Rauf Parfi. Ona Turkiston (sh'erlar to'plami)  ( 36415 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:59:20

20.
OHANG

Seni ohang, ey g‘amli ohang,
Tanimasdim, bilmasdim oldin.
Tomirimda xun talashur jang,
Shuncha g‘amni qaerdan olding?
Bilmasmidim, yorug‘ dunyoda
Shuncha alam, shuncha iztirob,
Qayg‘ularda tuyg‘ular yondi,
Zaharmi simirdi xotirot?!
O’mg‘ir go‘yo diyda yoshidan,
Nechun yaralandi tushuncha?
Alamlarga timsol o‘xshaydi
Tong chog‘ida ochilgan g‘uncha.
Dilgir-dilgir yulduzlar yonar,
Oy o‘zini otadi hozir.
Mening o‘ychan, mehribon onam —
Yer sharidan olingan tasvir.
Yo‘q, sen ohang emassan. O’lg‘on...
Sen qalbimda eshilgan nido.
Sen ham menga o‘xshagan Inson,
Sen ham dunyo, shu Turkiy Dunyo.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:00:13

21.

Yana qaytib keldim. Chang to‘zgan
Yo‘limizni sog‘indim, ona.
Tom ustida maysalar o‘sgan
Uyimizni sog‘indim, ona.

Aziz dargoh ostonasida
Sizni qalbim bilan quchayin,
To‘yib-to‘yib sopol kosada
Muzdek quduq suvin ichayin.

Har bir narsa yaqindir menga,
Har bir narsa menga qadrdon.
Qarab qoldingizmi yo‘limga
Issiq nonlar uzib tandirdan?..

Koyimangiz meni bu safar,
Unutdi, deb uyni, dalamni,
Ne chora bor, dil yonsa agar,
Dil sog‘insa turkiy olamni...

O, qishloqning munis chiroyi...
Achchiq piyoz to‘g‘rayin o‘zim.
Dil sog‘inib yig‘laydi doim
Hozir, mayli, yig‘lasin ko‘zim.

Targ‘illanib bormoqda osmon,
Oppoq hidga to‘lmoqda bag‘rim.
Aytingiz-chi, bormi sog‘-omon
Shahlo ko‘zli mening targ‘ilim?

Og‘ushimda zangori sezgi,
Kiprigimda suyuq hayajon.
Ko‘zlarimda yumaloq sevgi,
Salomatman men ham, onajon.

Qaytib keldim yana. Chang to‘zgan
Yo‘limizni sog‘indim, ona.
Tom ustida maysalar o‘sgan
Uyimizni sog‘indim, ona.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:00:41

22.

Hayron, mag‘lub bu koinot,
O‘ynar gullar, o‘ynar nasim...
Ayting, kimga etmish nasib,
Bu kimningdir shirin hayot,
Hayron, mag‘lub bu koinot?

Mayli, hali bor imtihon,
Huv, oldinda buyuk orzu,
Ufq yorib ketmakda u,
Huv, oldinda Ulug‘ Turon.
Mayli, hali bor imtihon.

Sadolar ber, baxtli jahon,
Unda yo‘qmi yovuz o‘lim?
Sarbon, qani ketdik, sarbon.
Turon sari karvon yo‘lim.
Assalom, ey baxtli jahon.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:01:15

23.
«CHO‘LI IROQ»

Ufq yonar, Ufq. Uf-f!
Karvon borar qumlikda. Qum. Qum...
Tuyalarda hazin qo‘ng‘iroq,
Cho‘li Iroq, cho‘li Iroq
Tun... Kun... Tun...
Poyoni yo‘q mungli bu sahro
Uzra hurmo
O‘sadir tanho.
Hurmo osti lojuvard buloq.
Cho‘li Iroq. Cho‘li Iroq.
Yurak chapak chaladi chanqoq,
Behuda sevinar Karvon.
Karvon uchun
Eng shirin armon —
Ulug‘ Turon —
O‘sha buloq...
Qurigan biroq...
Cho‘li Iroq, Cho‘li Iroq.
Yo‘li yiroq ko‘p yomon...
Tun... Kun... Tun...


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:01:59

24.

Men o‘tkinchi, men faqat mehmon,
Ostonangda ey turkiy tilim.
Menga bir she’r kerak, ey mezbon,
O’zilmagan she’r erur dilim.
Aytgil, nechun bunchalar qiziq,
Eski jahon, bu eski jahon?
Bir she’r kerak non kabi issiq
Menga bir she’r kerak, ey mezbon.
Men g‘aribman va sen beomon,
Sen Quyoshsan, men so‘ngan chiroq.
Qiynamagil meni, onajon.
Sen — abadiy, men — lahza, biroq
Itoat et menga shu zamon,
O’ aylagil telbani tuproq.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:22:06

25.
SAMARQAND OSMONIDA

Kezar bo‘ldim fazolarda man,
Oq to‘lqinlar ummoni ichra.
Yuragimda qayg‘u-shodumon
Aylanurman Samarqand uzra.

Ko‘z o‘ngimda qadimiy jahon,
Asrlarni buzar xayolim.
Osmonida shuncha hayajon,
Tushganimda ne kechar holim?

Falaklarda muallaq turdim,
Meni so‘ngsiz xayol etmish band.
Sening buyuk o‘tmishing ko‘rdim,
Kelgusingni ko‘rdim, Samarqand.

Ta’rix aytar, asta jaranglar,
Dahmalarda qadrdon kalom.
Ziyo sochar samoviy ranglar,
Minorlarda abadiy ilhom.

Klavixo kabi boqurman,
Boshing uzra keldim-ku alhol.
Asrlik tosh yanglig‘ qoturman
Shohizinda qoshida behol.
Oshiqman-ku men uchun basdir,
Atamassan menga qahringni,
Lekin barcha oshiq emasdir
Sen ularga ochma bag‘ringni.

Karvon-karvon kelib ketdilar,
Hammasini bag‘ringga olding.
Shamol kabi yelib ketdilar,
Faqatgina Sen mangu qolding.

Ilhom izlab keldi birovi,
Birov senga qilindi surgun.
Kim do‘st edi, kim edi yoving,
Barchasini aytolmam bugun.

Yer talashib keldilar axir
Vahshiy to‘da ayhonnos urib.
Hammasidan xabardor ta’rix,
Men ne deyin osmonda turib.

Bo‘lgan-ku ko‘p qiyomat-qoyim,
Qiyin erur axtarmak qiyos.
Turkistonni o‘ylarmiz doim,
Kelajakka buyuk ehtiros.

Tushlar ko‘rib uxlarsan go‘yo,
Tushlaringda qadimiy qismat,
Ey, Samarqand, ey ko‘xna Dunyo,
Sen uyg‘onib ketmagil faqat.

Ko‘pdir shahar deganning oti,
Imkon bo‘lsa ko‘rarman bir-bir
Biroq tanho erur hayotim,
Tanho erur Samarqand axir.

Baxti kulgan elni ko‘rgayman
Xarob bo‘lgan bo‘ston joyida.
Ta’zim bajo qilib turgayman.
Ko‘ktangrining qutlug‘ poyida.

Kezar bo‘ldim fazolarda man,
Oq to‘lqinlar ummoni ichra.
Yuragimda qayg‘u-shodumon
Aylanurman Samarqand uzra.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:22:35

26.

Talpinadi, shunday kuladi
Ko‘m-ko‘k o‘rmon va tiniq daryo.
Daryo uzra oy ham quladi
Yer husniga bo‘lib mahliyo.

Talpinadi yashil dalalar —
Sovutadi asov otini.
Quyosh shirin o‘ylarga tolar,
Bugun yozar gul ijodini.

Sovuq yuraklarga o‘t qalab
O‘zi berib o‘ziga baho,
Mangulikning nag‘masi ila
Talpinadi Turonda bahor.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:23:04

27.

Dilgir musiqi oqardi,
U payt so‘zsiz va parishon
Bir-birimizga boqardik:
Seni aldamayman... ishon...
Dilgir musiqi oqardi.

U payt ko‘zing edi—ma’no,
Soxta tuyulardi so‘zlar.
Orzularim kabi navo —
Sening kabi mislsiz go‘zal.
U payt ko‘zing edi—ma’no.

Oqshom, Turkiston va yomg‘ir,
Sen yonimda, sen... yonimda...
Asta to‘xtar bu kuy og‘ir.
Kuy bo‘lib qolding yodimda:
Oqshom, Turkiston va yomg‘ir.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:23:37

28.
YuRAK

Go‘yo baribirdir yaxshi va yomon,
Yurak, senga borar ko‘chalar ochiq...
Sachrab yonarsanu bo‘lmassan tamom,
O‘tkinchi g‘amlarga achchiqma-achchiq.

Yurak, yo‘llaringda turganman takror,
Rosa sayraganman sening to‘g‘ringda.
Kim bilar, aqlimga kelding necha bor,
Necha bor so‘zladim sening yo‘g‘ingda.

Balki aldaganman vahima yutib,
Sen ham tashvishlarga solgansan balkim.
Bugunchi degayman o‘zimni tutib:
Sen haqsan, baribir, mening yuragim.

Shul osmon ostida kezgaymiz hali,
Mantiq axtargaymiz izg‘ib izma-iz,
Darkor bo‘la qolsang yiqilg‘il mayli,
Faqat yiqilmasin sho‘rlik dunyomiz.

Izn ber, hayqiray iymonim haqqi
Ko‘klarga termulib solayin uvvos.
Men faqat Turkiston atalgan yorqin
Bir butun yurtimni istayman xolos.

Garchi tutqunman-ku erkin sehringga,
Unda sobit turar maqsud—manzilim.
Qolib ketmasaydim sening mehringdan,
Qolib ketmasaydim yo‘lda uzilib.

Ajoyib diyorsan, qalbim, na chora,
Shodlik va hasratning maskani sanda.
Ovoz ber, aytarmanmi eshitib zora
Eslab qo‘yarlar-ku hech bo‘lmaganda.

Aytgil, zoringni bir kun, yuragim,
Aytgil, kuylarmanmi boqmay o‘zimga.
Seni jarroh kabi sovuqqon va jim
Yulib qo‘yarmanmi qog‘oz yuziga?!

U payt aldamasding ko‘zimga boqib,
Shodumon dardingni to‘karding butkul.
Ungacha ilhomlar kelmagay oqib,
Ungacha dunyoni anglamak mushkul.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:24:05

29.
BOG‘CHASAROY FONTANI

G‘amli fontan, hali yig‘laysan,
Hasratlarda bo‘lmaysan ado.
Ehtimol, kimnidir yo‘qlaysan,
Kimlardandir kutasan sado.
Necha-necha malak qoshingda
To‘kib solgan qonli yoshini.
Sen yig‘laysan balki o‘shandan
G‘amli fontan, egib boshingni.
Ko‘ngil uchun axir kulmaysan,
Sen hamon yig‘laysan bechora,
Ko‘rganingni ayta bilmaysan,
Bir so‘z ayta olsayding zora...
Shu zangori osmon ostida
Xayolotdek bepoyon olam,
Nuqta kabi olam ustida
Qrim degan bir mamlakat ham.
Qahrli, beshafqat garoylar...
O‘zing guvoh, ko‘z yoshing guvoh,
Kechdi asr. Yillar va oylar,
Nelar kechdi boshingdan, eyvoh.
Ko‘kka yetdi sabr daraxti,
Yig‘la, Qrim, yig‘la, tangri ko‘k.
Ne bo‘lmoqda insonlar, ayting,
Qrim boru qrimliklar yo‘q.

Ayting menga, qayda adolat,
Qayda, ayting, insoniy huquq.
Bu ne holdir, qandayin holat,
Qrim boru qrimliklar yo‘q.

G‘amli fontan, hali yig‘laysan,
Hasratlarda bo‘lmaysan ado.
Ehtimol, kimnidir yo‘qlaysan,
Kimlardandir bo‘lgansan judo.

Qayd etilgan