Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 1069453 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 63 B


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:41:55



10. va dillardagi sirlar oshkor qilinganida -

11. ana o'sha Kunda, albatta, Parvardigorlari ulardan (qilib o'tgan ishlaridan) xabardor-ku!


QORIA SURASI


Qoria - zarba beruvchi, ya'ni, qiyomat shiddati. Demak, sura qiyomat kuni nomlarining biri bilan ataladi.

Unda mahshargohdagi odamlarning parvonalardek to'zib yurishlari, tog’u toshlar shunchalik og’ir jismlar bo'lishiga qaramay Allohning amri bilan to'zigan yung kabi to'zonga aylanishi kabi qiyomat hodisasi tasvirlanadi. Ana o'sha kuni kimning amal tarozisi og’ir kelsa - baxtli, yengil kelsa - baxtsiz bo'lishi va otashi do'zaxga mahkum etilishi ta'kidlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (U) zarba beruvchi (qiyomat)dir.

2. Zarba beruvchi nedur?!

3. (Ey, inson,) zarba beruvchi nima ekanini senga ne ham anglatur?!

4. U Kuni odamlar to'zitib yuborilgan parvonalar kabi bo'lurlar.

5. Tog’lar esa titilgan yung kabi (havoda uchib yuradigan) bo'lur.

6. Bas, endi (o'sha kuni) kimning tortilgan (yaxshi amallari) og’ir kelsa,

7. ana o'sha qoniqarli maishatda bo'lur.

8. Ammo, kimning tortilgan (yaxshi amallari) yengil kelsa,

9. uning joyi "jarlik"dir.

10. Uning nima ekanini Sizga ne ham anglatur?!

11. (U) (do'zaxdagi) lovullab yonuvchi olovdir.


TAKOSUR SURASI

   
Takosur - to'plab ko'paytirish ishtiyoqida bo'lmoq demakdir.

Surada mol-dunyo to'plash harakati bilan ovora bo'lib, Allohni yod etish va Uning buyruqlarini bajarishga vaqt topolmay qolgan dunyoparast kishilar qoralanadi. Lekin ular haqiqatni bilib, chuqur idrok etganlarida bunday qilmasliklari, dunyoparastlik oqibatini esa yaqinda, ya'ni, hayotdan ko'z yumgach hamda oxiratdagi jazoni muqarar ekanini bilganlaridan keyingina anglashlari, shuningdek, o'sha kuni ato etilgan ne'matlardan hisobot olinishi to'g’risida ogohlantiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, insonlar,) sizlarni (mol-dunyo) ko'paytirish (Allohga ibodat qilishdan) mashg’ul qildi.

2. Hatto maqbaralaringiz (ko'pligi bilan faxrlanish)gacha bordingiz.

3. Yo'q! Yaqinda (buni oqibatini) bilursizlar.

4.  Yana bir bor yo'qki, yaqinda bilursizlar!

5.  Yo'q! Agar (dunyoparastlik oqibatini) aniq ilm bilan bilganingizda edi (uni do'st tutmas edingiz).

6. Qasamki, albatta, sizlar do'zaxni ko'rasizlar!

7. Yana bir bor qasamki, sizlar uni ayni ishonch bilan ko'rasizlar!

8. So'ngra ana o'sha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne'matlar to'g’risida so'roq qilinursizlar!

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:52:37



ASR SURASI
   
Asr bilan Alloh taolo qasamyod etib, surada bayon etilgan to'rt xislatdan mahrumlikda yashagan insonning butun umri ziyonkorlik va baxtsizlikda o'tgan deb hisoblanishini ta'kidlaydi. U to'rt xislat-imon, solih amal, haqiqatparvar va sabrli bo'lishga bir-birini targ’ib etishdir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Asrga qasamki,

Izoh: Asr so'zi arab tilida bir necha mazmunga dalolat qiladi. Jumladan, asr namozi, har yuz yillik muddat, Payg’ambarimiz yashagan asr, siqib suvini chiqarish kabi ma'nolarni o'z ichiga oladi. Surada zikr etilgan asr so'zidan murod asr namozi yoxud asri saodat, ya'ni, Rasululloh yashagan asr maqsad qilingan bo'lishi mumkin. Vallohu a'lam.

2. (har bir) inson ziyon (baxtsizlik)dadir!

3. Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga Haq (yo'li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo'lishni tavsiya etgan zotlargina (bundan ustasnodirlar).


HUMAZA SURASI


Humaza - birovning ortidan imo ishoralar bilan g'iybat qiluvchi shaxsdir. Surada dunyoparastlikka o'ta berilib, faqat boylikka suyanuvchi, o'zgalarni pisand qilmay ustilaridan kuluvchi kufrga ketgan shaxslar qoralanib, ularning oxirati achinarli ekani uqtiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Kishilar ortidan) g'iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har kimsaning holiga voy!

2. Qaysiki, u mol-dunyoni yig'ib, uni sanagani-sanagan

3. va moli (boyligi) uni abadiy qoldiradi deb o'ylab yurgan kimsadir.

4. Yo'q! Qasamki, albatta, u Hutamaga tashlanur!

5. (Ey, inson,) Hutama nima ekanligini senga ne ham anglatur?!

6.(U) yoqib qo'yilgan Allohning bir olovidirki,

7. (u badanlarni teshib o'tib) yuraklarga qadar yetur.

8. Albatta, u (olov) ularni qamrab oluvchidir.

9. (O'zlari) uzun ustunlarda (zanjirband) bo'lurlar.


FIL SURASI

   
Fil - ma'lum hayvon.

Surada Payg'ambarimiz tavallud topgan yili ro'y bergan tarixiy va ibratli voqea qisqacha bayon etilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) Rabbingiz fil egalarini ne qilganini ko'rmadingizmi?

2. (U) ularning makrlarini chalg'itib qo'ymadimi?!

3. Ularning ustiga to'da-to'da qushlarni yubordi.

4. (Ular) sopol toshlar bilan ularni otar edi.

5. (Shunday qilib) ularni yeb (chaynab) tashlangan somondek qilib tashladi.


Izoh: Fil voqeasining qisqacha bayoni shunday iboratki, milodiy 570 yili Yaman hokimi Abraha o'zi kofir-mushrik bo'lgani yetmagandek, Makkadagi Ka'bani ziyorat qilinishiga hasad qilib, Yamanda bir ziyoratgoh qurdirgan va odamlarni uni ziyorat qilishga undagan. Bir guruh ziyoratchilar kelib, uning ichiga turli axlatlar tashlab, iflos bir holga keltirib ketishgan. Buni ko'rgan Abraha darg'azab bo'lib o'z qo'shini oldiga fili dammon, ya'ni imoratlarni buzishda foydalaniladigan filni solib yo'lga tushadi. Ka'baga yaqin qolganda Alloh taolo ular ustiga bir gala qushlarni yuboradi. Ularning har biri tumshug'iga qizitilgan tosh bilan Abraha qo'shinlari ustiga yopirilib kelib tosh yog’diradilar. Shu tariqa ularning hammasi yer bilan yakson bo'ladi. Bu yilning nomini Omul-fil - Fil yili deb nomlangan. Muhammad (a. s.) shu yili tavallud topganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:56:15



QURAYSH SURASI
   
Quraysh - Makkadagi o'n ikki qabilalarning biri. Muhammad (a.s.) shu qabilaga mansubdirlar. Surada Alloh taolo Quraysh ahliga O'zi ato etgan ne'matlarni eslatib, ularning shukronasi uchun Baytulloh egasiga ibodat qilishga buyuradi. 

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Quraysh (aholisi)ga qulay qilib qo'ygani uchun,

2. ya'ni ularga qishda (Yamanga) va yozda (Shomga) safar qilishni qulay qilib qo'ygani uchun

3. mana shu Uy(Ka'ba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar!

4. Zero, (U) ularni ochlikdan (qutqarib) taomlantirdi va xavf (va xatar)dan xotirjam qildi.


Izoh: Surada Yamanga qishda, Shomga yozda safar qilish haqida aytildi. Makka ahli yozning issiq kunlari Yaman diyorlari o'ta qizib ketishini bilib, bu faslda salqinroq Shom diyoriga tijorat safarini uyushtirar, qishda kunlar biroz soviganda esa Yaman diyoriga safar qilar edilar.


MO'UN SURASI
   
Mo'un - ro'zg'or buyumlari va anjomlari.

Surada imonsiz bandalarning razil sifatlaridan ba'zilari sanab o'tiladi. Jumladan, oxirat jazosini inkor etish, yetim holidan xabar olmaslik, namozni unutish, riyokorlik qilish va ro'zg'or buyumlarini qizg'anish kabi nuqsonlar ibrat uchun bayon etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Dinni (oxirat jazosini) inkor etadigan kimsani ko'rdingizmi?!

2. Bas, u yetimni jerkiydigan

3. va miskin (bechora)ga taom berishga targ'ib qilmaydigan kimsadir. Izoh: Bu sifat egalari Makkaning ashaddiy kofirlaridir. Os ibn Voil, Valid ibn Mug'ira kabilardir. Oyat ular sha'niga doir bo'lsa-da, uning hukmi umumiy bo'lib, har bir momin-musulmon bu kabi salbiy xususiyatlardan xoli bo'lishiga harakat qilish zarurdir.

4. Bas, shunday namozxonlar holiga voyki,

5. ular namozlarini "unutib" qo'yadilar,

6. riyokorlik qiladilar

7. va ro'zg'or buyumlarini (kishilardan) man etadilar.


KAVSAR SURASI

   
Kavsar - Muhammad (a. s.)ga atab yaratilgan jannatdagi bir ajib daryo yoki hovuzning nomi. Uning suvi asaldan totli, qor va sutdan oq. Undan ichgan kishi abadiy chanqoqlik ko'rmaydi. Surada Payg'ambar (a. s.)ga O'zi ato etgan "Havzi Kavsar" ne'mati shukronasi sifatida namoz o'qish va qurbonlik qilishni Alloh taolo Muhammad (a. s.)dan talab etadi. Shuningdek, hasadchi dushmanlar esa bu kabi ne'matlardan mahrum ekanliklari eslatiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik.

Izoh: Kavsar so'zining daryo va hovuzdan boshqa ma'nolari ham mavjud ekanligi tafsirlarda bayon etilgan. Masalan, Kavsar - bu kasir so'zining mubolag'a siyqasi, ya'ni juda ko'p (yaxshi) narsalar, yaxshiliklarni ato etdik, degan ma'noni ham anglatadi.

2.  Bas, Rabbingiz uchun namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling!

3. Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir.


Izoh: Sura oxirida Payg'ambar dushmanlarini ta'riflab Alloh taolo ular - abtar, deydi. Abtar so'zining ham bir necha tafsirlari mavjud. Masalan abtar - barcha yaxshiliklardan mahrum; nomi o'chadigan; nasl-nasabi quriydigan; sulolasi qirqilgan va hokazo. Payg'ambar (a. s.)ga nisbatan mushriklar bu so'zni qo'llab, undan o'g'il farzand qolmadi, demak uning nomi ham, zurriyoti ham qirqildi, deb ta'na qilganlarida, Alloh taolo shu qisqa sura orqali ularga raddiya berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 09:58:33



KOFIRUN SURASI

Kofirun - kofirlar demakdir

Surada Payg'ambar (a. s.)ning Makkada yashagan davrlari, islomiy da'vatlarining dastlabki yillarida mushriklar Islom diniga kirishdan qochib, turli hiylalar ishlatishga o'tdilar. Shulardan biri Payg'ambar (a. s.) bilan kelishib olish. Ya'ni, ular islom dini ta'limotiga binoan Allohga ibodat qilishga bir shart bilan rozi bo'lmoqchi bo'ldilar. U ham bo'lsa, bir yil Muhammad (a. s.) ularning butlariga sig'inar emishlar, so'ngra bir yil ular Muhammad (a. s.)ning rabbiga sig'inar emishlar. Bu tutruqsiz taklifni qabul qilmasliklarini ta'kidlab, Alloh taolo O'z payg'ambariga amri ilohiy bilan buyurib, ularga bu kabi shirk aralashgan ibodatdan ko'ra hozircha har ikki taraf o'z dinida qolib, o'z dinida bo'lishining afzalligi aytilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) ayting: "Ey, kofirlar!

2. Men sizlar ibodat qilayotgan narsaga ibodat qilmasman.

3. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar.

4. Men sizlar ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchi emasman.

5. Sizlar ham men ibodat qiladigan (Alloh)ga ibodat qiluvchi emassizlar.

6. Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim men uchundir.


NASR SURASI

   
Nasr - yordam.

Surada islom dini ravnaq topib, odamlar guruh-guruh bo'lib, unga kirayotgani Allohning ulug' ne'matlaridan ekanligi, buning uchun Allohga shukrona sifatida hamd, tasbeh va istig'for aytish zarurligi bayon etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) qachonki, Allohning yordami va g'alaba kelganda

Izoh: Bu oyat bilan Alloh taolo o'z rasuli va habibiga yaqinda Makka ahlining hammasi guruh-guruh bo'lib islomga kirishi haqida bashorat bermoqda.

2. va odamlar to'p-to'p bo'lishib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko'rganingizda,

3. darhol, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan maqfirat so'rang! Zero, U tavbalarni qabul qiluvchi zotdir.


MASAD SURASI

   
Masad - puxta tola, do'zax olovi. Suraning nomi "Tabbat" deb ham ataladi.

Unda Payg'ambarimiz amakilaridan biri, ashaddiy kofir Abu Lahab va uning betavfiq xotini Ummu Jamilning jazolanishlari, har ikki dunyodagi tortadigan azob-uqubatlari haqida hikoya qilinadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1.Abu Lahabning qo'llari qurisin (halok bo'lsin)! Halok bo'ldi ham.

2. Mol-mulki va kasb bilan topgan narsalari unga asqotmadi.

3. Yaqinda (u) olovda toblanajak.

4. Shuningdek, o'tin tashuvchi xotini ham.

5. Bo'ynida puxta eshilgan arqoni ham bo'lur.


Izoh: Abu Lahabning asl nomi Abdul-Uzzo bo'lgan. Ma'nosi Uzzo degan butning quli demakdir. Alloh taolo o'z qulini but quli deb atashdan or qilib, uni Abu Lahab - alangali, deb laqabladi. Bu yerdagi alanga ikki narsaga dalolat qiladi. Biri uning yuzi doimo qizarib, lovullab turganligidan shu laqab berilgan bo'lsa, ikkinchidan oxiratda do'zax alangasida yonishi muqarrar ekanligiga dalolat qilsin deb Alloh taolo shu nom bilan atadi.

Abu Lahab bilan uning xotini Muhammad (a. s.)ga eng ko'p aziyat yetkazgan kofirlardan hisoblanadi. Bu betavfiq xotin tikanli o'tinlarni terib kelib, Rasululloh yuradigan yo'llariga tashlar ekan. Surada uning bo'ynida o'tin bog'lab yurgan arqoni bog'liq holda eri bilan birga jahannamga tushajagi to'g'risida xabar berilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:01:11



IXLOS SURASI

Ixlos - xolis qilish, (imonni) poklash. Sura Makka mushriklarining Alloh to'g'risidagi noto'g'ri e'tiqodlariga raddiya hamda Payg'ambarimizga "Parvardigoringning naslu nasabi ne?" deb bergan johilona savollarga javob tariqasida nozil qilingan. Zero, ularning aqidalari bo'yicha, Alloh yagona emas, u ba'zi narsalarga muhtoj, Uning farzandlari bor, boshqa ma'budalarda ham ilohiy kuch-qudrat bor degan buzuq va botil mafkura mavjud edi. Surada ularga qisqa va qat'iy javob qilingan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) ayting: "U Alloh yagonadir.

2. Alloh behojat, (lekin) hojatbarordir.

3. U tug'magan va tug'ilmagan ham.

4. Shuningdek, Unga biror tengqur ham yo'qdir.


Izoh: Ixlos surasining fazilatlari haqida ko'pgina hadisi shariflar vorid bo'lgan. Zero, uning mazmuni tavhidga, ya'ni, Allohning zoti yakka va yagona ekani, Uning sifatlari komil bo'lib, bandalarining sifat va xususiyatlaridan tubdan farq qilishi tasvirlangan. Mazkur hadislarda bu sura Qur'oni karimning uchdan biriga tengligi, uni o'n bor o'qigan kishiga jannatda bir qasr barpo etilishi, uni qiroat qilish jannatiylik sababi ekani kabi bashoratlar mavjud.


FALAQ SURASI
      
Falaq - tong. Bu va bundan keyingi surani qo'shib turib, ularga "muavvazatayn", "panoh so'raluvchi ikki sura" deb ham ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) ayting: "Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga,

2. yaratgan narsalari yovuzligidan,

3. zulmatga cho'mgan tun yovuzligidan,

4. tugunchalarga dam uruvchi ayollar yovuzligidan

5. hamda hasadchining hasadi yovuzligidan.


Izoh: Bu suraning fazilatlari to'g'risida ko'pgina hadisi shariflar mavjud. Barcha yomonlik va yovuzliklardan omonda bo'lish uchun Falaq, Nos, Ixlos suralarini o'qib Allohdan najot so'rashning foydalari to'g'risida Payg'ambarimiz Muhammad (a. s.) ko'p bashoratlarni aytib ketganlar.


NOS SURASI
   
Nos - odamlar. Bu surada ins va jinlarning yovuzlari, ya'ni, shaytonlaridan omonda bo'lish uchun Allohdan panoh so'rash ta'lim beriladi. 6-oyatdan ma'lum bo'lishicha, jinlarning shaytoni bo'lganidek, odamlarning ham shaytoni bo'lar ekan. Har ikki toifaning ishi ham odamlarni vasvasa qilib yo'ldan ozdirish, fojealarga duchor qilish ekan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey, Muhammad,) ayting: "Panoh tilab iltijo qilurman odamlar Parvardigoriga,

2. odamlar Podshohiga,

3. odamlar Ilohiga

4. yashirin vasvasachi (shayton) yovuzligidanki,

5. (u) odamlarning dillariga vasvasa solur.

6. (O'zi) jinlar va odamlardandir".


Izoh: Hadisi shariflarda kelgan ma'lumotlarga qaraganda Qur'oni karimning oxiridagi mazkur ikki sura janob Rasululloh sehrlanganlarida shifo tariqasida nozil qilingan. Qissaning asli shunday bo'lgan. Yahudiylardan Labid ibn al-A'sam degan bir munofiq o'zini musulmon ko'rsatib, Payqambar huzurlariga kelib-ketib yurar va ba'zi hojatlarini ado etishda xizmat qilib turar ekan. Shu xodimni qo'lga olib bir guruh yahudiylar uning yordamida Rasulullohning to'kilgan sochlari va taroqidan sinib tushgan tishlarini qo'lga tushiradilar va shu narsalarga sehr jodu qilib bir eski quduqqa tashlaydilar. Shundan keyin Rasulullohning sochlari to'kilib, olti oy betob bo'lib yotib qoladilar. Bir kuni ikki farishta kelib, biri tizzalari ro'parasiga, ikkinchisi bosh tomonlariga o'tirib bir-biri bilan savol-javob qiladilar. Biri:
- Unga nima bo'libdi? -desa, ikkinchisi:
- Sehrlanibdi, - der edi.
- Kim sehrlabdi?
- Labid ibn al-A'sam ismli bir yahudiy.
- Sehrni nimaga o'qibdi?
- To'kilgan sochlari va taroq tishlariga.
- Sehr o'qilgan narsalar qayerga tashlangan?
- Zarvon ismli quduqqa.
 Shundan keyin odam yuborib ko'rsalar, haqiqatan, o'sha quduqda soch tolalari, taroq tishlari va nina suqilgan yana o'n ikkita tugun bor ekan. Shu paytda Alloh taolo mazkur ikki surani nozil qiladi. Suralarni har bir marta o'qiganlarida, bittadan tugun yechilar ekan. Shunday qilib, o'n ikki marta o'qiganlarida darddan butunlay foriq bo'lib ketgan ekanlar. Rasul Akram (s. a. v. ) sahobalarning: "Labidni qatl etaylik", - degan talablarini esa rad qilgan ekanlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:04:41

Qur'oni karim nomlari

1. Qur'on. Mazmuni "œO'qish kitobi" demakdir. Lekin, u hamma o'qish kitoblariga emas, balki, faqat Muhammad (s. a. v. )ga nozil qilingan ilohiy kitobga qo'llaniladi.

2. Furqon. Haq bilan nohaqlikni ajrim qilib beruvchi. Bu nom bilan gohida Tavrot va Injil kitoblari ham nomlanadi. (Anbiyo surasi, 48-oyatiga qaralsin. )

3. Burhon. Mazmuni hujjat demakdir. Zero, Qur'onda barcha ilohiy ko'rsatmalarga qaratilgan hujjat va dalillar mavjuddir.

4. Zikr. Mazmuni yod etish, zikr etish, eslash. Bu yerda yodnoma, eslatma deb bilish o'rinlidir.

5. Kitob. Mazmuni ma'lum.

6. Haqq. Ya'ni, haqiqat. Haq gap, haq ish, haq e'tiqod va hokazo ma'nolar unda mujassamdir.

7. Nur. Ya'ni, ёg'du. Qur'on bandalarga hidoyat yo'lini yoritib beruvchi ilohiy nur. Bu yerda, albatta, ma'naviy nur ko'zda tutiladi.

8. Vahiy. Allohning payg'ambarlarga bevosita va bilvosita o'z ko'rsatmalarini yuborishi vahiydir.

9. Tanzil. Ya'ni, nozil qilingan narsa.

10. Hudo. Hidoyat.

11. Mushaf. Sahifalangan, muqovali kitob.

12. Kalomulloh. Allohning kalomi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:06:17

Qur'oni karim sifatlar

Alloh taolo Qur'oni karimni bir necha sifatlar bilan zikr etgan. Jumladan:

1. Arabiy. Arab tilida, arabcha.

2. Mubin. Aniq. Bu sifat sifatlanuvchining sifatini yanada ta'kidlash uchun keladi.

3. Ajab. Odamlarni taajjubga soluvchi.

4. Muborak. Barakotli, tabarruk.

5. Zu zikr. Zikr qilinadigan, sharafli.

6. Musaddiq. O'zidan oldin nozil etilgan ilohiy kitoblarni ham tasdiqlovchi.

7. Hakim. Hikmatli.

8. Aziz. G'olib, quvvat va qudratli.

9. Karim. Karamli, karomatli, mukarram.

10. Majid. Ulug'.

11. Shifo. Hissiy va ruhiy shifobaxsh.

12. Rahmat. Qur'on Allohning rahmatidir.

13. Mav'iza. Nasihat.

14. Bushro. Xushxabar.

15. Bashir. Bashorat beruvchi.

16. Nazir. Ogohlantiruvchi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:07:00

Qur'oni karimning barcha nusxalari Hazrat Usmon ibn Affon davrida nuqtalarsiz, e'robu harakatlarsiz (zer-zabarsiz), qadim ko'fiy yozuvida bo'lgan.

To'rtinchi xalifa Hazrat Ali ibn Abi Tolib davrida esa, qiroatda yanglishish hollari ro'y bera boshlagach, Abul-Asvad Dualiy degan olim kishiga xalifa oyatlarga nuqta va harakatlar qo'yib chiqishni buyuradi. Ba'zi olimlar Dualiyga Ali emas, balki Ziyod yoki Abdulmalik ibn Marvon buyurgan, deydilar.

Shunday qilib, avvalo, soddaroq belgilar bilan boshlangan belgilar, vaqt o'tgan sari takomillashib, hozirgi holatiga yetib kelgan. Lekin, rasmi xat o'sha qadimligicha saqlanib kelmoqda. Masalan, rahmat, jannat, Rahmon, imon, islom kabi so'zlar alifsiz, uzun te harfi bilan yoziladi.

Lekin, bu qoidaga Qur'onning o'zida yoki rasmi xat saqlanishi shart bo'lgan bitiklarda rioya qilinishi talab qilinadi. Ammo oynoma, ro'znoma yoki maktubga o'xshagan joylarda Qur'on oyatlaridan qisqa iqtibos keltirilganda, unga rioya qilish shart emas, balki, hozirgi arab adabiy yozuvi imlosida qanday qabul etilgan bo'lsa, shunday yozilishiga ruxsat etiladi. Masalan, islom, imon, jannat kabi so'zlarni alif bilan, salot, zakot kabi so'zlardagi vov harfini alifga aylantirish va hokazo. Shuningdek, hozirga kelib, oyatlar boshi va oxirida, ba'zi uzun oyatlarning o'rtalarida keladigan vaqf va ibtido alomatlarining ham turlari ko'payib ketgan. Tajvidga doir kitoblarda: "œQur'onning biror oyatidan keyin vaqf qilish vojibligi buyurilmagan" — deyilsa-da, har bir oyat fosilasida vaqf qilinganda ko'p joylarda saj' hosil bo'lib, quloqqa ёqimli tuyulishini ham unutmasligimiz kerak.

Qur'oni karimda beuzr vaqf qilish joiz bo'lmagan oyatlar ham mavjud.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:07:39

Qur'oni karim va uning qiroatiga doir masalalar

Qur'oni karim Allohning kalomi bo'lgani uchun uni qiroat qilishning o'ziga xos vojibot va odoblari borkim, ularga rioya qilish har bir musulmonning zimmasidagi muqaddas burch hisoblanadi.

Jumladan:

* * *

Qur'oni karim oyatlarini qiroat qilishni niyat qilgan odam, avvalo, tahorat olishi kerak.

* * *

Imkoni bo'lsa u yaxshi, oq va pok kiyimlarini kiyib olsin.

* * *

Qiroat uchun og'zini va tishlarini tozalasin.

* * *

Qiroatiga xalal berishi mumkin bo'lgan narsalarni atrofidan chetlatsin yoki qulay, daxlsiz joy topib, o'sha yerda tilovat qilsin.

* * *

Qiblaga yuzlangan holda qiroat qilish avlo hisoblanadi.

* * *

Namozdan tashqarida o'qiganda o'tirib qiroat qilingani ma'quldir.

* * *

Yonboshlab, biror narsaga suyanib, chordona qurib o'tirgan holda, yurib qiroat qilishdan ko'ra, tiz cho'kib o'tirgan holatda qiroat qilish odobga yaqindir.

* * *

Yod o'qigandan ko'ra Mushafga qarab o'qishning savobi ko'proqdir. Zero, qiroat bir ibodat bo'lsa, Mushafga nazar qilish ham bir ibodat hisoblanadi.

* * *

Qur'oni karimni yerga qo'ymagay, balki, ko'kragi barobaridagi balandlikka qo'yib o'qigay.

* * *

Qiroat boshida bir bor "œAuzu billohi minash-shaytonir-rajim"ni o'qigay. Har bir sura boshida "œauzu"ni o'qimagay. U yerlarda "œBismilloh"ning o'zi kifoyadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  14 Avgust 2008, 10:07:51

* * *

"œAuzu"ni o'qigandan keyin salomga alik olsa yoki azonga javob aytsa yoxud zikru tasbeh o'qisa "œAuzu"ni qayta aytishi shart emas. Ammo o'rtada ovqatlansa yoki ko'proq ish qilib qo'ysa "œAuzu"ni qayta o'qigay.

* * *

"œAuzu"dan keyin "œBismilloh"ni ham o'qigay.

* * *

Tilovat qilganda oyatlarning mazmunlarini o'ylab, tadabbur bilan o'qisin. Bordiyu arabchani tushunmasa, Allohning kalomini o'qiyotganini doimo yodida tutsin.

* * *

Xayoli sochilib oyatlarni g'aflat bilan o'qigan bo'lsa, xayolini jamlagandan keyin o'sha joylarini qayta o'qisin.

* * *

Ba'zi ulug'lar debdurlarki, tadabbur va tafakkur bilan bir oyat qiroat qilish o'ttiz pora Qur'onning boshdan oyoq tadabbursiz o'qib chiqqandan yaxshidir.

* * *

Qo'lidan kelsa Qur'oni karimni arab lahni (savti) bilan tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o'qisin. Imkoni boricha o'zining milliy kuy va ohangiga solmay o'qisin. Buning uchun hozirda ma'lum va mashhur arab qorilarining qiroatlari yozilgan magnitofon yozuvlaridan eshitib mashq qilish tavsiya etiladi. Lahn yoki savt qilaman deb ashula aytgandek cho'zmaydigan joyini cho'zib, cho'zadigan joylarini qisqartirib o'qimasin.

* * *

Oyatlarni kulib yoki jilmayib emas, balki, g'amgin, o'ychan holatda o'qisin. Imkoni bo'lsa yig'lamsirab o'qisin. Yig'ini keltirish uchun esa Allohning oyatlar orqali xabar berayotgan azob-uqubatlarini, qabr va do'zax azoblarini, qiyomat shiddatini va hisob-kitob og'irligi kabi ishlarni yodga keltirish, o'zini bunday sinovlarga tayyor emasligini eslashi kerak bo'ladi. Baqirish, kiyimini yirtish, yuziga urish, ortiqcha bezovtalanish joiz emas.

* * *

Qur'onni tajvid qoidalariga rioya qilgan holda, harflarni o'z joyidan chiqarib, donador, aniq va ravon o'qisin.

* * *

Keragidan ortiqcha baland ovoz bilan qiroat qilmasin.

* * *

Rahmat oyatlarini o'qiganda rahmat so'rab, azob oyatlarini o'qiganda undan panoh so'rab iltijo qilishga harakat qilsin. Allohning nomlari kelgan joyda tasbeh aytsin.

* * *

Ba'zi murakkabroq oyatni qayta-qayta o'qib, to ma'nolarini anglagunga qadar takrorlasin.

* * *

Qiroat asnosida zarurat yuzasidan biror joyga turib, borib kelishga to'g'ri kelsa, Mushafni ochiq holda tark etmasin.

Qayd etilgan