Misr jamiyatining zilzila oqibatlarini tugatish vaqtida qo‘zga ko‘rinmagan yagona qismi diniy ekstremistlar, ya'ni xaroba uylarda yashovchi vahhobiylar edi. Ular, adolatli islom hukumati buyurmagan ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanishga dinimiz yo‘l bermaydi, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, johiliyat, ya'ni yerda Allohning hukmronligi qaror topishidan oldingi davrdagi har qanday ijtimoiy yordam shakli inqiroz paytidagi tartibni saqlab qolishda qo‘l keladi va, binobarin, gunohdir. Ultravahhobiylar uchun din nuqtai nazaridan bajarilishi majburiy bo‘lgan yagona qonuniy chora rejimga qarshi kurashishdir. Sayyohlarni, politsiyachilarni, musiqachilarni yoki yozuvchilarni - Nobel mukofoti laureati Najib Mahfuz hayotiga suiqasd qilishga urinish bunga misol bo‘la oladi - otib o‘ldirish, haqiqiy diniy e'tiqodni tarqatish bilan birgalikda johiliyat davrida bajarishga izn berilgan faoliyat turlaridir. Bu quyidan boshlab isloh qilish vaqtidir. Biroq adolatli tartib joriy etilsa, u yuqoridan boshlab isloh qilishga asoslanadi. Davlat odamlarning, hatto ularning bo‘ynidan sudrab bo‘lsa-da, jannatga kirishiga kafolat berishi kerak. Bunday davlat Kalvin ixtiro etgan, adolat to‘xtovsiz hukmronlik qiladigan shishalar shahri Jenevaning bir ko‘rinishi bo‘ladi.
Bunday qarashlarning muammoli joyi shundaki, ularga erishilgan taqdirda ham ularga hech kim amal qilmaydi. Teokratiya[510]lar bunday majburiy yo‘l bilan inson yuragidan shaytonni haydab chiqara olmaydi, aksincha uni ichkariga chuqurroq kiritib yuboradi. Ular shu tariqa dinning unchalik muhim bo‘lmagan printsiplarini ko‘r-ko‘rona himoya qilib, uning mohiyatiga zarar yetkazadi. Din bilan davlat bir bo‘lgan joyda davlat inqirozga yuz tutsa, unga aralashib qolgan din ham obro‘sizlanadi. Bunga Eronda ro‘y bergan voqealardan ko‘plab misollar keltirish mumkin. U yerda hukmron rejimning noqobilligi va qatag‘onlari ko‘pgina sobiq eronlik dindorlarning o‘z e'tiqodidan qaytishiga sabab bo‘ldi. Saudiya Arabistonida ko‘pchilik odamlar Allohdan emas, diniy politsiyadan qo‘rqqani uchun namoz o‘qiydi. Ular shu tariqa dindorlarning niyatlariga putur yetkazadi va (odamlarni) butparastlikning bir ko‘rinishiga yetaklaydi. Qizig‘i shundaki, majburlovchi teokratiyaning dinni tiqishtirishi uni inqirozga olib borishi muqarrar.