Rauf Parfi. Ona Turkiston (sh'erlar to'plami)  ( 36410 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:44:35

10.
BITIKTOSH

Azizxon Qayyumga
Firdavsiy bir zamon aytgani kabi
Har ne o‘tkinchidir, fanoning o‘zi,
Faqat ikki narsa qolur abadiy —
Botirning shavkati, dononing so‘zi.

Ajdodlar Vatan deb jon fido qilgan,
Behuda gap sotib yurmagan ular.
Mana, ming yillarni opichlab kelgan
Bitiktosh ona-er haqida kuylar.

Vaqt quyunida ne davru davron,
Bu — toshga aylangan erkdir, bardoshdir.
Bu — Turon atalgan muqaddas armon.

Unga qaraymanu bir his tuyaman.
Bu yurtim timsoli mangulik toshdir...
Yuragim toshiga she’rim o‘yaman.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:45:19

11.


Cheksiz-cheksiz daqiqalardan iboratdir mening chorak asrlik umrim. Bu qanday imoratdir bunyod etgan qo‘lim. Gap boshqa, ustoz, boshqa. Ey umrim, haqqimdir axir bir soatning o‘zida bir mazmun Nozimning dardlari kabi uzun, ishonchlari kabi g‘olib yashashga. Ellik yoshlik befarzand kishining: «Bir o‘g‘lim bo‘lsa edi», «bir qizim bo‘lsa edi» — fikrlariday og‘ir, yoshlikning shirin armonlari kabi olg‘ir, ayni orzularda, ayni qayg‘ularda, ayni sevinchlarda, ayni Turkistonda yashamoq, ustoz.
Shunday bo‘lmasa agar, nega kerak bu kelbat, bu ovoz. Shunchaki daraxtday o‘smoqmi, shunchaki daryoday oqmoqmi darbadar. U payt ko‘zim ochiq lekin asli ko‘rmasdi. U payt yurak urar lekin asli urmasdi. U payt, daraxt-daraxt, daryo-daryo, Yusuf-Kvazimodo.
Men-ku istamasman o‘limni, biroq har soatda, har daqiqada bu yorug‘ dunyoning har tomonidan hukm etmoqdalar o‘limga meni. Men — Yulius Fuchik — dorga osildi boshim. To‘ychi Eryigit o‘g‘li — otim mening — ko‘ksimda sovugan qo‘rg‘oshin. Botgan ko‘zlarimda jallolarning ayanch surati qotgan. Vetnamlik bir go‘dakman men — bag‘ri yara, qo‘lsiz, oyoqsiz va boshsiz yotgan. Men hali ham turma panjasi ora so‘ngsiz va ozod osmonlarga qarayman. Qarayman quyoshga. Men hayot istayman, gap boshqa, ustoz, boshqa...


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:46:09

12.
SHE’RIYAT

                                                                                                                                      Seni tanimagan sho‘rliklar ayanch.
                                                                                                                                                                         Asqad Muxtor


Odam Ato va Momo Havodan oldin horg‘in kishilarning ruhida bo‘lding bunyod, bunyod bo‘lding Yer va Dunyo atalgan Yurtda. Sen bor eding hayotbaxsh suvda, uchar shamolda, issiq tuproqda, sen bor eding Prometey keltirmagan o‘tda. Keyin davrlar, asrlar, Atom asri keyin... Dunyoni qayta qurmoq, ishonchga ishontirmoq mumkin bo‘lmasdi, seni bilmasdan. Seni taniganning qo‘llariga darmon berding, ko‘zlariga nur. Bosh otganda ulug‘ jangda o‘limga mag‘rur — o‘limi go‘zal edi seni taniganning, o‘lim — mangu yashamak kabi tuyuldi u dam. Kimdir yoqa yirtdi, seni unutdi, talvasada baqirdi, seni tanimasdan uvol o‘tdi olamdan. O‘zi tanho qolib ketdi quzg‘unlarga shirin yemak bo‘lib bir burda.
Shu oddiy suv mavjida, zarrin yaproqlarning ko‘ksida Navoiy tug‘ilar, suronlarda Nozimning ovozi. Gardandan girdob kabi quyular — Elyuar, Vujudimning har bir hujayrasida so‘zlarning sodiq qo‘shini — Turkiston, Turkiston, Turkiston — Turkiyning dunyoviy qo‘shig‘i. Yo‘q, hali yo‘q, shoir ekvator bo‘ylab sening yuragingdan otilgan o‘q. Yuksak orzulari bordir shoirning, shoirlarda bo‘lar faqat ezgu niyat. Qalam-qalam emas bongga zarb ila urilguvchi cho‘qmor, undan taralguvchi sado va aks sado sen, She’riyat. Zarb! Oq qog‘oz uzra go‘yo yorug‘ jahon uzra urilar qalam. Zarb!!! Qasrlar, taxtlar O’vuzliklar shaklida yiqildi. Shoir kuldi, Ollohni tan olmagan dahriy olomon tanib oldi ilohiy deb seni, She’riyat.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:47:48

13.
AGAR

Agar shunday bo‘lsa agar shundayin...
Hammasi tushunarli, ha, hammasi,
Hammasi ikki karra ikki, ya’ni besh,
Agar shunday bo‘lsa, agar, darvoqe’...

Hayot murakkab, deb o‘ylaymiz hayron,
Gavjum — odam to‘la bo‘shliqqa qarab.
Oq, qora, qizil, za’far xarita —
Ona Turkistonga bosh qo‘yib ma’yus.

Bu hayot murakkab, deymiz tik boqib
Yulduzlardek hadsiz hayot ko‘ziga.   
    Xususan, hayot  ko‘p murakkab, deymiz
O‘z-o‘zimiz buzib qo‘ygandan keyin.

Garchand hamma narsa tushunarlidir...
Baribir, bir fikr beringiz menga
Oddiy «assalomu alaykum» kabi
«Salomat yuribsizmi ona?» degandek,

«O‘g‘lim qaerlarda qolding sen, tavba?»
«Uy oldingmi? Necha xonalik, inim?»
«Usting but, moyana qancha?» — singari,
Odatiy, kundalik gap monand fikr.

Va yana bir fikr beringiz menga,
Toki tog‘-toshloqda kezayin sarson,
Sahroni, xarsangni so‘zlatmak uchun,
Paxta kabi yumshoq so‘zlasin toshlar.

Hammasi tushunarli, ha, hammasi,
Agar shunday bo‘lsa, agar... darvoqe’...
Yirtqichlar qaytsin o‘z bolaligiga...
Nahotki, biz qayta bilmasmiz, nahot...

Hammasi tushunarli, ha, hammasi,
Tushunarli, agarda shunday bo‘lsa.
Osmonlarga bosh urib o‘lmak, qiziq,
Chunki boshing yetmaydi. Tushunarli.

O‘ylab bir fikr beringiz menga,
Toki artmakka shoshsinlar odamlar
Maysa, yaproqlarning shabnam yoshlarin,
Botayotgan kunga qarab yig‘lashsin...


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:48:58

14.

Xarita,
Ko‘zlarimga nur singari singib ketar
Yuragimning suvrati — xarita,
Yetar.

Men hali ko‘rmagan orollar,
Men hali bilmagan yerlar, dengizlar,
Konlarimda orom olar.
Qonlarimni buzar.

Bunda ko‘rinmaydir bir chayla,
Unda baqirayotgan bir odam...
Qalqir, qalqar har bir hujayra
Ko‘zimga sachragan yaradan.

Shu parcha qog‘ozni bosib
Kim qalbimni g‘ijimlar otar?!
Xarita — Turkiston — nafasim,
Ko‘zimning issig‘i — xarita.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:50:44

15.
BAXT VA TASHVISH

                                                                                                                                                               Onam Sakina Isabekka

Baxt deb sen chekkan tashvishga o‘g‘ling arzirmi, uza bilarmanmi bir zamon uzish mumkin bo‘lmagan qarzimni?! Tashvish — qo‘rg‘oshin kabi og‘ir, Vatan kabi, Turkiston kabi, Baxt kabi og‘ir, shuncha yoshga kelib, shamolday yelib nima qildim, nima, axir? Baribir xafa emassan mendan, to‘g‘rimi? Meni deb tashvish yutasan, meni dunyo chog‘lab, boshingdan dunyoni baland tutasan, qizg‘onasan to‘pori o‘g‘lingni. Bir mash’um zarb ila to‘xtashi mumkin taqdirlar umri... Istamaysan vahshiy vulqon ila to‘silib qolsin Quyosh. Shundandir quyoshlar qaynovi qoningda, shundandir ko‘zlaringda doim yosh. Ha, dillarning dog‘i bor, umrlarning adog‘i bor begumon. Ammo Inson dahshati bilan bir kuni, bir zumda olamdan o‘tishimni istamaysan onajon. Meni baxtim deganing mening baxtim ekaning. Biroq qiynar tashvish — baxtiyorlik kabi jiddiy ish. Seni xijolat etganim seni malomat etganim — dunyodan bosh olib ketganim. Mayli, hammasi oldinda, chekmagan zahmatim, bitmagan xatim, olmagan nafasim oldinda, tashvishimni oqlarman, Baxtimni ardoqlarman qayta tug‘ilgan o‘g‘ilday.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:56:18

16.

Daryo kabi doimo uyg‘oq,
Intilishim tog‘ qadar baland,
Olis yo‘lga otlandim, biroq,
Mehrim bilan, muhabbat bilan,
Ey ko‘nglimga tugilgan Vatan.

Xotiralar so‘zlar har bir tosh,
Esdaliklar yog‘adi osmon.
Tiriklikning shohidi Quyosh
Eslamakdan tinmaydi hamon.
Oh, Turkiston, Ona Turkiston.

Chaqiradi tog‘lar, daryolar,
Yana yo‘lga chorlaydi meni.
Meni chorlab quyoshlar yonar —
O‘rganadir yonish ilmini.
Chaqiradi tog‘lar, daryolar.

Hali oldda qanchalar dovon,
O‘tgunimcha to uni bosib,
So‘zla, nahot bitadir darmon
Ko‘zlarimning tugar ziyosi?!
Hali oldda qanchalar dovon...

Oh, Turkiston eng achchiq bo‘sa
Kabi lablarimda urinding.
Men olisga otlanar bo‘lsam
Kuygan yurak bo‘lib ko‘rinding.
Oh, Turkiston, Ona Turkiston.

Daryo kabi doimo uyg‘oq
Intilishim tog‘ qadar baland.
Olis yo‘lga otlandim, biroq
Senga bo‘lgan sadoqat bilan,
Ey, ko‘nglimga yo‘g‘rilgan Vatan.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:56:56

17.
SO‘ZLAR

Darak gap. Inson. Undov gap. Inson!
So‘roq gap: Inson? Yashamakni o‘rgatar so‘zlar.
Ba’zan ko‘ksimizda tashigan jonni tashlamakni o‘rgatar so‘zlar. So‘zlar kerak, Bosh Harblarda yaralangan. Bosh Harflardan yaralgan so‘zlar. Bolari so‘zdoni bir ajib, so‘zlardir peshonada to‘plangan ajin, qo‘llarimiz fikrchan so‘zlardir.
Haddan ziyod go‘zal so‘zdir — Turon. «Assalomu alaykum» bu tongotar, «Va alaykum assalamu», «Yaxshimisiz» — bu yo‘l. «Xayrli tun» — bu — Quyoshning botishi. Yo‘ldagi kishi: juda ajoyib jumlaga o‘xshaydi. Olijanob so‘zlarga o‘xshaydi — Yer shari...
Yashamakni o‘rgatar So‘zlar.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:57:24

18.
USMON NOSIR

She’riyat, yo‘llaringda sening,
Eh, kimlar zoru zor kezmagan.
Eh, kimlar chok etib ko‘ksini,
Qalbini g‘ijimlab ezmagan.

Men bilurman seni, she’riyat,
Yuragimning sensan ulfati.
Lekin, e voh, shu edimi ayt,
Shu edimi shoir qismati?

U Laylo atagan she’riyat,
Majnuningni nechun tashlading?
Shu edimi oshiqqa qismat,
Muqaddas ko‘zlarni yoshlading?

Xato yo‘lga kirgan bo‘lsa ul
Nega sen tutmading qo‘lidan?
Shunday ketdi yana bir o‘g‘il,
Saqlab qololmading o‘limdan.

Ona she’riyat, o‘ylaysanmi,
Qo‘yding-ku shoirni qaqshatib.
U qurboni bo‘ldi, deysanmi
So‘qir zamonlarning vahshatin?..

Qanday ayanch, bu nadir axir,
Kechirmasman seni hech qachon.
Vujudimni g‘ijimlar og‘ir,
Ruhim ichra yalang‘och vijdon.

Nahot mumkin emasdi, nahot,
Lol turganda dunyo qarshingda.
Qiynashganda yovuzlar nohaq,
Bir qadam tushmading arshingdan...   

O’n, she’riyat, tutunga aylan,
O’n, Turkiston, tamom bo‘l, jigar,
O‘z she’rini ul o‘zi bilan                  
O’ndirgani rost bo‘lsa agar!

She’riyat, yo‘llaringda sening,
Eh, kimlar zoru zor kezmagan,
Eh, kimlarchok etib ko‘ksini
Qalbini g‘ijimlab ezmagan.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:58:33

19.
ONA TILIM

1.Abut-turk ta’rixdan balki bir hikmat,
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, So‘z aytmakka sen shoshma faqat
Ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilinda.

Ul olis quyoshdir kuyinib yonar,
Olis xotirotdir o‘chmas falakda.
Haqdan, Haqiqatdan ko‘ring, kim tonar?
Dunyoviy alamning tiyg‘i yurakda.

Vatan deb atalgan beshik, onajon,
Men uchun yopilgan eshik, onajon,
Men sokin sollanib ilg‘ab borarman,
Vatan deb atalgan tobut qo‘ynida,
Chuvalgan bulutni qordek qorarman
Ruhimning panjasi chaqmoq bo‘ynida.

2.Hech zot uza bilmas uzilgan jonni,
Haqiqatni uza bilmas hech qachon.
Elim, Ona tilim, ruhimning qoni
Bir imdod so‘rayman sendan, onajon.
Chayonzor yo‘lidir borar yo‘llarim,
Tanim yonmakdadir ishqsiz ochunda.
Ko‘klarga to‘qinar so‘ngak qo‘llarim,
Oyoqlarim mening tuproq ichinda.

Barchaning boshida birdek beomon,
Manxus zamonlarning o‘lik shamoli, —
Buzg‘un yigirmanchi asr a’moli...
Mening ona tilim, munis, mehribon,
Sen Turkiy dunyoning g‘olib xayoli —
Seni yozajakman, tirilgan jahon.

3.Ulug‘ Turkistonim, oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib.
U sening tilingda aytar allalar,
Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.
Navoiy baytiga o‘xshaydi yo‘llar,
Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot!
Nahotki umrbod o‘rtasa o‘ylar,
Umrbod zanjirband etsa xotirot?!

Zanjirbandman, ona tilim, Ona so‘zingga,
Kundayin so‘larman, oydek to‘larman,
Mil kabi tortarman seni ko‘zimga.

Men g‘arib bandangman. Bir So‘z tilarman,
Boshimni qo‘yarman Sening izingga...
Qudsiya anfosin yodlab o‘larman.


Qayd etilgan