Elbek baxshi va yov aytishuvi
Hech kim yovga bosh egmadi.
"Bu elning shoirini topinglar!, dedi shunda o'ng qo'l vazir. Ot choptirib, bir jang maydonida yarador yotgan Elbek baxshini topib keldilar.
"Bizni maqta!", dedi chap qo'l vazir.
Baxshi eshitmaganga oldi.
"Bizni maqta!" dedi o'ng qo'l vazir.
Baxshi gum-gurs turaverdi.
"Bizni maqta!" dedi podshoi azim.
"Podshoh bo'lsang, o'zingga, - dedi shunda baxshi bir to'lg'onib, - shoir bo'lsa olib kel, gaplashsam shoiring bilan gaplashaman".
Bir shoirni olib keldilar.
Elbek baxshi javob berishga hozirlanib, haligi shoir "bizni maqta!" deb turgan joyi:
- Elbek baxshi, bu dunyoning o'tarin ayt,
Bu dunyoga umr kelib-ketarin ayt,
Manov bizning pahlavonlar ko'krak kerib -
Maydon kirsa, falakni ham yiqarin ayt.
- Men ko'rganman osmonlarning tinig'ini,
Toshlar tegdi, terib oldim sinig'ini.
Beshikdagi go'daklarga tig' sanchdilar,
Shunda bildim mardlaringni qilig'ini.
- Tog'day bo'lib turgan odam - navkarboshi,
O'lchab ko'rgin - Yer-osmonni bosar toshi.
Elbek baxshi, maqtayvergin, kam bo'lmaysan,
Mardning shunday bo'ladimi ko'zu qoshi?
- Nodon shoir, bug'doy deysan tariqniyam,
Ko'rgin axir, bu saroydan nariniyam,
Navkarboshing ortdan kelib pichoq sanchar,
To'g'ri kelsa yengolmaydi ariniyam.
- Elbek baxshi, tilagingni tiyib so'yla,
Yetti emas, yuz o'lchab, bir qiyib so'yla.
Manov turgan xazinachi - nomdor odam,
Mol-dunyoning qulfi shunda - suyib so'yla.
- Baxshi deding - baxshi ruhi osmondadir,
Ko'lmakka jo bo'lganim shu zamondadir,
Nomdor odam ko'zlarini olib qochdi,
Uning asli hovli-joyi zindondadir.
- Elbek baxshi, unga meas, menga gapir,
Sabil bo'lib qolmagandir joning, axir.
Maqtovini keltiraver, ahmoq bo'lma,
Chap qo'l vazir yomon emas - bola faqir.
- Sen nimani bilasan ham gapdan boshqa,
Chap qo'l vazir yo'lni bilmas chapdan boshqa.
Saroydagi ayollarning bari bir-bir -
Sel bo'lishib suykalishar shul qum-toshga.
- Elbek baxshi, boshing ketar bilmaysan-a,
Bu dunyoni nazaringga ilmaysan-a,
Ana turgan o'ng qo'l vazir - dono odam,
Xizmatlarin suyib emas, jo'shib sana.
- Bir cho'g edim, yov qoshida ketdim yonib,
O'ch olarim bor ekan-ku, qonib-qonib.
Bu donishmand podshohingning tegrasida
Aylanadi, yeng ichiga pichoq solib.
- Elbek baxshi, bo'lma buncha "shirinzabon",
Tillaringdan aylanayin, holing yomon.
To'rda turgan podshohimiz - hech bo'lmasa,
Shuni maqta, qolarsan-ku eson-omon.
- Meni qo'ygin, menga taqdir toshdir azal,
Ammo dunyo to'g'ri so'zga ochdir azal.
Shohing kimdir? Qo'rqoq, xoin, xiyonatkor,
Buzuqlarning davrasiga boshdir azal.
- Mard ekansan, ammo fe'ling azob tug'ar,
Podshohimiz har bir so'zni dilga tugar.
G'azablanib lashkariga "kesgin" desa,
Elbek baxshi, eling tugar, yurting tugar.
- Haq gap uchun har bir ishga ko'nadi el,
To'g'ri so'zdan ko'payadi, to'ladi el.
Dordan qo'rqib, yolg'on aytib turganim yo'q,
Shoirlari yolg'on aytsa, o'ladi el.
Ana endi, yovning shoiri oh urib, peshonasiga mushtladi. Men ham shunday aytishuvlarning oshig'iman-da, mana necha yildirki, surishtiraman, bu aytishuv nima bilan tugadi? Elbek baxhsining holi ne kechdi?
Anig'ini bilay deb, g'anim shoir elatining daragini so'rab, surishtirdim, tarixni kavlashtirdim, ammo hech natija chiqmadi. Aytishuvdan yigirma, o'ttiz yil o'tgach, bu xalq osmonga chiqqanmi, yerga kirganmi, ishqilib izsiz g'oyib bo'lgan. Shunda sho'rlik shoirning oh urgani ma'nosiga yetganday bo'ldim...