Halima Xudoyberdiyeva sherlaridan  ( 68454 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 B


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:32:27

Qadah
(ballada)

Shom shamoli izg'igan kechda,
Uchta odam o'tirib ichdi.

Er, xotin va uchinchi erkak,
Uchinchining ko'zlari sergak.

Xotin silab-siypar erini,
Er bilmaydi uning erini.

Xotin tilda bergudayin jon,
Ko'kragida g'imirlar ilon.

Qani oldik!
Oq urarlar, oq,
Er ko'ksini changallar shu choq.

O'h, yurakka borib etdi o't,
Tomirlarin qirqib ketdi o't.

Za-har!
Qulab, eri berdi jon,
Na qotil bor, na bir tomchi qon...

Bo'sh qadah ham ketmadi sinib,
Dasturxonga qaytdi yuvinib...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:32:51

"žEski O'zbek tili"œga yozuv

Mening tig' tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim,
Bahaybat to'g'on tushib,
Yo'li to'silgan tilim.

Qushning unut patiday,
To'kilgan unut jonim.
Kitoblarning qatida,
Rangi-ro'yi somonim.

"žEski o'zbek tili"œmas,
Dedilar eskirgan til,
Qo'rqib chiqarmoqqa sas,
Sandiqlarga kirgan til.

Senda bodom isi bor,
Senda bobom isi bor,
Bolam na rus, na o'zbek,
Arosat belgisi bor.

Besh yuz yillar avvalgi,
Xatni men anglayman, bas,
Men bugun aytganimni,
Bolam ba’zan tushunmas.

Ko'kragimda dod qotgan,
Yaqinlashar katta xavf,
O'z tilini yo'qotgan,
Xalq bo'lmasmi erdan daf.

Oldga, safarbarlikka,
Qanday yaraydi bolam.
Ortidagi jarlikka,
Qanday qaraydi bolam.

Uni kim qilib qo'ydim,
Kim bo'ldi og'am-inim.
Tomir-tomirim kuydi,
Sindi bo'g'in-bo'g'inim.
Guli unut xalq bo'ldik,
Yo'li unut xalq bo'ldik,
Ommaviy gunglik sodir,
Tili unut xalq bo'ldik.

Umrimning shom, kechiga,
Shu o'y sanchilib turib.
"žLug'atit-turk"œ ichiga,
Yoshim tomchilab turib.
Dedim:- Tig' tilgan tilim,
Mening kesilgan tilim.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:33:21

Qiyomatning qattiq toshi
Men azada, yig'laganda qon,
Bir yashirin kulgu ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Halolu pok odamlar aro,
Bir ustomon tulki ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Birov qon tupurib topganin,
Birovlarning mulki ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Portlamog'i shart bo'lganida,
Asablarni salqi ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Boyi boyib, faqiri gado,
O'zgarmasa xulqi, ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Shoir kuyib bo'lganda ado,
Tebranmasa xalqi, ko'raman,
Qiyomatdan belgi ko'raman.

Qiyomatning qattiq toshi, men,
Bularni, ming yilki, ko'raman.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:33:52

Bexato so'z

Subhonolloh, tomirimga tutashmoqda o't,
Janglar aro jangari sado qilajakman.

Siniq ko'nglim ming bo'lakdir, bo'lmagayman but,
Haq yo'linda o'zimni gado qilajakman.

Umrning intihosida uchgan ruhlarni,
Qaytaraman, qayta ibtido qilajakman.

Omonatin olgunicha avlodlarimga,
"žBirlash"œ deb o'z tilimda nido qilajakman.

Erk istagi ummonlarda ko'pni qilgan g'arq.
Menam unga jonimni ato qilajakman.

Har so'zimdan xato izlab raqibim sarson,
Men qo'rqaman, umrimni xato qilajakman.

Xato qilmay ayta olgum: qachon o'lsamam,
She’r ustida o'zimni ado qilajakman.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:34:21

Inshoolloh...

Inshoolloh, bo'lsa umr vafosi,
Men xalqimning suyanch tog'i bo'lurman.
Nodiraning qayta kelgan sadosi,
Turk-Turonning qo'ng'irog'i bo'lurman.

Qo'ng'iroqlar tindi tili kesilib,
Baland tog'lar sindi beli kesilib,
Turk daraxti sindi eli kesilib,
Qayta ungan dov butog'i bo'lurman.

Shundayin sas, sazo kelar oldindan,
Qasrlarim quyilajak oltindan,
Turkning tuprog'iga do'nib men chindan,
Er yuzining kungay yog'i bo'lurman.

Ko'nglim bo'lur davronlardan oshuvchi,
She’rim bo'lur o'lim bilmas, yashovchan.
Yassaviyni zamonlarga tashuvchi,
Xizmatkori, elka tog'i bo'lurman.

Turk-Turonning qo'ng'irog'i bo'lurman.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:37:55

Turkistonning onalarini...
O'n ikki oy birday ishlaydi,
Faqat ishlab ko'ngil xushlaydi,
Imoratning loyin mushtlaydi,
Bolalarin tishda tishlaydi,
Go'daklari toqmas, qo'shlaydi.
Turkistonning onalarini...

O'g'li Bobur Hind sori bosdi,
qaytarmoqqa etmadi dasti,
Nodirasin jaholat osdi,
Jaholatga bor erur qasdi.
Yuragini armon nishlaydi,
Turkistonning onalarini...

Mashrab Balxda, dorda salanglar,
Usmon qah-qah urib, alanglar,
Hamzasini tilkalar sanglar,
Tushlari ham ahvolin tanglar,
Tushlari ham toshlab, g'ishtlaydi.
Turkistonning onalarini...

Amir Temur yodi o'stirar,
Kenagasning dodi o'stirar.
Sirtmoq, kunda, jodi o'stirar,
Yassaviyning oti o'stirar.
Xudo suyar, ruhlar ushlaydi,
Turkistonning onalarini...

Afg'on mulki bo'ldi minglab er,
Harbiy ketgan yuzlab yigit-er,
Bir bolaning dog'i qilar sher,
Qodir Olloh, o'zing toqat ber,
Yuragida arslon qishlaydi.
Turkistonning onalarini...

Olgani shu elidan duo,
Tilovati, selidan duo,
Har qo'llovchi elidan duo,
Qo'lidan ish, tilidan duo,
Boshidan oq ro'mol tushmaydi.
Turkistonning onalarini!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:38:45

So'ylar Sulaymon manga

Xudodanmi, bandadan,
Odamdan, darrandadan,
Do'st topaman, berib tan,
So'zlaydi ilon manga.

Belim bog'lasam sirib,
Selni olurman burib,
Qashqirlar tumshuq surib,
Yig'laydi nolon manga.

Suydim, jon bilan suydim,
O't-la qovushdim, kuydim,
To'zmas libosin kiydim,
Kelaverar shon manga.

Qon-yorug'lik, man horib,
Ruhni qon bilan qorib,
Kuylasam, bo'g'zim yorib,
Otiladir qon manga.

Man safarga chiqar dam,
Oshiq Yunus berur sham:
"žMan qush tilin biluram,
So'ylar Sulaymon manga"œ.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:39:07

Qizil toshlar

Xotiramning yo'liga chiqsam,
Qizil toshlar o'taveradi.
Qoni chak-chak tomib erlarga,
Kesik boshlar o'taveradi.

Boshlar bilan ora bir qadam,
Boshsiz tanlar xunuk salanglar.
Sug'urilgan tillar orqada,
Ilonlarday sapchir bilanglab.

To'rt muchasi butun ham borday,
Faqat bejo, jununvor ko'zi.
Biri Cho'lpongami o'xsharday,
Biri Usmon, Usmonning o'zi...

Kir, beqasam to'nin itqitib
Goh yig'lar u, goh gullab kular.
Birdan...ne bor selday yiqitib,
Bir ko'cha qon shovullab kelar.

Qizaradi yulg'un, sho'ralar,
Qizil toshlar qizib chinqirar.
Bir fig'on bu toshlar oralab
Bor dunyoni buzib chinqirar.

Umrimning tun, kechalaridan.
Uyqu bilmay o'tsam qaniydi.
Xotiramning ko'chalarida,
Qon isdan ko'nglim ayniydi...

Tuzum, Sening yoqangda qo'lim.
Kunduzlar ham cho'chib mizg'iyman.
To kelguncha xaloskor o'lim,
Xotiram cho'lida izg'iyman.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:39:37

Bir kun g'ov yo'q yo'limga

Aytmang deyman, gap uqmas,
Gullar kelib aytadi.
Egri iz bosilganin,
Yo'llar kelib aytadi.

So'zlamasday tuyulgan,
Sezilmasday tuyulgan.
Menga moslab quyulgan,
G'ullar kelib aytadi.

Orqamda tirab nagan,
"žHolin ko'ramiz"œ degan,
Oldimda titraydigan.
Qo'llar kelib aytadi.

Qay boy menga g'am bichgan,
Quturgan itin echgan.
Nonu tuzumni ichgan,
Qullar kelib aytadi.

Bir kun... g'ov yo'q yo'limga,
Ketarkanmiz o'limga.
Kul qilmishin kulimga,
Kullar kelib aytadi.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:40:09

Sen qolarsan

Dunyo, bo'lma ko'p darg'azab,
Sen qolarsan, biz ketarmiz.
Bog'laringni ko'klab, bezab,
Sen qolarsan, biz ketarmiz.

Mehmondirmiz to'rt-besh kunlik,
Ko'zi shodon, ko'ngli munglik.
Qilgin tenglik, qilgin kenglik,
Sen qolarsan, biz ketarmiz.

Sen bevafo, bizlar horib,
Bir kun qaro erga borib.
Dard aytamiz, ko'ngil yorib,
Sen qolarsan, biz ketarmiz.

Ko'nglimiz,ko'nglimiz doston,
Ko'nglimiz gul. Ko'nglimiz qon,
Bir sirimiz ololmasdan,
Sen qolarsan, biz ketarmiz.

Qayd etilgan