Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485649 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 103 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:46:19

258-bob
Zarurat bo‘lmaganda odamlar so‘zini boshqalarga yetkazishdan qaytarilgani, fasod xavfi bo‘lsa, joizligi haqida


Alloh taolo:
«Gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz» (Moida surasi, 2-oyat), deb aytgan.

1538/1. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sahobalarimdan birortasi boshqasi haqida biror narsa yetkazmasin. Chunki men sizlarning oldingizga qalbim sog‘lom holda chiqmoqni yaxshi ko‘raman», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:46:33

259-bob
Ikkiyuzlamachilikning yomonligi haqida


Alloh taolo:
«Ular (o‘zlarining jinoyatlarini) odamlardan yashira oladilar, ammo Allohdan yashira olmaydilar. Ular (Alloh) rozi bo‘lmaydigan gaplarning rejasini xufyona tuzayotgan paytlarida ham U Zot ular bilan birga bo‘lur. Alloh ularning qilayotgan amallarini ihota qilguvchi-o‘rab olguvchi bo‘lgan Zotdir» (Niso surasi, 108-oyat), deb aytgan.

1539/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Sizlar odamlarni konlarga o‘xshatinglarki, ularning johiliyat davridagi yaxshilari Islomda ham yaxshilaridir. Shu shart bilanki, agar ular shariat hukmlarini bilishsa. Va yana insonlarning yaxshisi rahbarlikni yomon ko‘rganlaridir. Insonlarning yomoni esa ikkiyuzlamachilardir. Ular bir jamoaga bir yuz bilan va narigisiga boshqa yuz bilan boradi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: chunki boshliq bo‘lishni yomon ko‘rgan kishi mabodo boshliq qilinsa ham, u kishi Allohning chegarasini buzib o‘tmaydi. Sababi -u kishini boshliqlikdan bo‘shatilish qo‘rqitmaydi.

1540/2. Muhammad ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir necha kishi Abdulloh ibn Umarning (r.a.) huzurlariga kelib: «Bizlar boshliqlarimiz huzuriga kiramiz. Agar u yerdan chiqsak, aytgan narsamizning xilofini gapiramiz. Ya’ni, oldilarida maqtab, chiqqanda yomonlaymiz», deyishganida, Abdulloh ibn Umar (r.a.): «Biz bunaqa ishlarni Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida munofiqlik, deb hisoblar edik», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:46:50

260-bob
Yolg‘onning haromligi haqida


Alloh taolo:
«(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma» (Isro surasi, 36-oyat);

«U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat), deb aytgan.

1541/1. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi rost so‘zlab yuradi. Oqibatda Alloh huzurida siddiq (rostgo‘y), deb yoziladi. Yolg‘onchilik yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlab yuradi. Va Alloh huzurida kazzob (yolg‘onchi), deb yoziladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1542/2. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarda to‘rt toifa kishi borki, ularda aniq munofiqlik bor. Kimda ana shu xislat bo‘lsa, to uni tark qilmagunicha undagi nifoqlik xislati ketmaydi. Agar omonat berilsa, xiyonat qiladi. Agar gapirsa, yolg‘on so‘zlaydi. Agar ahdlashsa (shartnoma tuzilsa), buzadi. Agar xusumatlashilsa, nomussizlik qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:46:58

1543/3. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim ko‘rmagan tushini ko‘rdim, deb aytsa, qiyomat kuni qo‘liga ikkita arpa berib, uni bir-biriga bog‘lash buyuriladi. U esa bu ishni hargiz qila olmaydi. Kim bir jamoaning (o‘zaro) suhbatiga quloq solsa, ular esa buning tarqalishini karih ko‘rishsa, qiyomat kuni eshitgan kishining ikki qulog‘iga qalayi quyiladi. Kim biror surat chizsa, chizgan kishini qiyomat kunida azoblab, unga jon kiritishga buyuriladi. U esa buning uddasidan chiqa olmaydi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

1544/4. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishi ko‘rmagan narsasini ko‘zim bilan ko‘rdim, desa, o‘sha yolg‘onchilarning eng yolg‘onchisidir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:47:10

1545/5. Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) ko‘pincha sahobalaridan «Sizlardan birortangiz tush ko‘rdimi?» deb so‘rardilar. Agar sahobalar orasida tush ko‘rgani bo‘lsa, Alloh xohlaganicha so‘zlab berar edi. Kunlarning birida Rasululloh (s.a.v.) tongda huzurimizga chiqib ko‘rgan tushlarini quyidagicha so‘zlab berdilar: «Tunda ikki kishi kelib, biz bilan yurgin, deyishdi. Men ular bilan birga ketdim. Yurib yotgan bir kishining oldiga bordik. Qarasak, uning oldida tosh ko‘tarib boshqa bir kishi turibdi. O’sha turgan kishi yotganning boshiga tosh bilan urar, uning boshi esa maydalanib ketardi. Tosh esa uzoqqa dumalab ketardi. Urgan kishi toshning orqasidan borib olib kelgunicha, yotgan kishining boshi yana avvalgi holiga aylanib qolar edi. Turgan kishi avvalgi urganidek yana qaytadan uraverar edi. Men o‘zim bilan kelgan ikki kishiga: «Subhanalloh (ajablanganda shunday deyiladi), bu qanaqasi?» desam, ular: «Yur-yur», deyishdi. Men ular bilan birga ketdim. Yurib chalqancha yotgan bir kishining oldiga bordik. Qarasak, uning oldida temir ombur ushlab boshqa bir kishi turardi. U yotgan kishining yuz tomoniga kelib, jag‘i, burni, ko‘zining orqasiga ombur bilan tortib (go‘shti va terisini tortgandek) ikkinchi tomonini ham tortar edi. Bir tomondan forig‘ bo‘lmay turib, avvalgi tomoni asli holatiga qaytib qolar edi. U bu ishini qayta-qayta qilar edi. Men: «Subhanalloh, bular nima qilishmoqda?» desam, men bilan kelgan ikki kishi: «Yur-yur», deyishdi. Yurib tandirga o‘xshash narsaning oldiga bordik. (Roviy Rasululloh (s.a.v.) quyidagicha so‘zladilar, deb o‘ylayman, dedilar.) O’sha tandirga o‘xshagan narsa ichida shovqin-suron va har xil ovozlar eshitilar edi. Qarasak, yalang‘och erkak va ayollar turishibdi. Ularning ostilaridan olov yoqilar edi. Olov ularga yetib kelgan paytda ular dod-voy qilishar edi. Men: «Bular kim?» desam, hamrohlarim: «Yur-yur», deyishdi. Yurib bir anhorning oldiga bordik. (Roviy aytadilar: «O’sha anhorning rangini Rasululloh (s.a.v.) qon rangidek, dedilar».) O’sha anhorda bir kishi suzib yurar edi. Anhorning qirg‘og‘ida esa boshqa bir kishi bir qancha toshlarni to‘plab o‘tirar edi. Boyagi odam xohlaganicha suzib, keyin tosh to‘plagan kishining oldiga kelardi. U esa suzib kelgan kishining og‘zini ochib, yig‘ib qo‘ygan toshlarini tiqib yuborar edi. U esa yana suzib ketar va qaytib kelar edi. Har gal qaytib kelganida og‘zini ochib, toshni tiqib yuborar edi. Men: «Bular kim?» desam, u ikkovlari: «Yur-yur», deyishar edi. Yurib bir badbashara kishining oldiga bordik. Sen unday kishini ko‘rmagansan. Uning oldida olov turibdi. O’sha olovni yoqib atrofida aylanib turibdi. Hamrohlarimdan «Bu nima?» deb so‘rasam, ular: «Yur-yur», deyishar edi. Yurib ko‘kalamzor boqqa bordik. U yerda har turli bahor gullari bor ekan. O’sha bog‘ning o‘rtasida uzun bo‘yli bir kishi turibdi. U kishi bo‘yining uzunligidan boshi osmonda edi. Uni ko‘ra olmas edim. Bu kishining atrofida ko‘pgina yosh bolalar turishibdi. Men hech bunday bolalarni ko‘rmaganman. Shunda men hamrohlarimdan: «Bular kim? Anavilar-chi?» deb so‘rasam, ular: «Yur-yur», deyishar edi. Yurib katta bir daraxtning oldiga bordik. Men bu kabi ulkan va chiroyli daraxtni ko‘rmaganman. Hamrohlarim: «Bu daraxtning ustiga chiqing», deyishdi. Uning ustiga chiqsak, tilla va kumush g‘ishtlardan qurilgan shahar bor ekan. Shahar darvozasi oldiga borib, uni ochishlarini so‘radik. Ochishgan edi, ichiga kirdik. U yerda odamlar bor ekan. Tanalarining yarmi juda chiroyli suratda. Sen bunday xushsurat kishilarni ko‘rmagansan. Yarmilari esa juda xunuk. Sen bunday xunuk kishilarni ko‘rmagansan. Hamrohlarim ularga: «Mana bu anhorga borib tushinglar», dedilar. U anhor oqib turgan bo‘lib, oqligi sutga o‘xshar edi. Ular borib o‘sha anhorga tushishdi-da, keyin oldimizga qaytib kelishdi. Kelishganida ulardan haligi xunuklik ketib, xushsurat bo‘lib qolishgan edi. Hamrohlarim: «Bu Adn jannatidir. Mana bu esa sizning manzilingiz», deyishdi. Ko‘zimni yuqoriga qaratib boqsam, u oq bulut kabi qasr ekan. Ular yana: «Bu sizning manzilingizdir», deyishdi. Men ularga: «Alloh sizlarga baraka bersin. Qo‘yinglar, bu yerga kirayin», desam, ular: «Hozircha yo‘q. Lekin albatta kirajaksiz», deyishdi. Men: «Unda bu kecha ko‘rgan ajoyib narsalarimning xabarini beringlar», desam, ular: «Albatta xabar beramiz», deyishdi. «Avvalgi boshi tosh bilan maydalanayotgan kishi (hayotlik vaqtida) Qur’oni karimni yod olib, keyin tashlab qo‘ygan kishi va farz namozlarini o‘qimasdan uxlovchi kishidir. Ikkinchisi, jag‘i, burni, ko‘zining orqasiga ombur bilan tortib (go‘shti va terisini aylantirib) kesilayotgan kishi (hayotlik vaqtida) erta bilan uyidan chiqib bir yolg‘on so‘zni gapirardiki, o‘sha yolg‘on butun olamga yoyilar edi. Uchinchisi, tandirga o‘xshagan joydagi yalang‘och erkak va ayollar hayotlik vaqtlaridagi zinokor erkak va ayollardir. To‘rtinchisi, anhorda suzib yurganda og‘ziga tosh solinadigan kishi (hayotlik vaqtida) ribo (sudxo‘rlik bilan) yeyuvchidir. Beshinchisi, ko‘rinishi xunuk bo‘lgan, olov yoqib uning atrofida aylanib yuruvchi kimsa do‘zax xazinaboni Molik ismli farishtadir. Oltinchisi, bog‘dagi uzun bo‘yli kishi Ibrohim alayhissalomdirlar. Atroflaridagi yosh bolalar esa (Islom) fitratida vafot etgan yosh go‘daklardir», deyishdi». (Imom Barqoniy rivoyatlarida esa «(Islom) fitratida tug‘ilgan bolalardir» bo‘lib kelgan.) Bu so‘zni eshitib turgan ba’zi musulmonlar: «Ey Allohning rasuli, mushriklarning bolalari-chi?» deyishgan edi, Rasululloh (s.a.v.) «Mushriklarning ham bolalari shundoq», dedilar. Yana: «Hamrohlarim: «Haligi yarim qismi chiroyli va yarim qismi xunuk bo‘lgan kishilar (hayotlik vaqtlarida) yaxshi amallar bilan yomon amallarni aralashtirib yuborganlardir. Alloh esa ularning gunohlarini kechirib yubordi», deyishdi», dedil ar ». Imom Buxoriy rivoyati

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:47:19

Boshqa rivoyatda quyidagicha keltiriladi: «Bu kecha (tushimda) ikki kishi kelib meni muqaddas yerga olib chiqishdi. Keyin biz tandir kabi g‘orga bordik. Uning yuqorisi tor va osti keng edi. Ostidan olov yoqilar edi. Agar olov balandlasa, ular ham ko‘tarilib chiqib ketishlariga oz qolar edi. Agar olov so‘nsa, yana pastlashar edi. Uning ichida yalang‘och erkagu ayollar bor edi. Hatto biz qondan bo‘lgan anhor oldiga keldik. Buning qon ekaniga shak-shubha yo‘q. Anhorning o‘rtasida bir kishi, qirg‘og‘ida esa oldiga toshlarni to‘plab boshqa kishi turar edi. Agar anhor o‘rtasidagi kishi qirg‘oqqa chiqishni xohlasa, qirg‘oqdagi kishi uning og‘ziga tosh otib, uni avvalgi joyiga qaytarib qo‘yar edi. Har gal suvdan chiqish uchun qirg‘oqqa kelsa, og‘ziga tosh bilan urib, avvalgi joyiga qaytarib qo‘yar edi». Shu rivoyatda yana aytiladi: «Ikkovlari men bilan daraxtga ko‘tarilishdi. Va bir hovliga olib kirishdi. Men bunday chiroyli uyni hech ko‘rmaganman. U yerda keksa va kichik yoshli kishilar bor ekan». Yana keltiriladi: «Jag‘i ikkiga bo‘linayotgan kishi (hayotlik vaqtida) kazzob edi. U yolg‘onni gapirardi. O’sha yolg‘on butun olamga yoyilar edi. Bunga azob to qiyomat kunigacha beriladi». Shu rivoyatda yana: «Boshi yanchilayotgan kishi (hayotlik vaqtida) Alloh unga Qur’onni o‘rgatgan edi-yu, lekin u kechalarini uyqu bilan o‘tkazib, kunduzi u Qur’on ichidagi narsalarga amal qilmas edi. Yuqoridagi azob bilan qiyomat kunigacha jazolanadi. Avvalgi kirgan hovli umumiy mo‘minlar hovlisidir. Mana bunisi esa shahidlar hovlisidir. Men Jabroilman. Bu esa Mikoildir. Endi boshingni ko‘targin, deyishdi. Boshimni ko‘tarib qarasam, ustimda bulut kabi narsa turibdi. Ikkovlari: «Bu sening manzilingdir», deyishdi. Men: «Qo‘yib yuboringlar, o‘z manzilimga kirayin», desam, ikkovlari: «Hali tugamagan umring qoldi. Agar umring oxiriga yetsa (ya’ni, vafot etsang), o‘z manzilingga albatta borasan», deyishdi», deyiladi. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:47:30

261-bob
Yolg‘onchilikda ruxsat berilgan o‘rinlar to‘g‘risida


Bilginki, yolg‘onchilikning asli haromdir. Shu bilan birga ba’zi holatlarda shartlarga muvofiq kelsa, uni ishlatish joizdir. Men buni «Al-Azkor» kitobida bayon qilganman. Qisqacha qilib aytganda, «Kalom maqsadga erishish yo‘lidagi vositadir. Har bir maqtovchida maqsadga rostgo‘ylik bilan, yolg‘onsiz ega bo‘lish imkoni bo‘lsa, yolg‘on gapirish xaromdir. Agar rostgo‘ylik bilan erishish imkoni bo‘lmay, faqat yolg‘on bilan imkon bo‘lsa, yolg‘on joizdir. Agar qo‘lga kiritiladigan maqsad muboh bo‘lsa, yolg‘on ham mubohdir. Agar maqsad vojib bo‘lsa, yolg‘on ham vojibdir. Masalan, biror musulmon kishi qatl qiluvchi zolimdan yashirinib olgan bo‘lsa-yu, zolim u musulmon haqida so‘rasa, uni yashirib yolg‘on ishlatish vojibdir. Shu singari o‘zida yoki boshqa kishida omonat bo‘lsa va zolim o‘sha molni tortib olishni xohlasa, uni yashirib yolg‘on gapirish vojib bo‘ladi. Yana ham qamrovlirog‘i «tavriya», ya’ni lafzning zohirida yolg‘on bo‘lsa ham, unga nisbatan yolg‘on bo‘lmagan sog‘lom maqsadli ibora qo‘llaydi. Mabodo, tavriyani tark qilib, ana shu holda yolg‘on iborani qo‘llasa ham, harom emas. Ulamolar mana shunaqa holatlarda yolg‘on ishlatishning joizligiga Ummu Gulsumning (r.a.) Rasulullohdan (s.a.v.) eshitgan quyidagi hadislarini dalil qilib keltirishadi. Rasululloh (s.a.v.): «Insonlar orasini isloh qilish niyatida yolg‘ondan yaxshi xabar yetkazuvchi va yaxshi so‘zlarni gapiruvchi yolg‘onchi emas», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslim rivoyatlarida esa «Ummu Gulsum (r.a.): «Odamlar ishlatib yuradigan so‘zlarning uch xilidan tashqari boshqa birortasida yolg‘on ishlatishga Rasululloh (s.a.v.) ruxsat bermadilar. Ular: urushda, odamlar orasini isloh qilishda, er-xotin o‘rtalarida bo‘ladigan so‘zlarda», deb aytganlar» ziyoda qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:47:57

262-bob
Gap gapirayotganida yaxshilab tekshirib, keyin so‘zlashga targ‘ib haqida


Alloh taolo:
«(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma» (Isro surasi, 36-oyat);

«U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat), deb aytgan.

1546/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kishi har bir eshitgan narsasini gapiraverishi uning yolg‘onchi ekaniga kifoya qiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1547/2. Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kim mendan birorta hadisni rivoyat qilsa va uning yolg‘onligini ham his qilsa, o‘sha kishi yolg‘onchilarning biridir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1548/3. Asmodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir ayol: «Ey Allohning rasuli! Mening bir kundoshim bor. Agar o‘zimni uning oldida erim bermagan narsa ila to‘q qilib ko‘rsatsam, menga gunoh bo‘ladimi?» deganida, Rasululloh (s.a.v.): «Berilmagan narsa ila o‘zini to‘q qilib ko‘rsatuvchi kishi ikki yolg‘on libosini kiyuvchiga o‘xshaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Buning ma’nosi quyidagichadir: masalan, kishi o‘zi ilm va zuhd ahli bo‘lmasdan kishilarni aldab ularning liboslarini kiyib yuradi. Yoki badavlat bo‘lmay, zodagonlar libosini kiyib yuradi. Bu libos bilan ular erishgan maqomlarga yetishni xohlaydi. Bu hadisda esa odamning ichi bilan usti bir xil bo‘lishiga targ‘ib qilinmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:48:17

263-bob
Yolg‘on guvohlik berish og‘ir harom amallardan ekanligi haqida


Alloh taolo:
«Va yolg‘on so‘zdan yiroq bo‘lingiz» (Haj surasi, 30-oyat);

«(Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma!» (Isro surasi, 36-oyat);

«U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)» (Qof surasi, 18-oyat);

«Shak-shubhasiz, Parvardigoringiz (barcha narsani) kuzatib turguvchidir» (Val-fajr surasi, 14-oyat);

«Ular (ya’ni, Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar» (Furqon surasi, 72-oyat), deb aytgan.

1549/1. Abu Bakra Nufay’ ibn Horisdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) «Sizlarga kabira (ulkan) gunohlar haqida xabar beraymi?» deb so‘radilar. Biz: «Ha, ayting, ey Allohning rasuli!» dedik. Shunda u zot: «Allohga biror narsani sherik qilmoq, ota-onaga oq bo‘lmoq, - deb suyanib turgandilar, to‘g‘ri o‘tirib olib, -ogoh bo‘linglar, yolg‘on so‘z va yolg‘on guvohlik bermoq», deb takrorlayverdilar, hatto biz: «Qaniydi, jim bo‘lsalar-ku», deb umid qildik». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:48:28

264-bob
Biror kishi yoki hayvonni la’natlashning haromligi haqida


1550/1. Abu Zayd ibn Sobit ibn Zahhok al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. (Bu zot Rizvon bay’atida ishtirok etgan sahobalardan biridir.) Rasululloh (s.a.v.): «Kim qasddan bir narsaga yolg‘ondan qasam ichib (bu ish shundoq bo‘lsa yo bo‘lmasa) Islomdan boshqa millatda (ya’ni, yahudiy, nasroniy va yoki majusiy) bo‘lay, desa, o‘sha niyat qilib aytgan dinida bo‘ladi (ya’ni, Islomdan chiqadi). Kim o‘z joniga o‘zi biror narsa bilan qasd qilsa, qiyomat kuni o‘sha narsa bilan azob beriladi. Kim bajarishga qodir bo‘linmaydigan narsani nazr qilsa, uni bajarish lozim emas. Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirish kabidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1551/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «La’natni ko‘p aytish chin musulmonga loyiq emas», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan