1474/11. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Rasulullohga S: «Menga bir duo o‘rgatingki, u bilan namozimda iltijo qilayin», deganlarida, Rasululloh (s.a.v.): «(Sen): «Allohumma inniy zolamtu nafsiy zulman kasiyron vala yag‘firuz zunuba illa anta fag‘firliy mag‘firatan min ‘indika, varhamniy innaka antal g‘ofurur rohiym», deb ayt», dedilar. (Ma’nosi: «Allohim, men nafsimga ko‘p zulm qildim. Gunohlarni Sendan boshqasi kechira olmaydi. O’zingning huzuringdan bo‘lgan mag‘firat ila meni kechirgin. Va menga rahm qilgin, albatta Sen kechirguvchi, rahmli Zotsan».) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1475/12. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bu duo bilan iltijo qilardilar: «Allohumma ig‘firliy xatiy‘atiy va jahliy va isrofiy fiy amriy vama anta a’lamu bihi minniy, Allohumma ig‘fir liy jiddiy va hazliy va xatoiy va ‘amdiy va kullu zalika ‘indiy, Allohumma ig‘firliy ma qoddamtu vama axxartu vama asrartu vama a’lantu vama anta a’lamu bihi minniy, antal muqaddimu va antal muaxxiru va anta ‘ala kulli shay‘in qodir». (Ma’nosi: «Allohim, xatolarimni, johilligimni, ishdagi isroflarimni kechirgin. Sen uni mendan ko‘ra biluvchiroqsan. Allohim, jiddiyligimni, hazilimni, xatoimni, qasdimni va mening huzurimdagi barchasini kechirgin. Allohim, oldingi qilgan gunohlarimni, keyingilarini, yashirin qilganlarimni, ochiqcha qilganlarimni kechirgin. Sen uni mendan ko‘ra biluvchiroqsan. Sen avvalgi-yu oxirgisan. Sen har bir narsaga qodirsan».) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.