Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485657 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 104 105 106 107 108 109 110 111 112 113 114 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:48:36

1552/3. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ko‘p la’nat aytuvchi kishi qiyomat kunida shafoatchi ham, guvohlik beruvchi ham bo‘lmaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1553/4. Samura ibn Jundubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Allohning la’nati bo‘lsin, Allohning g‘azabi bo‘lsin va Allohning do‘zaxi bo‘lsin, deb so‘kishmanglar», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:48:43

1554/5. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min kishi ko‘p so‘kuvchi ham, ko‘p la’natlovchi ham, fahsh so‘zlarni aytuvchi ham, odobsiz ham bo‘lmaydi», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1555/6. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar banda biror narsa ila la’natlasa, la’nati osmonga ko‘tariladi. Osmon eshiklari uning ro‘parasida yopiladi. So‘ngra yerga tushadi. Bas, uning eshiklari ham yopiladi. So‘ngra o‘ng va chap tomonga boradi. Agar imkoniyat topa olmasa, la’natlangan kishiga qaytadi. Agar uning sohibi o‘sha la’natga ahl (munosib) bo‘lsa, unda qoladi. Agar ahl bo‘lmasa, aytgan kishining o‘ziga qaytadi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:48:53

1556/7. Imron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) safarlarning birida ekanliklarida ansoriylardan bir ayol tuyadan achchiqlanib, uni la’natladi. Buni Rasululloh (s.a.v.) eshitib: «Bundagi narsalarni olib, tuyani qoldiringlar, chunki tuya la’natlangandir», dedilar. Imron (r.a.): «Men u tuyani hozir ko‘rgandekman. U kishilar orasida yuradi-yu, ammo unga biror kishi yuzlanmaydi», deb aytganlar. Imom Muslim rivoyati.

1557/8. Abu Barzadan 4$> rivoyat qilinadi. Bir joriya qiz qavmning yuki turgan tuyada edi. Tog‘ning tor joyida u Rasulullohni (s.a.v.) ko‘rib tuyaga «To‘xta! Alloh seni la’natlasin», deb yubordi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Bu la’natlangan tuyani bizga hamroh qilmang», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Bilingki, bu hadis mushkul, deb bilinadi. Aslida bu hadisda ishkallik yo‘qdir. Ya’ni, tuyaning birga yurishini Rasululloh (s.a.v.) xohlamayaptilar, xolos. Bu o‘sha tuyani sotish, so‘yish va minishdan qaytariq, degani emas. Vallohu a’lam.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:49:08

265-bob
Nomini tilga olmasdan gunohkorlarga la’nat aytishning joizligi to‘g‘risida


Alloh taolo:
«Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur» (Hud surasi, 18-oyat);

«Bas, ularning o‘rtalarida bir jarchi: «Zolimlarga Allohning la’nati bo‘lgay», deb jar solur» (A’rof surasi, 44-oyat), deb aytgan.

Gunohkor kishilarni la’natlashning joizligi haqida mashhur sahih hadislarda sobit bo‘lishicha, Rasululloh (s.a.v.): «Soch ulovchi va soch ulatganni, ribo yeyuvchini, rasm chizuvchini, yer qozig‘ini (qo‘shni haqqini) o‘zgartiruvchini, tuxum o‘g‘risini, otasini la’natlaganni, Allohdan boshqaga qilingan qurbonlikni Alloh la’natladi. Kim bizning ishimizda yangilik yaratsa yoki yangilikka yo‘l bersa, unga Allohning farishtalari va odamlarning barchasining la’nati bo‘lsin», dedilar. Va yana: «Allohim, Ri’l, Zakavon va Usayya qabilalarini la’natlagin. Ular Alloh va rasuliga osiylik qilishdi. Bular arab qabilalaridan uchtasidir. Yana U yahudiylarni la’natladi. Yana Alloh taolo yahudiy va nasroniylarni payg‘ambarlar qabrlarini masjid qilib olishgani uchun la’natladi. Va yana ayollarga o‘zini o‘xshatgan erkaklarni va erkaklarga o‘zini o‘xshatgan ayollarni la’natladi», dedilar.

Bu hadislar lafzi Imom Buxoriy va Muslimning «Sahih»larida kelgan. Bularning ba’zisi ikkitasida, ba’zisi birida kelgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:49:20

266-bob
Musulmonni nohaq so‘kishning haromligi haqida


Alloh taolo:
«Mo‘min va mo‘minalarga ular biron gunoh qilmasliklaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58-oyat), deb aytgan.

1558/1. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Musulmonni so‘kish fosiqlikdir. O’ldirish esa kofirlikdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1559/2. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kishi boshqa bir kishini fosiq yoki kofir, deb so‘kmasin. Chunki bu ayblar so‘kilgan kishida bo‘lmasa, so‘kuvchining o‘ziga qaytadi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:49:28

1560/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Ikki so‘kishganning gunohi avval boshlaganigadir. Lekin mazlum haddan oshib ketsa, unda gunoh mazlumga bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1561/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) xuzurlariga aroq ichgan bir kishi olib kelindi. Rasululloh (s.a.v.) «Buni uringlar», deb buyurdilar. Abu Hurayra (r.a.): «Bizlardan kimdir uni qo‘li bilan, kimdir poyabzali bilan, yana kimdir kiyimi bilan urdi», dedilar. Qachonki, u o‘g‘ri qaytib ketayotgan edi, qavmidagilardan biri: «Alloh seni xo‘rlasin», dedi. Buni eshitgan Rasululloh (s.a.v.) «Bunaqa so‘zlarni aytmanglar. Chunki bu kishiga g‘olib kelishi uchun shaytonga yordam bergan bo‘lasizlar (ya’ni, shayton bu kishiga aroq ichishni ziynatlab ko‘rsatgan edi. Endi uni xo‘rlayotganingizni ko‘rib shayton xursand bo‘ladi)», dedil ar. Imom Buxoriy rivoyati.

1562/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim quli (xizmatkori)ni zino qilganlikda ayblasa va bu ayblagan narsasi unda mavjud bo‘lmasa, qiyomat kuni o‘sha ayblovchiga had (darra) uriladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:49:40

267-bob
O’liklarni nohaq va shar’iy manfaatsiz so‘kishning haromligi haqida


Shar’iy manfaat shuki, bid’atchi va fosiqlarga ergashib qolinishdan boshqalarni ogohlantirib ularni so‘kish. Bunga yuqoridagi bobda kelgan oyat va hadislar dalil bo‘ladi.

1563/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «O’lganlarni so‘kmanglar, chunki amallari bilan boradigan joylariga borib bo‘ldilar», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:49:55

268-bob
Ozor berishdan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«Mo‘min va mo‘minalarga ular biron gunoh qilmasliklaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58-oyat), deb aytgan.

1564/1. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qo‘li va tilidan musulmonlar omonda bo‘lsa, o‘sha kishi haqiqiy musulmondir. Alloh man qilgan narsalardan o‘zini chetda tutgan kishi haqiqiy muhojirdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1565/2. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimni do‘zaxdan uzoqlashish va jannatga kirish xursand qilsa, o‘ladigan paytda Allohga va oxirat kuniga iymon keltirib vafot etsin. Hamda o‘ziga qilinishni mahbub ko‘rgan muomalani o‘zidan boshqalarga ham ravo ko‘rsin» (ya’ni, boshqalarga ham o‘shanday yaxshi muomalada bo‘lsin), dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Bu hadis yuqoridagi «Boshliqlarga toat qilish» bobida kelgan uzun hadisning bir qismidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:50:20

269-bob
Musulmonlar bir-birlarini yomon ko‘rishlari, aloqalarini uzib, teskari bo‘lib ketishlaridan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir» (Hujurot surasi, 10-oyat);

«Ular mo‘minlarga hokisor, kofirlarga esa qattiqqo‘l kishilardir» (Moida surasi, 54-oyat);

«Muhammad Allohning payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat), deb aytgan.

1566/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Bir-biringizni yomon ko‘rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-biringizga orqa o‘girib ketmang. Hamda bir-biringizdan aloqa uzmang. Ey Allohning bandalari, bir-biringizga birodar bo‘linglar. Musulmon kishining boshqa bir musulmon bilan uch kundan ortiq gaplashmasdan arazlashib yurishi halol emas», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1567/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Dushanba va payshanba kunlari jannat eshiklari ochiladi. Hamda Alloh taologa biror narsani sherik qilmagan bandalarning gunohlari kechiriladi. Lekin bir kishining birodari bilan adovati bo‘lsa, gunohlari kechirilmaydi. Va: «Bu ikkovi yarashguncha muhlat berib turinglar. Bu ikkovi yarashguncha muhlat berib turinglar», deb aytiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Imom Muslimning boshqa rivoyatlarida «Amallar payshanba va dushanba kunlari ko‘rsatiladi» bo‘lib kelgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:50:29

270-bob
Hasadning haromligi haqida


Hasad - xoh diniy, xoh dunyoviy ne’matlarga birodari erishsa, o‘sha ne’mat undan yo‘q bo‘lishini orzu qilishdir. Alloh taolo:

«Yoki odamlarga (ya’ni, Muhammad alayhissalomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya’ni, payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi?» (Niso surasi, 54-oyat) deb aytgan.

Bu bobga yana avvalgi bobda kelgan 1566-raqamli hadis ham dalildir.

1568/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Hasaddan chetlaninglar. Chunki olov o‘tin yoki o‘t-xashaklarni yeganidek, hasad ham yaxshi amallarni yeb bitiradi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Qayd etilgan