62. Albatta, mo'minlar faqat Allohga va Uning payg'ambariga imon keltirgan zotlardir. Ular (payg'ambar) bilan biror umumiy ish ustida bo'lgan vaqtlarida - to undan izn so'ramagunlaricha - ketmaslar. Faqat Sizdan izn so'raydigan zotlar - aynan o'shalargina Alloh va Uning payg'ambariga imon keltiradigan zotlardir. Endi, qachonki, ular Sizdan ba'zi bir ishlari uchun izn so'rasalar, bas, ulardan xohlaganlaringizga izn bering va Allohdan ularga mag'firat so'rang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
63. (Ey, mo'minlar,) payg'ambarni chaqirishni o'rtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangizlar! Sizlardan berkingan hollarida (payg'ambar huzuridan) sug'urilib chiqib ketadigan kimsalarni Alloh yaxshi bilur. (Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!
64. Ogoh bo'lingizkim, osmonlar va Yerdagi bor narsalar, albatta, Allohnikidir! U sizlar nimada ekaningizni (mo'min yoki munofiqligingizni) ham, o'ziga qaytariladigan (qiyomat) kunini ham yaxshi bilur. Bas, ularni (o'shanda) qilib o'tgan ishlaridan xabardor qilur. Alloh barcha narsani biluvchidir.
FURQON SURASIFurqon - ajrim etuvchi. Ya'ni, haq bilan botilni, hidoyat bilan zalolatni ajrim qilib beruvchi ilohiy kitob. Undan murod Tavrot, Zabur, Injilning asl nusxalari va Qur'oni karim bo'lishi mumkin. Surada Islom aqidalariga oid masalalar, imon, islom, kufr, shirk va oxirat haqida muhim ma'lumotlar mavjud.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo'lishi uchun O'z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur'on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir.
2. U (yana) osmonlar va Yerning hukmronligiga ega, farzand tutmagan, podshohlikda sherigi bo'lmagan va barcha narsani yaratib, (aniq) o'lchovi bilan o'lchab qo'ygan zotdir.