ilgari suradi. Garchi ravvinlar iudaizmi dinning asos soluvchi muhitiga eng yaqin yakkaxudolik dini bo‘lsa-da, islom qardosh somiy xalqlar uchun iudaizmning qayta yozilgan nusxasi emas. Modomiki, payg‘ambarlik missiyasi tabiatini qayta tiklashga bo‘lgan urinishlar ishonchli ekan (eng ashaddiy zamonaviy tarixchilarning deyarli barchasi xuddi shunday deb o‘ylaydi), islomning ilohiy tabiati dastlabki  paytlardan beri o‘z maqsadiga ko‘ra chindan-da universal bo‘lganini ko‘rsatib berish uchun yetarli dalillar mavjud. Rasulullohning bir necha  shogird va sahobalari arab millatiga mansub bo‘lmagan: an'anada yunon Suhayb, fors Salmon, islomning ilk muazzini habash Bilol nomlari saqlanib qolgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:30:18

Bunday targ‘ibot kontekstiga qaramasdan, Qur'onda konversiya - bir dindan ikkinchi dinga o‘tish degan kalimaning o‘zi yo‘q. Chunki arabcha so‘z bo‘lmish «islom»ning o‘zi ushbu tushuncha ma'nosini ham anglatadi. Bu so‘z "xavfsizlik", "najot" va "tinchlik" ma'nolarini bildiruvchi o‘zagi  fe'l bo‘lgan otdir. Binobarin, islomga kirish - faol (majhul bo‘lmagan) sifatdoshdir,  musulmon bo‘lish - o‘zlikni Allohning najotkorlik faoliyati doirasiga kiritishdir. Sevuvchi tangri (al-Vadud) sifatida insoniyatni yaratgan zot butun bashariyatga narigi dunyoda omad tilaydi. Qur'onda bunday deyiladi: "Ey mo‘‘minlar, yoppasiga  itoat (silm)ga kirishingiz!"[207] va: "Alloh kimni hidoyatga yo‘llashni iroda etsa, uning ko‘ksi (qalbi)ni islom uchun (keng) ochib qo‘yadi"[208]. Shunday ekan,  Qur'ondagi adolatli hayot kechirishga o‘tish tushunchasi tasodifiy hollardan biri emas, u musulmon kishining Allohga erishish jarayoniga munosib bo‘lish uchun to‘siqlarni yengib o‘tish  va kurashishday bir umr davom etadigan jo‘shqin holatda yashashini nazarda tutadi. Musulmonchilikda "Isoda" bo‘lish, shuning barobarida, emin  bo‘lish kafolatini olishning ma'nodoshi yo‘q, chunki musulmonlar uchun soteriologiya Qutqaruvchining o‘z gunohlarini yuvish uchun qurbon berishini emas, aksincha,  chin e'tiqodli kishining e'tiborni chalg‘ituvchi narsalarga qarshi kurashishi va bevosita tavajjuh hissini tuyushini anglatadi. Binobarin, musulmon konversiyasiga oid rivoyatlarning ayrim izchil xususiyatlaridan biri -cheksizlikni  tusmollash va  bosqichma-bosqichlikdir. Islomni yangi qabul qilganlarga qarata aytiladigan so‘z mana bulardir: "Sizlar jangda g‘alaba qozondingiz; endi g‘alabani mustahqamlashingiz kerak". "Qayta tug‘ilganlar" yoki bir dindan ikkinchisiga o‘tishning psixotropik ko‘rinishi g‘ayritabiiydir. Dinga yangi kirgan kishilar assimilyatsiya va taqlidning sust jarayoni xususida ko‘p gapiradi, bu jarayonda ratsional isbot muhim ahamiyat kasb etadi, deb qaraladi[209].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:30:32

Qur'on soteriologiyasining musulmoncha "konversiya" iborasini yoki uning islomni mustahkamlaydigan yana bir jihatini ham tushunish lozim bo‘ladi. An'anaviy nuqtai nazardan islomda Avgustinning conversiosidan ko‘ra ehtiros kamroq va  u omadliroqdir, chunki u insoniyatning ozod bo‘lish tarixini samovot va ruh hukmdori bo‘lgan xudo hamda yer va tanada ustunlik qiluvchi shayton o‘rtasidagi ulkan qarama-qarshilik deb tushunmaydi. Islomda ibtidoiy gunoh tushunchasi yo‘q, uning antropologiyasi umumiy jihatlari bilan lotin otalar xristianligi, binobarin, Akvinas, Lyuter va G'arb an'anasining asosiy qismidan ko‘ra ravvinlar iudaizmiga yaqindir. Buning ziddi o‘larak, unda Matfey Foks «ibtidoiy xayrli duo»[210] deb atagan narsaga yaqin aqida bor va u, xilqat xoliqdan ajralib chiqqan, degan tushunchani rad etadi. Inoyat inson bolasiga xos xususiyatdir, u maxluqlar orasida yuqori o‘rinni egallaydi, hadisga ko‘ra: «har bir bola o‘zining chin tabiati (fitrati) bilan tug‘iladi, faqat ota-onasi uni yahudiy, xristian yoki zardushtiyga aylantiradi». Bu aqida  xususida Qur'onning «A'rof» surasidagi 172-173-oyatlarida ham ta'kidlangan, unda barcha tirik jonzot Yer yuziga tarqalishidan oldin Allohning oldiga guvohlik berishga chaqirilgani xususidagi Buyuk Ahd to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Ushbu iqtibosda o‘sha vaqt xususida bunday deyiladi:

Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellari (pushti kamarlari)dan zurriyotlari (ruhlari)ni olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib turib: «Men Rabbingiz emasmanmi?» (dedi). Ular: «Yo‘g‘e! (Rabbimizsan!) Guvohlik berdik», dedilar. Qiyomat kuni: "Biz bundan g‘ofil (bexabar) edik"... deyishlarini  (bilganimiz uchun shunday qildik). 

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:30:52

Mavlono (Rumiy) xudoning tajallisiga yetishishni tavsif etganida ushbu an'anadan mutlaqo chekinmaydi: Bu (hayot)dan avval ruhlar sipehrdan yuqori edi, ular ham farishtalar ichgan idishdan no‘sh etar edi.

Mening ruhim sening san'ating uni o‘sha joyga tortgani uchun ham qo‘llari bilan chapak chaladi.


Islom tabiatning namuna ekani va jonning mutlaqo gunohsizligiga ishonch hosil qilgani bois Allohga zikr etilgan ibtidoiy guvohlik insoniyatga berilganini eslatib qo‘yishdan o‘zga narsani ko‘zlamaydi. Konversiya, islom - eslash (zikr)dir. U mavjud bo‘lgan narsani inkor etmaydi, aksincha, o‘zi «qaytish» va tasdiqlashdir. Ayni shu sababga ko‘ra, yangi musulmonlarning aksariyat ko‘pchiligi o‘zlarini bir dindan boshqasiga o‘tganlar emas, «qaytganlar» deb hisoblaydi. Bu o‘rinda aniqroq bo‘lgani uchun «tanib oluvchilar» degan tushunchani qo‘llagan ma'qul. Ispan tilida reconocerse musulmán degan oddiy bir ibora bor, uning ma'nosi o‘zlikni musulmon deb tanishdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:31:21

*       *       *

Ushbu inson tabiati va diniy hayot xususidagi oddiy va ravshan bo‘lgan nekbin qarashdan ilhomlangan musulmonlar ko‘hna dunyoni muzaffar fath etuvchilar sifatida Yer yuzining turli taraflariga tarqab ketdi. Undan so‘ng diniy tarixning eng hayratlanarli voqealaridan biri ro‘y berdi, ya'nikim, cherkov otalari mamlakatlarining ko‘pchiligi har qanday yakkaxudolik tarixiga bir martagina yoziladigan ommaviy xiyonatni boshidan kechirdi. Aleksandriya, Antiox, Quddus singari ulkan patriarxal markazlarda xristian dini bir necha asr oldin asta-sekin ildiz otgan edi, o‘sha joylar bosqichma-bosqich, ammo izchil tarzda yangi dinga o‘z joyini bo‘shatib bera boshladi. Ushbu jarayonning yetakchi tarixchisi qayd etganiday, "600 yilda nazaretlik Isoni xudoning o‘g‘li ekaniga ishonib yurgan ko‘plab erkak va ayollar endilikda xudoga ishonadi va Muhammadni uning payg‘ambari deb biladi"[211].

Buning yorqin misoli G'azo shahridir. Bu shaharni xristianlashtirish juda sekinlik bilan amalga oshar edi va arab bosqinchilari unga kirib borganida

G'azo aholisi yangi dinni qabul qilish xususidagi da'vatlarga tayyor ekanini ma'lum qildi [...] mahalliy tarixchilarning gapiga qaraganda, ular shahar markazidagi ulkan cherkovni masjidga aylantirishni iltimos qilgan [...] Arablar kelganida xristianlarning hammasi ham islomni qabul qilishni istamagan; ularga Porfiriy cherkovi (442 yili qurilgan) da ibodat qilish huquqi berilgan, ushbu cherkov haliyam G'azo shahrining o‘sha joyida turibdi[212].

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:31:30

Bu o‘rinda ushbu jarayonga oid keskin munozaralarga sabab bo‘lgan talqinlarga hakamlik qilishning mavridi emas. Ammo ko‘pchilikka ma'qul bo‘lgan quyidagi natijalarni qayd etib o‘tish o‘rinlidir. Birinchidan, 1896 yili Ser Tomas Arnoldning "Islom voizligi"[213]  kitobi chop etilganidan so‘ng ko‘pchilik xristianlarning islomni qabul qilishi majburiy emas, aksincha, ixtiyoriy bo‘lgani tasdiqlandi. Binobarin, musulmonlar Ispaniyasining bir zamonaviy tarixchisi "tarixchilar musulmon fotihlari xristianlarni o‘z tarafiga og‘dirib olmagani va ta'qib qilmagani xususida yakdil fikrdalar"[214], degan edi.  Ikkinchidan, 1950 yili D.S.Dennettning "Boshqa dinga o‘tish va dastlabki islomdagi jon solig‘i"[215] kitobi paydo bo‘lishi bilan tarixchilar, ko‘pchilik xalifalar g‘ayridinlar uchun joriy etgan kamsituvchi soliqni to‘lamaslik uchungina islomni qabul qilgan, degan eski qarashni rad etdi. Shu tariqa o‘sha soliq miqdori unchalik ko‘p bo‘lmagani, uning aksariyat hollarda dinni qabul qilish-qilmaslikka bog‘liq emasligi ma'lum bo‘lib qoldi. Uchinchidan, Richard Bulliet 1979 yili chop etilgan "O'rta asrlar davrida islomni qabul qilish" monografiyasida musulmonchilikka o‘tish hollari mamlakatlar zabt etilishi bilanoq sodir bo‘lib qolmagani, aksincha, uch-to‘rt asrdan so‘ng bo‘lganini ko‘rsatib berdi. Bullietning o‘zi buni "Dinni qabul qilish asrlari"[216] deb ataydi. Endi biz bu jarayonni Misr va Shimoliy Afrikadagi hududlar 9-asrning o‘rtalariga kelib musulmon mamlakatlariga aylangani; Eron bundan oldinroq musulmon davlati bo‘lgani; 12-asrning boshlariga kelib esa Iberiya yarim oroli aholisining kamida beshdan to‘rt qismi musulmonchilikni qabul qilganiga so‘zsiz ishonamiz. Uchala kashfiyot ham Levttsionning 1979 yili yozgan quyidagi xulosasini tasdiqlaydi: "harbiy bosqindan so‘ng zudlik bilan odamlar yoppasiga islomni qabul qilmagan", biroq oradan bir asr va ko‘proq vaqt o‘tgach bunday hol kuzatilgan[217]. Islomlashtirish jarayoniga oid tadqiqotlar ayni holning keyinchalik, o‘rta asrlarda ham musulmon sulolalari zabt etgan Shimoliy Hindiston, Anatoliya va Bolqon (yarim oroli) singari hududlarda kuzatilganini tasdiqlaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:31:43

Levttsion va Bulliet, qolaversa, shu sohani tadqiq qilgan boshqa kishilar garchi xo‘jako‘rsin uchun o‘z da'volarini dinning qonuniyligi bilan asoslashga intilgan esa-da, musulmon davlat tuzilmalari deyarli hech qachon boshqa dinga mansub kam sonli aholini islomni qabul qilishga majburlash yo‘llarini axtarmagan. Islomni qabul qilish, odatda, rasmiy siquvga olishi yoki haqiqiy xristianlik yoki boshqa institut - qurimlarning taxmin etilayotgan inqirozi oqibati emas, aksincha, musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar o‘rtasida kuchayib borayotgan ijtimoiy aloqalar ta'siri edi. Dastlabki bosqinchilar qisman arab qabilalarini islom vositasida birlashtirishni istagan bo‘lsa-da, harbiy shaharchalarda o‘zlarini begona his qilishar edi. Faqat bu harbiy  shaharchalar ulkan shaharlar darajasiga yetib, mahalliy aholi vakillarini gadoytopmas qishloqlardan gurros-gurros jalb qila boshlaganidan so‘nggina fotihlar bilan taslim bo‘lganlar o‘rtasidagi muloqot faollashdi. Shu tariqa islomni qabul qilish jarayoni sekin boshlandi va asta-sekin jadallashib bordi, islomni yangi qabul qilganlarning o‘zi savodsiz omma ko‘z o‘ngida ulgi olish mumkin bo‘lgan shaxslarga aylanib qoldi. 11-12-asrlarga kelib, islomga o‘tish asri tugagach, uni qabul qilmagan boshqa aholi maskanlarida istiqomat qiluvchi kishilarni islomlashtirish sustlashib qoldi, bu ishni ikkita bir-biriga o‘xshab ketadigan ijtimoiy guruh vakillari davom ettira boshladi. Ularning birinchisi  tarkibiga sayyoh savdogarlar kirar, mijozlarining dunyodagi eng ustuvor tamaddunga mansub zotlar deb qarashi, o‘zini tutishi va e'tiqodi ularga ulkan salobat bag‘ishlar edi. Ikkinchi guruhga kezgindi mistik so‘fiylar va avliyolar mansub bo‘lib, ular g‘ayridinlarni mo‘‘jiza ko‘rsatishi va xastalarni tuzatishi, o‘sha xalqlarning tillarida yozish va qo‘shiq aytish, ko‘pincha islomga o‘tish jarayonida bosqichma-bosqichlikka imkon berishga tayyorligi va ilohiyotni sevishga da'vatni himoya qilishi bilan o‘ziga jalb qilib olar edi. Bosniya, Kashmir, Indoneziya va G'arbiy Afrika hududlari aholisining islomni qabul qilishiga taqvodorlikning ushbu ikki  shakli: muloqotdan iborat savdogarlik va mistika imkon berdi. Bu islomning savdogarlik va mistikaga yo‘l berishi natijasi edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:31:57

So‘fiy mistiklar, xususan,  Hindiston subkontinentini islomlashtirishda muhim rol o‘ynadi, ayni shu o‘rinda Bulliet andozasidan g‘ayriodatiy tarzda foydalaniladi. Hindistondagi dastlabki islom istilolaridan so‘ng oradan o‘tgan uch asr mobaynida juda ozchilik bu dinni qabul qilgan edi; O'rta Sharqdagi jadallashuv jarayoni - islom va hinduizm o‘rtasida ulkan kontseptual tafovut bo‘lgani, shuningdek, hind jamiyatining turli tabaqalarga bo‘linib ketgani va turli o‘lchov birliklaridan tarkib topgani  uchun bo‘lsa kerak - bu yerda kuzatilmadi. Ayni hol, garchi pirovard siyosiy hokimiyat o‘shandan so‘ng hindularning qo‘lida qolmagan bo‘lsa  ham mahalliy dinlarning izchilligi va amaliyotini saqlab qolishga imkon berdi. Ammo Hindiston tajribasi Arnold va Dennettning tezislarini yetarli darajada tasdiqladi, chunki Richard Iton va boshqalar hindlar islomni ko‘pincha Hindistondagi musulmonlar hukmronlik qilgan joylardan ko‘ra ular hukmron bo‘lmagan joylarda ko‘proq qabul qilganini isbotlab berdi[218].  Musulmon siyosiy hukmronligining yoyilishi va musulmon diniga mansub kishilar miqdorining (odatda, quyi kastalar orasida) orta borishi bir-biridan farqli ikkita ulkan jarayon sifatida ko‘zga tashlanadi. Dinni qabul qilish allaqaerlardagi sultonlarning siyosati tufayli emas, islom himoyachilari bilan muloqot tufayli ro‘y berar edi.

Uzoq Sharqda Indoneziya arxipelagi tajribasi musulmonlarning qurolli  bosqini natijasida islomlashtirilganini emas, aksincha, ilk tanishuv tezisini yana tasdiqlaydi.  Islom hindular Hindistonining bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketgan aholisi qoniga bir necha asrlar davomida singib ketdi, hatto bugungi kunda ham subkontinent aholisining taxminan uchdan bir qismi musulmonlardir. Buning teskarisi o‘laroq, Yava, Malaya va Sumatra (orollari)  garchi, asosan, hind madaniy robitasida bo‘lsa ham, kamroq qarshilik ko‘rsatgan edi va  bugungi kunda Indoneziya aholisining 90 foizdan oshiqrog‘i musulmonlardir. Mintaqaning aholi yashaydigan bir necha ming  orollarga bo‘linib ketishi musulmonlarning u yerlarni zabt etishiga va dengiz savdo-sotiq yo‘llarida islomning hukmron bo‘lishiga qulay zamin hozirlab berdi[219]. Shu tariqa (turli tamaddunlarning) to‘qnashuv imkoniyatlari oshdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:32:09

Ushbu manzarani islom prozelitizm[220]i amal qilgan barcha-barcha hududlarda kuzatish mumkin. Birinchidan, sof missionerlik  institutlari - qurimlari yetishmas edi: so‘fiylik tariqatlari madaniy vositachilar sifatida faoliyat yuritgani uchun g‘ayridinlarni islomga targ‘ib qilishni asosiy maqsad qilib olmagan edi.  Ikkinchidan, kishilarning asosiy ko‘pchiligi islomni ixtiyoriy ravishda qabul qilardi. Uchinchidan, islomlashtirish asta-sekin amalga oshirilar, dastlab islom qadriyatlarining musulmonlar bilan yoki qisman islomlashtirilgan unsurlar bilan tanishish va, binobarin, A.D.Nokk "qo‘shilib olish"[221] deb atagan jarayon orqali o‘sha joyda yashaydigan xalqlar madaniyatiga kirib borishi ta'minlanar edi.

Biroq shunisi aniqki, garchi tanishuv va qo‘shib olish andozalari sotsiologik tuzilma sifatida ishonarli bo‘lsa-da, ular individual kishilarni islomni qabul qilishga undagan narsa aynan nima ekanini bilib olishga imkon bermaydi. Musulmonlarning boshqalar bilan ijtimoiy muloqotiga oid dalillar islomga bunday miqyosda o‘tish sabablari nimada ekanini tushuntirib bera olmaydi. Boz ustiga, ushbu boshqotirma, bo‘lg‘usi din tashviqotchilari uchun, musulmonchilikda tanlash huquqi jozibador emas, qabilidagi ko‘plab to‘sqinlik qiluvchi omillarning mavjudligi tufayli  yanada murakkablashib ketdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Noyabr 2007, 07:32:23

Shunday to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri dinni qabul qilish tufayli yig‘ilib qoladigan ijtimoiy noqulaylik ko‘rinishida zuhur bo‘ldi. Yulduzni ko‘zlagan holda, o‘rta asrlarning barq urib rivojlanayotgan shaharlari bo‘lmish Damashq yoki Bag‘dodga ko‘chib kelib ijtimoiy pog‘onalardan yuqori ko‘tarilish uchun  islomni qabul qilgan erkak yoki ayol o‘zi mansub din jamoasiga qayta qo‘shilolmay qolishi mumkin edi. Chunki ko‘hna xristian va induizm guruhlari, odatda, kimningdir o‘z dinidan qaytishini sotqinlik deb bilar va dindan qaytgan kishi o‘z-o‘zidan kastaga mansublik maqomidan ham mahrum bo‘lar edi. Ramziy ma'noda aytadigan bo‘lsak, islom fiqhi ushbu dinga kirgan kishilarning g‘ayridin ota-onalaridan muayyan mulkni meros qilib olishiga to‘sqinlik qilardi. O'rta asrlarda islomni qabul qilgan ko‘plab kishilar uchun jamoaga qo‘shilish tufayli erishiladigan imtiyozlar ko‘pincha tark etilayotgan din tufayli hosil bo‘lgan muammolar bilan bab-barobar  edi.

Ikkinchi jumboq islomning din sifatida o‘zi kutayotgan narsalarga talabchan tabiati bilan bog‘liqdir. Biroq 8-asrda yashagan suriyalik dehqon yoki savdogar o‘zining mutlaq savodsizligi tufayli islomni qabul qilishning ilk qadami sifatida og‘riqli xatna odatini tushungan bo‘lishi mumkin. Avliyo Pavel, endilikda o‘sha dehqon ajdodlarining xristianlikni qabul qilishida Ibrohimdan qolgan eski odatni bajo keltirishga hojat yo‘q, deb ishni ancha osonlashtirib qo‘ydi. Biroq islom bunday yon berish yo‘lidan bormadi.   

Qayd etilgan