Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069509 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 63 B


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:42:10



76. Ular Sizni (bu) yerdan (Makkadan) chiqarib yuborish uchun qo'zg'atib yuborishlariga oz qoldi. U taqdirda o'zlari ham Sizdan keyin ozgina (muddat) tura olardilar, xolos (so'ngra, halok qilinur edilar).

77. (Bu) Sizdan ilgari yuborgan payg'ambarlarimizdan qolgan yo'ldir. Bizning yo'limiz uchun o'zgarish topmaysiz.

78. Quyosh og'ishidan to tun qorong'usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o'qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o'qish (farishtalar) hozir bo'ladigan (namoz)dir.


Izoh: Ushbu oyatdan besh vaqt farz namozning vaqtlarini anglab olish mumkin. Masalan, quyosh og'ishi bilan peshin namozi, soya ikki barobarga yetgach, asr namozining vaqti kiradi. Qorong'i tushishi bilan, ya'ni, quyosh botishi bilan shom, so'ng xuftan namozlarining vaqti kiradi. Tonggi o'qish esa - bomdod namozidir.

79. Tunda (bir qismida) uyg'onib o'zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o'qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa.

80. Yana aytingki: "Ey, Rabbim, meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o'z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin".

81. Yana ayting: "Haqiqat (ya'ni, Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil yo'qoluvchi (narsa)dir. "

82. (Biz) Qur'onda(n) mo'minlar uchun shifova rahmat bo'lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur.

83. Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo'lur.

84. Ayting: "Har kim o'z ravishiga qarab amal qilur. Rabbingiz kim to'g'ri yo'lda ekanini yaxshi biluvchidir".

85. (Ey, Muhammad,) Sizdan ruh haqida so'raydilar. Ayting: "Ruh faqat Rabbimning ishidandir". Sizlarga esa oz ilm berilgandir.


Izoh: Ruh to'g'risida, haqiqatan, inson oz ma'lumotga ega. Shu oz ma'lumotiga asoslanib bo'lsada, odamzot ruh to'g'risida ko'p asarlar bitgan. Lekin qancha urinmasin, bashariyat ruh kabi narsalarni bilishda Allohning ilmiga yaqin kela olmaydi.

86. Qasamki, agar hohlasak, albatta, Sizga qilgan vahiy (Qur'on)ni ketkazurmiz, so'ngra o'zingizga (Qur'onni qaytarib olish uchun) Bizga qarshi biror vakil (homiy) topa olmassiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:42:45



87. Illo Rabbingizning marhamati bilangina (Qur'onni qaytarib olishingiz mumkin). Darhaqiqat, Sizga Uning fazli kattadir.

88. Ayting: "Qasamki, agar insu jin ushbu Qur'onning o'xshashini keltirish uchun birlashib, bir-birlariga yordamchi bo'lsalar-da, uning mislini keltira olmaslar".

89. Aniqki, (Biz) ushbu Qur'onda odamlar uchun turli masal (ma'no)lardan bayon qildik. Lekin odamlarning ko'plari faqat inkornigina ixtiyor etdilar.

90. Aytdilar: "Toki bizlar uchun (mana shu) yerni yorib, bir buloq chiqarib bermasang, biz senga sira imon keltirmaymiz.

91. Yo sening xurmozor, uzumzor bog'ing bo'lib, uning o'rtasidan yorib anhorlar paydo qilmasang,

92. yoki o'zing da'vo qilganingdek, osmonni ustimizga parcha-parcha qilib tushirmaguningcha, yoki Alloh va farishtalarini oldimizga keltirmaguningcha,

93. yoki sening oltindan bir uying bo'lmagunicha (senga imon keltirmaymiz). Yana bizlarga o'qiydigan (biror) kitob tushirmas ekansan, (osmonga) ko'tarilishingga ham sira ishonmaymiz". Ayting(Ey, Muhammad): "Ey, Pok Parvardigoro, men faqat payg'ambar bo'lmish bir odam edim-ku!"

94. Odamlarga hidoyat kelgan paytda, faqat: "Alloh (farishtalarni emas, balki) odamzotni payg'ambar qilib yuboribdimi?!" - deyishlarigina ularni imon keltirishlaridan to'sdi.

95. Ayting: "Agar Yerda (odamlar emas) farishtalar maskan tutib yurganlarida edi, albatta, Biz ularga osmondan payg'ambar farishtani tushirgan bo'lur edik".

96. Ayting: "Men bilan sizlarning o'rtamizda Allohning o'zi yetarli guvohdir. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko'rib turuvchi zotdir".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:43:39



97. Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o'sha hidoyat topuvchidir. Kimni yo'ldan ozdirsa, bas, ular uchun Undan o'zga do'stlarni topa olmassiz, ularni Qiyomat kunida yuztuban hollarida ko'r, soqov, kar qilib tiriltirurmiz. Ularning borar joylari jahannamdir. Har qachon (jahannam olovi) susaysa, ularga olovni lovullatib yuborurmiz.

98. Bu - Bizning oyatlarimizga kofir bo'lganlari hamda: "Suyak va (chirik) murdalarga aylangan vaqtimizda, yangitdan yaralib, qayta tirilurmizmi?!" - deganlarining jazosidir.

99. Axir, ular (kofirlar) osmonlar va Yerni yaratgan zot ularning mislini ham yaratishga qodir ekanini ko'ra bilmadilarmi?! (Alloh) ular uchun, shubha yo'qki, bir muddatni belgilab qo'ygandir. Lekin zolimlar kufrdan boshqasiga ko'nmaydilar.

100. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Agar sizlar Rabbimning rahmat (rizq) xazinalariga ega bo'lsangizlar, o'shanda ham (uni) ishlatishdan qo'rqib, mumsiklik (baxillik) qilgan bo'lur edingizlar". (Chunki) inson zoti xasis bo'lur.

101. (Biz) Musoga to'qqizta aniq mo''jiza ato etdik. So'ng u (Fir'avn huzuriga) kelgan paytida, (unga): "Isroil avlodini (o'z yurtlari - Shomga qo'yib yuborishini, Fir'avndan) so'ragin", (deb buyurdik). Shunda Fir'avn unga: "Ey, Muso, haqiqatan, men seni sehrlangan, deb o'ylamoqdaman", - dedi.


Izoh: Muso (a. s.)ga ato etilgan to'qqiz mo''jiza to'g'risida har xil rivoyatlar mavjud. Bir rivoyatda ular -qo'llarining yog'dusi, asolari, to'fon, chigirtka, bit-burga, qurbaqalar, qon, tosh suvi, Tur tog'i deyilsa, boshqasida tosh, Tur o'rniga qahatchilik va mevasizlik deyiladi.

102. (Muso) dedi: "(Ey, Fir'avn,) sen anavi mo''jiza)larni faqat osmonlar va Yerning Parvardigori hujjat qilib nozil qilganini aniq bilursan. Hech shuhba yo'qqi, ey, Fir'avn, men seni halok qilinuvchi deb bilurman".

103. Shunda, (Fir'avn Muso va uning qavmini) u yerdan qo'zg'atmoqchi bo'lganida, Biz uni (Fir'avnni) va u bilan birga bo'lganlarning barchalarini (dengizga) g'arq qildik.

104. (Fir'avndan) so'ng, Isroil avlodiga: "Shu yer (Misr)ni maskan tutinglar. Endi qa chonki va'da qilingan oxirat kelganida, sizlarning barchalaringizni bir to'p qilib keltirurmiz", - dedik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:44:51



105. Biz uni (Qur'onni) haqiqat (hikmat) bilan nozil qildik va (u) haqiqat bilan nozil bo'ldi. (Ey, Muhammad,) Biz Sizni (mo'minlarga) faqat xushxabar beruvchi va (kofirlarni do'zax azobidan) ogohlantiruvchi qilib yubordik.

106. Qur'onni odamlarga bardosh bilan (asta) o'qib berishingiz uchun uni bo'laklarga bo'ldik va bo'lib-bo'lib nozil qildik.

107. Ayting: "(Ey, mushriklar,) xoh (unga) ishoningiz, xoh ishonmangiz, (hechqisi yo'q). Zotan, ilgari ilm (tavrot) berilgan kishilar (Qur'on) tilovat qilingan vaqtida, sajda qilgan hollarida iyak (yuz)lari bilan yiqilurlar. " (Sajda oyati. )

108. Shuningdek ular: "Rabbimizga tasbih aytamizki, beshak Rabbimizning ("Men so'nggi payg'ambarimni yuborurman va unga Qur'on nozil qilurman" degan) va'dasi ado etiluvchi va'dadir", - deydilar.

109. Ular, yig'lagan hollarida, yuzlari bilan yiqilurlar va (Qur'on) ularning kamtarliklarini ziyoda qilur.


Izoh: Hanafiyadan boshqa mazhablarda sajda.

110. (Ey, Muhammad,) ayting: "Alloh, deb chorlangiz yoki Rahmon deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, Uning go'zal ismlari bordir". (Ey, Muhammad,) Siz namozingizni juda jahriy (baland ovozda, oshkora) ham qilib yubormang (toki mushriklar eshitib, Qur'onni haqorat qilmasinlar) va o'ta maxfiy ham qilib yubormang (toki sahobalaringiz tinglab, foydalansinlar). Shularning (jahriylik bilan maxfiylik) o'rtasidagi yo'lni istang!

111. "Hamd farzand tutmagan, podshohligida sherigi yo'q, xorlikdan (qutqaruvchi) do'sti bo'lmagan (ya'ni, hech kimga muhtoj bo'lmaydigan) zot - Allohga xosdir", - deng va (ulug'lab) Unga takbir ayting!


KAHF SURASI


Kahf-g'or. Bu surada boshqa qissalar bilan bir qatorda ajib bir tarixiy voqea, "Ashobi kahf" voqeasi bayon etilgan. Unda tavhid, imon yo'lida zolim shoh zulmidan qochib borib, bir g'orga yashiringan fidoyi yigitlar to'g'risida gap ketadi. Surada Muso bilan Xizr (a. s.)larning ibratli qissalari va Zulqarnayn qissalari ham o'z ifodasini topgan. Shuningdek, boshqa suralardagi kabi ilohiy o'gitlar fasohatli oyatlar bilan bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (O'z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur'on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga - hamd! Uni (Qur'onni ma'no va mazmunda) qing'ir qilmadi,

2. (balki, u) to'g'ri (haq va rost)dir. Huzuridan (keluvchi) qattiq azob bilan ogohlantirish va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga yaxshi mukofot (jannat) xushxabarini berish,

3. (darvoqe, ular) u yer (jannat)da mangu qoluvchilardir;

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:46:49



4. shuningdek, "Allohning farzandi bor" deganlarni ogohlantirish uchun (Kitobni nozilqildi).

5. (Mushriklar,) zotan, uni (farzand mohiyatini) o'zlari ham, ota-bobolari ham bilmaslar. Og'izlaridan chiquvchi (bu) so'z og'irdir. (Ular) faqat yolg'onni so'zlayaptilar.

6. (Ey, Muhammad,) ular ushbu So'zga (Qur'onga) imon keltirmasalar, ehtimol, Siz ularning ortidan, afsuslik bilan o'zingizni halok qiluvchidirsiz?!

7. Albatta, Biz (odamlardan) qaysilari chiroyliroq amal qilishlarini sinamoq uchun Yer yuzidagi bor narsani unga ziynat qilib qo'ydik.

8. (Biz,) shubhasiz, uning (Yerning) ustini (bezaksiz) silliq va quruq qilib qo'yuvchi hamdirmiz.

9. Balki, Kahf (g'or) va Bitik (voqealari yozilgan tosh) egalarini Bizning mo''jizalarimizning eng ajoyibi, deb hisoblagandirsiz?

10. Qaysiki, yigitlar g'orga panoh istab borishib: "Ey, Rabbimiz! Bizlarga o'z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O'zing to'g'rilagin", - dedilar.

11. Bas, (o'sha) g'orda bir necha yil ularning "quloqlariga urib" (uxlatib) qo'ydik.

12. So'ngra (ularning ichidagi) ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini (to'g'ri) hisoblashlarini bilish (sinash) uchun ularni uyg'otdik.

13. (Ey, Muhammad,) Biz Sizga ularning xabarini haqiqatan aytib berurmiz. Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir.

14. Biz ularning dillari (imonlarini) quvvatlantirdik - o'shanda ular (zolim shoh qarshisida) turib dedilar: "Bizning Rabbimiz osmonlar va Yerning Parvardigoridir. Bizlar Undan o'zga "iloh"ga sira iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq so'zni aytgan bo'lurmiz.

15. Ana u qavmimiz esa Undan o'zgalarni "iloh" qilib oldilar. Koshki o'zlari uchun biror aniq hujjat keltirsalar ekan. Bas, Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?!"

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:47:38



16. "(Yigitlar!) Modomiki ulardan (mushriklardan) va Allohdan o'zga ular sig'inayotgan narsalardan yuz o'girgan ekansizlar, endi g'orga panoh izlab boringiz! Rabbingiz sizlarga O'z rahmatini keng qilur va ishlaringiz omadini berur".

17. Quyosh chiqishida ularning g'orlarining o'ng tarafidan o'tib ketganini, botishida esa ularning chap tomoni bo'ylab yiroqlashib ketganini, ular esa hamon uning keng bag'rida ekanlarini ko'rasiz. Bu ham Allohning mo''jizalaridan (biri)dir. Kimni Alloh hidoyat etsa, bas, o'shagina hidoyat topuvchidir. Kimni adashtirsa, bas, uning uchun To'g'ri yo'lga soluvchi do'st topa olmassiz.

18. Uxloq bo'lsalar-da, (ko'zlari ochiq bo'lgani uchun) sen ularni uyg'oq, deb o'ylaysan. Biz ularni (chirib ketmasligi uchun) o'ng tomon, so'l tomonga aylantirib turarmiz. Ularning iti esa old oyoqlarini ostonaga yozib yotur. Agar ularni ko'rib qolsang, dahshatga tushib, ulardan yuz o'girib qochgan bo'lur eding.

19. O'zaro savol-javob qilishlari uchun ularni ana shunday uyg'otdik. Ulardan biri dedi: "Qancha turdingiz?" Ular(ning ayrimlari): "Bir kun yo yarim kun", - dedilar. (Qolganlari esa): "Qancha (uxlab) turganingizni Rabbingiz bilur. Endi birortangizni shu pulingiz bilan shaharga jo'natingiz, u eng pokroq taomlarni qarab, sizlarga undan ozuqa olib kelsin. U lutf bilan ehtiyotkorona yursin va sizlarni birortaga sezdirib qo'ymasin.


Izoh: Bundan bir asr oldin Hindistonda chop etilgan va qorilarimiz qo'lida hozirgacha "Qori Qur'on" nomi bilan foydalanilib kelinayotgan Qur'on nusxalarida shu oyatdagi "valyatalattaf" kalimasi Qur'oni Karimning qoq o'rtasi sifatida belgilangan.

20. Chunki ular (shahar ahli) sizlardan ogoh bo'lib qolsalar, sizlarni toshbo'ron qilurlar yoki sizlarni o'z dinlariga qaytarurlar va u holda, sira najot topa olmaysizlar", - deyishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:48:46



21. Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va'dasi haq ekanini va qiyomatning (kelishi) shaksiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g'or yigitlaridan) xabardor qildik. O'shanda (ular vafot etishgach) o'zaro ularning ishlari haqida tortisha boshladilar. Bas, (ba'zi kishilar): "Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigorlari ularni yaxshi biluvchidir", - dedilar. Ularning ustida hukmron bo'lgan (imonli podshoh va saroy a'yonlari esa): "Albatta, biz ular (ya'ni, Ashobi Kahf qabri) uzra (g'or og'ziga) bir masjid qurib olurmiz", - deyishdi.

22. Hali ular (Muhammadga zamondosh yahudiy, nasoro va musulmonlarning ayrimlari o'sha Ashobi Kahf adadini): "Uchtadir, to'rtin chilari itlaridir", desalar, (boshqalari) "beshta bo'lib, oltinchilari itlaridir", deb g'aybga tosh oturlar (taxminan gap soturlar). Yana: "(Ular) yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir" ham deydilar. (Ey, Muhammad,) "Ularning sanog'ini Rabbim yaxshi biluvchidir. Ularni juda oz kishi bilur", deng. Bas, ular xususida faqat (vahiy asosida) ochiq munozara qiling va (Ashobi Kahf) haqida ularning birortasidan savol so'ramang!


Izoh: Ashobi Kahfning nomlari to'g'risida turli rivoyatlar mavjud. Madorik tafsirida Ali ibn Abi Tolib (r. a. )dan naql qilinishicha ularning nomlari - Yamlixo, Makshalino, Mashlino, Marnush, Dabarnush, Shoznush, Kashfittanus. Itlarining nomi Qitmir.

23. Biror narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko'rmang!

24. Illo, "Inshoalloh, (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so'zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya'ni, "inshoalloh", deng) va: "Shoyad Rabbim meni bundan ham yaqinroq To'g'ri yo'lga hidoyat etsa",deng!


Izoh: 23-24-oyatlar nozil bo'lishining sababi rivoyatlarga qaraganda, bir guruh yahudiy dindorlari kelib, Muhammad (a. s.) dan imtihon uchun "Ruh haqida, G'or voqeasi va Zulqarnayn" haqida so'rashgan. O'azrat: "Javobini sizlarga ertaga aytaman", - deganlar, lekin "Inshoalloh" demaganlari uchun. Alloh taolo o'z rasulini hushyorlikka chaqirib, bir necha kun vahiyni to'xtatib qo'ygan. Savollarga kechroq, vahiy tushgandan keyin javob qilganlar.

25. (Ular) g'orlarida uch yuz yil turdilar va yana to'qqiz (yil)ni ziyoda qildilar.

Izoh: Ya'ni, qamariy yil hisobi bilan to'la 300 yil, shamsiy-melodiy yilga hisob qilish uchun esa, yana 9 yil qo'shish kerakligi uqdirilmoqda.

26. (Ey, Muhammad,) ayting: "Ularning qancha turganlarini Alloh yaxshi biluvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari faqat Unga oiddir. U naqadar ko'ruvchi va eshituvchidir! Ular (odamlar) uchun Undan o'zga biror do'st yo'qdir. U (O'z) hukmida hech kimni sherik qilmas".

27. (Ey, Muhammad,) Sizga vahiy qilingan Rabbingizning Kitobi (Qur'on)ni tilovat qiling! Uning so'zlarini o'zgartiruvchi yo'qdir. Undan o'zga sira panoh topa olmassiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:49:26



28. Siz o'zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Dunyo hayoti ziynati uchun ulardan ko'zlaringiz chetlab o'tmasin! Va qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang!

29. Ayting: "(Bu Qur'on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo'lsin". Aniqki, Biz zolim (kofir)lar uchun alangalari ularni qamrab oladigan do'zaxni tayyorlab qo'yganmiz. Agar ular (tashnalikka chidamay) yalinsalar, eritilgan (dog'langan) yog' kabi yuzlarni kuydiruvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!

30. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz.

31. Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor bo'lib, ular u joyda oltin bilakuzuklar bilan beza nurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, so'rilarda suyanib o'tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go'zal joy u!

32. (Ey, Muhammad, kofirlarga) ikki kishi masalini keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog' qilib, u ikkisini xurmozor bilan o'ragan va o'rtasini ekinzor qilgan edik.

33. Har ikki bog' hosilini bekamu ko'st berar, ularning o'rtasidan bir anhor o'tkazgan edik. .

34. Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: "Mening boyligim senikidan ko'proq va odamlarim kuchliroq", - dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:50:06



35. O'ziga zulm qilgan holda, bog'iga kirayotib, aytdi: "Bu (bog'u boyligim) hech qachon yo'q bo'lmaydi.

36. Qiyomat ham qoyim bo'lmaydi, deb o'ylayman. Qasamki, agar Rabbimga (farazan) qaytarilsam, (qayta tirilsam), albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topurman".

37. Birodari unga murojaat qilib, dedi: "Seni (Odamni) tuproqdan, so'ng bir tomchi "suv"dan yaratib, so'ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo'ldingmi?!

38. Men esa: "U Alloh Rabbimdir" (deyman) va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman.

39. Sen bog'ingga kirganingda: "Alloh xohlagan narsagina (bo'lur), bor kuch-quvvat yolg'iz Alloh bilandir", deganingda edi! Bordiyu meni boylik va farzand jihatidan o'zingdan kamroq deb bilsang,

40. shoyadki, Rabbim menga sening bog'ingdan yaxshiroq (bog') ato etar, (sening bog'ingga esa) osmondan ofat yuborur, bas, u toyg'oq (tekis) yerga aylanib qolur.

41. Yoki uning suvi (yer qa'riga) singib ketib, sen uni istab topa olmay qolursan".

42. (Darhaqiqat), uning mevasi (bog'i) ihota (halok) qilindi. O'zi esa huvillab qolgan ishkomlarni (ko'rib) va ularga sarflangan narsalarni (o'ylab), chapak chalganicha (pushaymon qilib): "Qani edi, men ham Rabbimga hech kimni sherik qilmaganimda!" - deb qoldi.

43. Shuningdek, uning uchun Allohdan o'zga na bir yordam beradigan guruh bo'ldi va na o'zi (o'ziga) yordam bera oluvchi bo'ldi.

44. U joyda (Qiyomatda) madad faqat Haq - Alloh (izmi)dadir. U mukofoti yaxshi va oqibati xayrli zotdir.

45. (Ey, Muhammad, odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli yer o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir.


Izoh: Inson umrining bahori - yoshlik davri va kuzi - keksalik ayyomi ekani haqida masal berilmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Iyul 2008, 07:50:53



46. Mol-mulk, farzandlar dunyo hayotining ziynatidir. Rabbingiz nazdida esa, boqiy qoluvchi solih amallar savobliroq va orzu qilishga loyiqroqdir.

47. Tog'larni (bulutlardek) yurgizadigan va sizlar Yerni tep-tekis (tog'u, bog'larsiz) ko'radigan Kunni (Qiyomatni eslangiz)! (U Kunda Biz) ulardan birortasini qo'ymay yig'amiz.

48. Ular saf tortgan hollarida Rabbingizga ro'baro' qilinadilar (va Biz ularga ayturmiz): "Mana sizlarni ilk bor qanday yaratgan bo'lsak, shunday holda, (yalang'och holingizda) huzurimizga keldingiz. Balki sizlarga Biz va'da qilgan Kunni (Qiyomatni paydo) qila olmas, deb o'ylagandirsizlar?!"

49. (So'ng har bir kishining) nomai a'moli (o'z qo'liga) qo'yilur. Bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: "Holimizga voy! Bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab qo'yibdi", deyishlarini ko'rursiz. (Ular) qilgan (barcha) amallarini naqd holda topurlar. Rabbingiz hech kimga zulm qilmas.

50. Eslang, (Ey, Muhammad,) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo'yin sunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey, Odam bolalari,) Meni qo'yib, uni (iblisni) va zurriyotlarini do'st tutasizmi?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolimlar uchun (Allohning o'rniga) naqadar yomon "o'rinbosardir!"

51. Men ularni (iblis va uning zurriyotini) na osmonlar va Yerni yaratishga va na o'zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman, shuningdek, (bu) yo'ldan ozdiruvchilarni (O'zimga) dastyor qilib ham olganim yo'q.

52. U Kunda (Qiyomatda Alloh): "Sizlar Mening sheriklarim deb o'ylagan (butlaringizni) chaqiringiz", der. Bas, ularni chaqirganlarida, (ular) javob qilmaydilar. (Chunki) Biz ularning o'rtalarida halokat chohini (do'zaxni) paydo qilib qo'ygan bo'lamiz.

53. Gunohkorlar do'zaxni ko'rib, o'zlarining unga tushuvchi ekanlarini biladilar, ammo undan qochishga joy topmaydilar.

Qayd etilgan