Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485618 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 93 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:27:06

1278/9. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir ayol: «Ey Allohning rasuli! Alloh bandalariga haj qilishni farz etganida otamning yoshi ulg‘ayib qolgan edi. Ulovda mustahkam tura olmasdi. (U hajni ado etmay vafot etdi.) Men otam nomidan haj qilsam bo‘ladimi?» deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Ha, bo‘laveradi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1279/10. Laqiyt ibn Omirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu Zot Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib: «Otam keksayib qoldilar. Na haj yoki umra qilish va na yo‘l yurishga qodir emaslar», deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) «Otang nomidan haj va umra qilavergin», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:27:13

1280/11. Soib ibn Yaziddan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga haj qildim. O’shanda yetti yoshda edim». Imom Buxoriy rivoyati.

1281/12. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Ravho degan joyda otliqlarga yo‘liqdilar. Va: «Sizlar kimsizlar?» dedilar. Ular: «Musulmonlarmiz», deyishdi. Ular: «O’zingiz kimsiz?» deyishdi. U zot: «Allohning rasuliman», dedilar. Bir xotin bolasini ko‘tarib turgan edi, Rasulullohdan (s.a.v.) «Mana shu bola ham haj qilishi mumkinmi?» deb so‘radi. U zot: «Ha, haji haj bo‘lib, senga savob bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:27:20

1282/13. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir tuya ustida haj qildilar. Yuklari ham o‘sha tuya ustida edi. Imom Buxoriy rivoyati.

1283/14. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ukoz, Mijanna va Zulmajoz bozorlari johiliyat davridagi bozorlar edi. Sahobalar gunohga botsak kerak, deb gumon qilib haj mavsumida savdo qilishdan o‘zlarini tiyishar edi. Keyin Alloh taolo Baqara surasining 198-oyatini nozil qildi: «(Haj safarida tijorat qilish bilan) Parvardigoringizdan fazlu karam istashingizda sizlar uchun hech qanday gunoh yo‘qdir». Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:27:34

235-BOB
Shahidlar va ularga tenglashtirilganlar haqida


1352/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Shahidlar beshtadir: 1. Vaboda o‘lgan. 2. Qorni og‘rib o‘lgan. 3. Cho‘kib o‘lgan. 4. Imorat ostida qolib o‘lgan. 5. Alloh yo‘lida vafot etgan», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1353/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Siz kimlarni shahid, deb hisoblaysiz?» deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli, kimki Alloh yo‘lida o‘ldirilsa, u shahiddir», deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Unday bo‘lsa, mening ummatimda shahidlar oz ekan-da!» dedilar. Sahobalar: «Unda shahidlar kim, Ey Allohning rasuli?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Kim Alloh yo‘lida o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim Alloh yo‘lida vafot etsa, u shahiddir. Kim vaboga chalinib o‘lsa, u shahiddir. Kim qorin og‘rig‘i bilan o‘lsa, u shahiddir. Kim cho‘kib o‘lsa, u ham shahiddir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:27:44

1354/3. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim moli ostida (ya’ni, himoya qilayotib) o‘ldirilsa, u shahiddir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1355/4. Asharai mubashsharadan biri Abul A’var Said ibn Zayd ibn Nufayldan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim moli ostida (ya’ni, himoya qilayotib) o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim qoni himoyasida o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim dini himoyasida o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim ahli himoyasida o‘ldirilsa, u shahiddir», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1356/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Allohning rasuli! Ayting-chi, agar bir kishi molimni tortib olishni xohlasa, nima qilay?» deganida, u zot: «Molingni bermagin», dedilar. «Agar men bilan urishishni xohlasa-chi?» degan edi, Rasululloh (s.a.v.) «U bilan urishgin», dedilar. U kishi: «Agar meni o‘ldirsa-chi?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Sen shahidsan», dedilar. U kishi: «Agar men uni o‘ldirsam-chi?» degan edi, Rasululloh (s.a.v.) «U do‘zaxdadir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:28:02

236-BOB
Qul ozod qilishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Bas, u (maqtanchoq kimsa yaxshilik) dovonini oshib o‘tmadi. (Ey Muhammad alayhissalom), dovon (oshish) nima ekanini siz qaerdan bilar edingiz. (U bir qul) bo‘ynini (qullikdan) ozod qilmoq» (Balad surasi, 11-13-oyatlar), deb aytgan.

1357/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) menga: «Kim musulmon qulni ozod qilsa, Alloh taolo qulning a’zosi barobarida ozod qiluvchining a’zolarini do‘zaxdan xalos etadi. Hattoki, farji (jinsiy a’zo) barobarida ozod qiluvchining farjini do‘zaxdan xalos etadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1358/2. Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men: «Ey Allohning rasuli, qaysi amal afzal?» deganimda, u zot: «Allohga iymon keltirish va Alloh yo‘lidagi jihod», dedilar. Men: «Qaysi qulni ozod qilish afzalroq?» deganimda, u zot: «Egasi nazdida yaxshi bo‘lgani hamda narxi qimmat bo‘lganini», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:28:19

237-BOB
Qullarga yaxshilik qilishning fazilati to‘g‘risida


Alloh taolo:
«Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz!» (Niso surasi, 36-oyat) deb aytgan.

1359/1. Ma’rur ibn Suvayddan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Abu Zarrning r.a. ustlarida bir to‘nni ko‘rdim. Xizmatkor bolalari ustida ham xuddi o‘shandoq to‘n ko‘rdim. Va buning sababini u zotdan so‘raganimda, Abu Zarr (r.a.): «Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida Abu Zarr bir kishini so‘kib onasini aybladilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Senda hali ham johiliyat odatlari bor ekan. U qullar sizlarning birodarlaringiz va xizmatkorlaringizdir. Alloh ularni sizlarning qo‘l ostingizda qilgan. Kimning birodari qo‘l ostida bo‘lsa, o‘zi yegan narsadan unga ham yedirsin. Va o‘zi kiygan narsadan unga ham kiydirsin. Toqati yetmaydigan narsaga buyurmasin. Agar buyuradigan bo‘lsa, unga yordamlashsin», degandilar», deb aytdilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1360/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar sizlardan birortangiz huzuriga xizmatkori ovqat olib kelsa-yu, o‘zi bilan o‘tqazmaydigan bo‘lsa, bir yoki ikki luqma uzatsin. Chunki bu xizmatkor xojasi uchun ishlamoqda-ku», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:28:35

238-BOB
Allohning va keyin o‘z xojasining haqqini ado etadigan qulning fazilati haqida


1361/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Albatta xizmatkor xojasi ishlarini chiroyli suratda bajarib, Allohga ibodatini ham yaxshi ado etsa, unga ikkita ajr beriladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1362/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Solih xizmatkor uchun ikki ajr bor», dedilar. «Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar Alloh yo‘lidagi jihod, haj qilish va onamga yaxshilik qilish bo‘lmaganida edi, men qul bo‘lib o‘lishni yaxshi ko‘rar edim», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:28:41

1363/3. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Rabbiga chiroyli ibodat qilib, xojasining haqqini ado etishda xayrixoh va itoatda bo‘lsa, unga ikkita ajr bordir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

1364/4. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Uch toifa kishilar borki, ular uchun ikki ajr bor: o‘zi ahli kitob bo‘lib, nabiysiga, keyin Muhammad alayhissalomga iymon keltirgan kishiga va Allohning haqqi va xojasining haqqini ado etgan qulga hamda xizmatkor qizni tarbiyasiga olib, unga chiroyli odob, yaxshi ta’lim berib, keyin uni ozod qilib turmushga uzatgan kishiga ikkita savob bor», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:28:55

239-bob
Fasod-fitna ko‘payib ketganida ibodatga mashg‘ul bo‘lishning fazilati to‘g‘risida


1365/1. Ma’qal ibn Yasordan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyinchilikda ibodat qilish menga (ya’ni, Makkadan Madinaga) hijrat qilingan kabidir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan