Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485647 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 106 107 108 109 110 111 112 113 114 115 116 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:52:50

1585/3. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulloh (s.a.v.) «qiyomat kuni barcha xiyonatkorlar dumbasi oldida bayroq bo‘ladi. Va uning xiyonati miqdoricha ko‘tariladi. Ogoh bo‘ling! Ommaga boshliq bo‘lganlarning xiyonatidan ko‘ra buyukroq xiyonat yo‘qdir», de dil ar. Imom Muslim rivoyati.

1586/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Alloh taolo: «Qiyomat kuni Men uch kishi bilan xusumatdadirman. Bir kishi Mening nomim bilan bir kishiga ahd beradi-da, keyin xiyonat qiladi. Va bir kishi ozod (hur) kishini sotib yuborib, pulini yeydi. Va yana bir kishi ishchini yollab ishlatadi-da, uning haqqini ado etmaydi», dedi». Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:53:05

278-bob
Bergan narsasini minnat qilishdan qaytarilgani to‘g‘risida


Alloh taolo:
«Ey mo‘minlar, bergan sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang» (Baqara surasi, 264-oyat);

«Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, so‘ngra bergan narsalariga minnat va ozorni ergashtirmaydigan zotlar uchun Parvardigorlari huzurida ulug‘ ajr bordir» (Baqara surasi, 262-oyat), deb aytgan.

1587/1. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Uch toifa kishi borki, Alloh qiyomat kunida ularga gapirmaydi va ularni oqlamaydi hamda ular uchun alamli azob bordir», deb uch bora shu so‘zni aytdilar. Shunda Abu Zarr (r.a.): «Hasrat-nadomatda qolgurlar, ular kimlar o‘zi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.): «Kiyimlarini mutakabbirlik uchun uzun qilib kiyuvchilar, minnat qiluvchilar va molini yolg‘on qasamlar bilan o‘tkazuvchi kishilar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Muslimning boshqa rivoyatlarida «Ishtonini va ko‘ylagini takabburona uzun qilib kiyuvchilar» bo‘lib kelgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:53:23

279-bob
Faxrlanish va haddan oshishdan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«Bas, sizlar o‘zlaringizni poklamay qo‘ya qolinglar. Uning O’zi taqvodor bo‘lgan kishilarni juda yaxshi bilguvchidir»
(Van-najm surasi, 32-oyat);

«Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaq haddilaridan oshadigan kimsalar (ni ayblash va zulm-u zo‘ravonliklari uchun jazolash)gagina yo‘l bordir. Ana o‘shalar uchun alamli azob bordir» (Sho‘ro surasi, 42-oyat), deb aytgan.

1588/1. Iyoz ibn Himordan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta Alloh taolo menga tavozu’li bo‘lmoqni va biror kishi boshqa bir kishiga jabr qilmasligini hamda maqtanmasligini vahiy qildi», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

1589/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar bir kishi odamlar halok bo‘ldi (ya’ni, buzilib ketdi), desa, o‘sha kishining o‘zi hammadan ko‘proq halok bo‘lguvchidir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Bu rivoyat mana shu ma’noda mashhurdir. Bu yerda o‘z nafsiga ajablanib odamlarga past nazar ila qarash, ularga nisbatan o‘zini baland tutib bunday deyish harom sanalmoqda. Lekin odamlar din ishlarida kamchilikka yo‘l qo‘yganda ularning ahvollariga qayg‘urib bunday so‘zni aytishning zarari yo‘q. Mashhur imomlardan Molik ibn Anas, Xattobiy, Humaydiy va boshqalar bu hadisni shunday sharhlashgan. Men bu haqda «Al-Azkor» kitobida so‘z yuritganman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:53:45

280-bob
Musulmonlarning uch kundan ortiq arazlashib yurishlarining haromligi, lekin bid’atchi yoki fosiqligi ochiq bo‘lgan kishi bilan arazlashishning zarari yo‘qligi haqida


Alloh taolo:
«Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar!» (Hujurot surasi, 10-oyat);

«Gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz» (Moida surasi, 1-oyat), deb aytgan.

1590/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «O’zaro aloqalarni uzmang. Bir-biringizga orqa o‘girib munosabatlarni buzmanglar. Hamda g‘azab qilmanglar. Va bir-biringizga hasadlashmanglar. Ey Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon kishining birodari bilan uch kundan ko‘p arazlashib yurishi halol emas», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1591/2. Abu Ayyubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Musulmon kishining birodari bilan uch kundan ko‘p arazlashib yurishi halol emas. Ko‘rishganda u yuzini o‘girishi yoki bunisi yuzini burishi yaxshi emas. Balki salomni avval boshlagani yaxshisidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:53:52

1592/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Har dushanba va payshanba kuni amallar Allohga taqdim qilinadi. Allohga biror narsani sherik qilmagan kishining gunohlari kechiriladi. Ammo birodari bilan adovati bo‘lgan kishiga nisbatan: «Bu ikkovini to yarashgunlaricha tek qo‘yinglar», deyiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1593/4. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta shayton Arab yarim orolida namozxonlarni o‘ziga ibodat qildirishdan umidini uzdi. Lekin oralarini buzib, bir-birlariga muxolif qilishdan umidini uzgani yo‘q», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:54:03

1594/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Musulmon kishi birodari bilan uch kundan ko‘p arazlashishi halol emas. Kim uch kundan ko‘p arazlashib vafot etsa, do‘zaxga kiradi», dedilar. Abu Dovud Imom Buxoriy va Muslim shartlariga binoan rivoyat qilganlar.

1595/6. Abu Xirosh Hadrad ibn Abu Hadraddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim birodari bilan bir yil arazlashib yursa, go‘yoki uning qonini to‘kibdi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

1596/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min kishi boshqa bir mo‘min kishi bilan uch kundan ko‘p arazlashib yurishi halol emas. Agar uch kundan ko‘p o‘tib ketsa, arazlagan kishisi bilan yo‘liqib, unga salom bersin. Agar u salomga alik olsa, savobda sherikdir. Agar alik olmasa, arazlashishning gunohi o‘sha alik olmagan kishiga bo‘ladi. Salom bergan kishi esa aloqa uzish gunohidan qutuladi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Abu Dovud: «Alloh yo‘lidagi aloqa uzib arazlashish yuqoridagi so‘zlarga o‘xshash emasdir», deb aytdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:54:25

281-bob
Uch kishidan ikkisi uchinchisidan izn olmay maxfiy gaplashishdan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«(Yahudiy va munofiqlarning) o‘zaro shivir-shivirlari faqat shayton tomonidandir» (Mujodala surasi, 10-oyat), deb aytgan.

1597/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar uch kishi turgan bo‘lsa, birlarini qoldirib ikki kishi pichirlab maxfiy gaplashmasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Abu Dovud ham bu hadisni rivoyat qilib quyidagilarni ziyoda qilganlar: «Abu Solih (r.a.) Ibn Umarga (r.a.): «Agar to‘rt kishi turganda ikki kishini qoldirib gaplashsa bo‘ladimi?» deganlarida, Ibn Umar (r.a.): «Zarari yo‘q», deb aytdilar».

Imom Molik ham «Muvatto» kitoblarida quyidagilarni rivoyat qilganlar: «Abdulloh ibn Dinor: «Men va Ibn Umar (r.a.) Xolid ibn Uqbaning bozor yaqinidagi uyi oldida turganimizda, bir kishi kelib Ibn Umar bilan maxfiy gaplashishni xohladi. O’shanda Ibn Umar (r.a.) bilan mendan boshqa biror kishi yo‘q edi. Ibn Umar (r.a.) esa to‘rt kishi bo‘lishimiz uchun yana bir kishini chaqirib, menga va haligi chaqirtirgan kishiga: «Bir oz to‘xtab turinglar, chunki men Rasululloh (s.a.v.) «Agar uch kishi bo‘lsa, bir kishini qoldirib gaplashmasin», deb aytganlarini eshitdim», dedilar», deb aytdilar».

1598/2. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar uch kishi bo‘lsangiz, bir kishining o‘zini qoldirib ikkitangiz gaplashmang. Qachonki, u boshqalarga qo‘shilib ketsa, unda zarari yo‘q. Chunki bir kishini qoldirib, ikki kishi alohida gaplashsa, haligi bir kishi xafa bo‘lib qoladi», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:54:46

282-bob
Xizmatkorini, hayvonlarni, xotinini va bolasini shar’iy sababsiz yoki odob chegarasidan chiqish darajasida qiynamoqdan qaytarilgani haqida


Alloh taolo:
«Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zga odamlarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi» (Niso surasi, 36-oyat), deb aytgan.

1599/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir xotin mushuk sababli azobga mustahiq bo‘ldi. Ya’ni, uni qafasga qamab o‘ldirgani sabab do‘zaxga doxil bo‘ldi. U xotin mushukni qafasga solib ovqat ham, ichimlik ham bermadi. Agar qamamasdan qo‘yib yuborganda edi, yerdagi (o‘z nasibasi bo‘lgan) hasharotlarni yeb (hayotini saqlar) edi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1600/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot bir kuni qurayshlik yigitlar oldidan o‘tdilar. Ular bir tirik qushni nishon qilib unga (nayza) otishayotgan edi. Yigitlar Ibn Umarni ko‘rib qolib tarqalib ketishdi. Ibn Umar (r.a.): «Buni kim qildi? Alloh la’natlagur, qaysi kishi qildi? Rasululloh (s.a.v.) ham tirik jonni nishon qilgan kishini la’natlaganlar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:54:53

1601/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) hayvonlarni (nayza otib o‘ldirish niyatida) nishon qilishdan man qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1602/4. Abu Ali Suvayd ibn Muqrindan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men Muqrinning yettita bolalaridan biridirman. Bizning bir xizmatkorimiz bor edi. Kichik ukam unga shapaloq tortib yuboribdi. Rasululloh (s.a.v.) bizga ana shu xizmatkorni ozod qilishni buyurdilar». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:55:10

1603/5. Abu Mas’ud al-Badriydan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men bir xizmatkorimni qamchi bilan urayotgan edim, nogahon orqamdan «Bilgin, ey Abu Mas’ud», degan ovozni eshitdim. Jahlim chiqib turgani sababli kimning ovoziligini anglamadim. Gapirayotgan kishi Rasululloh (s.a.v.) ekanlar. U zot: «Bilginki, ey Abu Mas’ud, sen bu bolaga azob berishingdan ko‘ra, Alloh seni azoblashga qodirroqdir», dedilar. Buni eshitgandan keyin bundan so‘ng birorta qulni aslo urmayman, deb aytdim».

Boshqa rivoyatda «U zotning haybatlaridan qo‘limdagi qamchi tushib ketdi» bo‘lib kelgan.

Yana boshqa rivoyatda: «(Men): «Ey Allohning rasuli, Allohning roziligi uchun bu ozoddir», desam, u zot: «Agar shunday qilmaganingda ham do‘zax seni kuydirar yoki o‘ziga olar edi», deb aytdilar», deyiladi. Bularning hammasini Imom Muslim rivoyat qilganlar.

1604/6. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim qilmagan ishiga xizmatkorini jazolasa yoki shapaloq ursa, uning kafforati qulni ozod qilishdir», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan