Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485636 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 89 90 91 92 93 94 95 96 97 98 99 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:18:49

1201/7. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Misvok og‘izni tozalab, Allohni rozi qilur», dedilar. Imom Nasaiy va Ibn Hzayma rivoyatlari.

1202/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Fitrat beshtadir yoki besh narsa fitratdandir. 1. Xatna qilmoq; 2. Kindik osti tuklarini olmoq; 3. Tirnoqlarni qisqartirmoq; 4. Qo‘ltiq osti tuklarini tozalamoq; 5 Mo‘ylovni qisqartirmoq», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:18:57

1203/9. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Fitrat o‘ntadir», dedilar. Ular: 1. Mo‘ylovni qisqartirish; 2. Soqol qo‘yish; 3. Misvok ishlatish; 4. Burunga suv olish; 5. Tirnoqlarni qisqartirish; 6. Barmoqlar orasini yuvmoq; 7. Qo‘ltiq tuklarini tozalamoq; 8. Kindik osti tuklarini tozalamoq; 9. Istinjo qilmoq. «O’ninchisini unutdim. Og‘izga suv olish bo‘lsa kerak», deb shu hadis roviylaridan biri Vakiy’ (r.a.) aytganlar. Imom Muslim rivoyatlari.

1204/10. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘ylovlarni qisqatirib, soqollarni qo‘yib yuboringlar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

(Fitrat — xilqat. Bu yerda qadimgi payg‘ambarlar sunnati, odati tushuniladi - Tarj).

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:19:15

216-BOB
Zakot shart ekanining ta’kidlanishi va uning fazilatlari hamda unga taalluqli narsalar haqida


Alloh taolo:
«Namozni to‘kis ado qilinglar va zakotni beringlar»
(Baqara surasi, 43-oyat),

«Holbuki ular faqat yagona Allohga, u zot uchun dinni xolis qilgan, To‘g‘ri yo‘ldan og‘magan holda ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu To‘g‘ri (yo‘ldagi millatning) dinidir» (Bayyina surasi, 5-oyat), «(Ey Muhammad), siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab tozalaydigan sadaqa sifatida oling» (Tavba surasi, 103-oyat).

1205/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Islom besh narsa ustiga qurilgan: «La ilaha illalloh va anna Muhammadan Rasululloh» kalimasi; namozni ado etish; zakot berish; Baytullohni haj qilish; Ramazon ro‘zasini tutish», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:19:26

1206/2. Talha ibn Ubaydullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Najd ahlidan bo‘lgan, sochlari to‘zigan bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga keldi. Biz uning ovozini eshitsak-da nima deyayotganini anglolmadik. Hattoki bu kishi Rasululloh (s.a.v.) yonlariga kelib, Islom haqida so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir kecha va kunduzda besh vaqt namoz o‘qish», dedilar. Haligi kishi: «Bundan boshqasi ham bormi?» degan edi, u zot: «Yo‘q, faqatgina nafl-ixtiyoriy namozlar bor», deb, yana u zot: «Ramazon oyida ro‘za tutish», degandilar, u kishi: «Menga bundan boshqasi ham bormi?» dedi. U zot: «Yo‘q! Faqatgina ixtiyoriy nafl ro‘zalari bordir», deb, yana u zot haligi kishiga: «Zakot bermoqlik»ni zikr qildilar. Haligi kishi: «Bundan boshqasi ham bormi?» degan edi, u zot: «Yo‘q», faqatgina ixtiyoriy-nafl sadaqalar bordir», dedilar. Shunda haligi kishi orqaga qaytib ketayotib: «Allohga qasamki, mana shundan ziyoda ham qilmayman, kamaytirmayman ham», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar rost aytayotgan bo‘lsa, najot topibdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1207/3. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Muozni <&> Yamanga jo‘natayotib: «Ularni avvalo Allohdan boshqa iloh yo‘q va men Allohning rasuli ekanimga da’vat qil. Agar bunga itoat qilishsa, Alloh har kecha va kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini bildir. Agar bunga ham itoat qilishsa, boylardan olib kambag‘allarga beriladigan sadaqani Alloh farz qilganini bildirgin» dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Islomga da’vat qilishda odamlarga og‘irlik tug‘dirmaslik uchun uni bosqichma-bosqich olib borish hamda da’vatni avvalo tavhiddan boshlash joiz. Chunki tavhid dinning aslidir. Alloh vahdoniyatini e’tirof etmasdan oldin hech narsa durust emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:19:35

1208/4. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kishilar «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deyishmagunicha, namozni qoim qilishmagunicha, zakotni berishmagunicha ular bilan urushmoqqa buyurildim. Agar mana shularni qilishsa, qonlari-yu mollari mendan omonda bo‘ladi. Faqat Islom haqida unday emas (ya’ni, hadlarda). Va ularning hisobi Alloh taologadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1209/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) vafot etdilar. Abu Bakr (r.a.) xalifalik paytlarida arablardan kofir bo‘lganlari kofir bo‘lishdi. Umar 4§: «Ey Abu Bakr, odamlar bilan qanday urushasiz? Vaholanki Rasululloh (s.a.v.) «Odamlar «La ilaha illalloh» deyishmaguncha ular bilan urushishga buyurildim. Kimki «La ilaha illalloh» deb aytsa, batahqiq, mendan moli va jonini saqlabdi. Faqat Islom haqida unday emas (ya’ni hadlarda). Ularning hisobi Alloh Taologadir», deb aytgan bo‘lsalar», deganlarida Abu Bakr (r.a.): «Allohga qasamki, kimki namoz bilan zakotning orasini ajratsa, u bilan urushaveraman. Chunki zakot molning haqqidir. Allohga qasamki, agar Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida berib yurgan ulovning arqonichalik narsani menga berishdan bosh tortishsa, urush e’lon qilaman», dedilar. Umar (r.a.): «Allohga qasamki, Abu Bakrga qarab, Alloh u zotning qalblarini ular bilan urushishga moyil qilib qo‘yganini ko‘rdim. Bildimki, albatta bu zot haq edilar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:19:43

1210/6. Abu Ayubdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohga (s.a.v.) «Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga olib kiradigan amal haqida xabar bering», deganda Rasululloh (s.a.v.) «Allohga ibodat qil. Unga biron narsani sherik qilma, namozni ado et. Zakotni haqdorlarga ber. Va qarindoshchilik rishtalarini bog‘lagin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1211/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir a’robiy Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Meni bir amalga yo‘llab qo‘yingki, agar unga amal qilsam, jannatga kirayin», dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Allohga biron narsani sherik qilmasdan ibodat qilasan. Namozni ado etasan. Farz qilingan zakotni berasan. Ramazon oyida ro‘za tutasan», dedilar. Haligi a’robiy: «Mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, bunga ziyoda qilmayman», dedi. A’robiy orqasiga o‘girilib qaytib ketganida, Rasululloh (s.a.v.) «Kimni jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qaramoqlik xursand qilsa, mana bu a’robiyga qarasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:19:54

1212/8. Jarir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Rasulullohga (s.a.v.) namozni ado etishga, zakotni berishga, har bir musulmonga nisbatan xayrixoh bo‘lishga bay’at berdim», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1213/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Biror tilla yoki kumush egasi uning haqqini ado etmasa, ya’ni zakotini bermasa, Qiyomat kunida o‘sha tilla-kumushlar o‘tda eritilib, tekislab, jahannam olovida qizdirilib, egasining yoni, peshonasi va orqa tomonlariga bosiladi. Har gal soviganda qaytadan qizdiriladi. Bu narsa bir kuni ellik ming yilga to‘g‘ri keladigan kunda sodir bo‘ladi. Ya’ni Alloh taolo avvalgiyu oxirgi odamni hisob-kitob qilib, hukmini eshittirguncha, u odam shu azobda bo‘ladi. So‘ngra u kishi o‘z yo‘liga qo‘yib yuboriladi. U jannat yo do‘zaxga ravona bo‘ladi», deganlarida sahobalar so‘rashdi: «Unda tuyasiga zakot bermaganlarning ahvoli qanday bo‘ladi?» Rasululloh (s.a.v.) «Agar tuya egalari uning haqqini ado etishmasa, ya’ni zakotini berishmasa va haqlaridan yana biri — uning sutidan sog‘ib, yordamchilarga va muhtojlarga bermasa, tekis sahroga yuzi bilan yotqiziladi. Barcha tuyalar, hatto eng kichik bolasi ham, egalarini tuyog‘lari bilan bosib, og‘izlari bilan tishlashadi. Bosib, tishlab oxiriga yetishsa, yana boshidan boshlashadi. Bu hol bir kuni ellik ming yilga to‘g‘ri keladigan kunda sodir bo‘ladi. Tuya egasi butun xaloyiq hisob-kitobdan forig‘ bo‘lguncha shu tarzda jazolanadi. Keyin jannat yoki do‘zaxdagi makoniga ravona bo‘ladi», dedilar. Yana sahobalar so‘rashdi: «Unda mol va qo‘ylariga zakot bermaganlarning ahvoli qanday bo‘ladi?» Rasululloh (s.a.v.) «Agar mol va qo‘y egalari uning haqqini ado qilishmasa, ya’ni zakot berishmasa, tekis sahroga yuzi bilan yotqiziladi. Mol va qo‘ylarning barchasi keladi. Ular orasida shoxi qiyshaygani, shoxi yo‘g‘i va shoxi singani bo‘lmaydi. Ular egalarini shoxlari bilan suzib, tuyoqlari bilan ezg‘ilashadi. Oxiriga yetishsa, yana qaytadan boshlashadi. Bu hol bir kuni ellik ming yilga to‘g‘ri keladigan kunda sodir bo‘ladi. Mol va qo‘y egasi butun xaloyiq hisob-kitobdan forig‘ bo‘lguncha shu azobda jazolanadi. Keyin jannat yoki do‘zaxdagi makoniga ravona bo‘ladi», dedilar. Sahobalar so‘rashdi: «Ey Allohning Rasuli? Otga zakot bermaganlar-chi?» Rasululloh (s.a.v.): «Ot uch turli bo‘ladi. 1. Egasiga gunoh olib keladigan; 2. Egasiga do‘zaxdan to‘siq bo‘ladi; 3. Egasiga savob olib keladigan. Gunoh olib keladigani — egasi riyo (xo‘jako‘rsinga), faxrlanish va Islomga dushmanlik qilish uchun olgan otlar. Do‘zaxdan to‘siq bo‘ladigani — egasi uni Alloh yo‘lida bog‘lab boqsa va ustidagi, gardanidagi haqlarini unutmasdan ado etsa, u ot egasiga do‘zaxdan to‘siq bo‘ladi. Savob olib keladigani — egasi uni Islom uchun Alloh yo‘lida ko‘kalamzor yerga bog‘lab boqsa, ot o‘sha ko‘kalamzor bog‘dan biror nima yesa, o‘sha yegani adadicha, tezagi hamda siydigi miqdoricha hasanot yoziladi. Agar u ot tizginini uzib, bir tepalikdan boshqa tepalikka o‘tsa, uning qadamlari va tezaklari adadicha hasanot yoziladi. Va yana egasi biror anhor yoqasidan o‘tsayu otini sug‘orishni istmasa ham ot o‘sha suvdan ichsa, bunda ham ichganining adadicha hasanot yoziladi», dedilar. Yana sahobalar so‘rashdi: «Ey Allohning Rasuli! Eshak haqida-chi?» Rasululloh (s.a.v.): «Eshak haqida menga hamma ma’noni o‘z ichiga oluvchi quyidagi oyatgina nozil bo‘lgandir», dedilar.

«Bas, kim (hayoti - dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (Qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur» (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Bu hadis lafzi Muslimniki.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:20:12

217-BOB
Ro‘za tutishning shartligi va ro‘zaning farzligi hamda unga taalluqli narsalar haqida


Alloh taolo:
«Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biror kishi xasta yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tuta olmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi» (Baqara surasi, 183-oyat). deb aytgan.

Ro‘za haqidagi ba’zi hadislar yuqoridagi bobda ham keltirildi. 1214/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: Alloh azza va jalla: «Har bir odam bolasining amali o‘zi uchundir. Lekin ro‘zasi Men uchundir. Uning mukofotini O’zim beraman», dedi. Ro‘za do‘zaxdan to‘siqdir. Agar sizlardan biringiz ro‘za tutsa fahsh hamda lag‘v so‘zlarni gapirmasin. Agar biror kishi so‘ksa yoki urushsa, «men ro‘zadorman», desin. Muhammadning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ro‘zadorning og‘zidagi hidining o‘zgarib qolishi Allohning huzurida mushkning hididan ham xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandchilik bordir. Biri: og‘zini ochganida. Ikkkinchisi: ro‘zasi bilan xursand bo‘lib Rabbisiga yo‘liqqanida». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Bu hadis lafzi imom Buxoriy rivoyatlaridandir. Va yana boshqa rivoyatlarda: «(Alloh aytadi): « Ro‘zador taomini, sharobini va shahvatini Men sababli tark qiladi. Ro‘zasini Men uchun tutadi. Men O’zim uni mukofotlayman. Har yaxshiligi uchun Men o‘n barobar qilib beraman», deyilgan.

Imom Muslim rivoyatlarida quyidagicha keltiriladi: «Odam bolasining har bir amaliga o‘ndan boshlab yetti yuz barobargacha beriladi. Alloh taolo: «(Banda) ro‘zani Men uchun tutadi. Uni o‘zim mukofotlayman. Chunki u Men uchun ovqati va shahvatini tark qiladi», dedi. Ro‘zador uchun ikki xursandchilik bor. Biri: og‘zini ochganida. Ikkinchisi: Robbisiga yo‘liqqan paytda. Ro‘zadorning og‘zidagi hid Allohning huzurida mushkning hididan ham yaxshidir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:20:21

1215/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kim Alloh yo‘lida ikki ulovini infoq qilsa jannat eshiklaridan chaqiriladi. Ey Allohning bandasi, bu yaxshidir. Kim namoz ahlidan bo‘lsa namoz eshigidan chaqiriladi. Kim jihod ahlidan bo‘lsa jihod eshigidan chaqiriladi. Kim ro‘za ahlidan bo‘lsa Rayyon (chanqoqbosdi) eshigidan chaqiriladi. Kim sadaqa ahlidan bo‘lsa sadaqa eshigidan chaqiriladi», deganlarida, Abu Bakr (r.a.): «Ota-onam fido bo‘lgur ey Allohning Rasuli! Bu eshiklarning biridan kirishda noqislik yo‘q-ku, lekin biror kishi bu eshiklarning barchasidan chaqiriladimi?» dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) « Ha, seni o‘shalardan bo‘lishingni umid qilaman», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1216/3. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannatda bir eshik bor. Uni Rayyon deyiladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kiradi. Ulardan boshqalar kirishmaydi. «Ro‘zadorlar qaerda?» deb chaqiriladi. Ular o‘rinlaridan turishadi. Bulardan boshqa biror kishi kirmaydi. Agar ro‘zadorlar kirishsa eshik yopiladi. Boshqa biror kishi kira olmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:20:28

1217/4. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qaysi bir banda bir kun Alloh yo‘lida ro‘za tutsa, Alloh o‘sha ro‘zasi sababli u kishining yuzini yetmish yillik masofaga qadar do‘zaxdan uzoq qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1218/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim Ramazon oyida uning farzligiga ishonib, savob umidida ro‘za tutsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan