Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069397 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:26:11



65. Alloh sizlarga yerdagi narsalarni va dengizda Uning amri bilan suzayotgan kemalarni bo'yin sundirib qo'yganini hamda o'zi osmonni yerga iznisiz qulab tushishdan tutib turishini ko'rmadingizmi?! Darhaqiqat, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir.

66. U sizlarga hayot bergan, so'ngra o'lim beradigan, so'ngra (qiyomatda yana) hayot beradigan zotdir. Darhaqiqat, inson noshukrdir.

67. Biz har bir ummatga qurbonlik qilish (amalini) buyurganmiz - ular unga amal qiluvchidirlar. Bas, (ey, Muhammad,) ular Siz bilan bu ishda sira tortishmasinlar! Siz (ularni) Rabbingizga da'vat qiling! Albatta, Siz To'g'ri yo'ldadirsiz.

68. Agar ular Siz bilan munozara qilsalar, ayting: "Alloh sizlar qilayotgan (yomon) ishlarni juda yaxshi biluvchidir!"

69. Alloh sizlar ixtilof qilgan narsalar haqida o'rtangizda qiyomat kuni hukm qilur.

70. (Ey, Muhammad,) Siz Alloh osmon va Yerdagi bor narsani bilishini bilmadingizmi?! Albatta, bu Kitobda (Lavhul-Mahfuzda yozib qo'yilgan)dir. Albatta, bu Allohga osondir.

71. Ular (Makka kofirlari) Allohni qo'yib, U biror hujjat tushirmagan va o'zlari ham bilmagan narsalarga ibodat qilurlar. Zolimlar uchun biror yordamchi yo'qdir.

72. Qachonki, ularga Bizning aniq oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo'lganlarning yuzlarida inkor (alomati)ni sezursiz. Ular, o'zlariga Bizning oyatlarimizni tilovat qilayotgan zotlarga zo'rlik qilishgacha bordilar. (Ularga) ayting: "Endi, Men sizlarga bundan ham yomonroq narsani xabarini beraymi? (U) Alloh kofir bo'lganlarga va'da qilgan do'zaxdir. Naqadar yomon oqibat u!".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:26:56



73. Ey, insonlar, masal aytildi, bas, unga quloq tutingiz! - Aniqki, sizlar Allohni qo'yib, sig'inayotgan narsalaring, agar barchalari birlashganda ham bir chivinni yarata olmaslar, agar chivin ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar. Talab etuvchi ham, so'raluvchi (butlar) ham zaifdirlar.

74. Ular Allohning haqqoniy ravishda qadrlamadilar. Darhaqiqat, Alloh kuchli va qudratlidir.

75. Alloh elchilarni farishtalardan tanlar, insonlardan ham. Darhaqiqat, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir!

76. U ularning oldilaridagi va ortlaridagi narsalarni bilur. Va (barcha) ishlar yolg'iz Allohga qaytarilur.

77. (Ey, imon keltirganlar, ruku' qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib yaxshilik qilingiz - shoyadki, najot topsangiz.


Izoh: Bu oyatdagi sajda qilishga qaratilgan buyruq hanafiy mazhabimiz bo'yicha namozdagi sajdadir, tilovat sajdasi emas. Zero, Islomning ilk davrida musulmonlar ruku' va sajdasiz namoz o'qir edilar. "Ruku' va sajda qilingiz" degan iboradan "Namoz o'qingizlar" - degan buyruqni anglash ham mumkin.

78. Alloh (yo'li)da haqqoniy jiddu jahd qilingiz! Sizlarni (shu din uchun) U tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi. Otalaringiz Ibrohimning dini (Islom)ni (ushlangiz)! Toki (qiyomatda) payg'ambar sizlarga guvoh bo'lishi uchun, sizlar esa (qolgan) odamlarlarga guvoh bo'lishingiz uchun (Allohning) o'zi sizlarni ilgari (muqaddas kitoblarda) atagandek, mana shu (Qur'on) da ham musulmonlar deb atadi. Bas, namozni mukammal ado etingiz, zakotni beringiz va Allohga bog'laningiz! U sizlarning xojangizdir. Bas, u Zot naqadar yaxshi xoja va naqadar yaxshi madadkordir!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:29:07

O’N SAKKIZINCHI JUZ’
*************************



MU'MINUN SURASI

Mu'minun - mo'minlar. Mo'min-musulmonlarga loyiq sifatlar zikri bilan boshlangani uchun shunday nom berilgan. Unda Muhammad (a. s.) ning Makkadagi davrlarida ahli Islomga mushriklar tarafidan berilgan aziyatlarga sabr qilish, oxirat saodati uchun bu dunyoda qilish zarur bo'lgan solih amallar va boshqa muhim ilohiy o'gitlar yoritiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Mo'minlar najot topdilar.

2. Ular namozlarida kamtardirlar.

3. Ular behuda (so'z va ishlar)dan yuz o'giruvchidirlar.

4. Ular zakotni ado etuvchidirlar.

5. Ular avratlarini (haromdan) saqlovchi kishilardir.

6. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar.

7. Bas, kimki shundan o'zgani (harom qilingan narsalarni) istasa, bas, ana o'shalar haddan oshuvchilardir.

8. Ular (mo'minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o'zaro) ahdlariga rioya etuvchi zotlardir.

9. Ular namozlarini asraguvchi (vaqtida ado etuvchi)lardir.

10. Aynan o'shalar, merosxo'rlardir,

11. Firdavs (jannati)ga voris bo'lishib, u yerda ular mangu qoluvchidirlar.

12. Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik.

13. So'ngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik.

14. So'ngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha go'sht qilib yaratdik, bas, parcha go'shtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga go'sht qopladik, so'ngra (unga jon kirgizib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng go'zali - Alloh barakotlidir!


Izoh: Oyatdagi homilaning rivojlanish bosqichlarini hozirgi ilmiy kashfiyotlar ham tasdiq etmoqda. Bu to'g'rida G'arbning yirik olimlari talay ilmiy izlanishlar natijasida, Qur'oni karimning ilohiy mo''jiza ekanligini yana bir bor tasdiq etdilar.

15. So'ngra, albatta, sizlar (ey, insonlar,) mana shundan keyin, albatta, vafot etuvchidirsizlar.

16. So'ngra sizlar, albatta, qiyomat kuni qayta tirilursizlar.

17. Darvoqe, Biz ustingizda yetti yo'lni (yetti qavat osmonni) yaratdik. Biz yaratuvchilikdan g'ofil bo'lmadik.


Izoh: Yetti yo'l-osmonlararo o'tgan farishtalar yo'li.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:29:45



18. Biz osmondan (aniq) o'lchov bilan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, uni yerga joylab qo'ydik va Biz uni ketkazishga ham, albatta, qodirdirmiz.

19. So'ngra Biz sizlar uchun u (suv) bilan xurmo va uzum bog'larini paydo qildik. Sizlar uchun u (bog')larda ko'p mevalar bo'lur va sizlar ulardan yeysizlar.

20. Yana (Biz sizlar uchun) Turi Sayno (tog'i)dan chiqadigan yog' va yeguvchilar uchun nonxurush holda o'sadigan bir daraxtni (zaytunni yaratdik).

21. Albatta, sizlar uchun chorva mollarida ham ibrat bordir: sizlarga ularning qornidagi narsa (suti)dan ichirurmiz, yana sizlar uchun ularda ko'p foydalar bordir, shuningdek, ular(ning go'sht-yog'lari)dan yeysizlar.

22. Yana, (quruqlikda) ularga va (dengizlarda) kemalarga minib yurasizlar.

23. Darvoqe, Biz Nuhni o'z qavmiga payg'ambar qildik. Bas, u: "Ey, qavmim! Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. Axir, qo'rqmaysizlarmi?" - dedi.

24. Shunda uning qavmidan kofir bo'lgan zodagonlar: "Bu ham xuddi sizlarga o'xshagan odam. (Faqat) sizlardan ustun bo'lib olmoqchi. Agar Alloh (payg'ambar yuborishni) xohlasa edi, farishtalarni tushirgan bo'lur edi. Bizlar bu (Nuh so'zlari)ni avvalgi ota-bobolarimizdan eshitgan emasmiz.

25. U (ya'ni, Nuh) faqat bir jinni odamdir. Bas, uni bir (oz) vaqtgacha kuzatib turinglar", - dedilar.

26. (Nuh) aytdi: "Ey, Rabbim! Ularning menga nisbatan inkoriga qarshi O'zing menga yordam qilgin".

27. Bas, Biz unga vahiy qildik: "Bizning himoyamizda va vahiymiz bilan bir kema yasagin. Bas, qachonki, Bizning amrimiz kelib, tannurdan (olov o'rniga) favvoralar otilgan vaqtida, u kemaga har (jonivor)dan bir juftdan va oilangni solgin. Lekin kofirlardan kim haqida Bizni so'zimiz (g'arq bo'lishi haqidagi hukmimiz) kechgan bo'lsa (ularni tark qilgin) hamda ular haqida (najot so'rab) Menga xitob (iltijo) qilmagin. Ular, albatta, g'arq qilinuvchidirlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:30:33



28. Endi, qachonki o'zing va sen bilan birga bo'lgan kishilar kemaga joylashib olgach, aytgin: "Bizlarni zolimlar qavmidan qutqargan Allohga hamd (aytamiz)".

29. Yana ayt: "Ey, Rabbim! Meni bir muborak manzilga tushirgin. Sen (manzilga) tushiruvchilarning yaxshisidirsan".

30. Albatta, bunda (Nuh va uning qavmi voqeasida) alomatlar bordir. Biz imtihon qiluvchidirmiz.

31. So'ngra Biz ulardan keyin boshqa avlodni (Od qabilasini) paydo qildik.

32. Bas, ularga o'zlaridan bir payg'ambarni (Hudni) yubordik. (U aytdi): "Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o'zga iloh yo'qdir. Axir, qo'rqmaysizlarmi?!"

33. Uning qavmidan kofir bo'lgan, oxirat muloqotini inkor etgan va Biz dunyo hayotida badavlat qilib qo'ygan kimsalar dedilar: "Bu ham xuddi sizlarga o'xshagan odam. U ham sizlar yeydigan narsadan yeydi, sizlar ichadigan narsadan ichadi.

34. Qasamki, agar sizlar o'zingizga o'xshagan odamga itoat qilsangizlar, u holda sizlar, albatta, ziyon ko'ruvchidirsizlar.

35. U sizlarga o'lib tuproq va suyaklarga aylanganingizdan keyin, albatta, (qabrlaringizdan) chiqariluvchidirsizlar, deb va'da bermoqdami?

36. Sizlarga va'da qilinayotgan narsa (aqldan) juda-juda uzoqdir!

37. Hayot faqat (shu) dunyodagi hayotimizdir. (Ayrimlarimiz) o'lsak, (boshqalarimiz) yashayveramiz. Biz qayta tiriluvchi emasmiz.

38. U (Hud) faqat Alloh sha'niga yolg'on to'qigan shaxsdir. Bizlar unga imon keltiruvchi emasmiz".

39. (Shunda Hud) aytdi: "Ey, Rabbim! Meni yolg'onchi qilganlari bois menga yordam qilgin".

40. (Alloh) dedi: "Ozginadan keyin ular, albatta, pushaymon qiluvchilarga aylanib qolurlar".

41. Bas, haqiqatan ham ularni (mudhish bir) qichqiriq tutdi. Biz esa ularni xazonga aylantirdik. Zolimlar qavmiga halokat bo'lgay!

42. So'ngra ulardan keyin boshqa avlodlarni paydo qildik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:31:16



43. Hech bir ummat o'z ajalidan o'zib ham keta olmas, (uni) ortga ham sura olmas!

44. So'ngra paydar-pay payg'ambarlar yubordik. Har gal biror ummatga (o'z) payg'ambari kelsa, uni inkor etdilar. Bas, Biz ularni birin-ketin (halok) qildik va ularni (odamlar og'zida yuradigan) gapga aylantirib qo'ydik. Bas, imon keltirmaydigan qavmga halokat bo'lgay!

45. So'ngra Biz Muso va uning birodari Horunni mo''jizalarimiz va aniq hujjat bilan yubordik.

46. Fir'avn va uning zodagonlariga (payg'ambar qilib yubordik). Ular esa kibr-havo qildilar. Ular mutakabbirlar qavmi edilar.

47.Bas, aytdilar: "Xuddi o'zimizga o'xshagan ikki kishiga imon keltiramizmi?! Holbuki, ularning qavmi (Isroil avlodi) bizlarga quldirlar".

48. Bas, ikkisini yolg'onchiga chiqarishib, halok qilinuvchilardan bo'ldilar.

49. Darhaqiqat, Musoga hidoyat topishlari uchun Kitob (Tavrot)ni ato etdik.

50. (Keyin) Maryamning o'g'li (Iso)ni va uning onasini alomat qildik va ikkisini bir oqin suvli baland qarorgohga joyladik.

51. (Payg'ambarlarimizga shunday dedik): "Ey, payg'ambarlar! Pok (taom)lardan yenglar va ezgu (ish) qilinglar! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman.

52. Albatta, u (ya'ni, diningiz) bir millat (ya'ni, Islomdir). Men esa sizlarning Rabbingizdirman, bas, Mendan qo'rqingiz!"

53. So'ng (odamlar) ishlarini (dinlarini) turlarga bo'lib yubordilar. Har bir guruh o'z oldilaridagi narsa (din) bilan mamnundirlar.

54. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ularni (ma'lum) vaqtgacha o'z g'aflatlarida qoldiring!

55. Biz ularga berayotgan boylik va farzandlarni

56. o'zlari uchun yaxshiliklarni tezlatishimiz (belgisi) deb hisoblaydilarmi?! Yo'q, ular (buning hikmatini) sezmaydilar!

57. Albatta, Parvardigorlaridan qo'rqib, xavfda turuvchilar,

58. Parvardigorlarining oyatlariga imon keltiradiganlar,

59. Parvardigorlariga shirk keltirmaydiganlar,

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:31:55



60. shuningdek, sadaqalarini (qiyomatda) Parvardigorga qaytuvchi ekanlaridan dillari qo'rqib turgan holda beradigan kishilar,

61. aynan o'shalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda o'zuvchidirlar.

62. Biz hech bir jon (egasi)ni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz. Bizning dargohimizda faqat haqni so'zlaydigan bitik bordir. Ularga zulm qilinmas.


Izoh: Bitik - Lavhul-Mahfuz yoki har bir kishining nomai a'moli.

63. Yo'q, (kofirlarning) dillari bundan g'aflatdadir. Ular uchun bundan boshqa o'zlari qiluvchi bo'lgan (befoyda) ishlar bordir.

64. Toki Biz ularning to'q (mag'rur) yashaydiganlarini (biror) azobga giriftor qilganimizda, bexos ular faryod qilurlar.

65. "Bugun endi faryod qilmangiz! Albatta, sizlarga Biz (tomon)dan yordam berilmas.

66. (Chunki) sizlarga oyatlarim tilovat qilinganida, sizlar ortingizga qarab yurgan edingiz.

67. ("Baytulloh haramidamiz", deb) u bilan mutakabbirlik qilib, tungi suhbatlaringizda (Qur'on xususida) behuda so'zlarni aytar edingizlar".

68. Axir, ular bu So'zni (Qur'onni) tafakkur qilib ko'rmadilarmi yoki ularga avval o'tgan ota-bobolariga kelmagan narsa keldimi?!

69. Yoki o'z payg'ambarlarini tanimay uni inkor qiluvchi bo'ldilarmi?!

70. Yoxud: "Unda (Muhammadda) jinnilik bor", - deydilarmi?! Yo'q! (U) ularga haqiqatni keltirdi. Ularning aksariyati esa, haqiqatni yomon ko'ruvchilardir.

71. Agar Haq (Alloh) ularning havoyi nafslariga ergashsa edi, albatta, osmonlar, Yer va ulardagi bor jonzot buzilib (halok) bo'lgan bo'lur edi. Yo'q, Biz ular uchun eslatma keltirdik, ular esa, o'zlariga (kelgan) eslatmadan yuz o'giruvchidirlar.

72. (Ey, Muhammad,) yoki Siz ulardan xarj (haq) so'ramoqdamisiz! Rabbingizning xarji (ajri) yaxshiroqdir. U eng yaxshi rizq beruvchidir!

73. Albatta, Siz ularni faqat to'g'ri yo'lga da'vat qilursiz.

74. Oxiratga imon keltirmaydiganlar yo'ldan ozuvchidirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:32:25



75. Agar Biz ularga rahm qilsak va ulardagi narsani (qahatchilikni) aritsak, shaksiz, ular yana o'z tug'yonlarida gangib yurishgan bo'lur edilar.

76. Mana, Biz ularni azobga tutdik. Ular esa na Parvardigorga bo'yin egdilar va na (tavba) tazarru qildilar.

77. To qachonki, Biz ularga qattiq azob (qahatchilik) eshigini ochib qo'yganimizda esa, bexos ular noumid bo'luvchidirlar.

78. U (Alloh) sizlar uchun quloq(lar)ni, ko'zlarni va dillarni paydo qilgan zotdir. (Sizlar bunga) juda kam shukr qilursizlar.

79. U sizlarni yer yuzida (yaratib, so'ngra) taratgan zotdir. Sizlar (qiyomat kuni) Uning huzuriga to'planursizlar.

80. U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Kecha va kunduzning o'zgarib turishi ham Unga (bog'liq)dir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!

81. Yo'q, ular ham xuddi avvalgilar aytgan so'zlarni aytdilar.

82. Dedilar: "Bizlar o'lib, tuproq va suyaklarga aylanganimizda, yana qayta tiriluvchimizmi?!

83. Darvoqe, bizlarga ham, ota-bobolarimizga ham oldin mana shu va'da qilingan edi. Bu faqat avvalgilarning afsonalaridir!"

84. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Agar biluvchi bo'lsangizlar (aytinglar-chi), Yer va undagi bor jonzot kimniki?"

85. Ular: Albatta, "Allohnikidir", - derlar. Ayting: "Bas, (shundan) eslatma olmaysizlarmi?!"

86. Ayting: "Yetti osmonning Rabbi hamda ulug' Arshning Rabbi kimdir?"

87. Ular: "(Bular ham) Allohnikidir",- derlar. Ayting: "Axir qo'rqmaysizlarmi?!"

88. Ayting: "Agar bilsangizlar (aytinglarchi), barcha narsaning hukmronligi "qo'li"da bo'lgan, o'zi (barchaga) homiylik qiladigan, Unga qarshi homiylik qilinmaydigan zot kimdir?"

89. Ular: "(Bular ham) Allohnikidir", - derlar. Ayting: "Bas, (unda) nechuk sehrlanmoqdasizlar?!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:33:22



90. Yo'q! Biz ularga (qayta tirilishlari haqidagi) haqiqatni keltirdik. Ular esa hanuz yolg'onchidirlar.

91. Alloh farzand tutgan emas va U bilan birga biror iloh bo'lgan emasdir. Aks holda, albatta, har bir iloh o'zi yaratgan narsa bilan ketib, bir-biridan ustun bo'lib olur edilar (natijada Yeru osmon buzilib ketgan bo'lur edi). Alloh ular aytayotgan sifatlardan pokdir.

92. U maxfiy (sir) va oshkora (gap va ishlar)ni biluvchidir. Bas, keltirayotgan shirklaridan U oliy (pok)dir.

93. Ayting: "Ey, Rabbim, menga (kofirlarga) va'da qilinayotgan narsa (azob)ni, ko'rsatsangchi?!

94. Ey, Rabbim! (o'shanda) meni u zolimlar qavmi ichida qilmagin!"

95. Albatta, Biz ularga va'da qilayotgan narsa (azob)ni Sizga ko'rsatishga qodirdirmiz.

96. Siz (ular qilayotgan) yomonlikni go'zal (so'zlar) bilan daf eting! Biz ular sifatlayotgan narsani yaxshi biluvchidirmiz.

97. Ayting: "Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so'rayman.

98. Yana men Sendan ey, Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so'rayman".

99. Toki ulardan (mushriklardan) birortasiga o'lim kelganida: "Ey, Rabbim! Meni (yana hayotga) qaytaringlar.


Izoh: Bu yerdagi iltijoda Allohga ko'plik lafzini ishlatishlik Uni birdan ko'p deyish uchun emas, balki mubolag'a uchun ko'p marta "Alloh" lafzini aytish o'rnida ishlatishdir.

100. Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam", - der. Yo'q! (U aslo qaytarilmas). Bu haqiqatan u aytuvchisi bo'lgan so'zdir. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, (ikki dunyo o'rtasini to'sib turadigan) bir to'siq bordir.

Izoh: Bu dunyo bilan oxirat o'rtasini ajratib turadigan makon va zamon arab tilida "barzax" deyiladi.

101. Bas, qachonki, sur chalinganida (qiyomat boshlanganida,) ana o'sha kuni ularning o'rtalarida (hech qanday) nasablar qolmas va ular o'zaro savol-javob ham qila olmaslar.

102. Bas, kimning (yaxshilik) mezonlari og'ir kelsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.

103. Kimning mezonlari yengil bo'lsa, bas, ana o'shalar o'zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qoluvchidirlar.

104. Yuzlarini o't kuydirgach, ular u yerda badbashara bo'lib qoluvchidirlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 18:33:57



105. (Ularga): "Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilinar, sizlar esa ularni yolg'onga yo'ygan emasmidingizlar?!" (deyilganida),

106. ular deydilar: "Ey, Rabbimiz! Badbaxtligimiz bizlarga g'olib kelib, adashgan qavm bo'lib qolgan ekanmiz.

107. Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan dunyoga) chiqargin. Bas, agar yana (kufr va tug'yonga) qaytsak, u holda biz shaksiz (o'zimizga) zulm qiluvchidirmiz".

108. (Alloh) aytadi: "(Jahannamda) xor bo'lingiz va Menga so'z qotmangiz!

109. Darvoqe, Mening bandalarim ichida bir guruh bor edi. Ular: "Ey, Rabbimiz! (o'zingga) imon keltirdik. Bas, bizlarni mag'firat qilgin va bizlarga rahm ayla. Sen o'zing rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan", - der edilar.

110. Bas, sizlar ularni masxara qildingiz, hatto ular (bu kulish) sizlarga Meni eslashni unuttirdi. Sizlar ulardan kulgan edingiz.

111. Men bugun ularni sabr qilganlari sababli mukofotladim - ular haqiqatan yutuqqa erishuvchidirlar".

112. "Yerda yillar hisobi bo'yicha qancha turdingizlar?" - deydi (Alloh).

113. Ular aytadilar: "Bir kun yoki yarim kun. Sanab turuvchi (farishtalar)dan so'ragin!"

114. (Alloh) deydi: "Agar sizlar biladigan bo'lsangizlar, (dunyoda) juda oz turdingizlar.

115. Yoki sizlarning gumoningizcha, Biz sizlarni behuda yaratdigu, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysizlarmi?!"

116. Zotan, haqqoniy Podshoh - Alloh yuksakdir. Undan o'zga iloh yo'qdir va (U) ulug' Arshning rabbidir.

117. Kimki o'zida hech qanday hujjat bo'lmagan holda Alloh bilan birga boshqa (biror) "iloh"ga iltijo qilsa, bas, uning hisob-kitobi Parvardigorning huzuridadir. Albatta, kofir bo'lganlar najot topmaslar!

118. (Ey, Muhammad,) ayting: "Ey, Rabbim! (gunohlarimizni) mag'firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen (o'zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan!".

Qayd etilgan