G`iybatchi kim?  ( 10597 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:02:47

G‘iybat nima? G‘iybatchi kim?  Tuhmat bu birovni ayblash yoki qoralash  maqsadida o‘ylab chiqarilgan asossiz da’vo, bo‘hton, ig‘vo. Tuhmatchi bu birovlar ustidan tuhmat gaplar aytib tarqatib yuruvchi, bo‘htonchi, ig‘vogar.G‘iybat bu birovni or­qasidan yomonlab gapirish, fisq-fasod. G‘iybatchi fisq-fasodni qo‘shib-chatib, ko‘pirtirib tarqatuvchi. Maqol: G‘iybatchining ko‘zi yo‘q, tuhmatchining yuzi yo‘q.

«Izohli lug‘at»imizdan keltirilgan izohlardan ko‘rinib turibdiki, g‘iybatu tuhmat, g‘iybatchiyu tuhmatchi hammasi ham bir.

Tuhmatning tarixi juda uzoq, odam borki bu illat ham bor. Buning kasofatidan qancha sof odamlar og‘ir dardlarga chalingan, do‘stlar dushmanga aylangan, tug‘ishganlar begonalashib, oilalar, jamoalar tarqalib ketgan, qishloqlar yovlashgan, davlatlar o‘rtasida urushlar kelib chiqqan...

Qayd etilgan


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:03:37

Tuhmatchi tuhmat qilganda quyidagi jirkanch maqsadlarni ko‘zlaydi: birovga qora surkab o‘zini oqroq qilib ko‘rsatish, ko‘pchilik fikrini asosiy ishdan chetga chalg‘itish, parokandalikni keltirib chiqarish, birovning tili bilan birovni urish, obro‘sizlantirish, u ham anoyi emas, yeya olmasa ham to‘ka olishini namoyish etish, qaysidir bir alamini olish, birovlar qiynalishidan huzurlanish (kim bozor ko‘rib, kim mozor ko‘rib suyunadi), g‘araz, hasad...

Avvalo, g‘iybatchi axborot yig‘ish uchun tevarak-atrofidan hamtovoq izlaydi. Xo‘sh, falonchiboy, ko‘changizda yana janjal chiqibdi, mahallada falonchini uribdilarmish, maktablar tinchlikmi, korxonangda nima gap, o‘tgan kun to‘yda pismadonchini rosa ichiriptilarmi... Ana ko‘ribsizki, isbotlanmagan ig‘volar, tuhmatlar oqib kelaveradi. Chunki g‘urbat izlaganga g‘urbat topiladi. Ikki ahil birodarning orasiga rahna nizo solish uchun unchalik ter to‘kish shart emas. «To‘yiga borolmayman» degan gapni «to‘yiga bormayman» deb aytdi desa munosabat salbiy tomonga o‘zgaradi-qo‘yadi.

Qayd etilgan


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:04:16

Tuhmatchi tuhmatni o‘ziga o‘xshagan g‘iybatchi, sodda-samimiy yoki gap-so‘zining oxirini o‘ylamaydigan,anqov, befahm-befarosat yoxud yangi gap bilan boshqalarni lol qoldirishni istagan soxta shuhratparastlar orqali tarqatadi. Tuhmatchi tuhmatni ochiqdan-ochiq, tomdan tarasha tushganday tarqatishi mumkin yoki kulib, go‘yo hech gap bo‘lmaganday (holbuki ichi olov bo‘lib yonib turgan bo‘ladi) qiziqarli voqealar aytib turib gap orasida tuhmatni, ya’ni ignani sanchib oladi. G‘iybatchining kirish so‘zlari: bir gap eshitdim, senga ichim achiganidan aytayapman, uyi kuygur falonchi shunday dedi, eh mening sodda dugonajonim-ey... Bu makkorona «mehribonchilik» orqasida g‘iybatchi sizga ikki tomonlama hujum qiladi: ham sizni yaralaydi, ham falonchiga sizni zid qilib qo‘yadi. Tuhmatni aksariyat kishilar ko‘tara olmaydilar, ayniqsa, qizlar, ayollar, madaniyatli-ma’rifatli insonlar qattiq iztirobga tushadilar. Bu ig‘vogarga yog‘day yoqadi, ba’zilar esa unchalik e’tibor qilishmaydi, xudodan topsin ilohim, deb o‘z yo‘lida ketishaveradi, bu esa tuhmatchiga ma’qul kelmaydi, chunki u istagan urush, to‘polon bo‘lmayapti-da.

Qayd etilgan


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:05:00

Afsuski, inson tabiatan to‘g‘ri gapdan ko‘ra noto‘g‘ri gapga ko‘proq ishonadi. Aytaylik, falonchi falonchining uyiga yordam sifatida ikki xalta bug‘doy eltib beribdi, degandan ko‘ra, falonchi falonchining uyidan ikki xalta bug‘do­yini o‘g‘irlab ketibdi, deganga ko‘proq ishonishadi. Yoki...

Psixologlar tahliliga ko‘ra, g‘iybat va tuhmatning 57 foizini sergap, xushtavoze-mahmadonalar, 26 foizini kamgap-pismiqlar tarqatar ekan. Ig‘vogar-tuhmatchilar tabiatan qo‘rqoq, tez ta’sirchan, sergumon (gumon iymondan ayi­rar), sershubha, xayoliga kelganini orqa-oldiga qaramasdan vaysayveradigan, asabiy, qiziqqon, o‘zini bosh­qalar nazaridan chetda qolayapman deb talmovsiraydigan, hasadgo‘y kimsalardir.

Ruhshunoslarning bildirishlaricha, g‘iybatchi-tuhmatchining bolaligiga nazar solsangiz achinib ketasiz. Bu oilada ota-ona, qaynona-kelin, yanga, qo‘shnilar bilan gap-so‘zlar, ig‘volar, aytdi-aytdilar, kelishmovchiliklar, nizolar iskanjasida o‘tgan bo‘ladi. Tengdoshlari orasida ham hayoti erkin, bolalarcha emas, siqiq, soxta kechgan.

Qayd etilgan


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:06:22

«Ne balo kelsa tilingdan keladi», — deydi donish­mand­lar. To‘g‘riku-ya, lekin tilga yurakda bori ko‘chadi. Yurak toza, samimiy bo‘lmog‘i kerak. Qurigan daraxtning butog‘ida ne ayb, hamma sabab ildizidadur. Ba’zan g‘iybatchilar o‘zlarini ochiqko‘ngil qilib ko‘rsatishlari uchun men yuragimda gap saqlamayman, nima bo‘lsa tilimda, deb o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar. Aslida, ular sabr­siz kishilardir. Demak u yuragida gap saqlay olmadimi, o‘sha gap endi boshqaning ko‘nglini vayron qiladi. Bir ko‘ngilni vayron qilish esa Ka’bani vayron qilish bilan bab-baravar. Donolar dildan tilga ko‘chadigan so‘zning salmog‘ini, shakarini, zaharini juda yaxshi biladilar. Sukutda savob bis­yordir!

G‘iybatchiga, tuhmatchiga ishonib bo‘lmaydi, sizga ulardan g‘iybat, tuhmat olib keldimi, biling, ularga ham sizdan g‘iybat, tuhmat olib boradi. Ilon Eshmatga ham, Toshmatga ham zahar sochadi, asal  emas!

Qayd etilgan


Fantomas  16 Noyabr 2007, 15:08:06

Ikki yuz yildan beri yarim dunyo Pushkinning mana bu misralarini takrorlab keladi:

Ahmoq bilan o‘chakishma aslo!

Bu g‘iybatu tuhmatlardan zada bo‘lgan daho shoirning hukmi edi! U buyuk edi, hasadgo‘ylar uni ko‘rishsa oromini yo‘qotishar, tinmay tosh otishardi, toshni esa mevali daraxtga otadilar, saksovulga emas!

Qonunda tuhmatga jazo tayinlangan.

Dinimizda g‘iybat, tuhmat qilish qattiq qoralanadi.

Xo‘sh, o‘zingiz yoki yaqinlaringiz, boshqalar haqidagi g‘iybatu tuhmatni eshitmaslik uchun nima qilish kerak? Bu o‘rinda donolik, og‘ir-bosiqlik ham zarur.

G‘iybatu tuhmat haqidagi maqolani o‘qib turib, tavba men ham g‘iybatchimanmi deb o‘ylab qolsangiz kerak. O‘zingizni sinab ko‘ring. Agar jamoada, do‘stlar davrasida, oilada (turmush o‘rtog‘ingiz, farzandlaringiz) sizga eshittirib kimnidir qoralashsa, g‘iybat qilishsa, demak, siz ularda g‘iybat qilishga, g‘iybatni eshitishga moyilligingiz bilan taassurot qoldirgansiz. Xodimlaringizdan sizga tinmay «mish-mish» yetkazilaversa endi siz rahbar emas, siz ham bitta nusxasiz.

Ayni damda shuni faxr va iftixor bilan ta’kidlashni istardimki, oramizda ma’naviy olami, qalb madaniyati shu qadar yuksak kishilarimiz borki, nafaqat ularning o‘zlari, ular o‘tirgan davralarda ham g‘iybatu ig‘vo mutlaqo bo‘lmaydi. Ularning madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy gurunglarini eshitib yayrab ketasiz, ko‘nglingizga nur yog‘iladi. Bunday insonlar oz emas, ko‘p, juda ko‘p!

Orifjon VOHIDOV,

Ma`rifat uzdan olindi.

Qayd etilgan


Muslimа  19 Noyabr 2007, 16:15:17

      Ajablangan ko’yi g’iybatga quloq tutgan kishi ham g’iybatchidir. Chunki o’zining taajubi bilan g’iybatchining g’ayratini oshiradi, yanada ko’proq g’iybat qilishga undaydi. Go’yo shu yo’l bilan uning ichidagi g’iybatni sug’irib chiqaradi. Masalan, aytadi: "œAjabo! Men uning bundayligini bilmagan ekanman, shu paytgacha men uni yaxshi deb o’ylardim-a?" yoki "œMen uniboshqacharoq deb o’ylardim. Alloh bizni uning balosidan saqlasin!"
      Bularning barchasi g’iybatchini tasdiqlashga kiradi. Giybatchini tasdiqlash ham g’iybatdur. g’iybat qilinayotgan paytda jim turish esa g’iybatchiga sheriklik hisoblanadi. Payg’ambar alayhissalom aytdilar: "œ(G’iybatni) tinglovchi ham g’iybatchining biridir" (Tabaroniy rivoyati).

"œTil ofatlari" kitobidan
"œHilol taqvimi" 4/1428/2007

Qayd etilgan


Muhammad Amin  29 Noyabr 2007, 13:32:52

G'iybatchi-bu qanday gap b'lsa ham darhol kimgadir aytgisi keladigan va birovni gapini boshqaga aytib ularning urishishini xohlaydigan kishi hisoblanadi. G'iybat dunyoda eng yomon odatlardan biri va kim gi'ybat qilsa uning gunohi kechirilmaydi.

Qayd etilgan


lolo  30 Noyabr 2007, 07:33:04

...kim gi'ybat qilsa uning gunohi kechirilmaydi ? ? ?

Qayd etilgan


Salmoni Forsiy  30 Noyabr 2007, 11:35:52

G'iybatchi-bu qanday gap b'lsa ham darhol kimgadir aytgisi keladigan va birovni gapini boshqaga aytib ularning urishishini xohlaydigan kishi hisoblanadi. G'iybat dunyoda eng yomon odatlardan biri va kim gi'ybat qilsa uning gunohi kechirilmaydi.

Tepada yozgan gapizda ozgina adashdiz.Alloh Taolo o'zi hohlagan bandalarini shirkdan boshqa barcha gunohlarni kechirishi mumkin

Qayd etilgan