Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069119 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 ... 63 B


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:39:05



19. Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar - aynan o'shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar va shahidlarning o'zidirlar. Ular uchun (oxiratda) mukofotlari va (yo'llarini yorituvchi) nurlari bo'lur. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ular do'zax egalaridir.

Izoh: Siddiqlar imonida sadoqatli kishilardir. Tasavvufda Siddiq payg'ambarlikdan keyingi yuqori maqom, valiylik. Bu maqomga birinchi bo'lib Abu Bakr Siddiq erishganlar. Siddiq - so'zida, niyatida, amalida va va'dasida sadoqatli kishidir.

20. Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o'yin, behudalik, ziynat, o'zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko'paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarqaygan holda ko'rursiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag'firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir.

21. (Ey, insonlar,) Rabbingiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo'lib, uni O'zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh Ulug' fazl sohibidir.

22. Xoh yerga va xoh o'zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir.

23. Toki, sizlar qo'llaringizdan ketgan narsaga qayqurmagaysizlar va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ketmagay sizlar. Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymas.

24. Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxillikka buyuradigan kimsalardir. Kim (baxillik qilib ehson qilishdan) yuz o'girsa, bas, albatta, Allohning O'zi behojat va hamdga loyiq zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2008, 02:39:50



25. Biz O'z payg'ambarlarimizni hujjat (mo''jiza)lar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon (tarozi) tushirdik. Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir. Alloh O'ziga va ayg'ambarlariga (Alloh yo'lida jihod qilish bilan) qoyibona yordam beradigan kishilarni bilish uchun ham (temirni yaratdi). Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir.

26. Biz Nuh va Ibrohimni payg'ambar qilib yubordik hamda payg'ambarlik va Kitobni (Tavrot, Injil, Zabur, va Qur'onni) ham ikkovining zurriyotlariga (ato) qildik. Bas, ularning orasida hidoyat topuvchi (kishilar) ham bor, (ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar.

27. So'ngra ularning izlaridan ketma-ket payg'ambarlarimizni yubordik va Iso ibn Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil ato etdik hamda unga ergashgan zotlarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o'zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo'q, lekin ular o'zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so'ng unga to'la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan imon keltirgan zotlarga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (itoatsiz)dirlar.

28. Ey, (Isoga) imon keltirgan zotlar, Allohdan qo'rqinglar va Uning payg'ambari (Muhammad)ga ham imon keltiringlar, (shunda) U zot sizlarga O'z rahmatidan ikki barobar ato etur va sizlarga (Qiyomatda yorituvchi) nur (paydo) qilur hamda sizlarni mag'firat qilur. Alloh mag'firatli va rahmlidir.

29. Ahli kitoblar o'zlari Allohning fazlidan biror narsaga (etishga) qodir bo'la olmasliklarini va fazl Allohning "qo'li"da bo'lib, uni faqat O'zi xohlagan kishilarga ato etishini bilishlari uchun (Alloh shunday qildi). Alloh ulug fazl sohibidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:42:24

YIGIRMA SAKKIZINCHI JUZ’
*************************




MUJODALA SURASI

Mujodala - bahslashish, janjallashish.

Eri bilan janjallashib kelgan Havla ismli ayolning Rasulullohga shikoyat qilib kelishi tasvirlangan bu surada imon, e'tiqod va ezgu ishlarga da'vat, kufr, shirk, zulm kabi razil sifatlardan nafrat qilishga chaqiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) Alloh Siz bilan o'z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so'zini eshitdi. Alloh sizlarning so'zlashuvlaringizni eshitur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir.

Izoh: Sahobiy Avs ibn Somitning xotini Havla bint Sa'laba Payg'ambar (a. s.)ga kelib, eri "zihor" qilganini aytadi. Zihor o'z xotiniga: "Sen menga onamning qorni yoki badani kabisan" deyishidir. Bu bilan taloq tushgan hisoblanar edi. Lekin bu to'g'rida shar'iy hukm hali nozil bo'lmagan edi. Payg'ambar (a. s.) taloq tushganligini aytganlarida, ayolga bu ma'qul bo'lmaydi. Shu asnoda yangi oyat nozil bo'lib taloq tushmasligi, lekin jarimasiga bir qul ozod qilish vojibligi bildiriladi.
 
2. Oralaringizdagi o'z xotinlarini "zihor" qiladigan kimsalar uchun ular (xotinlari) onalari emasdirlar. Ularning (chin) onalari ularni tuqqan (ayol)lardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg'on so'z ayturlar. (Lekin) Alloh afv etuvchi va mag'firat qiluvchidir.

3. O'z xotinlarini "zihor" qilib, so'ngra aytgan so'zlaridan qaytadigan kimsalar (zimmasida) qo'shilishlaridan ilgari bir qul ozod qilish bordir. Bu sizlarga qilinadigan nasihatdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

4. Bas, kimki (qul) topa olmasa, qo'shilishlaridan ilgari (zimmasida) paydar-pay ikki oy ro'za tutish bordir. Bas, kim (ro'za tutishga) qodir bo'lmasa, (uning zimmasida) oltmishta miskinga taom berish bordir. Bu (hukmlar) sizlar Alloh va uning payg'ambariga imon keltirishlaringiz uchundir. Bular Allohning (belgilab qo'ygan) chegaralaridir. (Bu qonunlarni inkor etuvchi) kofirlar uchun esa alamli azob bordir.

5. Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qiluvchi kimsalar xuddi o'zlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinurlar. Darvoqe, Biz aniq oyatlarni nozil qildik. (Ularni inkor etuvchi) kofirlarga xor qiluvchi azob bordir.

6. (O'sha) Kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab qo'ygan. Ular esa unutib yuborganlar. Alloh barcha narsaga guvohdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:43:11



7. Alloh osmonlardagi va Yerdagi bor narsani bilishini ko'rmadingizmi?! Uch kishining o'zaro shivirlashlari bo'lsa, albatta, ularning to'rtinchisi Udir, besh kishining ham, albatta, oltinchisi Udir. Bundan oz bo'ladimi yo ko'p bo'ladimi, qayerda bo'lsalar ham, albatta, U ular bilan birgadir. So'ngra qiyomat kuni ularga qilgan amallarining xabarini berur. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir.

8. (Ey, Muhammad,) o'zaro shivirlashishdan qaytarilganlaridan so'ng yana taqiqlangan narsaga qaytadigan hamda gunoh, adovat va payg'ambarga itoatsizlik qilish to'g'risida o'zaro shivirlashadigan kimsalarni ko'rmadingizmi?! Qachonki, ular Sizning oldingizga kelsalar, Alloh Sizga o'sha (so'z) bilan salom bermagan ibora bilan Sizga salom berurlar. Yana o'zlaricha: "Aytayotgan so'zimiz sababli Alloh bizlarni azoblamasa edi?!" - derlar. Ularga o'zlari toblanadigan jahannam bas kelur. Naqadar yomon taqdir bu!


Izoh: Munofiqlar Rasulullohga duch kelib qolsalar, "Assomu alaykum", ya'ni, "Sizga o'lim bo'lsin", - der edilar. Vaholanki, ularning qora niyati Allohga va Rasuliga ma'lum edi.

9. Ey, mo'minlar, sizlar o'zaro shivirlashib gaplashganlaringizda gunoh, adovat va payg'ambarga itoatsizlik qilish to'g'risida shivirlashmanglar, (balki) yaxshilik va taqvo haqida shivirlashinglar hamda sizlar huzuriga to'planadigan zot - Allohdan qo'rqinglar!

10. O'zaro shivirlashish faqat shayton tomonidan bo'lib, imon keltirgan zotlarni g'amgin qilish uchundir. (Lekin) u Allohning iznisiz ularga zarar yetkaza oluvchi emasdir. Bas, mo'minlar Allohgagina tavakkul qilsinlar!

11. Ey, mo'minlar, qachonki, sizlarga (suh batlarda): "joy beringiz", - deyilsa, darhol joy beringiz, Alloh sizlarga ham (xohlagan yeringizdan) joy berur. Yana, qachonki, "turingiz" deyilsa, darhol turinglar, Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:43:54


 
12. Ey, imon keltirganlar, qachonki, sizlar Payg'ambar bilan suhbatlashishni istasangizlar, suhbatlaringiz oldidan (kambag'al va miskinlarga) sadaqa taqdim etinglar. Bu o'zlaringiz uchun yaxshiroq va (xatolaringizni) poklovchiroqdir. Bas, agar (sadaqaga narsa) topa olmasangizlar, u holda, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

13. Suhbatlaringiz oldidan sadaqalar taqdim etishdan (kambag'al bo'lib qolamiz deb) qo'rqdingizlarmi? Bas, sizlar (sadaqa) qilmasalaringiz ham Alloh tavbalaringizni qabul qilgan ekan, endi namozni mukammal ado etingizlar va zakot beringizlar hamda Alloh va uning Payg'ambariga itoat etingizlar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

14. (Ey, Muhammad,) Allohning g'azabiga uchragan qavmni (yahudiylarni) do'st tutgan (munofiq)larni ko'rmaysizmi?! U (munofiq)lar sizlardan (musulmonlardan) ham, ulardan (yahudiylardan) ham emasdirlar. Yana ular bilib turib, ("Biz musulmonmiz" deb) qasam ham ichurlar.

15. Alloh ular uchun ashaddiy azobni tayyorlab qo'ygandir. Darhaqiqat, ularning qilgan ishlari naqadar yomondir!

16. Ular o'zlarining (yolg'on) qasamlarini qalqon qilib olishib, (odamlarni) Allohning yo'lidan to'sdilar. Bas, ular uchun xor qiluvchi azob bordir.

17. Ularning mollari ham, bolalari ham Alloh tomonidan (bo'ladigan) narsani (azobni) ulardan daf qila olmas. Ular do'zax ahlidirlar. Ular o'sha joyda mangu qoluvchidirlar.

18. U Kunda (Qiyomatda) Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirganda, ular xuddi sizlarga qasam ichayotganlaridek, U zotga ham qasam ichurlar va o'zlariga (qasamlari sababli) biror narsa (foyda) bo'ladi deb hisoblaydilar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, ular ayni yolg'onchilardir!

19. Ularni shayton egallab olib, ularga Alloh zikrini unuttirdi. Ana o'shalar shayton hizbi (guruhi)dirlar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, shayton hizbi ziyon ko'ruvchilardir!

20. Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qilganlar, aynan, o'shalar eng xor kimsalar ichida bo'lurlar.

21. Alloh (Lavhul-Mahfuzda): "Albatta, Men O'z payg'ambarlarim bilan birga g'olib bo'lurman", - deb yozib qo'ygandir. Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:45:02


 
22. Allohga va oxirat kuniga imon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qiluvchilar bilan - garchi ular o'zlarining otalari, yoki o'g'illari, yoki og'a-inilari, yoki qarindoshlari bo'lsalar-da - do'stlashayotganlarini topmassiz. Aynan o'shalarning dillariga (Alloh) imonni bitib qo'ygandir va ularni o'z (tomon)idan bo'lmish ruh bilan quvvatlantirgandir. U ularni ostidan anhorlar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo'lur va ular ham (Allohdan) rozi bo'lurlar. Aynan o'shalar Allohning hizbidirlar. Ogoh bo'lingizkim, albatta, Allohning hizbigina najot topuvchilardir!


HASHR SURASI.


Hashr - to'plab surgun qilish.

Surada Madinadagi Banu Nazir ismli yahudiylar qabilasining yovuz kirdikorlari tufayli yurtlaridan surgun qilinishlari to'g'risida ma'lumotlar bor. Shuningdek, unda mo'minlar va munofiqlar, yaxshilar va yomonlarning ta'rif va tavsiflari ifoda etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. U ahli kitoblardan (yahudiylardan) kofir bo'lgan kimsalarni birinchi "to'plash"dayoq o'z diyorlaridan haydab chiqargan zotdir. (Ey, mo'minlar,) sizlar ularni chiqib ketishlarini o'ylagan ham emas edingiz, ular ham o'zlarining qal'alarini Alloh (azobi)dan to'suvchi deb o'ylagan edilar. Bas, Alloh(ning azobi) ular hisobga olmagan tomondan keldi va dillariga qo'rqinch soldi. Ular uylarini o'z qo'llari va mo'min-larning qo'llari bilan buzar edilar. Bas, ey, aql egalari, (ulardan) ibrat olingiz!


Izoh: Qamalda qolgan Banu Nazir qabilasi kishilari ikkinchi bor sulh tuzishni taklif qiladilar, lekin Rasululloh bir marta sulhga xiyonat qilgan bu qabila bilan sulh tuzishdan bosh tortadilar va narsalarini olib yurtdan chiqib ketishlarini talab qiladilar. Talab amalga oshadi.

3. Agar Alloh ularga surgunni yozmaganida, albatta, ularni mana shu dunyoda (qatl qilish yoki asrga olish bilan) azoblagan bo'lur edik. Ular uchun oxiratda do'zax azobi ham bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:46:20



4. Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg'ambariga qarshi turganlaridir. Kimki Allhga qarshi tursa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir.

5. (Ey, imon keltirganlar,) sizlar (Banu Nazir xurmozorlaridan) biror xurmo daraxtini kesdinglarmi yoki uni o'z tanalarida turgan holida qoldirdinglarmi, bas, (qilingan ish) Allohning izni bilan va fosiq (itoatsiz) kimsalarni rasvo qilish uchundir.

6. Alloh O'z Payg'ambariga ulardan o'lja qilib bergan narsalar ustiga sizlar ot va tuyalarni minib borganlaringiz yo'q (qiynalib qo'lga kiritganlaringiz yo'q), lekin Alloh O'z payg' ambarlarini O'zi xohlagan kimsalardan ustun qilib qo'yar. Alloh har narsaga qodirdir.

7. Alloh qishloq (shahar)larning (kofir) aholisidan o'z payg'ambariga o'lja qilib bergan narsalar - toki sizlardan boy-badavlat kishilar o'rtasidagina qo'lma-qo'l bo'lib yuraveradigan narsa bo'lib qolmasligi uchun - Allohga, Payg'ambarga va (u zotning) qarindoshlari, yetimlar, miskinlar va musofirlarga tegishlidir. Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olinglar, u sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh jazosi qattiq zotdir.

8. (U o'ljalar yana) o'z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar - kambag'al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaganlar hamda Alloh va Uning payqambariga yordam berganlar. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar.

9. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o'zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suyurlar va dillarida ularga berilgan narsa (o'ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda o'zgalarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.


Izoh: Bu oyati karimada madinalik musulmonlar qanchalik oliyjanob muruvvatli va saxiy ekanlari ta'rif etilgan. O'zlari muhtoj bo'laturib, narsalarini o'zga muhtojlarga ehson qilish bu saxovat va karamning eng yuqori cho'qqisidir. Bu xislat arab tilida "iysor" deyiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:47:11



10. Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: "Ey, Rab bimiz, O'zing bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat qilgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz, albatta, Sen mehribon va rahmlidirsan!"

11. (Ey, Muhammad,) munofiq kimsalar o'zlarining ahli kitoblaridan (yahudiylardan) bo'lmish kofir birodarlariga: "Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangizlar, albatta, bizlar ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi harakat)da hech qachon hech kimga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta, bizlar sizlarga yordam berurmiz",- dyishlarini ko'rmaysizmi? Alloh guvohlik berurki, ular, albatta, yolg'onchidirlar.

12. Qasamki, agar (yahudiylar o'z diyorlaridan) quvib chiqarilsalar, (munofiqlar) ular bilan birga chiqib ketmaslar. Qasamki, agar (yahudiylarga qarshi) jang qilinsa, (munofiqlar) ularga yordam ham bermaslar. Mabodo yordam bersalar ham, albatta, yahudiylar (mag'lub bo'lib) ortlariga qarab qochurlar va keyin ularga yordam berilmas.

13. (Ey, mo'minlar,) sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko'ra qo'rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular (Allohning qudratini) anglamaydigan qavm ekanliklaridir.

14. Ular (munofiq va yahudiylar) hammasi sizlar bilan faqat qal'ali qishloqlar (ichida berkinib) yoki devorlar ortidagina jang qila olurlar. Ular o'z o'rtalarida "kuchli"dirlar. (So'zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.

15. (Ular) xuddi o'zlaridan ozgina oldin o'tgan, o'z qilmishlarining uvoliga qolgan kimsalarning (Badr jangida yengilgan mushriklarning) o'xshashidirlar. Ularga (oxiratda ham) alamli azob bordir.

16. (Ular) xuddi shaytonning o'xshashidirlar. Qaysiki, u insonga: "Kofir bo'l", - deydi. Bas, qachonki, (inson) kofir bo'lgach, (shayton unga): "Men sendan bezorman. Zero, men (barcha) olamlar Parvardigori - Allohdan qo'rqarman", - deydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:47:55


 
17. Bas, ikkisining (shayton va kofirning) oqibati do'zaxga kirib, unda mangu qolishlari bo'ldi. Zolim kimsalarning jazosi shudir.

18. Ey, imon keltirganlar, Allohdan qo'rqinglar va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (Qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

19. Sizlar Allohni unutib qo'yganlar, bas, (shundan keyin Alloh) ularga o'zlarini ham unutdirib qo'ygan kimsalar kabi bo'lmangiz! Ana o'shalar fosiq (itoatsiz) kimsalardir.

20. Do'zax ahli bilan jannat ahli barobar bo'lmas. Jannat ahli yutuqqa erishgan zotlardir.

21. Agar Biz ushbu Qur'onni biror tog' uzra nozil qilganimizda edi, albatta, u (tog')ni Allohning qo'rquvidan bo'yin sungan va yorilib ketgan holida ko'rgan bo'lur edingiz. Biz bu misollarni odamlarga zora ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz.

22. U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) yashirin va oshkora narsalarni biluvchidir. U mehribon va rahmlidir.

23. U - Alloh, shunday zotdirki, Undan o'zga iloh yo'qdir. (U) podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) pok, (bandalariga) omonlik beruvchi, kuzatib turuvchi, qudrat sohibi, bo'yin sundiruvchi va kibr egasidir. Alloh ularning (mushriklarning) shirklaridan pokdir.

24. U - Alloh, yaratuvchi, (yo'qdan) bor qiluvchi, (barcha narsaga) surat (va shakl) beruvchidir. Uning go'zal ismlari bordir. Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 07:48:56



MUMTAHANA SURASI

Mumtahana - imtihon qilinuvchi ayol.

Surada mushriklardan qochib Madinaga hijrat qilib keluvchi ba'zi ayollarni haqiqiy mo'mina ekanligini sinab ko'rish lozimligi, musulmonlarga qarshi urushmayotgan, quvg'in qilmayotgan g'ayri dinlar bilan yaxshi muomalada bo'lish joizligi kabi tavsiyalar mavjud.

 Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey, imon keltirganlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmaningiz bo'lmish mushriklarni do'st tutmangizlar! Sizlar ularga do'stlik (haqida xabar) yuborursizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur'on)ni inkor etgandirlar. (Ya'ni,) ular payg'ambarning va sizlarning Rabbingiz bo'lmish Allohga imon keltirganlaringiz sababli (o'z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar. Agar sizlar Mening yo'limda jihod qilish uchun va Mening roziligimni istab chiqqan bo'lsangizlar (ularni do'st tutmangizlar)! Sizlar ularga pinhona do'stlik qilmoqdasizlar. Holbuki, Men sizlar yashirgan va oshkor qilgan narsani yaxshi biluvchidirman. Sizlardan kimki shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to'g'ri yo'ldan ozibdi.

Izoh: Payg'ambar (a. s.)ga xiyonat qilib Makka zodagonlariga yashirincha xat yozgan Xotib ibn Baltaa uzr aytganda, uzrini qabul etganlar. Lekin bu ish boshqalarga ibrat bo'lishi uchun oyatda ogohlantirilmoqda.

2. (Ey, mo'minlar,) agar ular (mushriklar) sizlardan ustun kelsalar, dushmanlaringiz bo'lurlar va sizlarga qo'l va tillarini yomonlik bilan cho'zurlar. Yana ular sizlarni kofir bo'lishlaringizni istarlar.

3. (Qiyomat kunida) sizlarga qarindoshlaringiz ham, farzandlaringiz ham sira foyda bermas! Qiyomat kuni (Alloh) o'rtalaringizni ajratib qo'yar. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.

4. Sizlar uchun Ibrohim va u bilan birga bo'lgan kishilarda go'zal namuna bordir. Qaysiki, ular o'z qavmlariga: "Bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo'yib ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor etdik. Toki, sizlar yolg'iz Allohga imon keltirmagunlaringacha, sizlar bilan bizning o'rtamizda mangu adovat va nafrat paydo bo'ldi", - dedilar. Faqat Ibrohimning o'z otasiga: "Albatta, men (Allohdan) sen uchun mag'firat so'rayman, (lekin) senga Alloh tomonidan bo'ladigan biror narsani (azobni) qaytarishga molik emasman", - degan so'zi bundan mustasnodir. (Ibrohim va birga bo'lgan mo'minlar duosi bu edi): "Ey, Rabbimiz, Sengagina tavakkul qildik, O'zingga qaytdik va qaytishimiz ham faqat sening huzuringgadir.

5. Ey, Rabbimiz, Bizni kofir bo'lgan kimsalarga aldanuvchi qilib qo'ymagin, bizni mag'firat etgin! Ey, Rabbimiz, albatta, Sen O'zing qudrat va hikmat sohibidirsan."

Qayd etilgan