HIJR SURASIHijr - Madina bilan Shom o'rtasidagi vodiy.
Surada payg'ambarlarga ishonmay, ularga muxoliflik qilgan ummatlarning halokati, Yeru osmon, quyosh, oy, shamol, suv kabi ne'matlarning hammasi inson xizmatida ekani, Odam (a.s.)ni loydan yasalganiga ta'na qilib, olovdan yaratilgan shaytonning unga sajda qilishdan bosh tortgani, Ibrohim, Lut, Shuayb, Solih (a.s.)larning qissalari va boshqa ma'lumotlar o'z ifodasini topgan.
1. Alif, Lom, Ro. Ushbu (oyat)lar Kitob va aniq Qur'onning oyatlaridir.
2. Kofir bo'lganlar hali (qiyomat kuni) musulmon bo'lishni istab qolurlar.
3. (Ey, Muhammad,) ularga qo'yib bering, yesinlar, foydalansinlar va orzular ularni mashg'ul qilaversin. Bas, yaqinda (qilmishlarining oqibatini) bilib olurlar.
4. Biror shahar (aholisi)ni uning uchun ma'lum muddat o'tmaguncha halok qilmaganmiz.
5. Biror ummat o'z ajalidan ilgari keta olmaydi va (undan) kechikmaydi ham.
6. Ular (Makka kofirlari Muhammadga) aytadilar: "Ey, zikr (Qur'on) nozil qilingan kishi, darhaqiqat, sen majnunsan.
7. Agar (da'voingda) rostgo'ylardan bo'lsang, bizga farishtalarni keltirgin-chi?!".Izoh: Ya'ni farishtalar kelib, payg'ambarligingga guvohlik bersinlar yoki bizni jazolasinlar.8. Biz esa farishtalarni faqat haq (hikmat) bilangina tushirurmiz va bu holda ular (kofirlar)ni kutib turilmas (halok qilinurlar).
9. Albatta, bu zikrni (ya'ni, Qur'onni) Biz O'zimiz nozil qildik va uni O'zimiz asraguvchimiz!
10. Biz Sizdan oldin, avvalgi toifalarga ham (payg'ambarlar) yuborganmiz.
11. Ular o'zlariga kelgan har bir payg'ambarni masxara qilmasdan qo'ymas edilar.
12. Shuningdek, uni (masxara qilish kasalligini) barcha jinoyatchilarning dillariga solib qo'yurmiz.
13. (Ular) unga (Qur'onga) imon keltirmaydilar. Holbuki, avvalgilarning yo'llari (tajribadan) o'tgan edi.
14. Bordiyu ularga osmondan bir darvoza ochib qo'ysag-u, undan (osmonga) ko'tarila boshlasalar ham,
15. "Shaksiz, bizlarning ko'zlarimiz bog'lanib qoldi, balki bizlar sehrlanib qolgan qavmdirmiz", - degan bo'lur edilar.