Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485652 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 102 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:44:03

1520/11. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar odam bolasi tong ottirsa, a’zolarning barchasi tilni koyib: «Bas, ey til, Allohdan qo‘rq! Biz ham sendanmiz. Agar sen to‘g‘ri bo‘lsang, biz ham to‘g‘ri bo‘lamiz. Agar sen egri bo‘lsang, biz ham egri bo‘lamiz», deydi», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyati.

1521/12. Muozdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «(Men): «Ey Rasululloh, menga bir amalning xabarini beringki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoq qilsin», desam, u zot: «Sen juda katta narsa so‘rading. Albatta u Alloh oson qilgan kishiga yengildir», dedilar, so‘ngra: «Allohga biror narsani shirk keltirmasdan ibodat qilasan. Namozni qoim qilasan. Zakotni berasan. Ramazon ro‘zasini tutasan. Baytullohni haj qilasan», dedilar. Va yana u zot: «Seni eshiklarning yaxshisiga dalolat qilaymi? Ro‘za pardadir. Sadaqa xatolarni xuddi suv olovni o‘chirgandek o‘chiradi», deb kishining kechaning o‘rtasidagi namozi haqida quyidagi oyatni o‘qidilar:

«Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biror jon bilmas» (Sajda surasi, 16-17-oyatlar). So‘ngra yana u zot: «Ishning boshi va ustuni hamda yuksak cho‘qqisining xabarini beraymi?» deganlarida, «Ha, ey Rasululloh», dedim. Shunda u zot: «Ishning boshi - Islom. Ustuni - namoz. Yuksak cho‘qqisi jihoddir», dedilar. Yana u zot: «Bularning hammasidan ham asosiysining xabarini beraymi?» deganlarida, «Ha, ey Rasululloh», dedim. Bas, u zot tillarini ushlab: «Sen mana buni tiygin», dedilar. Shunda men: «Ey Rasululloh, gapirgan narsalarimizga ham so‘roq qilinamizmi?» desam, u zot: «Onang bolasiz qolgur, kishilarning yuzlari bilan do‘zaxga ag‘darilishlari faqat tillari aytgan narsalar sababidandir», dedilar». Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:44:11

1522/13. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «G’iybat nima ekanligini bilasizlarmi?» deganlarida, sahobalar: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Karih ko‘radigan narsasi bilan birodaringni zikr qilmog‘ing», dedilar. Shunda: «Aytgan narsam birodarimda bo‘lsa-chi?» deyilganida, u zot: «Aytayotgan narsang birodaringda bo‘lsa, g‘iybat qilibsan. Agar aytayotgan narsang birodaringda bo‘lmasa, unda bo‘hton qilibsan», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1523/14. Abu Bakradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qurbonlik kuni Minodagi vidolashuv hajida: «Bu kuningiz, bu shahringiz, bu oyingizda qon to‘kish harom bo‘lgani kabi sizlarning qoningiz, molingiz va obro‘yingizga (tajovuz qilmoqligingiz) haromdir. Ogoh bo‘ling, yetkazdimmi?» dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:44:20

1524/15. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasulullohga (s.a.v.) «Safiyyaning unday yoki bundayligi (ba’zi rivoyatlarda keltirilishicha, pakanaligi) misol sifatida yetarlidir», desam, u zot: «Sen bir kalima aytdingki, agar u dengiz suviga aralashtirib yuborilsa, ta’mi yoki hidi o‘zgarib ketardi», dedilar. Va yana u zotga bir insonni hikoya qildim. Shunda u zot: «Menda u yoki bu narsa bo‘laturib, boshqa birovni gapirishni yaxshi ko‘rmayman», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Bu hadis g‘iybatchilarga eng katta dashnom beruvchi hadisdir. Mana shu darajada g‘iybatni yomonlashda yetuk bo‘lgan boshqa biror hadisni bilmayman.

«Va u Rasululloh (s.a.v.) (Qur’onni) o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir» (Najm surasi, 3-4-oyatlar).

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:44:28

1525/16. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Men osmonga ko‘tarilganimda (ya’ni, Me’roj kechasida) bir qavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, yuzlari va ko‘kraklarini tirnashar edi. Shunda men: «Ey Jabroil, anavilar kim?» desam, u zot: «Ular shunday shaxslarki, kishilar go‘shtini yeb (ya’ni, g‘iybat qilib), obro‘lariga bo‘hton qilishardi», dedilar», deb aytdilar. Abu Dovud rivoyati.

1526/17. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Har bir musulmon boshqa bir musulmonning qoniga, obro‘siga va moliga (tajovuz qilishi) haromdir», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:44:56

255-bob
G’iybatga quloq solishning haromligi, g‘iybatni eshitganda gapiruvchi kishiga raddiya berib g‘iybatdan to‘xtatish, agar bundan ojiz bo‘lsa yoki gapiruvchi qabul qilmasa, imkonini topib o‘sha majlisni tark etishga buyurish haqida


Alloh taolo:
«Qachonki behuda (so‘z yo ishni) eshitsalar, undan yuz o‘girurlar» (Qasos surasi, 55-oyat); «Ular behuda-foydasiz (so‘z va amallardan) yuz o‘giruvchi kishilardir» (Mo‘minlar surasi, 3-oyat);

«(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil - bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (ya’ni, eshitgan, ko‘rgan va ishongan har bir narsasi uchun kishi qiyomat kunida javob beradi)» (Isro surasi, 36-oyat);

«Qachon Bizning oyatlarimizni (masxara qilishga) kirishayotgan kimsalarni ko‘rsangiz, to boshqa gapga kirishmagunlaricha ulardan yuz o‘giring! Endi agar shayton yodingizdan chiqarsa, eslaganingizdan so‘ng bu zolim qavm bilan birga o‘tirmang!» (An’om surasi, 68-oyat) deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:45:04

1527/1. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kim birodari obro‘si to‘kilayotganda uni himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kunida o‘sha kishining yuzini do‘zaxdan himoya qiladi», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyati.

1528/2. Itbon ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilingan uzun hadisda keltirilishicha, Rasululloh (s.a.v.) o‘rinlaridan turib namoz o‘qidilar. Va: «Molik ibn Duxshum qaerda?» dedilar. Shunda bir kishi: «U munofiq-ku, Alloh va Uning rasuli munofiqni yaxshi ko‘rmaydi», deganida, Rasululloh (s.a.v.): «Unday dema, uning «La ilaha illalloh», deganiga qaramaysanmi? U buni aytish bilan Allohning roziligini xohlaydi. Albatta Alloh bunday deb aytuvchiga do‘zaxni harom qildi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1529/3. Ka’b ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Tavba haqidagi uzun hadisda keltirilishicha, Rasululloh (s.a.v.) Tabukda qavm orasida o‘tirganlarida: «Ka’b ibn Molikka nima bo‘ldi?» dedilar. Shunda bani salamalik bir kishi: «Ey Rasululloh, uning kiyimlari hamda ikki yoniga nazar solishi (ya’ni, boyligiga ajablanishi) bu yerga kelishidan to‘sib qo‘ydi», dedi. Buni eshitgan Muoz ibn Jabal: «Aytgan narsang buncha ham yomon. Allohga qasamki, ey Rasululloh, biz unda faqat yaxshilik ko‘rganmiz», deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) sukut qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:45:31

256-bob
Ruxsat etilgan g‘iybat bayoni


Bilingki, g‘iybat harom bo‘lsa-da, ba’zi holatlarda isloh uchun ruxsat etilgan. Ana shu isloh sahih, shar’iy maqsadda bo‘lib, undan boshqa yo‘l bilan yetishish mumkin bo‘lmasa, o‘shanda ruxsat etilgan. U quyidagi oltita sabablarning birida bo‘ladi:

Birinchisi - shikoyat. Mazlum sultonga yo qoziga yoki zolimni insofga chaqirishga qurbi yetadigan shunga o‘xshash biror boshliqqa shikoyat qilib: «Falon kishi menga zulm qildi» yoki «Mendan buni tortib oldi» kabi so‘zlarni aytmog‘i joiz.

Ikkinchisi - munkar narsani o‘zgartirishga va osiyni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga yordam so‘ramoq. Bas, u ana shu munkar narsani ketkazishga qudrati yetadigan kishiga «Falon kishi bunday ishlarni qilib yuribdi, uni bundan to‘xtatib qo‘ying» kabi so‘zlarni aytadi. Ana shu paytda uning maqsadi munkar narsani ketkazishga qaratilmog‘i kerak. Uning maqsadi bunday bo‘lmasa, harom bo‘ladi.

Uchinchisi - fikr-mulohaza so‘rash. Masalan, muftiyga «Otam yo inim yoki falonchi menga zulm qildi, undan xalos bo‘lish, haqqimni olish va zulmni o‘zimdan daf etish yo‘li qanaqa?» deb aytmog‘i joiz. Va shu singari «Xotinim meni unday qildi» yoki «Erim bunday qildi», deb hojati uchun aytmog‘i joiz. Yana ham to‘g‘rirog‘i, «Bir kishining ana bu ishida nima deysiz?» yoki «Er yoki xotin bunday qildi», deb tayin qilmasdan maqsadini hosil qilmog‘i ham durust.

Keyingi bobda zikr etiladigan Hinddan (r.a.) qilingan rivoyat tayin qilishning joizligini ko‘rsatadi. U eri Abu Sufyonning baxil-ziqna ekanini aytganida, Rasululloh (s.a.v.) uni bu g‘iybatidan qaytarmadilar.

To‘rtinchisi - musulmonlarni yomonlikdan ogoh etib, ularga nasihat qilish. U bir nechta ko‘rinishda bo‘ladi. Ulardan hadis rivoyat qiluvchi roviylarning guvohlik ko‘rsatmalarini majruhligi uchun rad etmoq. Mana shu musulmonlar ijmo’i bilan joizdir. Balki ehtiyoj bo‘lgani uchun vojibdir. Aytadilar: «Bir kishi yo nikoh yo‘li bilan qarindoshlik munosabatlariga kirishini, yo ishda sherik bo‘lishini, yo omonat olishini, yo uning huzuriga omonat qo‘yishni, yo bundan boshqa narsalarda muomala qilishni sendan maslahat so‘rasa, nasihat yuzasidan u haqda bilgan narsangni aytmog‘ing vojib bo‘ladi. Agar sen unga «Muomala qilish yoki nikoh ila qarindosh bo‘lish durust bo‘lmaydi» yo «Bunday qilmagin», deb aytish bilan maqsad hosil bo‘lsa, yomonligini ortiqcha zikr qilish joiz emas. Endi bordi-yu, maqsad hosil bo‘lmasa, unda ochiqchasiga zikr qilavergin». Va yana aytadilar: «O’g‘riligi, zinokorligi, ichuvchiligi ila mashhur bo‘lgan qulni sotib olayotgan kishini ko‘rsang, uni sotib oluvchi kishi bilmaydigan bo‘lsa, bayon qilmog‘ing lozim bo‘ladi. Nafaqat bu qul sotib olishda, balki har bir sotib olinayotgan narsaning aybini bilsang, agar sotib oluvchi bilmasa, bayon etmog‘ing vojib bo‘ladi». Yana aytadilar: «Agar bir fiqh o‘rganuvchi bid’atchi yoki fosiq huzuriga borib, undan ilm o‘rganayotgan bo‘lsa va sen u fiqh o‘rganuvchi zarar topmog‘idan qo‘rqsang, unga nasihat qilmog‘ing va holini bayon qilmog‘ing lozim bo‘ladi. Shu shart bilanki, sen bunda nasihatni qasd qilmog‘ing kerak. Mana shu narsada ko‘pincha xatoga yo‘l qo‘yiladi. Gohida bu hasadga olib keladi yoki shayton aldab qo‘yadi. U esa bu qilgan ishini nasihat va shafqat, deb xayol qiladi. Sen buni idrok etib, farosatli bo‘l». Yana aytadilar: «Bir kishi boshliq bo‘lsa-yu, solih bo‘lmagani yoki fosiq va mug‘affal bo‘lgani sababli ishni yaxshi ko‘rinishda bajarmasa, undan ham kattaroq bo‘lgan boshliqqa uning aybini zikr qilmog‘ing vojib bo‘ladi. Ana shu katta boshliq uni ishdan chetlatib, undan-da salohiyatlisini tayinlaydi. Yoki uning holatini bilsa, uni to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishga undaydi».

Beshinchisi - fosiqligi, bid’atchiligi oshkora bo‘lgan kishilarni g‘iybat qilish joiz. Masalan, aroqni oshkora ichuvchi, kishilarning molini soliq solib, musodara qilib, zulm bilan tortib oluvchi hamda botil ishlarni yurgizuvchilar shular jumlasidandir. Mana shu ishlarni oshkora qiluvchini g‘iybat qilish joiz. Ammo bundan boshqalarida, yuqoridagi zikr qilganlarimizdan tashqari holatlarda joiz emas.

Oltinchisi - tanishlik uchun. Agar kishi ko‘zi xira, oqsoq, kar, ko‘r, g‘ilay, burni pachoq va shunga o‘xshash nuqsonli laqab bilan tanilgan bo‘lsa, tanitish niyatida tanitmoqlik joiz. Ammo noqislik tomonini bundan boshqa maqsadda aytish harom. Agar aybini aytmasdan boshqa yo‘l bilan bo‘lsa, juda ham yaxshi. Mana shu zikr qilingan oltita sabablarda ulamolar g‘iybat qilish joiz, deb aytishgan. Buning dalili sahih hadislarda zohiriy holda keltirilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:45:38

1530/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kirish uchun izn so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) uning kirishiga izn beringlar, deb keyin: «Bu odam o‘z jamoasining yomon kishisidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Buxoriy yomon va ishonchsiz kishilarni g‘iybat qilish joiz ekaniga bu hadisni hujjat qilganlar.

1531/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Falon va falon kishilarni dinimizdan biror narsa bilishadi, deb gumon qilmayman», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Ushbu hadis roviylaridan biri Lays ibn Sa’d bu ikki kishi munofiqlardan edi, dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:45:49

1523/3. Fotima binti Qaysdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib: «Abuljahm va Muoviyalar sovchi yuborishyapti, nima qilayin?» desam, u zot: «Muoviya kambag‘al, uning mol-dunyosi yo‘q. Abuljahm esa yelkasidan hassasini tashlamaydi (ya’ni, xotinlariga qattiqqo‘l)», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslim rivoyatlarida «Abuljahm xotinlarini uruvchidir» bo‘lib kelgan.

«Yelkasidan hassasini tashlamaydi», deganlarini ba’zilar ko‘p safar qiluvchi, deb ham sharhlashgan.

1533/4. Zayd ibn Arqamdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga safarga chiqqanimizda kishilarga qiyinchilik yetdi. (Munofiq) Abdulloh ibn Ubay: «Rasululloh (s.a.v.) huzurlaridagi kishilarga (sahobalarga) hech narsa bermanglar. Shunda atrofidagi kishilar tarqalib ketadi. Agar Madinaga qaytsak, kuchli bo‘lganlar kuchsizlarni u yerdan chiqarib yuboradi» (ya’ni, o‘zini kuchli, Rasulullohni esa kuchsiz, deb aytmoqchi), deganida, men buning xabarini Rasulullohga (s.a.v.) yetkazdim. U zot Abdulloh ibn Ubayni olib kelish uchun odam yubordilar. U (munofiq) kelib bu so‘zlarni aytmadim, deb qasam ichdi. Shunda odamlar: «Zayd ibn Arqam Rasulullohga (s.a.v.) nisbatan yolg‘on ishlatibdi», deyishdi. Bu so‘zlar meni ranjitdi. Hatto Alloh taolo mening so‘zimni tasdiqlab «Qachon munofiqlar sizning oldingizga kelsalar... » oyatini nozil qildi. Keyin Rasululloh ularni qilgan gunohlariga istig‘for aytish uchun chaqirtirdilar. Lekin ular boshlarini egib kelmadilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1534/5. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abu Sufyonning xotini Hind Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Erim Abu Sufyon ziqna kishi. Menga va bolalariga kifoya qilgudek narsa bermaydi. Shuning uchun unga bildirmasdan ba’zi narsalarni olaman. Buning hukmi qanday bo‘ladi?» deganida, u zot: «O’zingga va bolalaringga kifoya qilgudegini yaxshilik bilan olavergin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:46:08

257-bob
Chaqimchilik (odamlar o‘rtasida fasod qilish maqsadida so‘z tashimoq)ning haromligi haqida


Alloh taolo:
«(Ey Muhammad), yana siz har bir tuban qasamxo‘r, g‘iybatchi-yu gap tashuvchi kimsaga itoat etmang» (Qalam surasi, 11-oyat);

«U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatguvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat), deb aytgan.

1535/1. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Chaqimchi jannatga kirmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1536/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ikki qabr oldidan o‘tib: «Bu ikkita qabrdagilar azoblanishmoqda. Ularning gumonlaricha, bu katta (gunoh) emas. Lekin aslida kattadir. Ularning biri chaqimchilik qilib yurardi. Ikkinchisi esa siydikdan saqlanmasdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1537/3. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarga bo‘hton nima ekanining xabarini beraymi? U chaqimchilik va odamlar orasida (buzish uchun) so‘z tashish», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan