Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485658 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 98 99 100 101 102 103 104 105 106 107 108 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:36:15

246-bob
Uxlashga yotayotganda va uyg‘onganda aytiladigan zikrlar


1445/1. Huzayfa va Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) agar to‘shaklariga yotsalar: «Bismikallohumma ahya va amuvtu», ya’ni «Allohim, Sening isming bilan tirilaman va o‘laman», deb aytardilar. Agar uyg‘onsalar: «Alhamdu lillahillaziy ahyana ba’da ma amatana va ilayhin nushur», ya’ni «O’ldirgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo‘lsin. Qaytish, ya’ni tirilish Uning O’zigadir», deb aytardilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:36:38

247-bob
Zikr xalqalarining fazilati, unda bardavom bo‘lishga da’vat hamda uzrsiz uni tark qilishdan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlarining yuzini -roziligini istab, Unga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)» (Kahf surasi, 28-oyat), deb aytgan.

1446/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Allohning farishtalari zikr ahllarini qidirib yo‘llarda aylanib yurishadi. Agar Allohni zikr qilib yurgan qavmni topishsa, bir-birlarini chaqirib, ehtiyojlaringizga kerakli narsaga kelinglar, deyishadi. Va o‘sha zikr qiluvchilarni qanotlari bilan o‘rab, to dunyo osmonigacha yetishadi. Alloh taolo bilib turib: «Bandalarim nima deyishmoqda?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Bandalaring tasbeh (Subhanalloh), takbir (Allohu akbar), hamd (Alhamdulillah) aytib Seni ulug‘lashmoqda», deyishadi. Alloh taolo: «Bandalarim Meni ko‘rishganmi?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Yo‘q, Seni ko‘rishmagan», deyishadi. Alloh taolo: «Agar ko‘rishsa, nima qilishar edi?» deydi. Farishtalar: «Agar ko‘rishganida edi, yana ham ko‘proq ibodat qilishar hamda ulug‘lash, tasbeh aytishni ko‘paytirishar edi», deyishadi. Alloh taolo: «Ular Mendan nimani so‘rashmoqda?» deydi. Farishtalar: «Bandalaring jannat so‘rashadi», deyishadi. Alloh taolo: «Jannatni ko‘rishganmi?» deydi. Farishtalar: «Vallohi, ey Rabb, ko‘rishmagan», deyishadi. Alloh taolo: «Agar ko‘rishsa, qanday bo‘lar edi?» deydi. Farishtalar: «Agar jannatni ko‘rishganida, bundan ko‘ra haris, talabgor bo‘lib, rag‘bat qilishar edi», deyishadi. Alloh taolo: «Nima narsadan panoh tilashmoqda?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Do‘zaxdan panoh tilashadi», deyishadi. Alloh taolo: «Do‘zaxni ko‘rishganmi?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Yo‘q, ko‘rishmagan», deyishadi. Alloh taolo: «Agar ko‘rishsa, qanday bo‘lar edi?» deydi. Farishtalar: «Agar ko‘rishganida edi, bundan-da qattiq qo‘rqib qochishar edi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Sizlar guvoh bo‘linglar, Men ularning gunohlarini kechirdim», deydi. Farishtalardan biri: «Ularning ichida falon kishi bu toifadan emas. Faqatgina o‘zining hojati uchun kelib qo‘shilmoqda», deydi. Alloh taolo: «U zikr ahllari bilan suhbatdoshdir. Zikr ahllari bilan bir o‘tirganlar hargiz badbaxt bo‘lishmaydi», deb aytadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning Abu Hurayradan (r.a.) qilgan rivoyatida aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) «Albatta Alloh taoloning (sayohat qiluvchi Hafaza nomli farishtalaridan boshqa) Fuzalo nomli farishtalari bo‘lib, ular zikr qilinuvchi majlislarni axtarib yurishadi. Agar zikr qilinayotgan majlisni topishsa, ular bilan birga o‘tirishadi. Bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab, zikr qiluvchilar o‘tirgan majlis bilan osmon o‘rtasi farishtalarga to‘lib ketadi. Qachonki, majlis ahli tarqalib ketishsa, farishtalar ham osmonga ko‘tarilishadi. Alloh taolo bilib turib: «Qaerdan keldinglar?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Yerdagi bandalaring huzuridan. Ular senga tasbeh, takbir, tahlil va hamd aytib, Sendan (hojatlarini) so‘rashmoqda», deyishadi. Alloh taolo: «Mendan nimani so‘rashmoqda?» desa, farishtalar: «Jannatingni so‘rashadi», deyishadi. Alloh taolo: «Jannatimni ko‘rishganmi?» desa, farishtalar: «Yo‘q, ey Rabb», deyishadi. Alloh taolo: «Agar jannatimni ko‘rishsa, qanday bo‘lar edi?» desa, farishtalar: «Sening panohingga qochishar edi», deyishadi. Alloh taolo: «Nimadan panohimga qochishadi?» deydi. Farishtalar: «Ey Rabb, do‘zaxingdan», deyishadi. Alloh taolo: «Do‘zaximni ko‘rishganmi?» deydi. Farishtalar: «Yo‘q», deyishadi. Alloh taolo: «Agar do‘zaximni ko‘rishsa, qanday bo‘lar edi?» deydi. Farishtalar: «Istig‘for aytishadi», deyishadi. Alloh taolo: «Men ularning gunohlarini kechirdim. So‘ragan narsalarini berdim. Panoh tilagan narsalaridan panoh berdim», deydi. Farishtalar: «Ey Rabb, ularning ichida xatokor falonchi bir banda bordir. U ahli zikrlar oldilaridan o‘ta turib ular bilan birga o‘tirib qoldi», deyishsa, Alloh taolo: «Uning ham gunohlarini kechirdim, chunki bu jamoa bilan o‘tirgan odam badbaxt bo‘lmaydi», deydi», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:36:44

1447/2. Abu Hurayra va Abu Saiddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir qavm o‘tirib Allohni zikr qilsa, ularni farishtalar o‘rab olishadi va rahmat qoplaydi. Ustilariga xotirjamlik tushadi. Alloh ularni O’zining huzuridagilar (ya’ni, farishtalar) bilan eslaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1448/3. Abu Voqid Horis ibn Avfdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) masjidda odamlar bilan birga o‘tirgan edilar. Uch nafar kishi kelib, ikkisi Rasulullohga (s.a.v.) yuzlandi. Ammo biri (majlisga qatnashmay) ketib qoldi. Ya’ni, ikkisi Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida to‘xtab, ularning biri xalqadan bo‘sh joy topib, u yerga o‘tirdi. Ikkinchisi esa orqaga o‘tirdi. Uchinchisi orqa o‘girib ketib qoldi. Qachonki, Rasululloh (s.a.v.) forig‘ bo‘lganlaridan keyin: «Men sizlarga mana bu uch nafar kishi haqida xabar beraymi? Ularning biri Allohga yaqin bo‘lgan edi, Alloh ham unga yaqin bo‘ldi. Ikkinchisi hayo qilgan edi, Alloh ham hayo qildi. Uchinchisi (o‘tirishdan) yuz o‘tirgan edi, Alloh ham undan yuz o‘girdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:36:51

1449/4. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Muoviya (r.a.) masjiddagi (zikr) xalqalaridan biriga chiqib: «Sizlarni bunday o‘tirishga nima narsa undadi?» deb so‘raganlarida, ular: «Allohni zikr qilish uchun o‘tiribmiz», deyishdi. Muoviya (r.a.): «Allohga qasamki, sizlar faqat shuning uchun o‘tirdilaringmi?» degandilar, ular: «Ha, faqat shuning uchun o‘tirdik», deyishdi. Shunda Muoviya (r.a.): «Men sizlarga tuhmat qilib qasam bermadim, lekin hech kim Rasulullohga (s.a.v.) menchalik yaqin emas. Yaqin bo‘lishimga qaramasdan u zotdan oz hadis rivoyat qilganman. Bir kuni sahobalar xalqa bo‘lib o‘tirganlarida, Rasululloh (s.a.v.) ularning oldilariga chiqib: «Sizlarni bunday o‘tirishga nima narsa undadi?» deb so‘radilar. Sahobalar: «Allohni zikr qilish va bizni Islomga hidoyat qilganiga hamd aytish uchun o‘tiribmiz», deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Allohga qasamki, mana shuning uchun o‘tirdinglarmi? Men sizlarga tuhmat qilib qasam bermadim. Lekin menga Jabroil (alayhissalom) kelib, Alloh taolo sizlar bilan farishtalariga faxrlanayotganining xabarini berdi», dedilar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:37:21

248-bob
Ertalab va kechqurun Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lish haqida


Alloh taolo:
«Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, dildan ertayu kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang» (A’rof surasi, 205-oyat);

«Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U Zotni) poklang - namoz o‘qing» (Toho surasi, 130-oyat);

«Tunu kun Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U Zotni) poklang» (G‘ofir surasi, 55-oyat);

«(U chiroq) bir uylarda (ya’ni, masjidlarda yoqilurki), Alloh ularni baland ko‘tarib, (bino) qilinishiga va ularda O’zining nomi zikr qilinishiga izn bergan (ya’ni, amr qilgan) edi. (U masjidlarda) ertayu kech U Zotni poklaydigan kishilar borki, ularni na tijorat va na oldi-sotdi Allohni zikr qilishdan, namozni to‘kis ado etishdan va zakotni (haqdorlarga) ato etishdan mashg‘ul qila olmas» (Nur surasi, 36-oyat);

«Albatta Biz tog‘larni kechki payt va ertalab (ya’ni, mudom) u bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo‘yinsundirib qo‘ydik» (Sod surasi, 18-oyat), deb aytgan.

1450/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim tong otganda va kech kirganda «Subhanallohi va bihamdihi», deb yuz marta aytsa, qiyomat kuni biror kishi undan afzal bo‘la olmaydi. Faqatgina u kabi aytsa yoki undan ziyoda qilsa, afzal bo‘ladi, xolos», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1451/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Rasululloh, kecha meni chayon chaqib oldi», dedi. Shunda Nabiy (s.a.v.) «Kech kirganida «A’uzu bikalimatillahit tammati min sharri ma xolaq», desang, senga hech narsa zarar bermaydi», dedilar (ma’nosi: «Allohning hamma kalimalari bilan U yaratgan narsalarning yomonligidan panoh tilayman»). Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:37:45

1452/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) tong otganida: «Allohumma bika asbahna va bika amsayna va bika nahya va bika namutu va ilaykan nushur» («Allohim, Sening noming ila tong ottirdik, Sening noming ila kech kirgizdik. Sening noming ila tirilamiz va Sening noming ila o‘lamiz. Va Senga qaytajakmiz»), der edilar. Kech kirganida esa: «Allohumma bika amsayna va bika nahya va bika namutu va ilaykan nushur» («Allohim, Sening noming ila kech kirgizdik. Sening noming ila tirilamiz va Sening noming ila vafot etamiz. Va Senga qaytajakmiz»), deb aytar edilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1453/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abu Bakr Siddiq (r.a.): «Ey Rasululloh, menga biror kalimani o‘rgating, uni tong otganida va kech kirganida aytib yuray», dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «(Siz) «Allohumma fatiros samavati val arzi ‘alimal g‘oybi vash shahadati robba kulli shay`in va maliykah, ashhadu alla ilaha illa anta, a’uzu bika min sharri nafsiy va sharrish shaytoni va shirkihi», deb tong otganida, kech kirganida va to‘shagingizga yotganingizda aytib yuring», dedilar (ma’nosi: «Ey yeru osmonni bor qilgan Allohim, ey g‘oyibni va shohidni biluvchi Rabbim, Sen har bir narsaning Parvardigori va podshohidirsan. Guvohlik beramanki, Sendan boshqa iloh yo‘q. Nafsimning yomonligidan va shaytonning yomonligiyu hiylasidan Sening noming ila panoh tilayman»). Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:37:58

1454/5. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) kech kirsa: «Amsayna va amsal mulku lillah, valhamdu lillahi la ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ‘ala kulli shay`in qodiyr. Robbi as`aluka xoyro ma fiy hazihil laylati va xoyro ma ba’daha va a’uzu bika min sharri ma fiy hazihil laylati va sharri ma ba’daha, robbi a’uzu bika minal kasali va su`ul kibar. A’uzu bika min ‘azabin nari va ‘azabin fil qobr», deb aytar edilar. Agar tong otsa: «Asbahna va asbahal mulku lillah», deb, qolganini yuqoridegidek davom ettirardilar (ma’nosi: «Biz ham, butun mulk ham Allohniki bo‘lgan holda kech kirgizdi. Allohga hamd bo‘lsin. Allohdan boshqa iloh yo‘q. Uning sherigi ham yo‘q. Mutlaq mulk Unikidir. Maqtov ham Unga xosdir. U har narsaga qodirdir. Ey Rabbim, Sendan bu kechaning yaxshiliklarini va undan keyingi yaxshiliklarni so‘rayman. Bu kechaning yomonligidan va undan keyingi kechaning yomonligidan Sendan panoh tilayman. Ey Rabbim, Sening noming ila dangasalikdan va yomon kibrlikdan panoh tilayman. Yana do‘zax va qabr azobidan ham panoh tilayman». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:38:06

1455/6. Abdulloh ibn Xubaybdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) menga «(Sen) «Qul huvallohu ahad... », «Qul a’uzu birobbil falaq... », «Qul a’uzu birobbin nas... » suralarini kechki payt va ertalab uch martadan aytsang, senga har bir narsada kifoya qiladi», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1456/7. Usmon ibn Affondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Biror bir banda har tongda va tunda «Bismillahillaziy la yazurru ma’asmihi shay`un fil arzi va la fis samai va huvas samiy’ul ‘aliym», deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi», dedilar (ma’nosi: «Shunday Allohning ismi bilan boshlaymanki, Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydi. U eshituvchi va biluvchi Zotdir»). Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:38:22

249-bob
Uxlash oldidan aytiladigan zikrlar haqida


Alloh taolo:
«Albatta osmonlar va yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun (bir yaratuvchi va boshqarib turguvchi Zot mavjud ekanligiga) oyat-alomatlar borzdir. Ular turganda ham, o‘tirganda ham, yotganda ham Allohni eslaydilar hamda osmonlar va yerning yaralishi haqida tafakkur qiladilar» (Oli Imron surasi, 191-oyat), deb aytgan.

1457/1. Huzayfa (r.a.) va Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) o‘rinlariga yotsalar: «Bismikallohumma ahya va amutu», der edilar. (Ma’nosi: «Allohim, Sening isming bilan tirilaman va o‘laman».) Imom Buxoriy rivoyati.

1458/2. Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Fotima bilan Aliga (roziyallohu anhumo): «To‘shakka yoki o‘rningizga yotsangiz, o‘ttiz uch martadan «Subhanalloh», «Alhamdulillah», «Allohu akbar», denglar», deb tayinlaganlar.

Boshqa rivoyatda aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) «Tasbehni o‘ttiz to‘rt marta aytingiz», yana bittasida «Takbirni o‘ttiz to‘rt marta aytingiz», deganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:38:32

1459/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishi to‘shakka yotayotganida ko‘rpa va izorini qoqib tashlasin. Chunki uning orasida nima borligini bilmaydi. So‘ng «Bismika Robbiy vazo’tu jambiy va bika arfa’uhu, in amsakta nafsiy farhamha va in arsaltaha fahfazha bima tahfazu bihi ‘ibadakas solihiyn», deb aytsin», dedilar. (Ma’nosi: «Ey Rabbim, Sening isming bilan yotdim va Sening isming bilan turaman. Agar mening ruhimni olsang, unga rahm qil. Agar uni qo‘yib yuborsang, ya’ni hayotda bardavom qilsang, xuddi solih bandalaringni saqlaganingdek, uni ham hifzu himoyangga ol».) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1460/4. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) to‘shaklariga yotsalar, qo‘llariga suflab ikkita «Qul a’uzu... »ni o‘qir, so‘ng tanalariga surtar edilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Ikkovlaridan qilingan boshqa rivoyatda aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) agar ko‘rpalariga kirsalar, ikki kaftlarini jamlab turib, unga «Qul huvallohu ahad... », «Qul a’uzu birobbil falaq... », «Qul a’uzu birobbinnas... » suralarini o‘qib qo‘llari yetgan joylarigacha surtar edilar. U ikki kaftlarini boshlari, yuzlari va jasadlarining old tomonidan boshlab uch martadan bajarardilar.

Qayd etilgan